Siyosiy ittifoq yagona tashqi siyosatni olib borish hamda ichki qonunchilik doirasida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.
Valyuta ittifoqi YeI doirasida yagona pul-kredit siyosatini olib borish hamda barcha mamalakatlar uchun umumiy bo‘lgan valyutaning amal qilishini anglatadi.
1999 yil 1 yanvardan YeI mamlakatlari hududida evro hisob-kitob birligi sifatida amal qila boshladi. Biroq, bu paytda valyuta ittifoqiga YeIning barcha a’zolari kirmay, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Daniya va Shvetsiya evro hududidan tashqarida qoldi.
YeI to‘la huquqli a’zolari tarkibi yillar davomida kengayib bormoqda. Hozirda uning tarkibiga 26 mamlakat kiradi: Belgiya, Germaniya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Fransiya (1957 yil); Daniya, Irlandiya (1973 yil); Gretsiya (1981 yil); Grenlandiya (1985 yil); Portugaliya, Ispaniya (1986 yil); Avstriya, Finlyandiya, Shvetsiya (1995 yil); Vengriya, Kipr, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, Chexiya, Estoniya (2004 yil); Bolgariya, Ruminiya (2007 yil). Buyuk Britaniya 2020 yil 31 yanvardan boshlab Yevropa Ittifoqi a’zoligidan chiqib ketdi.
YeIga a’zo bo‘lish uchun bu mamlakatlar quyidagi talablarga javob berishlari kerak:
demokratiyani kafolatlovchi tashkilotlarning barqaror faoliyati;
huquqiy tartibning o‘rnatilishi va unga amal qilinishi;
inson huquqlariga amal qilinishi va kam sonli millatlarning himoya qilinishi;
bozor iqtisodiyotining amal qilishi;
Ittifoq ichidagi raqobat kurashi va bozor kuchlarining ta’siriga bardosh bera olish;
o‘z zimmasiga a’zolik majburiyatlarini, shu jumladan, siyosiy, iqtisodiy va valyuta ittifoqi vazifalarini olishga tayyorlik.
Yevropa Ittifoqining kengayishi o‘zining ijobiy va salbiy tomonlariga ega. Bir tomondan, yangi hududlar va aholining qo‘shilishi hisobiga YeIning resurs salohiyati o‘sadi, mavjud a’zolar uchun bozorlar ahamiyatli darajada kengayadi, YeIning jahondagi siyosiy mavqei kuchayadi. Boshqa tomondan, YeIdan katta hajmdagi sarf-xarajatlar, jumladan, uning yangi a’zolari uchun subsidiya va transfert to‘lovlari uchun budjet sarflarining o‘sishi talab etiladi. Yangi a’zolar iqtisodiyotining tarmoq bo‘yicha tarkibi talabga javob bermaganligi sababli, YeIda beqarorlik xavfi kuchayadi.