Merkantilizm – bu muomala sohasida iqtisodiy qonuniyatlarning rivojlanishiga bo‘lgan qarashlar tizimi va proteksionizm prinsiplariga asoslangan bir qator davlatlarning iqtisodiy siyosati, u feodalizmning yemirsh davriga muvofiq keladi va “toindustrial” iqtisodiy davrdagi voqelikni tahlil qilishga uringan ta’limot hisoblanadi96.
Merkantilizm, eng avvalo, davlatning iqtisodiy siyosatini ifoda etgan, uning amaliy faoliyati uchun tavsiyalar ishlab chiqqan. Merkantilistlar tadqiqotining maqsadi reallik sifatidagi iqtisodiyotni tahlil qilish emas, balki hukumatga amaliy maslahatlar berish bo‘ldi. Shuning uchun ular davlatning iqtisodiyotga faol aralashuvini qo‘llab-quvvatladilar, yuqori soliq stavkasini va davlat xarajatlarini himoya qildilar.
Merkantilistlarning ilmiy dunyoqarash tamoyillari quyidagilar bilan tasvirlanadi: har qanday oltin va qimmatbaho narsalarga boylik sifatida qarash; mamlakatga oltin va kumushning oqib kelishini ta’minlash maqsadida tashqi savdoni tartibga solish; arzon xom ashyoni import qilish yo‘li bilan sanoatni rag‘batlantirish; import qilinadigan sanoat tovarlariga proteksionistik tariflarni belgilash; eksportni, ayniqsa, tayyor mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish; ish haqining past darajasini ushlab turish uchun aholining o‘sishi. Milliy farovonlikning zaruriy sharti sifatidagi aktiv savdo balansi doktrinasi, shak-shubhasiz, merkantilizmning asosi hisoblanadi.
Shu narsani qayd qilib o‘tish kerakki, uzoq yillar davomida boylikning, xalq farovonligining asosi mehnat, yer, dehqonchilik va chorvachilik, hunarmandchilik deb kelinar edi (uni biz yuqorida ko‘rib chiqdik). Lekin XV asrga kelib vaziyat keskin o‘zgardi. Avvalo, natural-xo‘jalik tizimining yemirilishi, tovar-pul munosabatlarining o‘sishi, fan va madaniyatning yuksalishi, ayniqsa, yangi yerlarning ochilishi, buyuk geografik kashfiyotlar, mustamlakachilik tuzumining paydo bo‘lishi, birinchi navbatda, savdoning tez rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Noekvivalent savdo tufayli metropoliyalar mustamlakalar hisobiga beqiyos boyidi. Mana shu davrga kelib jamiyatning boyishida savdoning o‘rnini asoslab berishga uringan merkantilizm qarashlarida noelastik talab va eksportning importdan ko‘p bo‘lishining maqsadga muvofiqligi, kapital eksportini rag‘batlantirish va jamiyat ishlarini qo‘llab-quvvatlash tushunchalari ustunlik qilgan, shuningdek, “qo‘shningni quritsang, go‘yoki millatboy bo‘ladi”kabi noto‘g‘ri siyosat ilgarisurilgan.
Merkantilizmni zamon muammolariga ilmiy munosabat deb tushunish to‘g‘ri bo‘ladi. Xususiy mulk inqirozga uchrab, davlat mulkiga aylantirilayotgan bir davrda merkantilistlar xalq boyligi va qudratini oshirish uchun eng yaxshi siyosat va yo‘llarni belgilashga intilardilar.
Merkantilistlar dunyodagi umumiy boyligini o‘zgarmas deb qabul qilishgan. Shu farazga asoslangan holda sxolastiklar insonlar o‘rtasida savdo amalga oshirilganda ulardan birining daromad olishi boshqasiga albatta zarar keltiradi, deb ta’kidlashgan. Merkantilistlar xuddi shu mantiqni xalqlar o‘rtasidagi savdoda ham qo‘llab, bir xalqningiqtisodiy qudrati va boyligining o‘sishi faqatgina boshqa davlat boyligi hisobiga amalga oshadi degan xulosaga kelishgan. Shunday qilib, merkantilistlar xalqaro savdo millatning qudrati va boyligining ravnaq topishida muhim vosita ekanini e‘tirof etib, ko‘proq xalqaro savdo balansiga e’tibor qaratishgan.
Merkantilistlar ishlab chiqarishga katta ahamiyat bergan bo‘lsalar ham, ichki bozorga ko‘p mahsulot ishlab chiqarishnima‘qullamaganlar. Ko‘p ishlab chiqarish bilan birga kam iste’mol qilish eksportni oshirishga imkon beradi, bu esa millat boyligining va qudratining oshishiga olib keladi deb hisoblaganlar. Merkantilistlar xalqaro savdoda nisbiy ustunlikka erishish uchun ishchilarga kam ish haqi berilishi tarafdori bo‘lganlar. Ularning fikricha, yashash minimumidan yuqori maosh berish mehnat layoqatini kamaytirishi mumkin, yuqori ish haqi yil davomida kamroq soat ishlashga va yalpi ishlab chiqarishni kamaytirishga sabab bo‘lishi mumkin.