“Yas-yasun”ko`chmanchi chorvadorlar o`rtasida qimizxo`rlik marosimi sifatida yuzaga kelgan bo`lib, uning ma’nosi davrada o`tirish qoidalari demakdir. Ba’zi joylarda u “bo`zaxo`rlik” yoki “ko`na o`tirishlari” deb ham yuritiladi.
“Yas-yasun” sherdada o`tkaziladi. Sherdaning raisi, o`ng va chap otaliqlari (o`rinbosarlari) butun marosimga rahbarlik qiladi. Eshik og`asi (sherda o`tadigan uy xo`jayini), biy va uning o`rinbosarlari beradigan buyruqlarni bajartiruvchi yasovul, kosagul (soqiy) kabi javobgar shaxslar ham marosimda muhim vazifa bajaradilar.
Marosimning quyidagicha shartlardan iborat qat`iy talablari mavjud.
Ishtirokchilar:
– kosagul uzatgan bo`zani bir nafasda ichib yuborishlari lozim;
– kosadagi bo`zani to`kmasliklari yoki to`kib yubormasliklari shart;
– doim cho`kka tushib o`tirishlari va biy ruxsatidan so`nggina oyoq uzatib yoki yonboshlab o`tirishlari mumkin;
– sherda oxiriga qadar mastlik qilmay, odob saqlashlari shart;
– sherda o`tirishini faqat biy yoki eshik og`asi ruxsati bilangina tark etishlari mumkin;
– biy yoki o`rinbosarlarning topshiriqlarini so`zsiz ado etishlari lozim;
Kosagul sherda ishtirokchilariga bo`za tutganida turli to`rtliklar aytmog`i va sherda a’zolari ham unga javob qaytarmog`i shart.
Marosimda aytilgan to`rtliklarning sharti shuki, birinchi band qaysi so`z bilan boshlansa, ikkinchi band ham o`sha so`z bilan boshlanmog`i, shu asosda bandlararo anafora yuzaga kelib, ritmik-kompozision yaxlitlik ta’minlanishi shart. Masalan, kosagul sherda ishtirokchilariga bo`za uzata turib, shunday murojaat qiladi:
Alyor bo`lsin-ay,
Xo`jam yor bo`lsin-ay.
Xo`jam bergan davlatga
Dushman zor bo`lsin-ay.
Kosagulning bunday murojaat qo`shiqlari turlicha bo`lishi mumkin, eng muhimi, bir to`rtlik qayta takrorlanmasligi lozim. Bo`za uzatilgan kishi kosani ola turib, kosagulni yoki bo`zani alqab juft bayt yoki juft to`rtlik aytmog`i, bunda ikkala bayt ham yoki to`rtlik ham bir so`z yoki ibora bilan boshlanmog`i shart. Chunonchi:
Bo`za ichdim-boshga chiqdi xumori,
Yor qo`ynida qoldi bo`ynim tumori.
hech bahona topmas edim borgani,
Xo`b bahona bo`ldi bo`yning tumori.
Bo`zaning piyolasi ham lolasi,
Yigitga hamdam bo`lur qaynonasi.
Ul yigit chiqsa bo`zadan mas(t) bo`lib,
Oldiga o`ynab chiqar jononasi.
Yas-yusun marosimida aytiladigan bunday qo`shiqlar Turkiston, Sayram, qarnoq va Iqon atroflarida “haqqonalar yoki ko`nalar” deb yuritilsa, boshqa joylarda “bo`zagarlar qo`shig`I” deb yuritiladi.