§5. Parazitosenoz. Parazitofauna va uning o’zgarish sabablari Reja:
Parazitosenoz haqida tushuncha. Xo’jayin tanasidagi har xil parazitlarning o’zaro munosabatlari.
Kasalliklarni tabiatda manba holida tarqalish qonuniyatlari.
1. Parazitosenoz haqida tushuncha Xo’jayin tanasining turli organlarida yashovchi parazit va parazit bo’lmagan (kommensallar, erkin yashovchilar va hokazo) organizmlar o’zaro turli darajadagi hamkorlik va munosabatlarda bo’ladi. Masalan, odam yoki biron-bir hayvon ichagida bir vaqtning o’zida bir hujayrali hayvon, har xil chuvalchang, bakteriya, zamburug’, virus kabilarning turli vakillari yashaydi. Ushbu organizmlarning o’zaro hamkorlik va munosabatlar darajasi, xo’jayin organizmining holatiga turlicha ta’sir o’tkazadi. Bu ta’sir darajasi mavjud parazit va noparazit organizmlarning turlar tarkibi hamda ularning turli-tuman kombinasiyalariga juda ham bog’liq bo’ladi. Bu kombinasiyalarning ayrimlari xo’jayin organizmiga salbiy ta’sir etib kasallik paydo qilishi hamda uning og’irlashuviga olib kelsa, boshqa bir kombinasiyalar esa parazitlarning zararli ta’sirini kamaytirib, uning faoliyatini bostirib turadi yoki ma’lum bir turga mansub bo’lgan parazitni xo’jayin tanasidan chiqarib tashlashga yordam beradi.
Parazitosenoztushunchasini fanga birinchi bo’lib akad. Ye.N.Pavlovskiy (1937) olib kirgan. Parozitosenoz deganda xo’jayin organizmini yoki uning ma’lum bir organini boshpana (yashash joyi) qilib olgan turli-tuman parazitlar va boshqa mikroorganizmlar yig’indisi tushuniladi.
Parazitosenoz yo’nalishi bo’yicha o’tkaziladigan tadqiqot ishlarining asosiy maqsadi va vazifasi xo’jayin organizmida mavjud turli-tuman parazitlar majmuini, uning tarkibiga kiruvchi turlarning har birini alohida-alohida hamda turli kombinasiyalarning o’zaro bir-biri bilan bog’langanlik darajasi, bir-biriga yordami, befarqligi va ziddiyati hamda ushbu munosabatlarning xo’jayin organizmiga ta’sirini aniqlashdan iboratdir.
Ushbu tadqiqot ishlarining naqadar ahamiyatli ekanligini quyidagi dalillar bilan tasdiqlash mumkin. Ovqat hazm qilish sistemasida askarida, qilbosh nematodasi va ostrisa bo’lgan odam ichburug’ (bakterial dizenteriya) kasalligiga duchor bo’lsa ushbu infeksion kasallik juda og’ir va surunkali kechadi hamda uni davolash juda qiyin bo’ladi.
Gimenolipidozda ham surunkali bakterial ichburug’ kasalligi uch va undan ko’p yillar davom etishi mumkin. Shuning uchun, bakterial ichburug’ kasalligini amaliyotda davolash uchun, eng avvalo, bemorda gelmintoz kasalliklarning mavjudligini aniqlash va shundan keyingina davolashga kirishish lozimligi qonunlashtirilgan.
Bolalarda kelib chiqish sabablari turlicha bo’lgan bakterial ichburug’ kasalligi bilan lyambliyalarning o’zaro bog’liqlik darajasi ham tadqiq qilingan. Masalan, bakterial ichburug’ bilan kasallanmagan sog’lom bolalarning 40,9% ida lyambliyalar topilgan bo’lsa, Fleksner bakterial ichburug’i bilan kasallangan bolalarning 77,3% ida lyambliyalar topilgan. Ushbu holatlarga qarama-qarshi ravishda Zonne bakterial ichburug’i bilan kasallangan bolalarning esa faqatgina 8,4% ida lyambliyalar bo’lishi aniqlangan.
Ichakdagi ichburug’ amyobasi (Entamoeba histolytica) va ichak bakteriyalari (Escherichia coli)ning o’zaro munosabatlari va bir-biriga ta’siri juda qiziq hodisa va jarayonlarni yuzaga keltiradi. Ko’pgina tadqiqotchilarning fikriga binoan (Westfal; Phillips va boshqalar) (K.V.Krashkevich, 1963) ichburug’ amyobasining zararli faoliyatini ko’tarishda ichak bakteriyalarining roli borligi isbotlanadi. Masalan, esherixiya va parakoli (Paracoli) guruhidagi bakteriyalar kalamush ichagidagi ichburug’ amyobasining zararli faoliyatini oshirib, ichak devorining kuchli yallig’lanishiga sabab bo’ladi. Buning aksi sifatida kalamush ichburug’ amyobasi va streptokokk (Streptococcus faecalis) bakteriyasi bilan sun’iy zararlantirilganda ichakning yallig’lanishi keskin pasayadi. Bu jarayon, ehtimol, St. faecalisning moddalar almashinuvida hosil qilingan sut kislotasi parazit amyobalarga salbiy ta’sir qilib, ularni ko’plab halok bo’lishiga asosiy sabab bo’lsa kerak.
Shunday qilib, yuqorida keltirilgan dalillardan shu narsa kelib chiqadiki, parazitosenoz tarkibidagi turlar orasida yoki antogonistik (zid, ziddiyatli, qarama-qarshi) yoki sinergitik (hamkorlik, bir yo’nalishda ishlash, qulaylik yaratish) munosabatlari mavjud bo’ladi. Antogonistik munosabatda bir tur boshqa parazit turni yoki turlarni faoliyatini chegaralab, bostirib tursa, sinergitik munosabatda esa bir tur boshqa parazit turning (turlarni) faoliyatini kuchaytirishga imkoniyat tug’diradi.