Har bir fanda, shu jumladan kriminologiyada ham, ilmiy bashorat qilishda ma’lum ilmiy bilish metodlari asosida yondashiladi. Zotan, jinoyatchilikni ilmiy bilish asosida uning oldini olish tadbirlarini joriy etishda muhim o‘rin tutgan ilmiy bashoratlarni ishlab chiqish, aytib o‘tilganidek, chuqur mazmun va mohiyatga ega.Tadqiqotlarni mukammal o‘tkazishda esa asosiy maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda zarur uslubiy yondashuv, ya’ni metodlarni to‘g‘ri qo‘llash katta ahamiyat kasb etadi. Nazariy jihatdan qaralganda ilmiy bashoratning o‘zi kriminologiya fanning metodi hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, ushbu metod asosida tadqiqot olib borish va ko‘zda tutilgan maqsadga erishish ham o‘ziga xos uslubiy yondashuvni talab etadi, ya’ni ilmiy bashoratni amalga oshirish uchun maxsus ilmiy metodlarga ehtiyoj seziladi. Binobarin, ilmiy bashorat nazariyasi va amaliyotida ham o‘ziga xos maxsus metodlar mavjud.To‘g‘ri, kriminologik ilmiy bashoratni amalga oshirishda mavjud voqelikning sifati tahlil etiladi. Sifat o‘zgarishi esa o‘z-o‘zidan miqdor o‘zgarishi bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.Demak, jinoyatchilikning sifat va miqdor o‘zgarishi doimo o‘zaro bog‘liq. Miqdor o‘zgarishini o‘rganish asosida umumiylik xususiyatlari yoki farqini aniqlash mumkin. Buning uchun ko‘plab jinoyatlar tadqiq etilib, o‘rtacha ko‘rsatkichlar topiladi. Bu esa o‘ziga xos yondashuvni va aniqlikni talab etadi.Statistika metodi - ilmiy bashoratning eng muhim metodlaridan biri. Umumlashtirish orqali ko‘rsatkichlarni qayd etish ikkinchi darajali, ya’ni asosiy masalaga xos bo‘lmagan holatlar inobatga olinmasligini taqozo etadi. Statistika metodi ilmiy bashorat qilishda jinoyatchilikning kelgusi holatining miqdoriy ko‘rsatkichlarini ifodalaydi hamda ma’lum bir jadval, diagramma va grafiklarda qayd etadi.Kriminologiyada ilmiy bashoratni amalga oshirishda qo‘llaniladigan yana bir metod ekstrapolyatsiya metodidir. Bu ham o‘ziga xos ravishda statistika metodining davomidir. Ushbu metod jinoyatchilikning miqyosi va tizimining oldingi hamda hozirgi holatini o‘zaro solishtirish orqali o‘ziga xos qonuniyatlarni aniqlaydi.