Sintoizm V asrda buddaviylikning va VI asrda konfutsiychilikning kirib kelishi munosabati bilan, ularga muqobil holda qadimgi an’anaviy din “kami no-mixi”, aynan “kami yo’li”, ya’ni “mahalliy xudolar yo’li” yoki - xitoychasiga “shin-to”, keyinchalik esa, Evropa tillariga “sinto” sifatida kirib, “sintoizm”, deb ataladigan bo’ldi. Sintoizm VI asr o’rtalarida buddaviylik davlat dini, deb e’lon qilingunga qadar, davlat dini sifatida xizmat qildi. Sintoistik tasavvurlarga ko’ra, butun borliq xudo tomonidan yaratilgan bo’lib, yaratilish jarayonini o’zi xudolarning vujudga kelishi bilan uzviy ravishda bog’langan. Olamning ibtidodagi holati tartibsizlik (xaos) tarzida tavsiflanadi, keyinchalik osmonning erdan ajralishi ro’y beradi. Matnlarda “8 miriadalar” yoki 8 million xudolar, ya’ni ruhlar haqida fikrlar mavjud. Sintoistik xudolar safining markazida ayol xudo Amaterasu turgan bo’lib, uning timsoli sifatida Quyosh tan olinadi.
Yapon imperatorlari shajarasining asoschisi, deb hisoblangan afsonaviy imperator Dzimmu, ayol xudo Amaterasuning nabirasi sifatida tan olinadi. Ana shu erdan sintoizmning asosiy o’zagi, ya’ni imperator hokimiyatining ilohiy kelib chiqishi haqidagi aqida boshlanadi va shuning uchun har bir yaponiyalik shaxs imperatorning muqaddas irodasiga (mikado, tenno)1 bo’ysunishga majbur. Imperator saroyi va olamdan o’tgan tenno maqbaralari muqaddas ibodatxonalar hisoblanadi.
Sintoistik e’tiqod “norito” – duo ifodalarini o’qish, qurbonliklar (guruch, sabzavot, baliq) keltirish bilan bog’liq. Ammo sintoizmda shamanizm unsurlari ham mavjud. Kohinlar e’tiqod qiluvchilarni jazava tushishga undab, ularni xudolar bilan muloqot qildirish maqsadida o’zligini yo’qotish holatigacha olib keladilar.
Garchi sintoizmda e’tiqod asoschisi yoki payg’ambari, uning alohida diniy ta’limoti, diniy axloq me’yorlari bo’lmasa-da, avloddan-avlodga o’tib kelayotgan xudolar davri haqidagi yilnoma muqaddas yozma manba vazifasini bajarib keladi. Sintoning o’ziga xos xususiyati shundaki, u narigi dunyo masalalari bilan juda kam qiziqib, asosiy e’tiborni butunlay erdagi hayotga qaratadi. Bu aqida ommaning xulq-atvor tarzi, rivoyat, odatlari, qadimiy ishonchlarining muayyan belgilarining majmui sifatida yapon turmush tarzining tarkibiy qismini tashkil etadi.
Qariyb 2 ming yil muqaddam paydo bo’lgan, qadimiy din hisoblangan Sinto, muayyan sharoitlar taqozosi bilan o’zgarib, yangilanib borgan. O’z vaqtida davlat dini maqomiga ega bo’lgan buddaviylikdan farqli o’laroq, Sinto tarixiy rivojlanishning barcha bosqichlarida yaponlarning yagona, asl milliy dini bo’lib keldi.