2-mavzu. Falsafiy dunyoqarash,
uning xususiyatlari va asosiy tamoyillari
Reja:
1. «Dunyoqarash» tushunchasi, uning mohiyati va tarixiy shakllari.
2. Falsafiy dunyoqarashning mazmuni va yo’nalishlari.
3. Falsafiy dunyoqarashning rivojlanish qonuniyatlari va asosiy tamoyillari.
4. O’zbekistonda yangi dunyoqarashni shakllantirish vazifalari.
Dunyoqarash tushunchasi. Har bir kishining dunyoga nisbatan o’z qarashi, o’zi va o’zgalar, hayot va olam
to’g’risidagi tasavvurlari, xulosalari bo’ladi. Ana shu tasavvurlar, tushunchalar, qarash va xulosalar muayyan kishining
boshqa odamlarga munosabati va kundalik faoliyatining mazmunini belgilaydi. Shu ma’noda, dunyoqarash - insonning
tevarak atrofini qurshab turgan voqelik to’g’risidagi, olamning mohiyati, tuzilishi, o’zining undagi o’rni haqidagi
qarashlar, tasavvurlar, bilimlar tizimidir. Dunyoqarash - olamni eng umumiy tarzda tasavvur qilish, idrok etish va
bilishdir.
Dunyoqarashning bir kishiga yoki alohida shaxsga xos shakli individual dunyoqarash deyiladi. Guruh, partiya,
millat yoki butun jamiyatga xos dunyoqarashlar majmuasi esa, ijtimoiy dunyoqarash deb yuritiladi. Ijtimoiy
dunyoqarash individual dunyoqarashlar yig’indisidan dunyoga keladi, deyish mumkin. Bunda ijtimoiy
dunyoqarashning umumiy va xususiy shakllarini hisobga olish lozim.
Kundalik hayotiy
tajribalar asosida jamiyatda, odamlarda oddiy, o’z-o’zicha rivojlanuvchi (stixiyali) mohiyatga ega
bo’lgan qarashlar, tushunchalar, g’oyalar shakllanadi. Bu – dunyoqarashning o’z-o’zicha rivojlanuvchi (stixiyali) shakli
hisoblanadi. Uni ko’pincha hayotiy falsafa, deb ham ataydilar.
Hayotiy falsafaning doirasi juda keng bo’lib, ongning sodda namoyon bo’lish shakllarini ham, oqilona va sog’lom
fikrlarni ham o’z ichiga oladi. Hayotiy falsafa yoki oddiy amaliy dunyoqarashning o’ziga xos
turini inson faoliyatining
turli sohalaridagi bilim va tajribalar ta’sirida shakllanayotgan qarashlar tashkil etadi. «Har kimning o’z falsafasi bor»
deyilganida ana shu hol anglashiladi. Demak, dunyoqarash o’zining kundalik ommaviy shakllarida chuqur va etarli
darajada asoslanmagan stixiyali xarakterga ega. Shuning uchun ham ko’p hollarda kundalik tafakkur muhim
masalalarni to’g’ri tushuntirish va baholashga ojizlik qiladi. Buning uchun olamni ilmiy tahlil qilish va bilish zarur.
Dostları ilə paylaş: