Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021-yil ____ -sentabrdagi _______-son buyrug‘iga
1-ilova
Davlat oliy ta’lim muassasalarida tyutorlik
faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi
NAMUNAVIY NIZOM
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son hamda “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 9-sentabrdagi 563-son qarorlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish tartibi va yo‘nalishlarini belgilab beradi.
I. Umumiy qoidalar
2. Ushbu Nizom davlat oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilan ishlashning yangi tizimi – tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi, tyutorlikning maqsad-vazifalari, huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
3. Tyutor – bu oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritadigan, tegishli malaka talablariga javob beradigan, yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan xodim bo‘lib, o‘ziga biriktirilgan guruh talabalarining ta’lim olishlarida, shuningdek, darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlarida ko‘maklashadi, ularni insonparvarlik, adolat, mehnatsevarlik, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, beshta muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan to‘garak va klublarga jalb etish, ta’lim olish jarayonida yuzaga keladigan barcha masala va muammoni o‘rnatilgan tartibda bartaraf etishga qaratilgan faoliyatni olib boradi.
Tyutor talabalar turar joylarida, ijaradagi va xususiy xonadonlarda yashovchi talabalarning yashash manzillariga muntazam borib, u yerda yaratilgan sharoitlar va talabalarning muammolarini o‘rganib borish va ularni yaxshilash choralarini ko‘rish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Tyutor o‘z faoliyatida amaldagi qonun hujjatlari, oliy ta’lim muassasasi ichki tartib va odob-axloq qoidalari hamda ushbu nizomga rioya etadi.
4. Quyidagi holatlarda tyutorlik faoliyatini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi:
ta’lim muassasasi tomonidan tyutor etib belgilanmagan shaxslar tomonidan tyutorlik faoliyatini amalga oshirish;
belgilangan me’yor va talablarga javob bermaydigan, bilim va tafakkur doirasi tyutorlik kasbiga munosib bo‘lmagan mutaxassislarni tyutorlik lavozimiga tayinlash;
5. Ta’lim muassasalarida tyutorlar faoliyatiga umumiy rahbarlikni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor (o‘rinbosar) amalga oshiradi.
Dostları ilə paylaş: |