Mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishda huquqshunoslikning ushbu sohasida qo`llaniladigan uslubning quyidagi asosiy xususiyatlarini ko`rsatib o`tish mumkin: Birinchidan, bu mazkur munosabatlarni tartibga solinishini markazlashtirilgan hamda lokal normalar uyg’unlashtirilgan holda qo`llaniladi. Ikkinchidan, bu uslub mehnatga oid munosabatlarning qonunlar va shartnomalar asosida tartibga solish jarayonida uzviy bog’liqligida namoyon bo`ladi. Bu xol Mehnat Kodeksining 4- modda 2-qismida yaqqol ifodalangan. Uchinchidan, mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishda korxona mehnat jamoasi, kasaba uyushmasi va xodimlarning boshqa vakillik organlari ishtirok etishi belgilab qo`yilgan. To`rtinchidan, Mehnat Kodeksining 10 - moddasida munosabatlarning huquqiy jihatdan tartibga solishda halqaro huquqiy normalar, shuningdek, davlatlararo shartnomalar qoidalarining qo`llanishi nazarda tutilgan. Agar O`zbekiston Respublikasining halqaro shartnomasida yoki Halqaro Mehnat tashkilotining O`zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konventsiyasida xodimlar uchun mehnat to`g’risidagi mamlakatimizda qabul qilingan qonun va boshqa normativ xujjatlarga nisbatan imtiyozliroq qoidalar belgilangan bo`lsa, u holda halqaro shartnoma yoki konventsiya qoidalari qo`llaniladi. Mehnat huquqi uslubining dastlabki belgisi - bu mehnat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning markazlashtirilgan va lokal usullarining uyg’unlashtirilgan holda qo`llanishida namoyon bo`ladi. Mehnat Kodeksining 9-moddasida ta`kidlab o`tilganidek, mehnat sohasidagi davlat boshqaruvini O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muxofaza qilish vazirligi va uning xududiy bo`linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Mehnatga oid munosabatlarini lokal usulda huquqiy jihatdan tartibga solishda korxonadagi ish vaqti rejimini, mehnat ta`tili grafiklari, jamoa shartnomasining mazmuni va shartlari, markazlashtirilgan tartibdagi normativ xujjatlarda belgilangan xodimlarning qo`shimcha imtiyoz va kafolatlari aks ettiriladi. Bunda, bir tomondan ish beruvchi, ikkinchi tomondan esa, mehnat jamoasi, kasaba uyushmasi va xodimlarning boshqa vakillik organlari ishtirok etadi. Ma`lumki, mehnat huquqi muayyan vazifalarni bajaradi. Mehnat huquqining vazifalari deganda, huquqiy jihatdan ta`sir o`tkazishning asosiy yo`nalishlari tushuniladi. Bu xol muayyan 5 huquq normasining jamiyat hayotida qanday ahamiyat kasb etishi va aynan nimaga xizmat qilishini anglatadi. Mehnat huquqi quyidagi ikki vazifa: ishlab chiqarish va himoyalashni bajaradi. Umuman olganda, mehnat huquqi iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, g’oyaviy - tarbiyaviy vazifalarni bajaradi. Jumladan uning: -iqtisodiy vazifasi ishlab chiqarishga ta`sir o`tkazish orqali namoyon bo`ladi; -siyosiy vazifasi ishlab chiqarish jarayonida xodimlar ijtimoiy - siyosiy faolligining oshishida aks etadi; -g’oyaviy tarbiyaviy vazifasi ijtimoiy mehnatning takomillashuvi hamda xodimlarni ma`naviy - ma`rifiy tarbiyalashda ifodalanadi; ijtimoiy vazifasi mehnat qilish huquqining erkinligini ta`minlashda namoyon bo`ladi. Mehnat huquqi normalari bilan tartibga solinadigan bunday ijtimoiy munosabatlar xuddi shu huquq nomalari bilan birgalikda mehnat huquqi fanining predmetini tashkil etadi. Mehnat huquqining tizimi. Mehnat huquqi tizimi deganda, mehnat huquqi normalarining ilmiy jihatdan asoslangan tarzda joylashish tartibi va klassifikatsiyasi tushuniladi. Bu tizim ikki qismga: umumiy va maxsus qismga bulinadi. Umumiy qismda mehnat huquqi tushunchasi va predmeti, usullari, asosiy vazifalari, asosiy manba va tamoyillari, mehnat huquqining sub`ektlari, mehnatga oid huquqiy munosabatlar, xodimlar va ish beruvchilarning vakilligi, jamoa shartnomasi va kelishuvlari kabi institutlarga taalluqli huquqiy nomalar o`rganiladi. Maxsus qismda esa, mehnatga oid munosabatlarning alohida jihatlarini boshqaruvchi yoki ular bilan bog’liq bo`lgan ijtimoiy munosabatlarning ayrim turlarini tartibga solish jarayonida paydo bo`lgan institutlar va o`ziga xos huquqiy normalar o`rganiladi. Ular jumlasiga: aholini ishga joylashtirish; mehnat shartnomasi(kontrakt); ish vaqti; dam olish vaqti; mehnatga haq to`lash; kafolatli to`lovlar va kompensatsiya to`lovlari; mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi; mehnat intizomi; mehnat muxofazasi; ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan qo`shimcha kafolat va imtiyozlar; mehnat nizolari kabi institutlar kiradi. Mehnat huquqi tarmog’i va mehnat qonunchiligi tizimlari o`rtasida muayyan farq mavjudligini ta`kidlab o`tish lozim. Mehnat huquqi tizimi asosan huquqiy normalar majmuasini o`z ichiga qamrab olsa, mehnat qonunchiligi tizimi esa mehnatga oid barcha xujjatlarni qamrab oladi. YUridik adabiyotda mehnat huquqi fanining tizimi, predmeti va mazmun - mohiyati jihatidan mehnat huquqi hamda mehnat qonunchiligi tizimlariga qaraganda kengroq ekani e`tirof etilgan. Mehnat huquqining fuqarolik, qishloq xo`jalik huquqi, ma`muriy va ijtimoiy ta`minot huquqlaridan farqi. Ma`lumki, hayotda ijtimoiy munosabatlar bir biri bilan uzviy bog’liq holda namoyon bo`ladi. SHu bois muayyan ijtimoiy munosabatlar huquqning qaysi sohasiga taalluqli ekanini aniqlash alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, mehnatga oid munosabatlarga fuqarolik - huquqiy munosabatlar juda yakin turadi. Fuqarolik - huquqiy munosabatlarning ob`ekti - muayyan mehnat topshirig’ini bajarish yoki xizmat ko`rsatish bilan bog’liq bo`lgan holatlarni o`rganish va tartibga solishda mujassamlashadi. Odatda uning ob`ektlari sirasiga, birinchidan, ashyolar, ikkinchidan, harakatlar, uchinchidan, ijodiy mehnat natijalari, to`rtinchidan, mulkiy harakterga ega bo`lmagan shaxsiy huquqlar kiradi. Ayni vaqtda mehnat huquqi bilan ma`muriy huquq o`rtasida muayyan farq va o`zaro bog’liqlik mavjudligini aytib o`tish lozim. Mehnat huquqining ma`muriy huquqdan asosiy farqi shundaki, ish beruvchining butun xokimiyati muayyan korxona doirasi bilan cheklangan. Shunday ekan, u faqat shu korxona xodimlariga nisbatan qo`llaniladi, ma`muriy huquq nomalari esa barcha fuqarolarga tadbiq etiladi. Mehnat huquqi bilan qishloq xo`jaligi huquqi orasidagi farqni ajratishda jiddiy qiyinchiliklar vujudga keladi. CHunki mehnat huquqi mehnat shartnomasi bo`yicha ishlayotgan xodimlarning mehnatga oid munosabatlarini tartibga soladi. Qishloq xo`jaligi huquqi esa qishloq xo`jaligi kooperativi (sharkat) a`zolarining mehnati bilan bog’liq munosabatlarini tartibga soladi. Mehnat huquqi ijtimoiy ta`minot huquqidan tubdan farq qiladi. Birinchi galda, ular har ikki huquq sohasida qo`llaniladigan uslub jihatidan farqlanadi. Ijtimoiy ta`minot huquqi uslubining o`ziga xosligi shundan iboratki, bu huquq sohasi normalari bilan tartibga solinadigan munosabatlar shartnomaviy negizga tayanmaydi va asosan markazlashtirilgan huquqiy normalar orqali tartibga solinadi.