§2.3. Tanadagi biofaol nuqtalardan foydalanib, iglarefleksoterapiya usuli bo’yicha kasalliklarni tashxislash. IRTning elektropunktura diagnostika usuli (EPDU) yordamida J.Nakatani, M.D. Hyodo, A.I. Nechushkinalar [34, 36] kasallikka tashxis qo’yish tizimini yaratish uchun olib borilgan ilmiy-tadqiqotlari asosida quyidagi natijalarga erishilgan:
kasallikda meridianlarda disbalans vujudga keladi va meridianlarda kasal BFN namoyon bo’lishi isbotlangan;
meridianlardagi disbalansni aniqlash uchun qadimgi sharq tabobati bilan hozirgi tibbiyotni uzviy bog’lovchi J. Nakatanining «Riodoraku» tizimi yaratilgan.
A.K. Podshibyakin IRTni qo’llab, inson ichki a’zolar holati o’zgarishi bilan mavjud BFNning biofizik parametrlarining o’zgarishiga olib kelishini kuzatib, ular o’rtasida uzviy bog’liqlik borligini isbotlab berdi [34]. A.K. Podshibyakin ayrim hayvonlarda (baqa, mushuk, it va quyonlarda) ham BFNlar mavjudligini isbotladi. U insonlar tanasidagi mavjud 1000 dan ortiq BFNning biofizik parametrlari o’zgarishini o’rganib chiqdi. BFN joylashgan teri qatlamida elektr kuchlanishni (EK) sog’lom insonga nisbatan kasalga chalinganlarda 2-3 mV oshib ketishini isbotlab berdi. Evropa vrachlari (Bossi, Fleming, Mnesse Mak, Yu.S. Burney, A.P. Snegirev, Krilov va boshqalar) tomonidan ma’lum kasalliklarga BFNdan olingan biofizik parametrlarning o’zgarishi asosida tashxis qo’yish mumkinligini isbotladilar [34].
A. Kobena distal (shakllanishi bo’yicha tananing markazidan uzoqda joylashgan) nuqtalarda meridianlardagi energetik oqim balansini baholovchi test qurilmasini yaratdi va kasallik jarayonida meridianlardagi oqim balansi o’zgaruvchan bo’lib qolishini aniqladi [34].
Geda va Zaxarin inson ichki a’zolari kasallangan hollarda inson tanasining teri qatlamining ma’lum joylarida og’riq sezilishini kuzatdi, ular ma’lum sezuvchi zonalarni tashkil etishini aniqlashdi. Zonalar bo’yicha ma’lum kasalliklar uchun davolash muolajasini o’tkazilib, “Og’riq zonalar topografik kartasi“ ishlab chiqildi [34].
K.A.Jabborov og’ir formali QD bilan og’rigan bemorlarda J.Nakatanining “Riodoraku” tizimidagi dielektr tok o’tkazuvchanlik (ETO’) va biopotentsial (BP) miqdorlarini o’lchashga muvaffaq bo’ldi [37]. Keyinchalik u inson qulog’i chanog’idagi ayrim BFNdan o’lchangan ETO’ va BP miqdori QD kasalligining og’ir formasida ETO’ (100-150 mkA) va BP (60 mV), QD kasalligining engil formasida ETO’ (80 mkA) va BP (48 mV) teng ekanligi aniqlandi.
M.A.Shofman muayyan kasalliklar topografik zonalarida joylashgan kasal informativ BFNni aniqladi [34]. Masalan, kasal informativ BFN yordamida stenakardiya, infarkt miokard, oshqozon va o’n ikki barmoq ichak xastaliklarida hosil bo’lgan yaralar, ko’richak, surunkali tomoq yallig’lanishi kasalliklarini aniqlash va tashxis qo’yishda foydalanish mumkinligini o’z tajribalarida isbotladi.
F.G.Portnov, G.I.Lisinalar yurak qon tomiri kasalligiga aniq tashxis quyish jaroyonida yurak meridiani (kanali) dagi informativ BFNdagi biofizik o’zgarishlar mavjudligini isbotladi:
Yurak meridianidagi barcha informativ BFNning biofizik parametrlari yordamida yurak qon tomiri kasalligini tashxislash algoritmini yaratdi.
BFNdagi biofizik parametrlar turli kasalliklarda farq qilishi aniqlandi, natijada diagnostik baholashning matematik mezonlar tizimini yaratdi.