huquqiy tartibga solish
reja:
1. Mehnat muhofazasi tushunchasi va uni ta`minlashning huquqiy vositalari
2. Mehnat muhofazasi va ishlab chiqarish xavfsizligi yuzasidan xodimlar hamda ish beruvchilarning huquq va majburiyatlari
3. Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini muhofazalashga
taalluqli maxsus qoidalar.Xotin-qizlar mehnatini muhofazalash
4. Ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olib borish
Qulay mehnat sharoitida ishlash huquqi – fuqarolarning muhim konstitutsiyaviy huquqlaridandir. Ushbu huquqlarni amalda ta`minlash mehnat muhofazasiga oid qonun hujjatlari talablarini og`ishmay bajarish yo`li bilan ro`yobga chiqarilishi mumkin. Mehnat muhofazasi tegishli qonun va boshqa me`yoriy hujjatlar asosida amal qiluvchi, insonning mehnat jarayonida xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyati saqlanishini ta`minlashga qaratilgan ijtimoiy, iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiyena va davolash-profilaktika tadbirlari hamda vositalari tizimidan iborat.
Mehnat huquqida mehnat muhofazasi atamasi keng va tor ma`nolarda ishlatiladi. Keng ma`noda bu atama mehnatini qo`llashga oid barcha masalalar majmuini o`z ichiga oladigan va mehnat huquqining turli bo`limlari (mehnat shartnomasi, ish va dam olish vaqti va boshqalar)ga taalluqli huquq normalari yig`indisi tushuniladi. Bular jumlasiga ishga qabul qilishdan asossiz bosh tortishni taqiqlovchi, xodimlarni ishdan bo`shatish va boshqa ishga o`tkazishni cheklovchi, ish vaqti chegaralarini belgilovchi hamda boshqa ko`plab qulay mehnat sharoitlari yaratilishiga qaratilgan yo`nalishlar kiradi.
Tor ma`noda esa mehnat muhofazasi atamasi xodimlar uchun xavfsiz va sog`lom mehnat sharoitlari yaratish, ishlab chiqarish uchastkalarida texnikaviy, sanitariya-gigiyena sharoitlarini ta`minlash maqsadida belgilangan standartlar va normativlarning ishlab chiqilishi va ularga amal qilishni ta`minlashga oid iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy chora-tadbirlardan iborat bo`ladi.
Mehnat muhofazasi texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasini ham o`z ichiga oladi. Texnika xavfsizligi deganda ishlab chiqarishni zararli omillari ta`sirini bartaraf etishga qaratilgan tashkiliy tadbirlar va texnikaviy vositalar tizimi nazarda tutiladi. Ishlab chiqarish sanitariyasi deganda, ishlab chiqarishning zararli ta`sirlarining oldini olishga yoki ularni kamaytirishga qaratilgan tashkiliy tadbirlar va texnikaviy vositalar tizimi tushuniladi.
Mehnat muhofazasiga oid qonunlar mulkchilik shaklidan qat`i nazar, barcha korxona va tashkilotlarga, kooperativlar, dehqon-fermer xo`jaliklarida yollanib ishlayotgan yoki a`zo bo`lgan holda mehnat qilayotgan barcha fuqarolarga, ishlab chiqarish amaliyoti davrida korxonalarga jalb etilgan o`quvchilar va talabalarga, korxonadagi ishlarga jalb etilgan harbiy xizmatchilarga, muqobil xizmatni o`tayotgan shaxslarga, shuningdek davlat va jamiyat manfaatlarini ko`zlab amalga oshiriladigan boshqa ishlarga jalb etilgan barcha fuqarolar mehnatini muhofazalashga nisbatan tadbiq etiladi.
O`zbekiston Respublikasining 1993 yil 6 mayda qabul qilingan «Mehnatni muhofaza qilish to`g`risida»gi Qonuni 4-moddasida mehnatni muhofaza qilish sohasidagi O`zbekiston Respublikasi davlat siyosati asoslari bayon etilgan bo`lib, korxonaning ishlab chiqarish natijalariga nisbatan xodimning hayoti va sog`ligi ustuvorligi bu siyosatning bosh qoidalaridan birini tashkil etadi.
Mehnatni muhofaza qilishning huquqiy manbai O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O`zbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofaza qilish to`g`risida»gi Qonuni, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining «Mehnatni muhofaza qilish» bobi (211-223-moddalar) va boshqa qoidalar, O`zbekiston hukumatining mehnatni muhofaza qilishga oid qarorlari, vazirliklar va idoralarning ishlab chiqarishdagi texnik xavfsizligi, sanitariya hamda gigiyenaga, profilaktikaga oid yo`riqnomalar, standartlar, texnikaviy shartlar, mahalliy davlat hokimiyat organlarining qarorlari, korxona va tashkilotlarning bevosita o`zida ishlab chiqilgan, ish beruvchilar hamda xodimlar vakillik organlari bilan o`zaro kelishib tasdiqlagan mehnatni muhofaza qilishga oid lokal me`yoriy hujjatlar hisoblanadi.
O`zbekistonning davlatlararo ikki tomonlama va ko`p tomonlama ahdlashuvlari, O`zbekiston ishtirok etgan yoki tan olgan xalqaro shartnomalar ham mehnatni muhofaza qilishga oid qonunchilikning muhim manbalaridan hisoblanadi1.
Mehnat kodeksining 211-moddasiga ko`ra, mehnat muhofazasi mehnat munosabatlarining muhim tarkibiy elementi hisoblanib, undan ish beruvchi uchun ham, xodim uchun ham muhim huquqlar va majburiyatlar vujudga keladi.
Mehnat kodeksining 212-moddasida mehanat muhofazasi yuzasidan xodimlarning majburiyatlari ko`rsatilgan bo`lib unga ko`ra, «Xodim mehnatni muhofaza qilish normalariga, qoida va yo`riqnomalariga, shuningdek ma`muriyatning ishni bexatar olib borish haqidagi farmoyishlariga rioya qilishi, olingan shaxsiy vositalardan foydalanishi, insonlar hayoti va sog`ligiga bevosita xavf soladigan har qanday holat haqida, shuningdek ish jarayonida yoki u bilan bog`liq holda sodir bo`lgan har qanday baxtsiz hodisa haqida o`zining bevosita rahbarini (brigadiri, ustasi, uchastka boshlig`i va boshqalarni) darhol xabardor qilishi shart».
Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga qat`iy amal qilish xodimning burchi bo`lib, unga rioya etmaslik intizomiy javobgarlikka va intizomiy jazo qo`llanishiga sabab bo`ladi. Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishini tekshirib borish va zarur shart-sharoitlari bilan ta`minlash ish beruvchining majburiyatlari sirasiga kiradi.
Korxonalarda mehnat muhofazasiga oid ishlarni rejalashtirish va amalga oshirish, bu sohani ish beruvchi tomonidan boshqarish korxonalarning xo`jalik mustaqilligi bilan uyg`un holda olib borishiga asoslanadi.
Mehnatni muhofaza qilish rejalari muayyan tarmoq mintaqada sog`lomlashtirish, mehnat sharoitlarini takomillashtirishning umumiy rejalari tarkibiy qismi hisoblanadi.
Mehnatni muhofaza qilish ishlari korxona loyihalanishi, qurilish va foydalanishiga topshirilishidan boshlab, ishlab chiqarish jarayoni davomida ham uzluksiz amalga oshiriladi. Mehantni muhofaza qilish yuzasidan standartlarni aniqlash qonun hujjatlari bilan belgilanadi2.
Mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi Qonunning 9-moddasida korxonalar va obyektlarni loyihalash, qurish va ishlatishda, ishlab chiqarish vositalarini tayyorlash va ta`mirlashda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta`minlash choralari belgilab qo`yilgan bo`lib, unga ko`ra mehnat muhofazasi talablarga javob bermaydigan korxona va obyektlarning ishga tushishi ta`qiqlanganligi ko`rsatilgan.
Sog`lom va xavfsiz mehnat sharoitini ta`minlashga qaratilgan profilaktik choralar jumlasiga yuqoridagilardan tashqari, korxonalarda texnika xavfsizligini ta`minlash xizmati bo`lishi lozimligi haqidagi (mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi Qonunning 14-moddasi) mehnatni muhofaza qilishga oid yo`riqnoma va boshqa me`yoriy hujjatlarning ishlab chiqilishi, xodimlarning yakka himoyalanish vositalari bilan ta`minlanishlari va bu vositalardan foydalanish xodim uchun majburiy ekanligi, zararli ishlab chiqarish sharoitlarida band bo`lgan xodimlarning kasallikka chalinishlarining oldini olish maqsadida belgilangan me`yorlarga muvofiq profilaktik oziq-ovqat mahsulotlari, sho`r suv, sut va sut mahsulotlari bilan ta`minlanishlari, ayrim toifaga mansub yoki zararli mehnat sharoitlarida band bo`lgan xodimlarni ishga qabul qilish paytida hamda ish davomida vaqti-vaqti bilan tibbiy ko`rikdan o`tkazib turish lozimligi, sog`ligi holatiga ko`ra xodimlarni yengilroq ishga o`tkazib turilishi kabi tadbirlar ham kiradi.
Mehnatni muhofaza qilish maqsadlari uchun davlat mablag`lari ajratiladi hamda ulardan to`liq va maqsadga muvofiq foydalanilishi davlat hamda jamoatchilik yo`li bilan nazorat qilinadi. Korxona tomonidan mehnatni muhofaza qilish uchun ajratilgan mablag`lardan to`liq yoki maqsadga muvofiq foydalanmaslik davlat va moliya intizomini qo`pol ravishda buzish deb baholanadi.
Korxonalarda xodimlar ish beruvchilar hisobidan baxtsiz hodisalardan va kasb kasalliklariga chalinishdan majburiy sug`urta qilib qo`yiladi. Mehnat muhofazasiga oid umumiy va maxsus qoidalar O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, “Mehnat muhofazasi to`g`risida”gi Qonunda, «Aholi sog`ligini saqlash to`g`risida»gi1, “Sanitariya nazorati to`g`risida”gi2, “Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida”gi va boshqa Qonunlarda, ular asosida ishlab chiqilgan me`yoriy hujjatlarda belgilab qo`yilgan.
Xodimlarning ayrim toifalariga mansub bo`lgan shaxslarning (ayollar, o`smirlar va boshqalar) mehnatni muhofaza qilish masalalari ularga doir bo`lgan maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Mehnat muhofazasi va ishlab chiqarish sharoitlarini yaxshilash masalalari korxona jamoa shartnomasida, tarmoq kelishuvlarida va boshqa lokal me`yoriy hujjatlarda ham o`z aksini topadi.
Dostları ilə paylaş: |