2.1. Agrosanoat integratsiyasi. “Agrosanoat majmuasi” tushunchasi, uning mohiyati Agrosanoat integratsiyasi – sanoat va qishloq xo’jaligining bir-biriga singib ketishi,
bir butun tizimga aylanishidir. Agrosanoat integratsiyasi ijtimoiy mehnat taqsimoti va
kooperatsiyasini rivojlanishining natijasidir. Tarmoqlarning bir-biridan ajralib ketishi
ularning ishlab chiqargan mahsulotlarini ayriboshlashni kuchayishini talab qildi. Bir
tarmoqda ishlab chiqariladigan mahsulotga talab asosan boshqa tarmoqda vujudga keladi.
Natijada bir tarmoq ikkinchisiz mo’’tadil rivojlana olmaydi. Bu ularni integratsiyalashuvi
zaruratini keltirib chiqaradi.
Agrosanoat integaratsiyasining yanada chuqurlashib borishi ob’ektiv jarayondir. Bu,
albatta, qishloq xo’jaligining va umuman, agrosanoat majmuasining, mamlakat
iqtisodiyotining rivojlanishiga olib keluvchi jarayondir.
Agrosanoat integratsiyasining va kooperatsiyasining mahsuli sifatida o’tgan asrning
60-yillaridan boshlab mamlakatimizda agrosanoat majmuasi yagona tizim sifatida shaklana
boshladi.
Agrosanoat majmuasi – qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularni
tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va tayyor mahsulotni iste’molchilarga yetkazib beruvchi,
yagona maqsadlarga bo’ysundirilgan, texnologik jihatdan ustun darajada bir biri bilan
bog’langan tarmoq va xizmatlar yig’indisidir. Agrosanoat majmuasini agrar iqtisodchi
olimlar turlicha tasniflagan. Ular juda turli taman bo’lib, iqtisodiy fan mamlakat, hudud va
mahsulot turlari bo’yicha “agrosanoat majmuasi” tushunchalarini farqlaydi. SHunga ko’ra
agrosanoat majmuasi:
Mamlakat agrosanoat majmuasi;
Hudud agrosanoat majmuasi;
Ixtisoslashgan (go’sht, sut, don, sabzavot va poliz kabi mahsulot turlarini yetishtirish
bilan shug’illanuvchi) agrosanoat majmualaridan iborat.
Ixtisoslashgan agrosanoat majmualari ikkiga bo’linadi. Birinchisi, oziq-ovqat
mahsulotlari ishlab chiqaruvchi agrosanoat majmuasi. Ikkinchisi nooziq-ovqat mahsulotlari
ishlab chiqaruvchi agrosanoat majmuasi. Bu agrosanoat majmualarining har ikkalasi ham
alohida olingan tovarlar (mahsulotlar) bo’yicha agrosanoat majmualarini tashkil etadi.