Davlat yer kadastrining mazmuni 12. Quyidagilar davlat yer kadastrining mazmunini tashkil etadi:
yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
yer uchastkalarini elektron hisobga olish;
erni qiymat jihatidan baholash;
er kadastri ma’lumotlarini tizimlashtirish, saqlash, yangilash va manfaatdor shaxslarga belgilangan tartibda taqdim etish.
13. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishiga doir ma’lumotlar yer kadastri ma’lumotlarining birlamchi qismi hisoblanadi hamda mazkur yer uchastkasini hisobga olish, qiymatini aniqlash va huquqlarni ro‘yxatga olishning asosini tashkil etadi.
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni birlamchi (qayta) davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yer uchastkasi va uning chegaralariga oid ma’lumotlar Davlat kadastrlari yagona tizimida aks ettirilgan holda amalga oshiriladi.
14. Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar, ushbu huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va to‘xtatilishi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
15. Yer uchastkalarining chegaralarini belgilash WGS-84 koordinata tizimida kartografiya materialidan foydalangan holda, geodeziya usullari bilan joyning o‘zida chegaralarning burilish nuqtalari katalogiga muvofiq ularni chegara qoziqlari bilan mahkamlash orqali amalga oshiriladi. Natijalar Davlat kadastrlari yagona tizimining yer kadastri qatlamida aks ettiriladi. Yer uchastkalarining umumiy maydoni talab qilinadigan aniqlikda tahliliy, grafik-tahliliy yoki mexanik usullar bilan aniqlanadi.
Yer uchastkasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatlashtirilgan axborot tizimida yuritiladi.
Joriy ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlarini shakllantirishda ro‘yxatga oluvchi axborot tizimida yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlarning huquqiy holati, shuningdek, erning maydoni, chegaralari, undan foydalanish maqsadi va foydalanish rejimi bo‘yicha yuz bergan o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.
16. Yer uchastkalarining umumiy maydonini hisobga olish asosan geodeziya usullari bilan, yuqori aniqlikni talab etmaydigan hollarda esa kartometrik usullar bilan bajariladi.
Ekin maydonlari bo‘yicha yer miqdorini hisobga olish bir va undan ortiq konturlardan iborat bo‘lgan asosiy yer kadastri birliklari — yer uchastkalari doirasida yuritiladi. Barcha toifadagi ekin maydonlari hisobga olinishi kerak.
Qishloq xo‘jaligi toifasidagi yer maydonlari yer turlari bo‘yicha yer kadastri ma’lumotlari tarkibida alohida qatlamda hisobga olinadi.
17. Davlat yer kadastrining alohida qatlami shaklida, yer sifatini hisobga olish quyidagilarni o‘z ichiga oladi: tabiiy-qishloq xo‘jaligi va yer kadastri bo‘yicha rayonlashtirish, yer tasnifi, ularni ekologiya, texnologiya va shaharsozlik belgilari va boshqa belgilar bo‘yicha tavsiflash, tuproq va erni guruhlarga ajratish.
Yerlarning o‘lchami, joylashgan o‘rni (koordinatalar katalogi bilan), toifasi va sifati holatiga oid qayd etiladigan ma’lumotlar erni hisobga olish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tashkil etadi.
18. Ma’muriy-hududiy darajaning oshishiga qarab, erni hisobga olish to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning ko‘rsatkichlarining taqqoslanuvchanligiga rioya qilingan holda umumlashtiriladi.
19. Turli maqsadlarga mo‘ljallangan yer uchastkalari holatini baholash yerlardan foydalanish samaradorligining hozirgi holati darajasini aniqlashga hamda kelajakda uni oshirish imkoniyatlarini tahlil qilish, asoslash, yer solig‘i va boshqa to‘lovlarni, uning normativ bahosini hisoblab chiqarish, yerlardan oqilona va samarali foydalanishni rag‘batlantirish uchun amalga oshiriladi.
Barcha toifadagi yerlarni baholash ishlari tizimli ravishda amaldagi holat va baholash ko‘rsatkichlari (erlarning har bir toifasi uchun o‘ziga xos bo‘lgan) yordamida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi maqsadlaridagi yerlar uchun ham tuproqning unumdorlik quvvati — tuproq boniteti bo‘yicha qiyosiy baholash amalga oshiriladi.
Yerlarning qiymat bahosiga va tuproq bonitetiga doir ma’lumotlar yer bahosiga oid yer kadastri ma’lumotlarining alohida qatlamida tashkil etiladi.
20. Yer uchastkasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga olish va baholashga doir asosiy va joriy ma’lumotlar yer kadastri ma’lumotlari majmuini tashkil etadi, ular har xil: alfavit — raqam (matn, jadval, koordinatlar va maydonlar ro‘yxati) va grafik (reja, xarita, sxemalar) shakllarida qayd etiladi.
21. Davlat kadastrlari yagona tizimida davlat yer kadastri ma’lumotlari asosiy qatlam hisoblanib, tuman (shahar)ning ma’muriy-hududiy chegarasi doirasida yuritiladi. Har bir ma’muriy-hududiy birlik chegarasidagi barcha yer uchastkalari chegaralari, ularning egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlari tarkibi, shuningdek, chegaralarda bo‘lgan o‘zgarishlar muntazam ravishda kiritib boriladi.
22. Har bir ma’muriy-hududiy darajada axborot tizimi orqali taqdim etiladigan yer kadastriga doir ma’lumotlar tarkibi va shakli Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
23. Yer kadastriga doir ma’lumotlarning ishonchliligi uchun davlat yer kadastrini yuritish vazifasi yuklangan vakolatli organ mas’ul xodimlari, shuningdek, yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlar javob beradilar.