XVII asrning 2-yarmida fizik optika asoslari yaratila boshlandi, teleskop va boshqa optik qurilmalar yaratildi. Fizik A. Grimaldi yorugʻlik difraksiyasini, I. Nyuton esa yorugʻlik dispersiyasiik tadqiq qildi. 1676-yilda daniyalik astronom O. Ryomer yorugʻlik tezligini oʻlchadi. Shu davrdan yorugʻlikning korpuskulyar va toʻlqin nazariyalari yuzaga keldi hamda rivoj topa boshladi. I. Nyuton yorugʻlikni korpuskula (zarra)lar harakati orqali tushuntirsa, X. Gyuygens uni faraz qilinuvchi muhit — efirda tarqaladigan toʻlqinlar yordamida tushuntirdi. Shunday qilib, XVII asrda klassik mexanika mustahkam oʻrin egalladi, akustika, optika, elektr va magnetizm, issiqlik hodisalarini oʻrganish sohalarida katta izlanishlar boshlandi. XVIII asrga kelib tajriba va mat.dan keng foydalangan klassik mexanika va osmon mexanikasi yanada tez surʼatlar bilan rivojlandi. Yer va Osmon hodisalarini mexanika qonunlari orqali tushuntirish asosiy maqsad hamda bosh taʼlimot hisoblanar edi. Hatto, oʻrganilayotgan fizik hodisani mexanika qonunlari orqali tushuntirish mumkin boʻlmasa, tanlangan tushuntirish yoʻli toʻliq emas yoki notoʻgʻri deb yuritilar edi.