“Alpomish” dostonining turkiy dostonlar qatorida tutgan o‘rni, uning epik timsollar tizimi tadrijidagi mavqei, jahon mifologik tafakkur tajribasining “Alpomish” dostoniga ko‘rsatgan ta’siri va undan o‘rganilgan jihatlar, doston syujetining yaratilishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy-falsafiy, etnik-maishiy omillar, asardagi timsollar tizimi va boshqalar tekshirilgan. Bevosita doston badiiyatini o‘rganishga qaratilgan ishlar sirasiga M.Saidovning “O‘zbek xalq dostonchiligida badiiy mahorat masalalari” (T.,1969), I.Yormatovning “O‘zbek xalq eposi badiiyati (“Alpomish” dostoni asosida)” (T.,1993), yana shu muallifning “O‘zbek xalq qahramonlik eposi badiiyati” (T., 1994), Q.Yo‘ldoshevning “Alpomish”talqinlari (T., 2002) kabi ishlarni kiritish mumkin. Ammo dostonni o‘qimishliligini ta’minlagan, xalqimiz qalbidan chuqur o‘rin olgan jihati uning milliy ruhiyatimiz bilan chambarchas bog’liqligidadir. Holbuki, “Alpomish” millat uchun faqat o‘tmish emas, hozir va kelajak hamdir. U- barcha badiiy buyuk asarlar singari abadiyatga daxldor.
O’zbekiston badiiy madaniyatida zamonaviy global g’oyalarga qaramay, og’zaki ijodning ko’pgina an’analari, jumladan, epik janrlar saqlanib qolmoqda. Xalq og’zaki ijodining boshqa shakllari kabi “Alpomish” dostoni ham o’zida katta bir davrni qamrab olgan (VI-VII asrning ikkinchi yarmi - XIV-XVI asrlar) rivojlanishning murakkab tarixiy jarayoni mahsulidir. Dostonning “Qo’ng’irot” versiyasi XVI asrdan boshlab O’zbekistonning janubiy regionlarida tarqalgan bo’lsa, XX asrning o’rtalarida buyuk dostonchi Fozil Yo’ldosh o’g’li ijrosida butun O’zbekiston bo’ylab keng yoyildi. “Alpomish”da turkiy qabilalarning islomni qabul qilishi haqidagi tarixiy fakt tasvirlangan. Ikki aka-uka Boybo’ri bilan Boysari musulmonlar uchun farz bo’lgan zakot to’lashga turli xil munosabatlari bois tortishib qoladilar. Boybo’ri ukasi Boysaridan ko’p mingli otaridagi eng yomon qo’ylarni zakot tariqasida to’lashini aytadi. Lekin akasining bu talabi ukasini fikricha, ular o’rtasidagi teng huquqlilikni poymol qilganday tuyulib, elchilarning yarmini o’ldiradi, o’zi esa elu elati bilan ko’ch-ko’lonini yig’ishtirib, qalmiqlar yurtiga ko’chib ketadi.
Quloq soling Boysaring tiliga,
Ko’chib ketay men ham Kashal eliga.
Davlat qo’nsa bir chibinning boshiga,
Semurg’ qushlar salom berar qoshig,
Banda ko’nar tangri qilgan ishiga,
Quloq soling Boysari nolishiga.17 “Alpomish” dostoni qahramonlik eposi ekanligi barchamizga ma’lum. Xalq og’zaki ijodi namunalarida voqelikning juda mubolag’ali tasviri va qahramonlarga munosabatda hayot haqiqatiga zidlikni kuzatib kelganmiz.
“Alpomish” dostoni ham mubolag’aviylikda boshqa dostonlardan qolishmaydi.Ammo asardagi ijtimoiy munosabatlarni kuzatadigan bo’lsak, asar voqeligining oddiy xayotiy turmushga naqadar yaqinligini anglaymiz. Bu xususiyatni biz syujetning dinamik rivojini taminlab turuvchi konfliktlarda yaqqol kuzatamiz.