Yoshlar mehnatini muhofazalash
O`zbekiston Respublikasi davlati yoshlarga oid siyosatining mohiyati, ularga beriladigan iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy, madaniy-ma`rifiy, huquqiy sohalaridagi kafolatlar «O`zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to`g`risida»gi Qonunida nazarda tutilgan2.
Ushbu Qonunning 1-moddasida aytilishicha: «Yoshlarga oid siyosat O`zbekiston Respublikasi Davlat faoliyatining ustivor yo`nalishi bo`lib, uning maqsadi yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori jamiyat manfaatlari yo`lida imkon boricha to`la-to`kis ro`yobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iboratdir».
O`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxslar ijtimoiy himoyaga muhtoj va mehnat bozorida teng raqobatlasha olmaydigan aholi qatlamlari sifatida davlat tomonidan alohida muhofaza etiladigan hamda ularning mehnat qilish huquqlarini amalga oshirishga ko`maklashuvchi qo`shimcha tadbirlar qonunchilikda nazarda tutiladi.
Eng avvalo, o`quv yurtlarini tamomlagan o`n sakkiz yoshga yetmagan fuqarolar uchun ish joylarining oldindan band qilib (bronlab) qo`yilishi hamda mulkchilik shakllaridan qat`i nazar barcha korxona va tashkilotlar ana shu ish joylariga o`n sakkiz yoshga to`lmagan yoshlarni ishga qabul qilishlari shart ekanligi, shu shaxslar uchun qo`shimcha bo`sh ish o`rinlari barpo etmagan korxonalarga aholi bandligi bilan shug`ullanuvchi organlar tomonidan iqtisodiy ta`sir choralari ko`rilishini aytib o`tish lozim.
Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlariga ko`ra o`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxslarning moddiy javobgarlik bilan bog`liq bo`lgan ma`naviy, axloqiy qiyofalarining shakllanishiga salbiy ta`sir o`tkazishi mumkin bo`lgan ishlarga qabul qilinishi qat`iy cheklanganligi, ularni belgilangan eng kam ish joylariga ishga olish paytida dastlab sinov shartisiz qabul qilinishlari lozimligi ham e`tiborda tutilmog`i darkor.
Avval hech qayerda ishlamagan o`smirlarni ishga qabul qilish, agar o`n olti yoshga to`lgan bo`lsalar, pasportlarini, harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatni (chaqirilish guvohnomasi) taqdim etganlaridan so`ng, tibbiy ko`rikdan o`tkazilish, topshirilayotgan vazifaga yaroqli ekanliklari aniqlangach, yozma mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzish yo`li bilan korxonadagi ishga qabul qilinadilar. O`n besh yoshgacha bo`lgan shaxslar esa ishga kirish paytida tug`ilganlik guvohnomasi, yashab turgan joylaridan ma`lumotnoma taqdim etishlari, bundan tashqari mazkur shaxslarning ota-onasi yoxud ular o`rnini bosuvchi boshqa shaxslar ularni ishga kirishlariga qarshi emasliklari to`g`risida yozma rozilik taqdim etishlari lozim. Bu toifadagi xodimlar ham avval tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, topshirilayotgan vazifaga yaroqli ekanliklari aniqlangach, ish beruvchi bilan yozma mehnat shartnomasi tuzish orqali va ish beruvchining ishga qabul qilish to`g`risidagi buyrug`ini chiqarish yo`li bilan ishga qabul qilinadilar.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 77-moddasi 2-qismiga muvofiq: «Yoshlarni mehnatga tayyorlash maqsadida umumta`lim maktablari, hunar-texnika bilim yurtlari va o`rta maxsus o`quv yurtlarining o`quvchilarini o`n to`rt yoshga to`lganlaridan keyin ota-onasidan birining yoki ular o`rnini bosuvchi shaxsning roziligi bilan bolalarning sog`ligiga va kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan va ta`lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishlarni o`qishdan bo`sh vaqtlarida bajarish uchun ishga qabul qilishga yo`l qo`yiladi». Bunday paytda ham o`quvchining tug`ilganlik guvohnomasi, yashab turgan yeridan ma`lumotnoma, ota yoki onasi yoxud ularning o`rnini bosuvchi shaxsning yozma roziligi talab etiladi va shundan so`ng bunday shaxs tibbiy ko`rikdan o`tkazilgach, yozma mehnat shartnomasi tuzilib, ish beruvchining ishga qabul qilish to`g`risidagi buyrug`i (farmoyishi) chiqarilishi yo`li bilan ishga qabul qilinadilar.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining №7 va Sog`liqni saqlash vazirligining 2001 yil 30 maydagi №1 qarori bilan mehnat sharoiti noqulay bo`lgan va 18 yoshga to`lmagan shaxslar mehnatidan foydalanilish taqiqlangan ishlar ro`yxati tasdiqlangan. Ushbu akt O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001 yil 9 iyunda №1040 raqam bilan davlat ro`yxatiga olingan. 18 yoshga to`lmagan shaxslar bilan ushbu ishlarga qabul qilish yuzasidan mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin emas.
O`n sakkizga to`lmagan shaxslar ishga tushishlaridan oldin ish beruvchi ularga mehnat shartlari, xavfsizlik choralari va qoidalari xususida yo`l-yo`riqlar berishi, ularni nazoratsiz qoldirmasligi lozim. Mehnat faoliyati davomida ish beruvchi o`n sakkiz yoshga to`lmagan xodimlarni ularning roziligi bo`lgani taqdirda ham og`ir va zararli ishlarga, ularning tarbiyasiga salbiy ta`sir etadigan vazifalarni bajarishga o`tkazishlari mumkin emas.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 247-moddasiga muvofiq ota-onalar vasiy (homiy)lar, shuningdek mehnatni muhofaza qilish ustidan nazorat qiluvchi organlar hamda voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug`ullanuvchi komissiyalar, agar o`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxslar bajarayotgan ishni davom ettirish ular sog`ligiga ziyon qiladigan yoki ularga boshqacha tarzda zarar yetkazadigan bo`lsa, bunday shaxslar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab etishga haqlidirlar. Bunday talabni bajarish ish beruvchi uchun majburiy bo`lib, bunda o`n sakkiz yoshga to`lmagan xodimning xohishi e`tiborga olinmaydi.
O`n sakkiz yoshga to`lmagan yoshlar mehnat shartnomasi mehnat to`g`risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan umumiy tartibda (xodim tashabbusi bilan, ish beruvchi tashabbusi bilan, tomonlarning xohishiga bog`liq bo`lmagan sabablarga ko`ra) bekor qilinishi mumkin. Biroq, mehnat shartnomasining ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilinishi paytida o`smirlar huquqlarini to`laroq kafolatlash maqsadida ish beruvchi bu masalani korxona joylashgan yerdagi ishga joylashtirish organlari bilan oldindan kelishib olishi belgilangan.
Mehnat to`g`risidagi qonun hujjatlarida o`n sakkiz yoshga to`lmagan xodimlarga ish vaqti, dam olish vaqti, ish haqi to`lash masalalarida ham qo`shimcha kafolatlar va imtiyozlar berishlikni nazarda tutadi. Jumladan, Mehnat kodeksining 110 va 242-moddalariga ko`ra o`n olti yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan xodimlar uchun 36 soatdan ortiq bo`lmagan o`n besh yoshdan o`n olti yoshgacha bo`lgan shaxslar esa 24 soatdan ko`p bo`lmagan haftalik ish vaqti normasi belgilangan.
O`qishdan bo`sh vaqtlarda ishlayotgan o`n olti yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan shaxslarning haftalik ish vaqti 18 soatdan, o`n to`rt yoshdan o`n olti yoshgacha bo`lgan o`quvchilar uchun esa 12 soatdan ko`p bo`lishi mumkin emas.
Dostları ilə paylaş: |