4.SOSIOLOGIK TADQIQOT NATIJALARINI RASMIYLAShTIRISh
Sosiologik ma’lumotlar tahlili va izohi ham nazariy ham amaliy ahamiyatga ega bo’lgan hujjatlarda bayon etiladi. Bular: kelajakda uning asosida boshqaruv qarorlari qabul qilinishi mumkin bo’lgan ma’lumot, xulosa va tavsiyalarga ega bo’lgan tadqiqot natijasi bo’yicha hisobot, unga ilovalar, axborot yoki tahliliy ma’lumotnoma (spravka) hisoblanadi.
Tadqiqot ma’nosida bu:
- obyektning dinamikasi (o’zgarishi)ni o’rganish, kelajakda aynan o’xshash mavzular bo’yicha takroriy tadqiqotlarni amalga oshirishda boshlang’ich ma’lumot sifatida foydalanilishi mumkin bo’lgan sosiologik ma’lumotlar banki (bazasi);
- yangi masalalarga javob topish maqsadida ikkilamchi tahlil jarayonida bazaviy ko’rsatkichlar;
- yangi tadqiqot metodik instrumentariysini ishlab chiqish jarayonida yordamchi hujjatlar.
Tadqiqot natijalari bo’yicha hisobot bu – asosiy hujjatdir. Uning tuzilishi asosiy tushunchalarni operasionalizasiyalash umumiy mantiqiga mos keladi. Biroq, agarda operasionalizasiyalash jarayonida tadqiqotchi o’z mulohazalarida deduksiya orqali abstraktlikdan konkretlikka qarab borsa, hisobotni tayyorlashda esa induksiya mantiqiga asoslanidi, ya’ni sosiologik ma’lumotlarni asta-sekinlik bilan ko’rsatkichlarga olib boradi (integrasiyalashtiradi). Bunday xususiylikdan umumiylikka o’tish tadqiqotning asosiy taxmini (farazi)ga javob bilan yakunlanadi.
Odatda hisobotning bo’limlari soni tekshirilishi lozim bo’lgan taxmin (farazlar)ga mos kelishi lozim. Umuman olganda hisobotning quyidagi tuzilmasiga rioya qilish o’rinli bo’ladi:
- birinchi bo’lim o’rganilgan muammo dolzarbligini qisqacha asoslash va tadqiqot tavsifini (tanlov majmui, ma’lumotlarning reprezentativligi, ma’lumot yig’ish metodlari va boshqalarni) o’z ichiga oladi;
- ikkinchi bo’limda tadqiqot obyektining ijtimoiy-demografik belgilar (jinsi, yoshi, ma’lumoti va hokazolar) bo’yicha tavsifi keltiriladi;
- uchinchi va keyingi bo’limlar taxmin (faraz)ni tekshirishga bag’ishlanadi;
- hisobotning oxirgi bo’limi umumiy xulosalar, shuningdek amaliy tavsiyalarni qamrab oladi.
Tadqiqot predmeti xususiyatidan kelib chiqib bo’limlar paragraflarga ajratilishi mumkin. Har bir bo’lim va paragraflar ularning mavzusi, ma’lumotlaridan kelib chiquvchi maksimal darajada ko’p sonli alohida xulosalarni shakllantirish bilan yakunlanadi.
Hisobotning hajmi chegaralanmaydi. Tadqiqotning shakli va unda yechilishi lozim bo’lgan vazifalardan kelib chiqib u bir necha o’n yoki ikki-uch yuz sahifada bayon etilishi mumkin.
Hisobot asosida hajmi 5 dan 25 sahifagacha bo’lgan tahliliy ma’lumotnoma (spravka) tuziladi. Agar hisobotda bo’limlarni yozish jarayonida avvaliga sosiologik ma’lumotlar tahlili va izohi keltirilib, keyin uning asosida xulosa chiqarilsa, ma’lumotnomada har bir punkt xulosa va tavsiyalar (ba’zan tavsiyalar uning oxirida keltirilishi mumkin) shaklida bayon qilinadi. Bunda sosiologik ma’lumotlar faqatgina xulosalarni tasdiqlash, misol sifatida keltirib o’tiladi. Shuning uchun tahliliy ma’lumotnomada jadval hamda grafiklar odatda qo’llanilmaydi yoki chegaralangan miqdorda va oddiylashgan ko’rinishda keltirilib, isbotlovchi dalil sifatida eng umumiy, o’rtacha sonli kattaliklar qo’llaniladi. Hisobotning ilovasida esa tadqiqotning barcha metodologik va metodik hujjatlari (dastur, reja, dastlabki ma’lumotlarni to’plash instrumentariysi, tanlov majmui modeli bayoni)ni, shuningdek asosiy taxminga javob izlash jarayonida hisobotda bayon etilmagan sosiologik ma’lumotlar (jadval, grafik, individual fikrlar, nomlanishlar ro’yxati va hokazolar) keltirib o’tiladi. Ushbu hujjatlar yangi tadqiqotning dasturini ishlab chiqish uchun samarali qo’llanilishi mumkin.
Ko’rsatib o’tilgan hujjatlarning tayyorlanishi bilan sosiologik tadqiqotning maqsad va vazifalarini amalga oshirish yakunlanadi.
Tadqiqot natijalarini amaliy jihatdan qo’llash ularni boshqaruv jarayoni, uning turli yo’nalish va sohalarida bevosita tatbiq etilishini nazarda tutadi. Sosiologik tadqiqotlarning natijalari boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda uning ilmiy va empirik asosi kuchaytiruvchi element sifatida ko’rib chiqiladi.
Albatta, sosiologik tadqiqot asosida tuzilgan tavsiyalar dogma (aqida) emas, balki ishning alohida sohalarini mukammallashtirishga doir maslahat bo’lib, ularga ma’lum bir tuzatishlar kiritilishi mumkin.
Sosiologik tavsiyalarni har qanday konkretlashtirish, ayniqsa tuzatishlar kiritish sog’lom fikr, o’z tashkilotining faoliyatini, jamoasini yaxshi bilish, mansabdor shaxslarning xohish irodasi, turli ko’rinishdagi vaziyatli tasavvurlardangina kelib chiqishi kerak emas. Har bir holatda u xuddi tavsiyalar singari asosga ega bo’lishi lozim.
Dostları ilə paylaş: |