O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning tamoyillari va xususiyatlari
Markazlashgan ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tishda maqsad bir xil bo‘lsa-da, turli mamlakatlar turli yo‘llarni tanlashlari mumkin. Yuqorida ta’kidlanganidek, bir tizimdan ikkinchi tizimga o‘tishning revolyusion va evolyusion yo‘llari mavjud. Polsha, Chexoslovakiya, Rossiya va boshqa ayrim mamlakatlar bozor iqtisodiyotiga o‘tishning revolyusion yo‘lini, birdaniga katta to‘ntarishlar qilish yo‘lini tanladilar. O‘zbekistonda esa o‘ziga xos madaniy, tarixiy, iqtisodiy va tabiiy xususiyatlarni hamda bu yo‘ldagi jahon tajribasini hisobga olgan holda revolyusion to‘ntarishlarsiz, ijtimoiy
to‘qnashuvlarsiz, ijtimoiy himoyani kuchaytirgan holda asta-sekinlik, lekin qat’iyatlilik bilan bosqichma-bosqich rivojlangan bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘li tanlandi.
«Faqatgina biz tanlagan bosqichma-bosqich, tadrijiy rivojlanish yo‘li xalqimiz ko‘zlagan ezgu niyatlarga erishishga, zamonaviy demokratik talablarga javob beradigan davlat, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat bo‘lgan qonun ustuvorligini ta’minlaydigan jamiyat barpo etishga olib kelishi muqarrar. Buni hayotimizning o‘zi bugun isbotlab bermoqda»1.
O‘zbekistonda bozor munosabatlariga o‘tish va keyingi taraqqiyot yo‘li ijtimoiy-yo‘naltirilgan zamonaviy bozor iqtisodiyotini shakllantirishga yo‘l bo‘lib, puxta o‘ylab, ishlab chiqilgan, iqtisodiyotni tubdan isloh qilishga qaratilgan “o‘zbek modeli” deb nom qozongan taraqqiyot yo‘li edi. Bu yo‘lni amalga oshirishga birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan quyidagi beshta muhim tamoyil asos qilib olingan:
iqtisodiyotni mafkuradan xoli qilish, uning siyosatga nisbatan ustuvorligini ta’minlash;
o‘tish davrida davlatning bosh islohotchi bo‘lishi;
butun yangilanish va taraqqiyot jarayoni qonunlarga asoslanishi, qonunlar ustuvorligining ta’minlanishi;
bozor munosabatlariga o‘tish bilan bir qatorda aholini ijtimoiy himoyalash sohasida kuchli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
bozor munosabatlarini bosqichma-bosqich qaror toptirish.
Bozor munosabatlariga o‘tishda bu tamoyillarning hammasi ham muhim ahamiyatga egadir, lekin ularning ichida bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish tamoyili alohida e’tiborga loyiq. Chunki tegishli huquqiy negizni, bozor infratuzilmalarini yaratish, odamlarda bozor ko‘nikmalarini hosil qilish, yangi sharoitlarda ishlay oladigan kadrlarni tayyorlash uchun vaqt kerak bo‘ladi.
1 I.Karimov. Amalga oshirayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati qurish – yorug‘ kеlajagimizning asosiy omilidir. O‘zbеkiston Rеspublikasi Konstitutsiyasining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruza. T.: “O‘zbеkiston”, 2013. 4-bеt.
Bundan tashqari, bozor munosabatlariga o‘tish faqatgina iqtisodiyot sohalarini o‘zgartirish bilan cheklanmaydi. U ijtimoiy hayotning bir-birlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan barcha sohalarini, shu jumladan siyosiy, ma’naviy-axloqiy, maishiy va boshqa sohalarni ham tubdan o‘zgartirishni taqozo qiladi. Bularning hammasi bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich, evolyusion yo‘l bilan o‘tish haqidagi g‘oya juda muhim va afzal ekanligini ko‘rsatadi. Bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tish tamoyilini amalga oshirish iqtisodiyotni isloh qilishning asosiy bosqichlarini aniq farqlash, bu bosqichlarning har biri uchun aniq maqsadlarni, ularga erishish vositalarini belgilab olishni talab qiladi.
Dostları ilə paylaş: |