Yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha soni: savdoda – 26 265 ta sanoatda – 12 583 ta qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida – 9 816 ta yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda – 4 388 ta qurilishda – 3 630 ta tashish va saqlashda – 2 425 ta axborot va aloqada – 1 883 ta sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda – 1 184 ta boshqa sohalarda – 7 138 tani tashkil etgan.
Respublikmizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun quyidagi sharoitlar yaratilgan:
1. Kichik biznes sub'yektlarining ro‘yxatdan o‘tish vaqti 30 daqiqani tashkil etadi. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun faqat bir dona, yuridik shaxs sifatida kichik korxonani ro‘yxatga olishda esa - ikki dona hujjat talab etiladi.
2. Deyarli barcha tarmoqdagi kichik korxonalar kichik biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning muhim omili hisoblanadigan yagona soliq to‘lovi stavkasi, realizatsiya qilingan tovarlar va xizmatlar hajmining 4% ni tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda kichik biznes sub'yektlari uchun yagona ijtimoiy to‘lovning amaldagi stavkasi 12% ni tashkil etadi.
3. Yangi tashkil etilgan chet el investitsiyasi ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalarga besh yil davomida ular ro‘yxatdan o‘tgan kunidagi soliq va majburiy to‘lovlar stavkasini qo‘llash huquqi beriladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim omildir. Ushbu soha vakillarini har taraflama qo‘llab-quvvatlash maqsadida oxirgi ikki yarim yilda Prezidentning ellikdan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.
Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, turli ruxsatnomalar olish va boshqa ko‘plab xizmatlar tartib-qoidalari soddalashtirildi. Bu borada qulaylik yaratish uchun Davlat xizmatlari agentligi va uning joylardagi markazlari tashkil etildi. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) lavozimi joriy qilindi.
Barcha hududlarda tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilib, hal etishga ko‘maklashadigan Bosh vazir qabulxonalari tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, unga 200 milliard so‘m va 50 million dollar mablag‘ ajratildi.
Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga ajratilayotgan kreditlar hajmi oshdi.