O’zbеkistоn rеspublikаsi оliy vа o’rtа mахsus tа’lim vаzirligi а
b) So’rg’ichlar ixtisoslashgan muskullar bilan ta’minlangan gavdaning ma’lum qismlarida joylashgan chuqurchalar ko’rinishidagi organlardir. So’rg’ichlar turli xil ko’rinishda bo’lishi mumkin. Ular orasida eng qadimiy va oddiy turi yopishuvchi chuqurcha bo’lib, u sestodalardan Pseudophyllidea turkumi vakillarida ko’p uchraydi. Yopishuvchi chuqurchalar odatda, 2 ta bo’lib, skoleksning yon tomonida joylashadi. Ushbu tuzilish Diphyllobothrium, Ligula kabi avlod turlarida uchraydi.
Doira shaklidagi oddiy, ba’zan ovalsimon so’rg’ichlarning maxsus muskullar bilan ta’minlanganligi aniq bilinib turadi. Ushbu tuzilishdagi so’rg’ichlar chuvalchanglar orasida ayrim tur-bellariyalarda, deyarli, barcha so’rg’ichlilarda (Trematoda) ko’pchilik sestodalarda, ba’zi nemertinlarda va zuluklarda uchraydi.
Monogenetik so’rg’ichlilar turli-tuman yopishish organlariga ega. Ushbu organlar so’rg’ichlar, ilgaklar, yopishuv qopqoqchalari (klapanlari) kabilardan iboratdir.
So’rg’ichlar ko’rinishidagi yopishish organlari tananing oldingi va keyingi uchlarida joylashishi mumkin. Oldingi uchida joylashgan so’rg’ichsimon yopishish organlarining ikki xil shaklini ajratish mumkin, ya’ni ularning bir xili og’iz teshigi bilan bog’liq bo’lishi va ikkinchi xili esa og’iz teshigi bilan hech qanday aloqasi bo’lmaydigan so’rg’ichlar farq qilinadi. Og’iz teshigi bilan bog’liq bo’lgan so’rg’ich og’iz so’rg’ichi deyilib, u og’iz teshigi atrofini o’rab olgan bo’ladi. (Masalan, Polistoma rugosum). Og’iz teshigiga daxlsiz bo’lgan yopishish organlari esa og’izning ikki yon tomonida ikkita yopishuvchi chuqurchalar yoki so’rg’ichlardan iborat bo’ladi, (masalan, Tristomim sp.). Monogenetik so’rg’ichlilar gavdasining orqa uchida joylashgan yopishish organlari turli-tuman shakllarda bo’ladi. Ushbu organlarning asosiy bitta birikuvchi diskdan iborat bo’lib, unda har xil yopishuvchi hosilalar o’rnashgan bo’ladi. Ayrim monogenetik so’rg’ichlilarda birikuvchi diskning o’zi yopishuvchi so’rg’ich vazifasini bajarib, uning ichki yuzasi radial to’siqlar yordamida kameralarga bo’lingan bo’ladi. Natijada disk murakkab so’rg’ich shaklini oladi. Ushbu tuzilishdagi yopishuvchi organ Trochopus, Tristomum, Nitzschia kabi monogenetik so’rg’ichlilar avlodlari vakillarida uchraydi. Ayrim hollarda diskning o’zi birikish vazifasini o’tamasdan, balki uning yuzasida ikkilamchi, ancha mayda so’rg’ichchalar shakllanadi. Bunday tuzilishdagi yopishish organini baqaning siydik pufagida parazitlik qiluvchi Polystoma integerrimum turida uchratish mumkin.
Trematodalarda, asosan, ikkita so’rg’ich rivojlangan. Uning biri og’iz so’rg’ichi bo’lsa, ikkinchisi qorin so’rg’ichi hisoblanadi. Qorin so’rg’ichi ayrim hollarda gavdaning oldingi uchiga yoki gavdaning keyingi uchiga yaqin joylashgan bo’ladi. Sestodalarda ko’pincha 4 ta so’rg’ich shakllangan bo’ladi va ular skoleks atrofida (chetida) joylashgan. Lekin baliqlarda parazitlik qiluvchi Proteocephalus sestodasining skoleksini apikal (tepa) qismida beshinchi so’rg’ich joylashgan. Aslida esa shu turkum sestodalarining boshqa barcha turlarida xartumcha hosil bo’lganligini ko’rish mumkin. Zuluklarda, asosan, ikkita so’rg’ich, ya’ni og’iz va gavdaning keyingi uchida so’rg’ich bo’ladi. Og’iz so’rg’ichi o’rtasida, xuddi trematodalarnikidek, og’iz teshigi keyingi so’rg’ichi 4-7 ta gavda segmentlarining shakl o’zgarishidan hosil bo’lgan organ hisoblanadi.
So’rg’ichlar haqida so’z ketar ekan, bir hujayrali hayvonlarda mavjud bo’lgan so’rg’ichlar yoki so’rg’ichlar ko’rinishidagi hosilalarni ham aytib o’tish o’rinlidir. Bunday so’rg’ichga o’xshash hosila ko’pgina umurtqali hayvonlarning ichak paraziti hisoblanuvchi Lamblia ning qorin tomonini botiq bo’lib, xo’jayin organlariga yopishib olishga moslashganligini eslab o’tish mumkin.
Haqiqiy yopishuvchi so’rg’ichga ega bo’lgan bir hujayrali hayvonlardan Polycycla infuzoriyasini olish mumkin. U goloturiyalarning ichagida parazitlik bilan hayot kechirish uchun o’zining so’rg’ichi yordamida ichakning epitelial hujayralariga mahkam yopishib oladi.
Aytilganlardan tashqari, parazit hayvonlarda xo’jayinining tashqi va ichki organlariga mahkam o’rnashish yoki yopishib olishi uchun yana turli-tuman yopishish organlarini uchratish mumkin. Bunday organlarga murakkab so’rg’ichlar (monogenetik va digenetik so’rg’ichlilarda, ayrim sestodalarda), yopishuvchi qapqoqchalar (Monogenoidea, ayrim Arthropoda) o’tib oluvchi organlar (kurak oyoqli parazit qisqichbasimonlarda, yopishuv organi Stylarhynchus gregarinasi, Oxymonas va Pyrsonympha xivchinlilarda) tirgakchalar ko’rinishidagi birikish organlari (Ichthyotomus sanguinarius ekto-parazit polixetasida), otiluvchi va yelimli ipchalar (Microsporidia va Myxosporidia sporalarini kapsulasining ichidagi ipchalar, ikki pallali ayrim mollyuskalarning gloxidiy lichinkalardagi yopishuvchi ipi) kabilarni ko’rsatib o’tish mumkin.
Savollar:
Tashqi va ichki parazitlarning gavdasi qanday shakllarda bo’ladi?
Parazitlarning gavda o’lchamlari qanday darajada o’zgaradi?
Parazitlik hayot kechirish tarzi ularning rangiga ta’sir etadimi?
Qaysi parazitlarda ilgakchalar ko’rinishidagi yopishuv organlari shakllangan.
Qaysi turdagi parazitlarda so’rg’ichlar shakllangan.
Qanday parazitlarda ko’p sondagi va qaysi parazitlarda ikkita so’rg’ichlar bo’ladi?
Shakli o’zgargan so’rg’ichlar qaysi parazitlarda bo’ladi.