Yalpi ichki maxsulot deb mamlakatda yil davomida mehnat qilayotgan kishilar tomonidan yaratilgan, shu mamlakat taraqqiyoti va aholisi farovonligi yo‘lida foydalanadigan, bevosita iste’molchilarga yetkaziladigan tayyor maxsulotga aytiladi.
Yaratilgan yalpi ichki mahsulot hajmi va tarkibini hisoblashda uning o‘zgarish dinamikasini tahlil qilishda ikki tomonlama – naflilik (natural ashyoviy) va qiymat jihatidan yondashish maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga YaIMning o‘zgarish dinamikasini tahlil qilishda doimo uni takror ishlab chiqarish nuqtai nazaridan qarab, uning uch qismdan iborat ekanligini va har bir qismining funksional vazifasi borligini hisobga olish lozim.
Naflilik (natural ashyoviy) jihatdan yondashilganda, ishlab chiqarish jarayonini davom ettirish uchun, birinchidan, iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalarini faqat qiymat holidagina emas, balki uni moddiy buyum shaklida ham qayta tiklash zarur. Buning uchun albatta mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot tarkibida ma’lum miqdorda turli-tuman ishlab chiqarish vositalari natural (asosiy va aylanma vositalar) shaklda mavjud bo‘lishi kerak. Chunki bu vositalarsiz ishlab chiqarishni takrorlab bo‘lmaydi. Ikkinchidan, ishchi kuchining qayta tiklanishi uchun zarur iste’mol buyumlari mavjud bo‘lishi shart. Shuning uchun ham moddiy mahsulotlar ikki xil tovar mahsulot sifatida ishlab chiqarish
vositalari va iste’mol buyumlari shaklida mavjud bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida, ikki yirik bo‘linma ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqaruvchi va iste’mol buyumlari ishlab chiqaruvchi bo‘linmalar o‘rtasida tovar ayirboshlash imkonini beradi. Undan tashqari juda ko‘p korxona va tashkilotlar aholiga turli-tuman xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadiki, ular mehnatining natijasi xizmatlarda namoyon bo‘ladi. Bu esa yalpi ichki mahsulotning muhim qismi bo‘lgan turli xil xizmatlardan iborat ekanligini ko‘rsatadi. Shunday qilib, yil davomida mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot naflilik (natural ashyoviy) jihatidan uch qismdan: ishlab chiqarish vositalari, iste’mol buyumlari va turli xil xizmatlardan iborat bo‘ladi. Yil davomida ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni, ya’ni milliy mahsulotni bunday uchta ko‘rinishga bo‘lib o‘rganish va bilish muhim ilmiy, amaliy va uslubiy ahamiyatga egadir. Chunki ularning har bir turi bo‘yicha talab va takliflar o‘rganilib, talabga yarasha ishlab chiqarishni tashkil qilish imkonini beradi.
Bu yerda shu narsani ta’kidlash joizki, ishlab chiqarish jarayonida iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalari ikki qismdan: asosiy va aylanma vositalardan iborat bo‘ladi. Lekin yalpi ichki maxsulot tarkibiga faqat yeyilgan asosiy vositalar qiymati kiradi, aylanma vositalar esa qo‘shilmaydi, ular oraliq maxsulotlar tarkibida qoladi.
Yaratilgan mahsulot qiymat jihatdan ham uch qismdan iborat bo‘ladi, ya’ni:
ishlab chiqarish jarayonida iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalari qiymatining mahsulotga o‘tgan qismi ammortizatsiya fondi (AF);
yangidan vujudga keltirilgan mahsulotning bir qismi, ya’ni, ishchilarga tegishli qismi – zaruriy mahsulot qiymati (ZM);
yangidan vujudga keltirilgan mahsulotning mulkdorlar, tadbirkorlar va jamiyat uchun ishlab chiqarilgan qismi – qo‘shimcha mahsulot qiymati (QM)dan iboratdir.
Hozirgi davrdagi bozor iqtisodiyotiga doir adabiyotlarda ishlab chiqarish omillari bilan uning samarasi o‘rtasidagi bog‘liqlik ishlab chiqarish funksiyasi deb ataladi. Masalan, ishlab chiqarish omillari – tabiat (N), kapital (K) va ishchi
kuchi (L)ni ishlab chiqarishda qo‘llashdan olingan mahsulotni M dan iborat deb
faraz qilsak, ishlab chiqarish funksiyasi
М f (N , К , L) dan iborat bo‘ladi. Bu
formula ishlab chiqarishga jalb qilingan omillarning, ya’ni sarflarning har birligi evaziga olingan mahsulotni bildiradi va e’tiborni kam resurs sarflab, ko‘proq mahsulot olish imkoniyatini qidirishga qaratadi. Undan tashqari, bu ko‘rsatkich har bir mahsulot birligini ishlab chiqarishga va ko‘paytirish mo‘ljallangan mahsulot hajmini ishlab chiqarishga qancha resurs sarfi talab qilinishini oldindan aniqlash imkonini beradi.
Ishlab chiqarishda foydalaniladigan turli xil omillar sarfini birdaniga yoki ularning ayrim turlarini ko‘paytirish yo‘li bilan mahsulot hajmini ko‘paytirish mumkin. Lekin boshqa omillar va sharoitlar teng bo‘lgani holda ayrim omillar sarfini oshirish yo‘li bilan mahsulotni cheksiz ko‘paytirib bo‘lmaydi. Omillardan foydalanish va ularning miqdorini oshirish evaziga olingan mahsulot uch xil o‘lchanadi: umumiy mahsulot, o‘rtacha mahsulot va so‘nggi qo‘shilgan mahsulot.
Dostları ilə paylaş: |