Induksiya va deduksiya biriga qarama-qarshi bo‘lgan, ammo o‘zaro bog‘liqlikdagi fikrlash usulidir. Fikrning xususiy faktlardan umumiy faktlarga qarab harakati induksiya, aksincha, umumiy faktlardan xususiy faktlarga tomon harakati deduksiya deb ataladi.
Iqtisodiy jararyonlarni o‘rganish va tahlil qilishda ikki tomonlama yondashuv usuli. Bunda barcha iqtisodiy jarayonlar qiymat va naflilik nuqtai nazaridan tahlil qilinadi va xulosa chiqariladi. Aks holda bir tomonlamalikka yo‘l qo‘yilib, yanglish tasavvurga va noto‘g‘ri xulosalarga olib kelishi mumkin.5 Iqtisodiy jarayonlarni miqdoriy jihatdan tahlil qilishda taqqoslash, statistik, matematik va grafik usullaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, hozirgi davrda grafik usulni keng o‘zlashtirish va qo‘llash zarurdir. Grafiklar nazariya modellarini ifodalashda vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Aniqroq qilib aytganda, grafik usul o‘zgaruvchi miqdorlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rgazmali qilib tasvirlaydi.
Bu usullar yordamida iqtisodiy jarayonlar va hodisalarning mazmunini, ulardagi o‘zgarishlarni, kelib chiqish sabab-oqibatlarini bilish mumkin bo‘ladi.
Iqtisodiy o‘quv adabiyotlarida mikroiqtisodiy tahlilning ko‘plab usullari, jumladan, so‘nggi qo‘shilgan miqdor nuqtai nazaridan tahlil (marjinalizm), funksional tahlil, mikroiqtisodiy modellashtirish, grafik usul kabilar keng bayon etilgan. Quyida mazkur usullarning asosiylariga to‘xtalib o‘tamiz.
So‘nggi qo‘shilgan miqdor nuqtai nazaridan tahlil (marjinalizm).19asrning ikkinchi yarmida me’yoriy foydalilik va me’yoriy unumdorlik yoki marjinalizm (marginal (ingl.) - me’yoriy) nazariyasi shakllandi. Marjinalizm nazariyasi – bu xo‘jalik munosabatlariga jalb etilgan alohida sub’ektning ruhiyati nuqtai-nazaridan amalga oshiriluvchi iqtisodiy tahlil. Mazkur sub’ekt iqtisodiy jarayonda ishtirok etish yoki ishtirok etmaslikdan olinishi mumkin bo‘lgan me’yoriy foyda yoki me’yoriy yo‘qotishlarga eng avvalo xususiy baholash orqali yondoshadi. Bunday baholashlar asosida ishlab chiqarish xarajatlari, talab va taklif, narx nazariy jihatdan izohlab beriladi.