Baxshilar. Xalq og`zaki ijodining yuksak professional san’at turi — doston va dostonchilikning paydo bo`lishi, taraqqiyoti baxshilar nomi bilan bog`liqdir. H.T.Zarifovning yozishicha, baxshi mo`g`ulcha va buryatcha baxsha, bag`sha so`zlaridan olingan bo`lib, ustod, ma’rifatchi degan ma’nolarni beradi. O`zbeklarda baxshi — keng ma’noda xalq dostonlarini kuylovchi, yodda saqlovchi va nasldan naslga o`tkazuvchi san’atkor. Xalq orasida baxshi so`zi turli xarakterdagi ikki vazifani bajaruvchi shaxsga nisbatan qo`llangan.
O`zbeklarda xalq dostonchisini shoir deb atash ham keng tarqalgan. Shoir arabcha so`z bo`lib, poetik asarlar ijodkori bo`lgan yozma va og`zaki adabiyot vakillariga nisbatan qo`llaniladi. Xalq ijodida badihago`y ijodkorlar, epik an’ana doirasida o`zlarining yangi-yangi variantlarini, hatto yangi dostonlarni ham yarata oladigan baxshilar shoir deb ataladi. Masalan, Ergash shoir, Fozil shoir, Islom shoir, Po`lkan shoir va boshqalar.
Baxshilar xalq dostonlarini biror sozda, ko`p yerlarda do`mbira, ayrim joylarda qo`biz yoki dutorda kuylaydilar. Xorazm baxshilari esa dostonlarni, asosan, dutorda ijro etadilar, ularga g`ijjak va balomonda sozandalar jo`r bo`ladi. 30-yillarda Xorazm baxshilari dostonlarni tor va rubobda kuylay boshladilar. Shu munosabat bilan ayrim baxshilar ansamblida g`ijjak o`rniga skripkadan foydalanish, ansamblga doirachi, hatto o`yinchi olib kirish hollari bo`ldi. Bola baxshi va uning ansambli bunga misol bo`ladi. Xorazmda ba’zan epik asarlar yoki ularning parchalarini garmonda ijro etish hollari ham mavjud. Bunday hollarda ularni baxshi emas, balki sozchi deb yuritilgan. Masalan, Qurbon sozchi, Qodir sozchi va boshkalar. Sozchilar epik asarlarni to`la ijro etishdan ko`ra, undan parchalar, termalar va o`zlari yaratgan asarlarni kuylashga alohida e’tibor berganlar.
Asrlar davomida xalq zakosi va dahosining mahsuli bo’lgan epik dostonchilik kishilarni so’z, soz va ijro san’atiga bo’lgan ehtiyojini qondirib keldi. Zamonaviy yangi shakllari paydo bo’lgan hozirgi davrda esa epos kitob, kino, teatr, musiqa asari tarzida namoyon bo’lib, millatning madaniy merosi va qadriyati sifatida saqlanib qoladi.
Professor G.Goyan, X asrdan XX asrga qadar qariyib ming yillik davrda O’rta Osiyo teatr madaniyati boy an`analariga asoslangan turkiy tilli xalqlar teatr san’ati mavjud bo’lganini ta’kidlar ekan, xalq poetik an’analariga asoslangan epik dostonchilik mazkur tizimning alohida olingan shakli tarzida qaralishi mumkin. Bunga teatrshunos M.Rahmonovning Sharq ellinizmi davrigacha yaratilgan To’maris, Shiroq, Siyovush, Rustam haqidagi eposlarni o’z davrida teatrlashgan tomoshalar tarzida o’ynalganini aniqlagan.
Markaziy Osiyoda teatr madaniyatining asosi bo’lgan badiiy so’z ijrochiligi she’rxonlik, qissago’ylik, qasidaxonlik, voizlik kabi bir qator janrlarga bo’lingan. O’z navbatida bu janrlar repertuar va ijrochilik uslublari nuqtai nazaridan bir-biridan farq qilib, o’ziga xos xususiyat va qonuniyatga ega bo’lgan.
Adabiyotshunoslik dostonlarni mumtoz poeziyada she’riy qissa, xalq og’zaki ijodida esa she’riy-nasriy qissa deya qaraladigan liro-epik janrlardan biri tarzida sifatlaydi. Xalq dostonlarida epik tasvir ko’pincha nasr bilan, lirik kechinmalar she’r bilan ifodalanadi. Mumtoz poeziyaga mansub dostonlarda esa bulardan tashqari, metafora, ramz, majoziy tasvir, kuchli fantaziya singari badiiy san’at vositalari etakchilik qiladi.
Xalq dostonlarining drama rivojidagi o’rni mintaqadagi ko’chmanchilik turmush tarzida shakllangan milliy teatrlar misolida yanada yaqqol ko’rinadi. Xususan, qozoq, qirg’iz, turkman, qoraqalpoq dramaturgiyasining asoslarida kompozitsion struktura, ifoda uslubining epik xarakteri, personajlar munosabatlari, badiiy obrazning ishlanishida qahramonlik dostonlari ta’siri sezilib turadi.
O’zbeklar orasida keng tarqalgan masxaraboz va qiziqlar san’atini o’rgangan teatrshunos M.Qodirov, “mazkur teatr o’zining asosiy komponentlari – dramaturgiyasi, ijrochilik mahorati, rejissurasi, g’oyaviy-badiiy saviyasiga ko’ra professional teatrdir”11, degan xulosaga keladi. Bundan kelib chiqib, xalq poetik an’analariga asoslangan epik dostonchilik ham an’anaviy teatr deb atalgan tizimda o’z komponentlari, mustahkam asosi bilan namoyon bo’lgan. O’z navbatida evropacha teatr shakli kirib kelishi xalq poetik an’analariga asoslangan professional teatrga keng ko’lamli ta’sir ko’rsatarkan, uning komponentlarini saqlab qolgan holda yo’nalishi, ko’rinishi va individual sifatlarini o’zgartirganini ham ta’kidlash joiz.
Dostonlar asosidagi spektakllar va ulardagi mahobatli aktyorlik ishlari tomoshabinning teatr san’atiga bo’lgan qiziqishini orttirdi. O`tgan asrning 20-yillardayoq A.Avloniy, Hamza, Uyg’ur truppalari yevropacha teatr yo’nalishiga asos solarkan, o’zbek teatri estetik talablari, poetikasi, xususiyatlari yuzasidan izlanish olib bordilar. Milliy teatrning etakchi xususiyati sifatida kuylash, aktyorlik, raqs, musiqa ijrochiligi an’analari namoyon bo’ldi.
Xalq dostonlari asosida yaratilgan spektakllar musiqali teatrlar sahnalarida yangi va nihoyatda jo’shqin faoliyatini davom ettirdi. Dostonlar asosida 30-yillarda yaratilgan spektakllarda yuksak romantik ruh, mahobatli ijro ustuvorlik qilar, ayni paytda bu qahramonlar jo’n, hayotiy, zaminiy alomatlardan nihoyatda ustun turar edi. Eposning mahobatli, romantik, ko’tarinki ruhga moyilligi milliy aktyorni shu yo’nalishda shakllantirishda katta ahamiyat kasb etdi. Milliy ijrochilikning bu tabiiy alomati, aktyorlik san’ati shakllanishida qahramonona-romantik yo’nalishga mos tushdi.
Xalq badiiy merosi 20-30 yillarning yetakchi vazifasi sanalgan milliy dramaturgiyani shakllantirish ishiga xizmat qildi, o’ziga xos zamin yaratdi. Ilk pesalarda nutqdagi obrazlilik, so’z qurilishi, xarakterlar va konfliktlarni belgilashda xalq epik merosi tajribasi qo’llanildi. Xalq dostonlarining badiiy quvvati va poetik dunyoqarashi Xurshid, Muxtor Auezov, G’abit Musrepov pesalarida aks etdi.
Xalq ijodkorlari mahoratini ko’rsatuvchi aytish (aytishuv), ayto’s, kuy tarto’s kabi improvizatsiyaga asoslangan, ijrochidan iqtidor va mahorat talab qiladigan ijodiy tortishuvlar milliy ijrochilikning yuksak saviyasidan dalolat beradi.