Yaponiya qadimgi davrda Yapon orollariga aholining ko’chib kelishi uzoq ming yilliklar qa’riga borib taqaladi. Yangi era arafasida mo’g’ul manchjur-tunguss qabilalarining poleoazit hamda malay qabilalari bilan o’zaro qo’shilishi natijasida yapon elatining o’zagi tashkil topdi. Milodiy III-VI asrlarda ulardan biri bo’lgan Yamato qabilasi qolganlarni o’ziga tobe etishga muvaffaq bo’ldi. Shu tariqa birlamchi yapon elatining shakllanish jarayoni boshlandiki, u arxipelagda nisbatan bir xil aholini vujudga kelishida o’z ifodasini topdi. IV-VIII asrlarda xitoy va koreyslarning qitadan faol ko’chib kelishi hodisasi ro’y berdi. Yamato tuzumi orollardagi birinchi davlatning tamal toshini qo’ydi. Bunda ushbu davrga kelib, o’z davlatchiligining yuqori darajada rivoj topishiga erishgan Xitoyning tasiri muhim ahamiyatga ega bo’ldi.
Ilk yapon davlatining boshida ilohiylashtirilgan dohiy – hukmdor turgan bo’lib, u an’anaviy nuqtai nazarga ko’ra, “o’z shajarasini xudolardan boshlagan” edi. Urug’ aslzodalari ma’muriy maqomlarga ega bulib, mamlakat hududlarini boshqarar edilar. V-VII asrlarda sholikorlik va chorva mollarini ko’paytirish bilan shug’ullangan dehqonlar er solig’ini to’lar edilar.
Yaponlarning ilk e’tiqodlari Qadimgi yaponlarning dunyoqarashi haqidagi ma’lumotlar VIII asrga kelib yozib tugallangan “Kodziki” (“Qadimgi kishilarning qilmishlari haqidagi bitiklar”)da saqlanib qolgan. U o’z ichiga afsonalar, tarixiy rivoyatlar va bo’lib o’tgan hodisalar haqidagi ma’lumotlarni qamrab olgan. Qadimgi e’tiqodlar asosida oila-urug’, qabila arvohlari va homiy xudolar bo’lgan – Kamilarni qadrlash yotar edi. “Kami” so’zining tom ma’nosi “tepadagi”, “balanddagi”ni bildirar edi. Arvohlar barcha mavjudotlarning ko’zga ko’rinmas ramzi hisoblanar edilar. Qadimgi yapon asotir tafakkuri uchun xos bo’lgan xususiyat tabiatni ilohiylashtirish (naturizm) va uni jonlantirish (animizm) deb bilish edi. Butun tabiat ruhlar bilan to’lib-toshgan deb tushunilib, tog’lar, buloqlar, daraxtlar, gullar va shu kabilarga sig’inilar edi. Tabiatga sig’inishning markazida Quyoshni ilohiylashtirish yotar edi. Qadimgi e’tiqodlar yozma qoidalarga ham, ruhlarning tabaqalanishiga ham, haqiqiy ibodatxonalar va kohinlarga ham, ularning nomlanishiga ham ega emas edilar.