Oddiy tizim. Axborot paydo bo’lgan joydan iste'mol joyiga keltiriladi. Bunday axborot telefon orqali yoki signallar vositasida kelib tushishi mumkin. Bu turdagi axborot tizimi quyi boshqaruv bosqichiga to’g’ri keladi. Ish joyidan ustaga berilgan axborot bunga misol bo’la oladi. Bunday axborotga deyarli ishlov berilmaydi.
Murakkab tizim. Bu tizim ishlab chiqarish va boshqaruv tarkibining murakkabligi bilan bog’liq. Bu erda dastlabki axborot yuzaga keladi. Ishlov berishda hisoblash texnikasidan keng foydalaniladi.
Murakkab axborot tizimining har xil darajada mexanizatsiyalash turlari quyidagilardan iborat:
Axborotlarni to’la o’zlashtirish davri. Bunda axborot oddiy mexanizmlardan foydalanilgan holda butunlay qayta ishlanadi.
Aralash axborot tizimi. Bunda axborotni mexanizatsiyalashgan va avtomatlashgan qurilmalari yordamida o’zgartirishlarga erishiladi. Bu tizim aavtomatlashgan nazoratni ta'minlaydi, ba'zida korxonaning ishlab chiqarish faoliyati ustidan oddiy boshqaruv jarayonini amalga oshiradi.
Axborot-ma'lumot tizimi. Bunda ko’z bilan bajariladigan nazorat uchun ba'zi bir ma'lumotlarni berish bilan cheklanadi.
Kuzatuv axborot tizimi. Bu tizim avtomatlashgan nazorat va boshqaruvni ta'minlaydi. Keyingi ikkila tizim asosan texnologik jarayonlar to’g’risidagi axborotlarni qayta ishlash uchun qo’llaniladi.
Axborotlar tizimi - bu murakkab tizim bo’lib, o’z ichiga turli hujjatlarni, axborot oqimi, aloqa kanallari, texnik vositalar va avtomatik boshqaruv tizimlarini oladi. Butun axborotlar tizimi aniq va doimiy ishlashi lozim.
Ishlab chiqarishni boshqarish- bu ijodiy jarayon, o’ziga xos bir san'at. U rahbarning xilma-xil ish usullarida namoyon bo’ladi. Bu usullar esa rahbarga ushbu sohada oz omilkor kishilarning fikrini turli kanallar orqali aniqlash va bu ijobiy fikrlardan boshqarish jarayonida foydalanish imkoniyatini beradi. U o’z fikrlarini har bir kishining ongiga etkazish uchun ham ma'lum xislatlarga ega bo’lishi kerak.