Tilshunoslik va matematik fanlar. Hozirgi paytda matematika fani aralashmagan fan bo‘lmasa kerak. Oddiy arifmetik amallardan tortib, murakkab matematik formulalar ham barcha fanlardagi hisob-kitoblarda qo‘llanadi. Tilshunoslikda ”Bir bosh bo‘lakli va ikki bosh bo‘lakli gaplar” degan nomlarning mavjudligi oddiy arifmetik sonlarning qo‘llanishiga misol bo‘ladi. Endi quyidagi parchaga e’tibor qiling: ”Vaholanki eng tor tovushni 0 raqami bilan, eng keng tovushni 1 raqami bilan belgilasak, tovushlarning bu jihatdan farqi quyidagicha bo‘ladi: i – u – o – e – â – a 0 – 0,2 – 0,3 – 0,8 – 0,9 - 1”3 Bu parchada ishlatilgan ifodalar nisbatan murakkabroq formulalarga misol bo‘la oladi.
Tilshunoslik va texnik fanlar. Tilshunoslik va texnik fanlardan hisoblangan kibernetikaning o‘zaro bog‘liqligi shundaki, kibernetikaning mahsuli bo‘lmish EHM ham insonga o‘xshab axborot qabul qilib, uni uzatish vazifasini bajaradi. EHM yaratilishi uchun inson organizmi asos bo‘lib xizmat qilgan. EHMning paydo bo‘lishi avtomatik tarjimaning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi.
Tilshunoslik fanining turlari.Tilshunoslik ikkita xususiyatiga ko‘ra turlarga bo‘linadi:
1. O‘rganish obyektining hajmiga ko‘ra: a) xususiy tilshunoslik alohida olingan tilning tovush tizimi, lug‘at boyligi va grammatik qurilishini o‘rganadi, shu sababli bunday tilshunoslik “o‘zbek tilshunosligi”, “rus tilshunosligi” kabi nomlar bilan ataladi.
b) umumiy tilshunoslik yer yuzida mavjud bo‘lgan barcha tillarning umumiy xususiyatlarini, kelib chiqishini, dunyo tillarning tasiflanishini o‘rganadi. U o‘z tadqiqotlarida xususiy tilshunoslik yutuqlaridan unumli foydalanadi.
2. O‘rganish maqsadiga ko‘ra: a) nazariy tilshunoslik til hodisalariga nazariy jihatdan yondashadi, ya’ni shu hodisalar bo‘yicha umumlashma tarzida chqarilgan xulosalar, qoidalar yaratadi.
b) amaliy tilshunoslik tilga amaliy nuqtai nazardan yondashadi, ya’ni uning insonlar hayotidagi amaliy ahamiyatini o‘rganadi. Masalan, chet tillarni o‘rganish, avtomatik tarjima kabi masalalar bilan shug‘ullanadi.