O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TA’LIM
FAN VA INNOVATSIYA VAZIRLIGI
TURON ZARMED UNIVERSITETI
«BUYUK IPAK YO’LI
VA JAHON SIVILIZATSIYALAR TARIXI»
FANIDAN
MAVZU:
“Bir makon-bir yo'l dasturi. Buyuk ipak yo'lida turizm va uning kelajakdagi o'rni
Bajardi: Tarix sirtqi fakultelti 4-1 guruhi talabasi Subxonov Iftixor
Tekshirdi: ________________________________
Buxoro shaxar 2023
“Bir makon-bir yo'l dasturi. Buyuk ipak yo'lida turizm va uning kelajakdagi o'rni
REJA:
“Bir makon – bir yo’l” loyihasining mazmun-mohiyati va loyihani rivojlantirish istiqbollari.
“Bir makon – bir yo’l” loyihasining mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi strategik ahamiyati.
“Bir makon – bir yo’l” loyihasida O’zbekistonning ishtiroki va manfaatlari.
Hozirgi kundagi bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatlarning rivojlanishi va taraqqiy etishi faqat o’z salohiyat va ichki imkoniyatlarigagina emas balki, boshqa davlatlar bilan olib borayotgan tashqi iqtisodiy va siyosiy faoliyatiga bog’liq bo’lmoqda. Bu kabi davlatlar o’rtasida hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining o’rnatilishiga esa qadimdan rivojlangan va hozirgi kunga kelib, yanada rivoj topa borayotgan savdo yo’llarining o’rni beqiyos. Qadimda turli mintaqalarning o‘zaro aloqasida Buyuk ipak yo‘lining roli beqiyos bo‘lgan. Buyuk ipak yo‘li nafaqat hududlar o‘rtasida savdo-sotiq aloqalarini, balki davlatlar va qit’alar o‘rtasida axborot almashuvini ta’minlashga xizmat qilgan, yangi mahsulotlar va qishloq xo‘jaligi ekinlari tarqalishida, madaniy qadriyatlarning rivojlanishida muhim vosita vazifasini bajargan va shu tariqa sivilizatsiyalararo muloqot uchun shart-sharoitlar yaratilgan.
Bugun bu yo‘lning qayta tiklanishi deb baholanayotgan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo va investitsiya sohalarida qulay sharoitlar yaratish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, madaniyat sohalarida hamkorlik salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ma’lum bir davlat kuchayib borishi bilan jahon maydonida o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham ortib boradi. Nisbatan yaqin davrda milliard kishilik aholisini eng zarur narsalar bilan ta’minlash ustuvor vazifasi bo‘lgan Xitoy ham bugungi kunga kelib “Bitta makon – bir yo‘l” kabi global ko‘lamdagi loyihalarni ilgari surmoqda.
Ushbu mintaqaviy integratsiya loyihasi nafaqat yangi Yevroosiyo transport koridorini yaratish, balki dunyoning yirik qit'asida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashni ham o'z ichiga oladi. “Bir makon – bir yo’l” loyihasi geografik jihatdan Osiyo, Yevropa, Afrika hududlarini qamrab olgan va bu mintaqalarning iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlash, o'zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, rivojlanish uchun davlatlar o’rtasida siyosiy hamkorlik, geografik yaqinlik, iqtisodiy rivojlanish va ushbu mamlakatlarning insonparvarlik komponentining barqaror o'sish afzalliklariga erishishdan foydalanishga o'tishni nazarda tutadi. Natijada, bu nafaqat Xitoyning farovonligi, balki "Bir makon – bir yo’l" loyihasi bo'ylab davlatlarni birgalikda rivojlantirishga imkon yaratadi.
1. “Bir makon – bir yo’l” loyihasining mazmun-mohiyati va loyihani rivojlantirish istiqbollari.
Buyuk Ipak yo‘lining tarixi Sharq va G‘arb xalqlarining keng miqyosdagi madaniy aloqalari va savdo ayirboshlashi tarixidir. Bu o‘zaro hamkorlik va madaniyatlar boyitilishi tarixi bo‘lib, tinchlik va taraqqiyot asosini tashkil etgan.
Buyuk Ipak yo‘li eramizdan avvalgi II asrda paydo bo‘lgan. Bu yo‘l Xitoydan boshlanib Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Eron, Gretsiya, Kavkaz davlatlari orqali Yevropagacha yetib borgan hamda ushbu yo’lda joylashgan mamlakatlarning o’zaro bir-birlari bilan keng iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarning rivojlanishida muhim omil bo’lib xizmat qilgan.
XXI asrga kelib ushbu tarixiy makonni qayta tiklash va Ipak yo’li bo’yi mamlakatlarining o’zaro hamkorligini yangi bosqichlarga olib chiqish borasida davlatlar tomonidan bir qancha loyiha va tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Bu borada jaxon hamjamiyati tomonidan samarali loyihalardan biri sifatida qaralayotgan hamda Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan ishlab chiqilgan “Bir makon – bir yo’l” loyihasi alohida ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, Xitoy 2013-yilda Yevroosiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ko‘p asrlik Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklash maqsadida “Bir makon-bir yo‘l” deb nomlangan iqtisodiy taraqqiyotning yangi strategiyasini e’lon qildi. Yangi Ipak yo‘lini tashkil qilish g‘oyasi Si Szinpin tomonidan 2013-yilning 7-sentyabr kuni Xitoy davlat rahbarining Qozog’istonga tashrifi davomida “Ipak yo’li iqtisodiy kamari”ni tashkil etish g’oyasi tarzida ilgari surilgan edi. O‘shanda Xitoy rahbari uchta trans Yevro-Osiyo iqtisodiy yo‘lagi:
• Shimoliy: Xitoydan Markaziy Osiyo, Rossiya orqali Yevropaga (Boltiq dengizga qadar);
• Markaziy: Xitoydan Markaziy Osiyo va G‘arbiy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va O‘rtayer dengizga qadar;
• Janubiy: Xitoydan Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Hind okeaniga qadar iqtisodiy yo‘lak barpo etishni taklif qildi.
Oradan bir oy o‘tib u Indoneziya parlamentida so‘zlagan nutqida XXI asrning Buyuk Ipak yo‘li haqidagi fikrlarini takrorladi. Xitoy raisi “XXI asr Dengiz Ipak yo‘li”ni hamkorlikda qurish g‘oyasini ilgari surdi. U o‘z navbatida:
• Xitoyning dengiz portlaridan Janubiy Xitoy dengizi orqali Hind okeani va Yevropaga qadar;
• Xitoy portlaridan Janubiy Xitoy dengizi orqali Tinch okeani janubiy akvatoriyasigacha bo‘lgan ikki yo‘nalishni o‘z ichiga olishi lozim.
2015-yilda har ikkala tashabbus “Bir makon — bir yo‘l” nomi ostidagi umumiy strategik konsepsiyaga birlashtirildi va u mamlakatning tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy yo‘lining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. “Bir makon — bir yo‘l” 60 dan ortiq mamlakatda 900 ga yaqin turli infratuzilma loyihalarini, xususan avtomobil va temiryo‘llar, portlar, elektr stansiyalari, ko‘priklar qurilishi va hokazolarni o‘z ichiga oladi va bu loyihalarni amalga oshirish uchun 890 milliard dollardan ziyod mablag’ sarflash rejalashtirilmoqda. Ushbu hududdagi davlatlar jahon yalpi ichki mahsulotining 55 foizini, global energiya zaxiralarining 75 foizini o‘zida jamlagan. Uni hayotga tatbiq etish uchun zarur investitsiyalarni ekspertlar
2 trilliondan 3,5 trillion dollargacha baholamoqda. Loyihani moliyalashtirish maqsadida 2014-yilda Xitoyda 2 ta yangi institut: Hozirda 57 ta mamlakat tomonidan 160 milliard dollar sarmoya kiritilgan “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki” (bankning eng yirik sarmoyadorlari Xitoy (26%), Hindiston (7.5%) va Rossiya (5.92%) hisoblanadi.). Shuningdek, ustav kapitali 40 milliard dollarni tashkil etgan “Ipak yo‘li jamg‘armasi” tashkil etildi. Bundan tashqari Xitoy sanoat mahsulotlarini Ipak yo‘li orqali eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 30 milliard dollarlik ustav kapitaliga ega bo‘lgan alohida jamg‘arma tashkil etishni rejalashtirmoqda. Loyiha ayni damda 10 million aholi istiqomat qiladigan Sian shahridan boshlanadi. Bu shaharni xitoyliklar sivilizatsiya beshigi sifatida ko‘rishadi. Bir vaqtlar sayyoramizning eng yirik shahri bo‘lgan Sian ming yillar davomida Xitoyning poytaxti vazifasini o‘tagan.
2017-yilning 14-15-may kunlari ushbu loyiha asosida Xitoyning Pekin shahrida “Bir makon – bir yo’l” xalqaro forumi bo’lib o’tdi. Unda jami 29 davlat rahbarlari: Xitoy, O‘zbekiston, Argentina, Belarus, Chili, Chexiya, Indoneziya, Qozog‘iston, Keniya, Laos, Filippin, Rossiya, Shvetsariya, Turkiya, Vyetnam prezidentlari, Kambodja, Efiopiya, Fiji, Yunoniston, Vengriya, Italiya, Malayziya, Mo‘g‘uliston bosh vazirlari, Myanma davlat kotibi, shuningdek, Pokiston, Polsha, Serbiya, Ispaniya, Shri-Lanka bosh vazirlari. Bundan tashqari, forumda AQSH, Janubiy Koreya, KXDR, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya vakillari, BMT bosh kotibi, Xalqaro valyuta fondi bosh direktori hamda Jahon banki prezidenti jami 130dan ortiq davlatdan kelgan 1,5 ming kishi qatnashdi.
Ushbu forumda davlatlar tomonidan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo va investitsiya sohalarida qulay sharoitlar yaratish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, madaniyat sohalarida hamkorlik salohiyatini jadal rivojlantirish borasida kelishuvlar imzolandi. Loyihada Xitoyni Yevropa bilan bog‘lovchi yangi Buyuk Ipak yo‘li o‘tadigan mamlakatlarning infratuzilmalari rivojlanishiga Xitoy sarmoyalarini kiritish ko‘zda tutildi. Bunda birinchi navbatda Xitoyning “ko‘hna qita” mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalari uchun zarur bo‘lgan dengiz va quruqlikdagi yo‘llarni rivojlantirish strategiyasi inobatga olinishini ko’rish mumkin. Forumda doirasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev so’zga chiqib, “Bir makon – bir yo‘l” loyihasi rivojlangan davlatlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish, rivojlanayotgan, iqtisodi taraqqiyot bosqichida bo‘lgan mamlakatlarga yordam berishni ham nazarda tutishini aytib o’tdi.
Xitoyning ushbu “Bir makon – bir yo’l” loyihasini amalga oshirishi doirasida xalqaro ekspertlar va tahlilchilar tomonidan SWOT-tahlil asosida ya’ni strategik rejalashtirishning eng samarali vositalaridan foydalanib, tashkilot yoki obyektning ichki va tashqi muhiti omillarini aniqlash va ularni to‘rtta:
• - Strengths (kuchli tomonlari);
• - Weaknesses (zaif tomonlari);
• - Opportunities (imkoniyatlari);
• - Threats (tahdidlari) kategoriyalarga ajratilib, umumlashtirildi va quyidagi xulosalarni berishdi.
Kuchli tomonlari:
• - mamlakatda makroiqtisodiy va siyosiy barqarorlik;
• - keng ko‘lamli tashabbuslarni qisqa muddatlarda amalga oshirish imkonini beruvchi markazlashtirilgan siyosat;
• - yirik loyihalarga investitsiya kiritish uchun qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ulkan oltin-valyuta zahiralarining (uch trillion dollardan ortiq) mavjudligi;
• - chet elda yirik infratuzilma obyektlarini qurishga jalb etilishi mumkin bo‘lgan nisbatan arzon ishchi kuchi.
Zaif tomonlari:
• - ko‘plab loyihalar bo‘yicha aniq ma’lumotlarning (muddatlari, zarur investitsiyalar va boshqalar) yo‘qligi;
• - mamlakatdagi iqtisodiy differensiatsiya. Xitoy daromadlar notengligi bo‘yicha yetakchilar safidan joy olgan. Mamlakat boyligining uchdan bir qismi eng boy bir foiz xitoyliklar qo‘lida to‘plangan;
• - Xitoyda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning nisbatan past sifatga ega ekanligi;
• - barpo etilayotgan transport yo‘laklarining daromadi pastligi.
Imkoniyatlari:
• - dunyoning turli mamlakatlariga mahsulotlarni yetkazish bo‘yicha muqobil energetika va savdo yo‘nalishlarini barpo etish;
• - oltin-valyuta jamg‘armalarga investitsiya kiritish imkoniyatining yuzaga kelishi;
• - mahsulotlarni haddan ortiq ishlab chiqarishdan aziyat chekayotgan Xitoy sanoati uchun yangi bozorlar shakllantirish;
• - tashqi bozorlarga qo‘shilgan qiymat bilan mahsulotlar eksportini oshirish;
• - megaloyihalarni amalga oshirish va ijtimoiy-madaniy almashuvni rivojlantirish orqali Xitoyning dunyodagi ijobiy timsolini yaratish.
Xavfli jihatlari:
• - dunyodagi nomuvofiq iqtisodiy vaziyat;
• - “Bir makon — bir yo‘l” yo‘nalishlari o‘tuvchi ma’lum bir zonalarda (Afg‘oniston, Iroq, Eron) saqlanib kelayotgan beqarorlik;
• - ishtirokchi mamlakatlar temiryo‘l, ekologiya va boshqa sohalardagi me’yorlarning turli-tuman ekanligi, bu transport yo‘laklari barpo etish jarayonini qiyinlashtirishi mumkin;
• - infratuzilma obyektlari qurilishida texnogen avariyalar xavfi;
• - tranzit davlatlar tomonidan tranzit mahsulotlarga nisbatan siyosat va tariflarni o‘zgartirish ehtimoli;
• - loyihalarni amalga oshirish muddatining cho‘zilishi va ular qiymatining oshishi;
• - boshqa markaziy kuchlar tomonidan aniq qo‘llab-quvvatlashning mavjud emasligi. (BMT Xavfsizlik kengashining beshta doimiy a’zosidan faqat Rossiya tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Hindiston uni amalga oshirishdan bosh tortdi);
• - orasida qashshoq va siyosiy beqaror davlatlar bo‘lgan tranzit mamlakatlarning qaramlikka tushib qolish ehtimoli.
“Bir makon – bir yo’l” ushbu loyiha doirasida birlashgan davlatlarning nafaqat iqtisodiy balki, dunyoda tinchlikni ta’minlash, atrof-muhitni himoya qilish, sog’liqni saqlash va boshqa sohalarda o’zaro hamkorlikning yo’lga qo’yilishini anglatadi. 2013 – 2016-yillarda Xitoy korxonalari “Ipak yo‘li iqtisodiy kamari” bo‘ylab joylashgan mamlakatlar iqtisodiga 60 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishgan, 56 ta erkin savdo va sanoat zonalari tashkil qilishgan, va 1000dan ortiq qo‘shma korxonalar tashkil qilishgan. Ular birgalikda 18000 ish o‘rinlari yaratib, 50 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqarishgan.
Xulosa qilib aytganda Xitoyning qo'shni mamlakatlar bilan an'anaviy do'stona aloqalari, amaldagi hamkorlik resurslarini safarbar qilish, innovatsion vositalarni qo'llash, qadimiy Buyuk Ipak yo'li mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Ushbu konseptsiya Yevroosiyoning iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlash, o'zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, rivojlanish uchun joyni kengaytirish maqsadida siyosiy hamkorlik, geografik yaqinlik, iqtisodiy rivojlanish va ushbu mamlakatlarning insonparvarlik komponentining amaliy hamkorlik va barqaror o'sish afzalliklariga erishishdan unumli foydalanishga o'tishni nazarda tutadi. Natijada, bu nafaqat Xitoyning farovonligi, balki "Bir makon – bir yo’l" bo'ylab davlatlarni birgalikda rivojlantirishni ham nazarda tutadi.
2. “Bir makon – bir yo’l” loyihasining mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi strategik ahamiyati.
Bugungi kunda dunyo mamlakatlarining o’zaro aloqalari yanada rivojlanib yangi pog’onalarga ko’tarilmoqda. Xususan Xitoy tomonida ilgari surilayotgan “Bir makon – bir yo’l” tashabbusi bunga yorqin misol bo’la oladi. Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy hukumati Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerika mamlakatlari bilan keng ko’lamli hamkorlikni yo’lga qo’ymoqda va hoh xorijdagi, hoh o‘zidagi transport infratuzilmalarini rivojlantirish borasida mablag‘larni ayamayapti. Bir so‘z bilan aytganda Yangi Buyuk Ipak yo‘li Xitoy va boshqa mamlakatlarga taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni yaratib berishi ko’zlanmoqda. “Bir makon – bir yo’l” tashabbusi, iqtisodiy resurslarni tartibli va erkin harakat qilishini ta’minlash, ularni samaraliroq taqsimlash, bozor integratsiyasini chuqurlashtirish, “Ipak yo’li” bo‘ylab joylashgan mamlakatlar iqtisodiy siyosatini o‘zaro muvofiqlashtirish, hududiy hamkorlikni kengaytirish, chuqurlashtirish va uning hammani qamrab olgan, ochiq shaklini tashkil etishdir. Buning natijasida barcha hamkorlarda barqaror rivojlanishga imkon paydo bo‘ladi.
Xitoy “Bir makon — bir yo‘l” loyihasini amalga oshirishda qit’alararo temiryo’l va dengiz transport yo’llarini kengaytirish siyosatini yuritmoqda. Ushbu loyiha doirasida tashkil etiladigan transport yo‘lagi Avstraliya va Indoneziyani, Osiyo mamlakatlarini, Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasi orqali AQSH bilan bog‘laydi. Hisob-kitoblarga qaraganda, Yangi Ipak yo‘li sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘prog‘ini, to‘g‘rirog‘i 4,4 milliard kishi istiqomat qiladigan mamlakatlarni qamrab oladi. Yangi Ipak yo‘lining quruqlikdagi qismida uchta temiryo‘l yo‘lagi barpo etiladi. Shimoliy yo‘lak Rossiya hududlaridan o‘tadi. Markaziy va janubiy yo‘lak esa Markaziy Osiyo mamlakatlari hududlaridan o‘tishi rejalashtirilgan. Keyinchalik temiryo‘llar yo‘laklariga avtomobil yo‘llari ham qo‘shiladi. Yangi Ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishi O‘rta Osiyodan o‘tadi. Bu yo‘lakning uzunligi 6 ming 500 kilometrni tashkil qilib, uning 4 ming kilometri Xitoyning Tinch okeani sohillaridan Shinjon – Uyg‘ur Muxtor O‘lkasigacha bo‘lgan yo‘ldir. U yerdan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston orqali Eron, Iroq, Suriya va Turkiyaga boradi hamda shu yo’l orqali Yevropaga o’tish rejalashtirilgan. Dengiz yo‘li ham xuddi qadimgi savdo yo‘li singari Guanchjoudan boshlanadi va Vyetnam, Tailand, Malayziya, Singapur va Indoneziya orqali Qizil dengizga chiqib, Afrikagacha yetib boradi va u yerdan Yevropa mamlakatlariga o’tiladi. Yangi transport yo‘laklari Xitoydan ortilgan yuklarni qisqa muddatlarda Yevropaga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bu harakatlarning samarasi sifatida Xitoy o’zining sharqiy hududlarini Eron va Yevropa mamlakatlariga qadar bog‘lovchi temiryo‘l tarmoqlarining kengaytirilishi haqida e’lon qildi. Bundan tashqari Xitoy hukumati Xitoydan Laos va Tailandga, Efiopiya—Jibuti, Vengriya—Serbiya yo‘nalishlarida temiryo‘l, Xitoydan Indoneziyaga tezyurar magistrallar qurilishi, Xitoy—Pokiston, Xitoy—Mo‘g‘uliston—Rossiya, Bangladesh—Xitoy—Hindiston—Myanma iqtisodiy yo‘laklarini shakllantirish hamda Gvadar (Pokiston) va Pirey (Gretsiya) portlarini modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishgan.
Xitoy ushbu loyihani rivojlantirishda ko’proq mintaqa davlatlari Markaziy Osiyo, Rossiya, Pokiston, Hindiston, Afg’oniston, Eron kabi davlatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, Markaziy Osiyo Respublikalari Xitoy hukumati uchun Yevroosiyo iqtisodiy korridorini yaratishda asosiy hudud bo’lishi ko’zda tutilgan. Ushbu Respublikalar bilan savdoni liberallashtirish va mamlakatlar o’rtasidagi pul-kredit hamda moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy iqtisodiy hamjamiyatning yangi shaklini yaratishga yordam berishi ko’zda tutilmoqda. Mintaqa davlatlari “Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston” temiryo’l tizimini yaratish va Afg’oniston hududi orqali Pokiston va Erondagi portlarga chiqish imkonini beruvchi “Bir makon – bir yo’l” loyihasiga qo’shilishiga umid bildirmoqda. Ushbu temiryo’l tizimini hayotga tadbiq etish O’zbekiston va Qirg’iziston kabi dengizga chiqish cheklangan davlatlar uchun dengizga yo’l ochishi kutilmoqda. 2017-yilda Qozog‘iston va Xitoy chegarasida ulkan tranzit majmuasi ochildi. Xorgos – SHarqiy darvoza deb nomlangan ushbu majmuada Xitoydan “tor” temiryo‘l izi kelib Qozog‘istonning “keng” temiryo‘l izi bilan uchrashadi va Xitoydan kelgan yuk konteynerlari boshqa poyezdga o’tkazilib, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlariga yo’l oladi. Xitoy “Ipak yo’li” doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalariga o’zining ichki siyosiy barqarorligini ta’minlash vositasi sifatida ham qaramoqda. Rasmiy Pekin Shinjondagi siyosiy va etnik ziddiyatlarni ushbu hududlarni iqtisodiy rivojlantirish yo’li bilan bartaraf etishni maqsad qilmoqda. Shuning uchun o’zining g’arbiy hududlarini qo’shni Qozog’iston va Qirg’iziston bilan bog’lovchi transport liniyalarini qurish va bu yo’llar orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga chiqish imkonini beruvchi loyihalarni amalga oshirmoqda hamda bu hududlarning iqtisodi va infratuzilmalariga katta sarmoyalar kiritmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Rossiyaning "Yangi Ipak yo’li" loyihasida ishtiroki infratuzilmani rivojlantirish, energiya yetkazib berish yo'nalishlarini yanada isloh qilish va Xitoy bilan sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim afzalliklarni keltirib chiqaradi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2017-yil 14-15-may kunlari bo’lib o’tgan “Bir makon – bir yo’l” xalqaro forumida nutq so’zlab, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, «Bir makon – bir yo‘l», Shanxay hamkorlik tashkiloti, Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi kabi tashkilotlarning salohiyatini birlashtirish va ulkan Yevroosiyo hamkorligini yaratish taklifini bildirib o’tdi. Ma'lumki, Buyuk ipak yo'lining iqtisodiy magistralidagi asosiy transport yo'nalishi Moskva orqali o'tadi va Rotterdamda tugaydi. Uning boshlang'ich nuqtasi Xitoyning sharqiy qirg'og'ida joylashgan Lianyungang port shahri bo'ladi. Xitoy Pekinni Moskva bilan bog'laydigan tezyurar temir yo'l qurishni rejalashtirgan. Qurilish qiymati 242 milliard dollar (1,5 trillion yuan) deb baholandi, loyihani amalga oshirish muddati 8-10 yilni tashkil etdi. Uzunligi
7 ming kilometr bo'lgan yangi temir yo'lda Pekindan Moskvaga safar 2 kun davom etadi.
Xitoy o‘zining temiryo‘l va qurilish kompaniyalarini xorijga chiqish rejalarini doim rag’batlantirib kelmoqda. Xitoy “Bir makon – bir yo’l” loyihasi doirasida transport koridorlari tashkil qilish borasida megaloyihalarni amalga oshirish ishlarini boshlab yubordi. 2016-yilning yozida Xitoy dunyoda eng uzoq masofali yuk poyezdi yo‘nalishini ishga tushirgan edi. Bu yo‘nalish mamlakat shimoliy-sharqidagi Xarbin shahri va Germaniyaning Gamburg shahrini o‘zaro bog‘laydi. Poyezd haftada bir marta yo‘lga chiqadi va 9 ming 800 kilometrlik masofani 15 kunda bosib o‘tadi. Xitoy-Mo‘g‘iliston va Belorus-Polsha chegaralarida g‘ildiraklar almashtiriladi. Xitoy Pekin – London yo‘nalishida tezyurar poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham bosh qotirmoqda. Agar bu loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, u holda yo‘lovchilar atigi ikki kun ichida Londondan Pekinga, yoki Pekindan Londonga yetib olishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Xitoyga tegishli CNR temiryo’l davlat korporatsiyasi Kaliforniyaga qadar o‘ta tezyurar poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish loyihasi ustida ish olib bormoqda. Loyiha qiymati 68 milliard dollarga teng ekani aytilmoqda. Buning uchun tezligi soatiga 354 kilometrga teng bo‘lgan 95 ta poyezd xarid qilish ko‘zda tutilmoqda. Kaliforniya shtati rasmiylari Los-Andjelesdan San-Fransisko shahriga qadar 1 ming 287 kilometrlik temir yo‘l qurilishi uchun Xitoydan sarmoya olish istagini bildirgan. Bu borada shtat rasmiylari Xitoy vakillari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Shu kunga qadar Xitoy Turkiya, Saudiya Arabistoni va Venesuela kabi mamlakatlarga temiryo‘l qurilishiga yordam bergan. Ayni damda Xitoy temir yo‘llari jahonda eng gullab-yashnayotgan tarmoq ekani tan olinadi. Bunga Xitoy hukumati tomonidan temiryo‘l loyihalariga kattadan katta sarmoyalar kiritayotganligi sabab bo‘lmoqda. Bundan 100 yil avval Buyuk Britaniya va Fransiya Afrikada temiryo‘l tarmog‘ini yaratish masalasini muhokama qilgan ammo, amalga oshmay qolgan edi. Mutaxassislarning fikricha, Xitoy Afrika bozorlariga kirib borish va ushbu hududda o’z mahsulotlarini sotish, qit’a davlatlari iqtisodiyotida asosiy o’rinni egallash maqsadida Afrika davlatlarini “Bir makon – bir yo’l” loyihasiga jalb qilish rejalarini ishlab chiqmoqda. 2014-yilda Afrika Ittifoqining Addis-Abebedagi qarorgohida nutq so‘zlagan Xitoy Davlat Kengashining bosh vaziri Li Kesyan o‘z mamlakati Afrika qitasi davlatlari poytaxtlarini o‘zaro bog‘lovchi qit’alararo tezyurar poyezdlar qatnovini ishlab chiqish rejasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi. Ammo Xitoy tomonidan taklif etilgan loyihani hamma davlatlar ham birdek qo’llab-quvvatlayotganlari yo’q. Jumladan, Hindiston «Bir makon, bir yo‘l» forumini boykot qildi. Bunga sabab Pekin taklif etayotgan loyihaga ko‘ra, Xitoy va Pokiston iqtisodiy yo‘lagi tashkil etiladi va bu yo‘lak Nyu-Dehli hamda Islomobod o‘rtasida bahsli hudud bo‘lib turgan Gilgit-Baltiston bo‘ylab o‘tishi rejalashtirilgan. Xitoy bu infrastrukturaviy loyiha uchun 46 milliard dollar sarflashni maqsad qilgan. Avtomobil va temir yo‘llarning keng tarmog‘i vositasida Pokistonning janubiy-sharqidagi Gvadar port shahrini Xitoyning SHinjon-Uyg‘ur muxtor tumani bilan birlashtirish nazarda tutilgan. Ammo Hindiston tomoni bu masalada “Hech bir mamlakat uning suvereniteti va hududiy yaxlitligi borasidagi muhim muammolarni inkor etuvchi loyihaga rozilik bildirmaydi” deb ta’kidlamoqda.
Xo’sh Xitoy nima uchun qo’shni davlatlarni "Bir makon – bir yo’l" loyihasini birgalikda amalga oshirishga taklif qilmoqda? Bunga sabab:
Birinchidan, bu geografik yaqinlikning afzalliklari bilan belgilanadi. Qadimgi Buyuk Ipak yo'lidagi muhim ishtirokchilar bo'lgan Rossiya, Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari Xitoyning do'stona qo'shnilari hisoblanadi. So'nggi yillarda Xitoy va qo'shni davlatlarning birgalikdagi sa'y-harakatlari natijasida Osiyo, shuningdek, Yevropa va Afrikada joylashgan turli hududlarni bog'laydigan transport yo'laklari tarmog'i asta-sekin shakllanmoqda. Bu "Bir makon – bir yo’l" loyihasini birgalikda amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Ikkinchidan, bu siyosiy ishonchning o'zaro afzalliklari hisoblanadi. Xitoy hozirgi kunda deyarli barcha qo'shni davlatlar, jumladan Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik sheriklik yoki yaxshi qo'shnichilik munosabatlari o'rnatgan, shuningdek mintaqadagi ko'p tomonlama tashkilotlar bilan "hamkorlik-sheriklik tarmog'ini" yaratgan.
Uchinchidan, bu iqtisodiy komplementarlikning foydalari. Global noaniqlik sharoitida Xitoy iqtisodiyoti nafaqat o'z yetakchiligini saqlab qolishda, balki jahon miqyosida rivojlanish uchun qulay imkoniyatlarga ham ega. 2014-yilda Xitoyning Yalpi ichki mahsulotdagi yalpi o'sishiga qo'shgan hissasi 27,8% ni tashkil etdi, bu ko'rsatkich Osiyodagi barcha mamlakatlar uchun 50% dan oshdi. Bu Xitoy va qo'shni mamlakatlar iqtisodlarining yuqori darajada integratsiyalashuvini namoyish etadi.
To'rtinchidan, bu gumanitar sohadagi afzalliklar. So'nggi yillarda Xitoy Buyuk ipak yo'llari mamlakatlari bilan birgalikda madaniy almashinuvni rivojlantirishga, do'stlikning ijtimoiy asosini mustahkamlashga hissa qo'shgan ta’lim, turizm, madaniyat festivallari va kinofestivallarni muvaffaqiyatli o'tkazdi.
Mazkur loyihaga dunyoning 100 dan ortiq davlat hamda xalqaro tashkilotlari jalb qilingan. Hozirgi paytga kelib, Xitoy “Bir makon — bir yo‘l” doirasida Vengriya, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya kabi dunyoning 69 ta mamlakati bilan hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlarni imzolagan.
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash kerakki “yangi strategiya” hayotga tatbiq etilar ekan, yangidan yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Xitoy iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan borar ekan, jahonning boshqa mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirshga qaror qilgan. Ekspertlar tomonidan Yangi Ipak yo‘lining imoniyatlari katta ekani aytilmoqda. “Iqtisodiy belbog‘” deb atalmish yangi loyiha tufayli mintaqa mamlakatlarining iqtisodi rivojlanib, savdo-sotiq ko‘payadi. Yangi Ipak yo‘li orqali nafaqat qadimiy Ipak yo‘li tiklanadi, balki Yevroosiyo mintaqasida yangi savdo-iqtisodiy model yaratishiga imkoniyat yaratiladi. Ya’ni mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi.
3. “Bir makon – bir yo’l” loyihasida O’zbekistonning ishtiroki va manfaatlari.
O‘zbekiston qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Mustaqillik yillarida mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati misli ko‘rilmagan darajada yuksaldi. O‘zbekistondagi iqtisodiy taraqqiyot mustahkam makroiqtisodiy asos yaratilganidan dalolat beradi. O‘zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, qulay geografik joylashuvi, zamonaviy transport kommunikatsiyalari, sarmoya jalb etish bo‘yicha puxta hamda ishonchli strategiyasi ko‘plab davlatlar ishbilarmonlarining qiziqishini oshirmoqda.
Shu jumladan, Xitoy “Bir makon – bir yo’l” loyihasini amalga oshirish doirasida O’zbekistonning ham ishtirok etishini qo’llab-quvvatlamoqda. Bundan maqsad esa Markaziy Osiyoning yirik iqtisodiy salohiyatga ega bo’lgan bu hududidan o’z yuklarini o’tkazishda tranzit hudud sifatida foydalanish, O’zbekistonga o’z mahsulotlarini eksport qilish hajmini yanada oshirish va xalqaro maydonda O’zbekistonning Xitoy tashabbuslarini keng qo’llab-quvvatlovini ko’zlamoqda.
Albatta, Xitoyning loyihani amalga oshirishdagi ochiq-oydin manfaatlarini inkor etib bo‘lmaydi, biroq birovlar foydasiga o‘z manfaatlaridan voz kechish siyosatda hech qachon hurmat keltirmagan. Shuning uchun loyihada ishtirok etayotgan davlatlar unda o‘zi uchun iqtisodiy va siyosiy foyda keltiruvchi jihatlarini topishi lozim.
Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O‘zbekiston Xitoy iqtisodiy kooperatsiyasi amalga oshirilishidan maksimum foyda olishi uchun jiddiy imkoniyatlarga ega. Respublikada dengizga chiqish imkonining yo‘qligini hisobga olsak, “Ipak yo‘li iqtisodiy kamari” u uchun katta qiziqish uyg‘otadi. 2017-yilning may oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumida mazkur tashabbus har bir davlatning o‘z imkoniyatlaridan to‘la foydalanish, iqtisodiy jihatdan bir-birini to‘ldirish, savdo hamda investitsiyalarni rag‘batlantirish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun keng yo‘l ochishini qayd etdi. Loyihaning ro‘yobga chiqarilishi dunyo tamaddunida Markaziy Osiyoning tarixiy mavqeini qayta tiklashga zamin yaratadi. Haqiqatdan ham, O‘zbekiston XXR raisi
Si Szinpingning «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan bo‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston va XXR davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish uchun bir qator bitimlar to‘plamini imzoladi. Natijada, hozirgi kunga kelib mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan Xitoy investitsiyalarining hajmi 8 mlrd. dollarga yaqinlashdi, bu esa savdo-iqtisodiy hamkorlikning muhim ko‘rsatkichlaridan biri sanaladi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2016-yilda 4 mlrd. dollarga teng bo‘lgan. 2016-yil iyunida O‘zbekiston va XXR rahbarlari ishtirokida Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunnelining ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu loyiha Xitoyning «China railway tunnel group» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi». Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonning turli iqtisodiyot va sanoat zonalari: «Navoiy», «Jizzax» va «Angren»da har xil loyihalarni amalga oshirishda qatnashmoqdalar.
Loyiha doirasida mamlakatimizda transport-kommunikatsiya, savdo, iqtisodiyot, turizm, ilm-fan sohalarida O‘zbekiston va Xorijiy davlatlar hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilash borasida amaliy ishlar yo’lga qo’yilmoqda. Mintaqaviy hamkorlik hamda xavfsizlikni mustahkamlashdagi dolzarb vazifalar ko‘rib chiqilmoqda. Ikki tomonlama va ko’p tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun aniq taklif hamda tavsiyalar muhokama qilinmoqda. Jumladan, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xitoyning Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi o‘rtasida savdo, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda tadqiqotlar olib borish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, O’zbekistonning Toshkent sharqshunoslik instituti qoshida “Bir makon, bir yo‘l” tahliliy markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 20 apreldagi PQ-2909-sonli qarorida xorijiy yetakchi ixtisoslashgan ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish vazifasi alohida o‘rin tutadi. 2017-yil 14-16 dekabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Chanyan universitetida “Rossiya, Xitoy, “Bir makon –bir yo‘l” va BRIKS davlatlari transport universitetlari rektorlarining
IV forumi” o‘tkazildi. Anjumanda Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti mutasaddi rahbarlari ham ishtirok etishdi. Forumning asosiy maqsadi – transport sohasida faoliyat olib borayotgan universitetlar orasida ta’lim va fan sohasida hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish, transport universitetlarining milliy iqtisodiyotdagi o‘rni va mavqeini oshirish hisoblanadi. Forumning tashkilotchisi CHanyan universiteti prezidenti Chen Fen bilan universitet va institutga mos “Avtomobil yo‘llarini loyihalash”, “Avtomobil yo‘llarini qurish va ekspluatatsiya qilish”, Ko‘priklar, transport tonnellari va yo‘l o‘tkazichlar”, “Transport logistikasi” yo‘nalishlari bo‘yicha XXRning “Buyuk ipak yo‘li”, “Bir makon – bir yo‘l” davlat grantlari asosida mutaxassislar tayyorlash, magistratura va doktoranturaga iqtidorli yoshlarni yuborish, yosh professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi hamda hamkorlik yo‘llari va usullari muhokama qilindi, shuningdek, hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Bugungi kunga kelib O’zbekistonlik iqtidorli yoshlar va yosh professor-o‘qituvchilar “Buyuk ipak yo‘li”, “Bir makon – bir yo‘l” davlat grantlari asosida Xitoy va boshqa chet davlatlarda o’qib malaka oshirmoqdalar. Misol uchun Qarshi davlat universiteti akademik litseyi o’quvchisi Abbos Mustarov 2018-yil mart oyida Xitoyning “Sichuan” universitetida tahsilni davom ettirish bo’yicha “Bir makon – bir yo‘l” davlat grantini qo’lga kiritdi. Shu bilan bir qatorda 2018-yilda Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida ilk marta “o‘zbek tili” mutaxassisligi bo‘yicha talabalarni qabul qilish boshlanadi. Bu yoshlarimizga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bundan tashqari O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda qurilgan "Penshen" industrial parki joylashgan bo’lib, ushbu park qurilishiga O‘zbekiston hukumati hamda Xitoyning "Szinshen" savdo kompaniyasi 100 million dollar sarmoya kiritgan. Bugungi kunda sanoat parki hududida kafel, santexnika, charm poyabzal, uy hayvonlari uchun ozuqa va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 10 ta korxona faoliyat yuritib kelmoqda.
2017-yil 11-15-may kunlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga bordi. Tashrif davomida turli sohalar bo’yicha umumiy qiymati 23 milliard dollar bo’lgan shartnomalar imzolandi. Prezident Sh.Mirziyoyev Xitoyga tashrifi davomida
2017-yil 14-15-may kunlari tashkil etilgan “Bir makon – bir yo’l”xalqaro forumida ham ishtirok etib, nutq so’zladi. Prezident “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va unda Markaziy Osiyoning tutgan o‘rin borasida o’z fikrlarni bildirib, bugungi kunda dunyo aholisining 60 foizdan ortig‘ini qamrab oluvchi ushbu yirik miqyosli loyihani amalga oshirish mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida tinchlik, farovonlik, taraqqiyot, hamkorlik va do‘stlikni rivojlantirishga omil bo‘luvchi yagona makonni shakllantirishga hissa qo’shishini aytib o’tdi. O‘zbekiston rahbari, shuningdek, o‘zaro bog‘langan sanoat texnoparklari, ilmiy va innovatsiya klasterlari va Ipak yo‘li iqtisodiy hududi bo‘ylab erkin iqtisodiy zonalarni barpo etish umumiy ustuvor vazifalar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Loyihani amalga oshirish uchun Osiyo Taraqqiyot banki Direktorlar kengashi temiryo’llar va avtomagistrallar qurilish sohasini kengaytirish maqsadida O‘zbekistonga 150 million dollar kredit berishni ma’qulladi. Respublika Moliya vazirligi tasarrufidagi Yo‘l fondi vakilining so‘zlariga qaraganda ushbu kredit milliy avtomagistral qurilishiga sarflanadi. Hozirgi vaqtga kelib O‘zbekiston milliy avtomagistral qurilishiga Osiyo Taraqqiyot banki kreditlari hisobidan 1,1 milliard dollar sarflandi. Mablag‘lar
A-373 magistralining “Toshkent – Andijon” qismi va A-380 magistralining “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beynau” yo‘llarini ta’mirlash va kengaytirishga sarflangan. 2016-yili ochilgan Angren – Pop temir yo‘li mintaqalararo transport yo‘lagining muhim qismi hisoblanadi. O‘zbekiston bu boradagi ishlarni izchil davom ettirmoqda. Jumladan, Tojikiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia, temir yo‘l va avtomobil qatnovi tiklanib, Amudaryodan o‘tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir yo‘l va avtomobil ko‘priklari ishga tushirildi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘lini Hirotgacha davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Shuni alohida qayd etmoq joizki, 2017–2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusida umumiy jihatlar juda ko‘p. O‘zbekiston va Xitoy mavjud o‘zaro munosabatlar kompleksini rivojlantirish bilan bir qatorda, kelgusida xalqaro transport-kommunikatsiya loyihalarini kengaytirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, savdo-sotiqni rivojlantirish, ilmiy-texnik parklar barpo etish hamda ta’lim, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishi yo’lidan bormoqda. Jumladan, 2017-2021-yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Xarakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 273-bandida “Markaziy Osiyo hududini turistik yo’nalish, birinchi navbatda, Buyuk Ipak yo’lining asosiy bo’g’ini sifatida ilgari surishda mintaqa davlatlari harakatlarini muvofiqlashtirish” bo’yicha rejasini ishlab chiqish va ushbu rejaga muvofiq quyidagi amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi:
• Markaziy Osiyo mamlakatlariga keladigan sayyohlar uchun yagona vizani kiritish tashabbusining maqsadga muvofiqligini hamkorlar bilan birgalikda o’rganish(“Silk Visa”);
• Xorijdagi vatandoshlar uchun O’zbekistonga kelib-ketish, mamlakatda qolish, mehnat faoliyatini olib borish, sarmoya kiritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish (“Vatandosh” vizasi/pasporti);
• O’zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish istagida bo’lgan xorijiy davlatlar fuqarolari uchun mahsus viza (investitsion viza) joriy etishni o’rganish nazarda tutiladi.
O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar bugun o‘z natijasini bermoqda. Xalqaro ekspertlarning fikricha O’zbekiston eng jadal rivojlanayotgan o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi. 2019-yilning 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xitoy Xalq Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yanni qabul qildi. Tomonlar suhbat chog‘ida 2019-yil uchun mo‘ljallangan O‘zbekiston – Xitoy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, Elchi Tzyan Yan 2019-yil aprel oyida Pekin shahrida o‘tkaziladigan «Bir makon, bir yo‘l» ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etish uchun O‘zbekiston prezidenti nomiga yo‘llangan Xitoy tomonining rasmiy taklifnomasini topshirdi. Bu jarayon ham Xitoyning “Bir makon – bir yo’l” loyihasida O’zbekiston ishtirokining qay darajada ahamiyatli ekanligini ko’rsatadi.
Xulosa o’rnida aytish kerakki, O’zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olgan holda faol tashqi siyosat olib bormoqda. Mintaqada mutlaqo yangicha muhit qaror topdi, hamkorlikning turli jabhalarida tarixiy natijalarga erishildi: chegaralar ochilmoqda, ko‘plab sohalarda, jumladan, transport kommunikatsiyalarini keng rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilayapti. Markaziy Osiyoning besh davlati mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida barcha sa’y-harakatini birlashtirmoqda. Shu ma’noda aytganda, Toshkent Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bilan uyg‘un ravishda qadam tashlayapti.
XULOSA:
“Bir makon – bir yo’l” loyihasining hayotga tatbiq etilishi natijasida ayni paytda keng maydonda o’zaro hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda, davlatlar va qit’alarni bir-biri bilan bog’lash maqsadida yangi-yangi temiryo’llar hamda avtomobil yo’llari qurilmoqda. Davlatlar o’rtasida savdo-sotiq va transport aloqalari, shuningdek, ilmiy-texnikaviy, madaniyat, fan, ta’lim, turizm hamda boshqa turli sohalar bo’yicha o’zaro hamkorliklar yo’lga qo’yilmoqda.
Albatta, loyihani amalga oshirish ishlari reja asosida hech qanday to’siqlarsiz, muammolarsiz ketmoqda deb bo’lmaydi. Uning faoliyatida ham bir qancha to’siqlar va kamchiliklar uchrab turibdi.
Birinchiqdan, davlatlar o’rtasidagi ziddiyatlar va davlatlar ichki siyosatida kuzatilayotgan beqarorliklar loyihani amalga oshirishda jiddiy to’siq hosil qilmoqda. Xususan, Afg’oniston, Iroq, Suriya kabi davlatlar hududida saqlanib qolayotgan beqarorliklar bu loyiha istiqbolini tahlikaga qo’ymoqda.
Ikkinchidan, mintaqadagi yirik davlatlarning barchasi ham ushbu loyihani hayotga tadbiq etilishiga birdek hayrixohlik bildirayotgani yo’q. Xususan, Hindiston bu loyihaga o’z suvereniteti va hududiy yaxlitligi borasidagi muhim muammolarni inkor etuvchi loyiha sifatida qaramoqda.
Uchinchidan, mamlakatlar bilan savdo aloqalarini olib borishda temiryo’llardan foydalanish bir to’siq va muammolar keltirib chiqarmoqda. Sababi Xitoy hududidagi temiryo’l izlari Markaziy Osiyo va Rossiya temiryo’l izlariga qaraganda torroq hisoblanadi. Bu esa chegara hududlardan yuklarni tashishda muammolar keltirib chiqarmoqda. Ya’ni o’tish punktlarida yuklar bir poyez vagonlaridan boshqa poyezd vagonlariga qayta yuklanmoqda.
To’rtinchidan, davlatlar o’rtasida o’zaro ishonchning kamligi va bojxona masalasida muammolarning mavjudligi. Misol uchun hozirgi vaqtda Tojikiston dunyoda eng yuqori import solig’i mavjud davlat hisoblanadi(10 ming AQSH dollari bir konteyner uchun, ). Qozog’istonda esa bu ko’rsatkich 5265 dollar.
Bu kabi muammolar va to’siqlarga qaramay loyiha xalqlar va mamlakatlarni “bir makon” atrofida birlashtirishda muhim rol o’ynashi shubhasiz. Shu bilan bir qatorda “Bir makon – bir yo’l” loyihasini yanada rivojlantirish istiqbollari bo’yicha quyidagi taklif va mulohazalar mavjud.
Dostları ilə paylaş: |