MAROSIM BILAN BOG‘LIQ BO‘LMAGAN (NOMAROSIM) FOLKLOR: OLQISH VA QARG‘ISHLAR
Olqishlar – Qadimgi insonlar so`zning magik qudratiga ishonganlar. Yaxshi so`z ezgulikka, yomon so`z esa yovuzlikka yetaklaydi, deb hisoblaganlar. Shuning uchun xalq orasida «Yaxshi so`z – jon ozig`i, yomon so`z – bosh qozig`i» degan maxsus maqol mavjud.
O`zbek folklori janrlari orasida so`z sehriga asoslanuvchi maxsus mustaqil janrlar bor. Olqish va qarg`ishlar Shunday janrlar sirasiga kiradi. Mazmunan bir-biriga zid bo`lgan olqish va qarg`ishlar o`zbek folklorining qadimiy, an’anaviy va ommaviy janrlari sanaladi.
Olqish va so`z magiyasiga asoslangan marosim folklori namunalari hisoblanadi. Chunki ular tarixan maxsus marosimlar aytimlari sifatida shakllangan va taraqqiy topgan. Lekin bora-bora ular marosim bilan aloqadorligini, asosan, yo`qotgan. Biroq hozir ham olqish va qarg`ishlarning ayrim namunalari marosimlar paytida ijro etilishi kuzatiladi.
Olqishlar va qarg`ishlar o`ziga xos ixcham badiiy shaklda yaratiladi.
OLQISHLAR kishilarga yaxshilik, ezgu niyat, xotirjamlik, qut-baraka, sog`liq tilash maqsadida aytiladi. Ular kishilarning ruhini ko`tarib, yaxshilikka da’vat etadi. Shuning uchun janr nomi turkiy tillarda «maqtash», «sharaflash», «yaxshi istaklar bildirish» kabi ma’nolarni anglatuvchi qadimgi turkcha «ol» fe`li o`zagidan yasalgan «olqish» atamasi bilan yuritiladi. Atama «ol» o`zagiga –“qo`” buyruq mayli hamda -“a (sh)” harakat nomi yasovchi qo`shimchalarning qo`shilishidan hosil bo`lgan.
Olqishlar o`z ijro o`rniga, vazifasiga va poetik tabiatiga ega. Ularni shu xususiyatlariga ko`ra ikki guruhga ajratib o`rganish mumkin:
Talab qilingan o`rinda yoshi nisbatan ulug`roq kishilar tomonidan aytiladigan kundalik maishiy olqishlar.
An’anaviy marosimlar tarkibida ijro etiluvchi olqishlar.
Kundalik maishiy olqishlar ijtimoiy turmush bilan chambarchas bog`liq bo`lib, inson faoliyatining deyarli barcha tomonlarini mazmunan qamrab olganligi bilan diqqatni tortadi. Shunga ko`ra, ularni ijro o`rni va ijro maqsadiga qarab, yana ichki turlarga bo`lish mumkin. Binobarin, biror kishi boshqa biror shaxs bilan uchrashib qolganida, bir-birlarini tanish-tanimasliklaridan qat`iy nazar hol-ahvol so`rashishdan oldin o`zaro bir-birlariga yaxshi tilak – istak bildirishlari, yuzlariga fotiha tortib sog`lik-omonlik istashlari uchrashuv olqishlari sifatida e’tirof etiladi. Uchrashuv olqishlari kishilarning bir-birlariga nisbatan hurmat-ehtiromlarini namoyon etadi. Ular shaxsning axloqiy tarbiyasi darajasini ko`rsatib beradi. Masalan, «Omin, qadam yetdi, balo yetmasin, Tinchlik, omonlik, xotirjamlik bo`lsin» aytimi uchrashuv olqishi hisoblanadi. Shundan keyingina uchrashgan kishilar bir-birlaridan hol-ahvol so`rashishga o`tadilar.
Olqishlar silsilasida dasturxon olqish aytimlari alohida mavqega ega. Ular uch holatda aytiladi:
a) dasturxon atrofida tanovvul qilish uchun o`tirishgan vaqtda;
b) ovqatlanib bo`lingach, dasturxonni yig`ishtirib olayotganda;
v) dasturxonda qolgan ovqat qoldiqlari-yu non ushoqlarini qoqayotganda.
Dasturxon olqishlarini bir kishi aytadi, qolganlar uni tinglab turadi va oxirida hamma «omin» deya aytuvchining fikrini ma’qullab, yuzlariga fotiha tortishadi. Shuning uchun dasturxon olqishlari mazmunan barchaga aloqador bo`ladi.
Xalqimiz dasturxonni «Qut-baraka, tinchlik, tiriklik» ramzi sifatida ardoqlaydi. Shu bois dasturxonga eng muqaddas narsalardan biri deb qaraydilar. Dasturxonga nisbatan alohida hurmat ko`rsatadilar.
Kishilar biror yoqqa safarga chiqishdan oldin keksa otaxon va onaxonlarning oq fotihasini olishga harakat qiladilar. Safar olqishlari hozirgacha yaxshi saqlanib qolgan. Ularda safarga chiquvchi uchun omad tilash, manziliga eson-omon yetib, yana o`z jigarlarining oldiga sog`-omon qaytib kelishi tilanadi.
Odamlar yangi oyni ko`rganlarida maxsus olqishlar aytadilar. Bunday olqishlarning kelib chiqishida ibtidoiy insonlarning Oy kulti, umuman, kosmogonik tasavvur-tushunchalari, qarashlari asos bo`lgan. Yangi oyni ko`rganda «Oyni ko`rdim, omonlik» yoki «Oy ko`rdim, omon ko`rdim, oxiratda iymon ko`rdim» aytimlarini aytadilar.
Shuningdek, yangi kiyim-kechak kiyganda aytiladigan maxsus olqishlar ham bor. Ularda kiyimga qarata «sen bir yillik, men ming yillik» deyiladi-yu, kiyimning o`ng etagi o`ng oyoq tagiga olinib, uch marta tepkilanib qo`yiladi. Bu bilan insonning jamiyki narsalardan, har qanday boylikdan ulug`ligi va ustunligi ta’kidlanadi.
Qabriston yonidan o`tayotgan kishi, albatta, dafn qilingan marhumlar ruhiga olqish aytib o`tadi. Bu ham xalqimiz orasida axloqiy normaga aylangan xatti-harakatlardan biridir. Bunday olqishlarning genetik ildizi ibtidoiy insonlarning ruhga aloqador animistik tasavvurlariga borib taqaladi. Bunday vaziyatda «Yotganlarning arvohi shod, yotgan yeri yaxti bo`lsin» aytimi aytiladi. Shundan so`ng unga atab «Qur`on»ning ixcham oyatlarini qo`shib qiraot qilish an’anaga aylangan.
Xalq orasida azaga borganda aytiladigan duolar olqishlar tarkibida alohida guruhni tashkil etadi. Ularda marhum ruhiga tinchlik, xotirjamlik, jannatdan joy tilash ma’nolari yetakchilik qiladi.
Xalqimiz orasida to`y marosimlariga aloqador olqishlarning ajoyib namunalari uchraydi. Ularning mazmunini to`yning xarakteri belgilab turadi. Beshik to`ylaridan chaqaloq sharafiga, sunnat to`ylarida to`ybolaga, nikoh to`ylarida kelin-kuyovga qarata olqishlar aytiladi. Masalan, kelin-kuyovlar uchun «Omin, qo`shgani bilan qo`sha qarisin, uvali-juvali bo`lishsin, ollohu akbar» deya alqansa, to`ybolaga «Omin, to`ylarga yetishtirsin, to`y - bolaning umri uzoq, to`rt muchasi sog` bo`lsin, katta kishi bo`lib yursin, ollohu akbar» deya yaxshi istak bildiriladi.
Yosh bolalar uchun aytiladigan olqishlar mazmunan kengligi bilan ajralib turishi va bolalarga aloqador turli marosimlarning verbal qismi sifatida namoyon bo`lishini O.Safarov batafsil tahlil qilgan.7 Ularning aksariyati she`riy ko`rinishdagi aytim-olqishlardan iborat, ular bolani beshikka belanayotganda yoki beshikdan yechib olayotganda, bolaning tishi chiqqanda, ilk bor sochini yoki tirnog`ini olganda, birinchi qadamini tashlaganda va boshqa shunga o`xshash vaziyatlarda chaqaloqqa uzoq umr, farovon rizq, baxtli kelajak tilash maqsadida ijro etiladi. «Sariq tishlik bo`lsin, oq sochlik bo`lsin, umri uzun, rizqi butun bo`lsin» deya niyat bildiradi. Xullas, inson o`zining muayyan faoliyatining boshlanishida ham, yakun topishida ham olqish aytadi.
Xalq o`rtasida ko`pincha fotiha, duo deb yuritiladigan olqish janri o`ziga xos gumanistik ruhi, yuksak ko`tarinki pafosi va hamma vaqt insonga yaxshi istaklar tilash maqsadini ifodalashi tufayli folklorning boshqa janrlari orasida alohida o`rin egallaydi.
Olqishlar ma’lum hayotiy ehtiyojlar tufayli vujudga kelgan. Ular, asosan, nasriy ko`rinishda yaratilgan. Individual ijro xususiyatiga ega. Uzoq tarixiy taraqqiyot bosqichlarini bosib o`tgan.
QARG`ISHLAR – o`zbek folklorining mustaqil, qadimiy, an’anaviy janri bo`lib, insonga yomonlik, o`lim tilash motivlarini ifodalashi bilan ajralib turadi. “Qarg`ish” atamasi qadimgi turk tilida “Qir,qar” fe`li o`zagidan yasalgan. M.Qoshg`ariyning “Devonu lug`otit turk” asarida shu so`z bilan o`zakdosh “Qirg`a” iborasining g`azab ma’nosida qo`llanilganiga izoh berilgan. “Qadimgi turkiy so`zlar lug`ati”da esa “Qarg`a” fe`lining “la’natlamoq”, “haqoratlamoq” ma’nolarida, “Qirg`a” fe`lining esa “koyimoq, so`kmoq, urishmoq” ma’nolarida qo`llanilganligi aytilgan. Hozirgi tilimizda “Qir” fe`li uchraydi va u “yo`qot”, “yo`q qilib yubor” degan ma’nolarni ifoda etadi. Shuningdek, u yana lug`at boyligimizda mavjud “Qirg`in” so`zi bilan ham o`zakdosh hisoblanadi.
Ma’lumki, “Qirg`in” so`zi “urush, yo`q qilib yuborish, boshiga o`lim solish” kabi tushunchalarni ifoda etadi. O`g`uz lahjasida so`zlovchi aholi o`rtasida uchraydigan “Qirg`in tegsin”, “Qirg`iningni beray” kabi qarg`ishdagi “g`in” so`zi “Qarg`ish” so`ziga mohiyatan yaqin bo`lib, yo`q qilish, o`limga mahkum etish tilagini ifoda etadi. Shunisi aniqki, qarg`ishlarning mazmun-mohiyatini, maqsadini insonga o`lim, yomonlik, kulfat, baxtsizlik tilash tashkil etadi. Ayniqsa, qarg`ishlarning kattagina qismi insonga o`lim tilash uchun aytilishi jihatidan ajralib turadi.
Qarg`ish barcha xalqlar folklorida mavjud. Shu bois turli xalqlar og`zaki ijodida uchraydigan qarg`ishlar mazmuni, shakli va poetik tabiatiga ko`ra bir-biriga yaqin va hamohangdir. Chunki qarg`ishlarning kelib chiqish asoslari bir ildizga – so`z magiyasi bilan bog`liq tasavvur – tushunchalarga borib taqaladi.
Qarg`ishlar hajman qisqa, ixcham, mazmunan lo`nda bo`ladi. Ularning o`ziga xos kelib chiqish tarixi, poetikasi, badiiy shakli, ifoda usuli mavjud. Qarg`ishlarning kelib chiqishiga qadimgi insonlarning so`zning sehr-jodu qudratidan qo`rqish hissi yetarli asos bo`lgan. Qarg`ishlarning aytilishiga biron-bir ijtimoiy voqelik sabab bo`ladi. Ular hech qachon besabab aytilmaydi. Aytaylik, qarg`ishlar birovdan qattiq ranjiganda, g`azablanganda, moddiy yoki ma’naviy ozor ko`rganda-jabrdiyda tomonidan jabr yetkazuvchilarga qarata aytiladi.
Qarg`ish aytish qarg`ish deb yuritiladi. Qarg`ish, asosan, kattalar tomonidan aytiladi. Bolalar qarg`ishni bilmaydi. Qarg`ish, ayniqsa, ayollar o`rtasida ko`p uchraydi.
Odamlar qarg`ish olishdan va qarg`ish tegishidan juda qo`rqadilar. Xususan, keksa kishidan, ota-onadan qarg`ish olmaslik lozim hisoblanadi. Xalq orasida «Ota qarg`ishi – o`q, ona qarg`ishi- yo`q» degan maqol yuradi. Bundan anglashiladiki, ota farzandining dunyoga kelishi uchun sababchi. Farzand otaning peshona teri bilan topgan noz-ne`matlarni yeb kamolga yetadi. Shunday ekan, bola ota oldida doimo qarzdor va mas`uldir. U otasini rozi etishi farz. Shu sababli farzand otadan qarg`ish olmasligi kerak. Onaning qarg`ishi til uchida deyishadi. Qolaversa, ular bolani ko`krak suti bilan boqqanlari sababli o`sha sut har qanday qarg`ishlarni kesarmish degan e’tiqod mavjud.
Bundan ko`rinadiki, qarg`ishlar uni yo`llovchi subyektning yoshiga, turmush tajribasiga, ruhiy holati va maqsadiga, oiladagi mavqeiga qarab har xil bo`ladi: birinchisi – obyektga o`tadigan(kishini tutadigan) bo`lsa, ikkinchisi – obyektga o`tmaydigan (tutmaydigan) qarg`ishlardir. Obyektga o`tadigan qarg`ishlarga keksalar va otalar, boquvchilar, musofir va g`arib kishilar qarg`ishlari kiradi. Onalarning hamda bo`lar-bo`lmasga janjal ko`taradigan og`zi shaloq ayollarning qarg`ishi esa obyektga o`tmaydigan qarg`ishlar sirasiga mansubdir.
Qarg`ishlar kishining yoshiga qarab aytiladi. Masalan, yoshlar gunoh qilganda, ularga karata: “Yigit o`lgur”, “Qiz o`lgur”, “Yigitboshing (yoki yosh boshing) go`rda chirisin”, “Juvonimarg bo`lgur”, “Juvon o`lgur”, “Qirchiningni kiyay”, “Qora soching taxtada taralsin” kabi qarg`ishlar aytilsa, qarib quyilmagan keksa chollar “Soqoling go`rda chirisin”, kampirlar esa, “lachaging loyga qorilsin” deb qarg`aladi.
Qarg`ishlar kishining qilgan aybiga qarab aytiladi. Masalan, badnafas, ochko`z odamlarga nisbatan “Yeganing qora tuproq bo`lsin” yoki “Eganing teshib chiqsin” degan qarg`ishlar aytiladi. Betgachopar, g`iybatchi, dilozor kishini “Tiling uzilib yerga tushsin” yoki “Tilingni hakkalar cho`qisin”, “Og`zingdan qora qoning oqsin”, “Og`zingdan chiqib yoqqangga yopishsin yo yoqangdan olsin” deb qarg`aydilar. Jangari mushtumzur kimsalarga “Bir joyda o`lib, ming joyda sasi” degan qarg`ish qo`llaniladi. Bunday qargishlardagi mantiqiy urg`u olgan so`z subyektning qaysi kirdikori uchun qarg`ish olayotganligini ko`rsatib turadi. Aytaylik, “Tiling uzilib yerga tushsin” qarg`ishida “tiling” so`zi mantiqiy urg`u olgan bo`lib, qarg`ish olayotgan kishining g`aybatchi, gapchaqar, dilozor, zahar tilli ekanligini bildirib turadi.
Qadimgi insonlar qarg`ishni biror kishiga yo`llash va uni qaytarib olish mumkin deb o`ylaganlar hamda shu jarayonlarda maxsus aytimlarni ijro qilganlar. Masalan, quyidagi aytim qarg`ishni qaytarish uchun aytilgan:
Yutganim yumurtimga,
Ko`zlaganim qo`limga,
Urishganim o`zimga,
Qarg`aganim qornimga.
Suvsarlarga oqsin,
Ellarga uchsin,
Tog`u toshlarga ursin,
Mening qarg`ishimdan yiroqqa ketsin!
Bu aytim qarg`ishning magik qudratini kuchsizlantiradi, deb tasavvur qilingan. Shuni ham aytish kerakki, qarg`ishning hamma turini ham qaytarib olish mumkin bo`lmagan. Faqatgina shaxsga nohaq yo`llandi, deb hisoblangan qarg`ishnigina orqaga qaytarganlar.
So`zning sehr-jodu qudratiga ega e’tiqodning kuchsizlanishi natijasida qarg`ishning marosim bilan aloqadorligi ham yo`qolgan. hozir qarg`ish janri keng ommaviy tarzda qo`llaniladi.
Hozirgi paytda kishilarning so`z magiyasi hamda qarg`ish qudratiga ishonchi bir qadar so`ngan bo`lsa-da, baribir, oilalarda yosh avlodni qarg`ish olmaslikka o`rgatib borish an’anasi hamon davom etib kelmoqda. Kishilarning madaniyati va ma’naviyati kundan-kunga o`sib borayotgan hozirgi bir sharoitda qarg`ish aytish qo`pol tuyiladi. Chunki qarg`ishlarning mazmuni kishi ruhiyatiga salbiy ta’sir ko`rsatadi. Shuning uchun o`zini madaniyatli, ma’rifatli hisoblagan har bir shaxs qarg`ishdan tiyilishi shart.