«Texnologiya» - yunoncha «techne» so’zidan olingan bo’lib, mahorat, san’at va «logos» - so’z, ta’limot ma’nosini anglatadi.
Texnologiya- jarayonlarni amalga oshirish usullari va vositalari haqidagi bilimlar yig’indisi, shuningdek ob’ektda sodir bo’ladigan sifat o’zgarishlar tushiniladi.
Ishlab chiqarish texnologiyasi: xom-ashyo, materiallar, yarim fabrikatlar yoki mahsulotlarga ishlov berish, yoki qayta ishlash yo’llari va
usullari yig’indisi
yuqorida ko’rsatilgan yo’llar va usullarni ishlab chiquvchi hamda takomillashtiruvchi fan qazib olish, ishlov berish, qayta ishlash, sifatini nazorat qilish, tashish, omborga joylash, saqlash, sotish,
amalda qo’llash jarayoni
Texnologik jarayon – mahsulot ishlab chiqarishning yagona jarayonini hosil qiluvchi texnologik operatsiyalar yig’indisi
Texnologik operatsiya– ishchi tomonidan o’zining ish o’rnida bajariladigan, yakuniga etkazilgan harakat ko’rinishidagi texnologik jarayonning bir qismi
Texnologik xarita - ma’lum bir mahsulotni ishlab chiqarish texnologik operatsiyalarini ketma-ketligini bayon qiluvchi texnik hujjat.
Texnologik rejim- texnologik operatsiyalarni amalga oshirishni belgilovchi tartib bo’lib, ma’lum bir mahsulotni ishlab chiqarishda bajariladigan operatsiyalarning vaqti, shartlarini belgilaydi.
Yuqorida keltirilgan tushunchalar tahlilidan kelib chiqib, har qanday so’z, tushunchalar jamiyatdagi o’zgarishlar bilan bog’liq holda muomalaga kiritiladi.
Shu o’rinda «pedagogik texnologiya» nazariyasining vujudga kelishi va rivojlanish tarixiga nazar tashlaylik:
Sho’rolar tuzumi davri- 30 yillarda «pedagogik texnika» tushunchasi maxsus adabiyotlara paydo bo’la boshladi va u ta’lim mashg’ulotlarini aniq va samarali tashkil etishga yo’naltirilgan usul va vositalar yig’indisi sifatida qaraldi. Shuningdek, bu davrlarda pedagogik texnika deb ta’lim jihozlari bilan muomala qilishni uddalash, ko’rgazmali qurollardan foydalanish tushunildi.
40-50 -yillarda esa ta’lim jarayoniga o’qitishning texnik vositalarini joriy etish davri boshlandi. Ayniqsa kino, radio, nazorat vositalari, ulardan foydalanish metodikasi pedagogik texnologiyalariga tenglashtirildi.
60 yillar o’rtalariga kelib, bu tushunchalar mazmuni chet el pedagogik nashrlarida keng muhokamaga tortildi. 1961 yildan boshlab AQShda «Ta’lim texnologiyasi», Angliyada «Pedagogik texnologiya va dasturli ta’lim», Yaponiyada esa 1965 yillardan «pedagogik texnologiya» jurnallari chop etila boshlandi.1971 yilda xuddi shu nomli jurnal Italiyada chiqarila boshlandi.
B.Ziyomuxammadovning fikricha - pedagogning o’qitish vositalari yordamida tahsil oluvchilarga muayyan sharoitlarda ko’rsatgan tizimli ta’siri natijasida ularda jamiyat uchun zarur bo’lgan va oldindan belgilangan ijtimoiy sifatlarni intensiv tarzda shakllantiruvchi ijtimoiy hodisa deb ta’riflash mumkin. Ta’riflar nazariyasi bo’yicha bunday ijtimoiy hodisani pedagogik texnologiya desa bo’ladi. «Pedagogik texnologiya - ta’lim jarayonini texnologiyalashtirib, uning qayta tiklanuvchanligini hamda pedagogik jarayon turg’unligini oshirib, bu jarayon ijrochisining sub’ektiv xususiyatlaridan uni ozod qiladi», - deydi (V.M.Monaxov).
M.V.Klarin fikricha, pedagogik texnologiya - ta’lim jarayoniga yondoshgan holda, oldindan belgilab olingan maqsad ko’rsatkichlaridan kelib chiqib ta’lim jarayonini loyihalashdir.
I.Ya.Lernerning fikriga ko’ra, pedagogik texnologiya - bolalar harakatlarida aks etgan o’qitish natijalari orqali ishonchli anglab olinadigan aniqlanadigan maqsadni ifodalaydi.
V.P. Bespalkoning o’zbekistonlik shogirdlaridan N.Sayidaxmedov va A.Ochilovlarning fikricha, pedagogik texnologiya - bu tarbiyachining o’qitish vositalari yordamida tahsil oluvchilarga muayyan sharoitda ta’sir ko’rsatishi va bu faoliyat mahsuli sifatida ularda oldindan belgilangan shaxs sifatlarining jadal shakllanishini kafolatlaydigan jarayonidir.
O’zbekistonlik pedagog olim B.L.Farberman pedagogik texnologiyaga quyidagicha ta’rif beradi: «Pedagogik texnologiya - ta’lim jarayoniga yangicha yondoshuv bo’lib, pedagogikada ijtimoiy-muhandislik ong ifodasidir. U pedagogik jarayonni texnika imkoniyatlari va insonning texnikaviy tafakkuri asosida standart holga solib, uning optimal loyihasini tuzib chiqish bilan bog’liq ijtimoiy hodisadir».
Pedagogik adabiyotlarda pedagogik texnologiyaga berilgan boshqa ta’riflar ham keltiriladi, bizningcha, eng maqbuli YuNESKO ta’rifidir.
“Pedagogik (ta’lim) texnologiya”(si) – ta’lim-tarbiya va shaxsni rivojlantirish jarayonlarini maqbullashtirish maqsadida inson va texnika iimkoniyatlari hamda ularning o’zaro ta’sirini hisobga olib o’quvchilarda bilim, ish-harakat usullari va ijobiy shaxsiy fazilatlarni shakllantirish va rivojlantirishni ko’zda tutuvchi loyihalashtirish, tatbiq etish (amalga oshirish), natijalarni maqsad bilan qiyoslab kerakli tuzatishlarni kiritish bosqichlarini o’zida mujassamlashtiruvchi tizimdir. Ta’lim texnologiyasini ishlab chiqarish texnologiyasidan kelib chiqqan holda uch xil atamasi mavjud: