Innovatsion iqtisodiyot” fanidan O‘quv uslubiy majmua-www.hozir.org
27-MAVZU. XORIJ MAMLAKATLAR TAJRIBASI XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahon iqtisodiyotida ro‘y berayotgan integratsiya jarayonlari uning baynalminallashuvi va globallashuvi rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Jahon iqtisodiyotining glaballashuvi bir tomondan qo‘shimcha qiymat yaratishning transmilliy “zanjirini” ko‘zda tutgan xolda, ikkinchi tarafdan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham raqobatni kuchaytirmoqda. Globallashish asosida logistika va tovarlar hamda xizmatlar sifatini ham standartlashtirishni ta’minlovchi umumjahon kommunikatsiya tizimi ham rivojlanib bormoqda.
Integratsiyalashuvning kichik darajasi mamlakatlar iqtisodiyotida yangi xo‘jalik yuritish tizimini shakllantirish yo‘li hisoblanib, o‘zaro provard maxsulot ishlab chiqaradigan va geografik yaqin bo‘lgan korxona va tashkilotlarni o‘z ichiga olgan “Klaster”lar yaratishdir. Klasterlarni shakllantirishdan maqsad – shahar, tuman va viloyat ichida joylashgan bir xil soha korxonalarini va ular bilan yagona texnologik zanjirda bo‘lgan ta’lim, ilmiy, injiniring, konsalting, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni uyg‘unlashtirish – innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etish asosida raqobatbardosh tovarlar yaratishga yo‘naltirishdan iborat.
“Klaster” atamasi fransuzcha so‘z bo‘lib o‘zbekcha tarjimasi “panja”, “bosh”, “bog‘lam”, “guruh”, “to‘planish”, “turg‘un” ma’nolarini beradi. SHuningdek, “klaster” tanlanma tadqiqotlarning bir usuli sifatida ham ifodalanadi.
“Klaster” nazariyasining asosi bo‘lib, Alfred Marshallning XIX asr oxirida yozilgan “Iqtisodiyot prinsiplari” nomli asarida (1890) ixtisoslashgan tarmoq-sohalarning alohida hududlarda uyg‘unlashishi to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari hisoblanadi. Uning ilmiy xulosalari bo‘yicha ixtisoslashgan faoliyat yurituvchi sub’ektlarni hududiy uyg‘unlashuvi:
– malakaviy mehnat resurslarining borligi;
– ta’minotchi va qo‘shimcha sohalarning o‘sishi;
– har-xil firmalarni ishlab chiqarish jarayonining turli bo‘g‘inlariga ixtisoslashuvining mavjudligiga asoslanganligi.
“Klaster” nazariyasini o‘rganish jahon hamjamiyatida tez sur’atlarda o‘sib bormoqda va uni amaliyotda qo‘llash esa, milliy va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishiga aylanmoqda.
“Klaster”nazariyasining ko‘p jihatliligi, unga nisbatan turli xil nazariy yondashuvlar shakllanishiga sabab bo‘ldi.
1980 yillardan keyin “Klaster nazariyasi”ning rivojlanishida 3 ta muhim (Amerika, Britaniya va Skandinaviya va boshqa) ilmiy maktablar yutuqlarini ko‘rishimiz mumkin.
Amerika olimlari: M.Porter “Raqobat ustunligi nazariyasi”, M.Enrayt, S.Rezenfeld, P.Maskell va M.Lorensenlar “mintaqaviy klasterlar konsepsiyasi”, A.Marshall “Sanoat hududlari nazariyasi”, P.Bekatin “Italyan sanoat okruglari nazariyalari”, M.Storper “Ideal” hududiy klaster” nazariyalarini yaratgan. Qo‘shimcha qiymat va “klasterlar zanjiri uyg‘unligi, mintaqalarni o‘qitish konsepsiyalari” ham shu guruhdan o‘rin olgan. Aynan shu olimlar nazariyalarida klasterlar – ishlab chiqaruvchilar raqobat ustunligini oshirishda yuqori samarali bo‘lib, ularning hududdagi ta’lim, fan, texnologik, iqtisodiy va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlar faoliyati bilan uyg‘unlashgan tizimi ekanligi ta’kidlanadi.
Britaniya nazariyotchilarining (dj. Danning, K.Brimen, SHmit, Dj. Xamfrilar) fikricha, klaster – o‘zaro xamkorlikdagi institutlar tizimi sifatida iqtisodiyotning asosini belgilovchi institutsional nazariyalardir. Bu holatda “klaster”ning o‘ziga “zamonaviy institut” sifatida qaralmoqda. Ular mazkur tizim qatnashchilarining o‘zaro munosabati turlicha – rasmiy va norasmiy bo‘lganidek, klasterlarning ham tashqi doirasi keng bo‘ladi demoqchilar.
Skandinaviya olimlari (B.O.Lundval, B.Yonson, B.Asxaym, A.Izakson) – klasterning evolyusion rivoji bir qator bosqichlardan o‘tishi, ya’ni “tug‘ilishidan tugagunicha” – bu shundan dalolat beradiki, evolyusion nazariya imkoniyatidan foydalanish “klaster” nazariyasini bildiradi, degan mulohaza qilmoqda.
Boshqa to‘rtinchi guruh olimlar Klasterni o‘zi ichiga olgan “hudud – korparatsiya ustunligi”, “hudud – bozor ustunligi”, “hudud – davlat ustunligi”, “hudud-ijtimoiy soha ustunlik” konsepsiyalari asosidagi mintaqaviy rivojlanishning zamonaviy paradigmalaridir, deb hisoblaydilar.
Klasterlar nazariyasi Rossiya olimlari YU.S.Artomonova, B.B.Xurustalev va boshqalar tomonidan ham o‘rganilib, amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda. YUqoridagi nazariyalarni yaratilishi va ularning amaliy ahamiyati mamlakatlar, tarmoqlar va korxonalar iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish va yuqori samaradorlikka erishishini nazarda tutadi.
“Klaster” nazariyasi evolyusiyasidan uning ikki fundamental tavsifini ajratib ko‘rsatishimiz mumkin.
Birinchisi, klasterga uyg‘unlashgan korxona va firmalar faoliyati aniq bir xil turdagi tovarlar bozori bilan bog‘liq bo‘lishi zarur. Bunday bog‘liqlik vertikal (xarid va sotish zanjiri) va gorizontal (qo‘shimcha bo‘limlar va xizmatlar, shunga ketadigan maxsus sarflar, texnologiyalar yoki institutlar va boshqa aloqalardan foydalanish).
Ikkinchisi – klasterlar geografik yaqin joylashgan o‘zaro bog‘liqlikdagi korxonalar guruhi bo‘lib, ular o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarni barqarorlashishi natijasida raqobatbardoshlikning rivojlanishi, ko‘proq qo‘shimcha qiymatni yaratishiga va bozorda sotilishiga imkoniyatlar yaratishdir.
Sanoat klasterlari avvalo, shu tarmoq ichidagi raqobatga mahalliy va jahon bozorlarida bardosh beradi.
Mamlakat va hududlar raqabatbardoshligini rivojlantirishga klaster nazariyasini tatbiq etish g‘oyasining asoschisi Maykl Porter fikriga ko‘ra, Klaster – jug‘rofiy nuqtai nazardan qo‘shni bo‘lgan, o‘zaro bog‘liq kompaniyalar (ishlab chiqaruvchilar, mahsulot etkazib beruvchilar va boshqalar) hamda ularga aloqador xizmatlarni ko‘rsatib, ma’lum sohada faoliyat yurituvchi tashkilotlar (ta’lim muassasalari, davlat boshqaruv idoralari, infratuzilmaviy kompaniyalar) guruhidir. YOki “Klaster” – ishlab chiqarish korxonalari raqobatbardoshligining o‘sishiga imkoniyatlar yaratuvchi, o‘zaro chambarchas bog‘langan tarmoqlar yagona texnologik zanjirini tashkil etuvchi hamjamiyatlardir.
Klaster nazariyasi ilmiy jarayonga marketing strategiyasi shaklida, davlat, hududlar va mintaqalar korxonalarining bozordagi raqobat muhitida g‘olib bo‘lishlarini ta’minlovchi g‘oya-usuli sifatida kirib keldi.
Klaster strategiyasini amalda qo‘llash asosida milliy va mintaqaviy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish g‘oyasi turli mamlakatlarda va tarmoqlarda uning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lsada, ammo M.Porter va M.Enraytlar uning quyidagi umumiy ustuvorligi borligini ochib berdilar:
– korxona (firma)lar uchun ta’minotchilarga, malakaviy xodimlarga, axborotlarga, xizmat va ta’lim markazlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishlari sababli mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga imkoniyatlar yaratiladi. Klasterlashgan mintaqalar korxonalarida mehnat unumdorligi 1,5 barobargacha, ish xaqi esa 30 foizgacha ko‘pligi o‘z tasdig‘ini topgan;
– ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari yangi ilmiy-uslubiy ishlanmalarni yaratishi, ularni qisqa muddatda sinovdan o‘tkazishi, ishlab chiqarishga joriy etishi uchun shart-sharoitlar mavjud bo‘ladi;
– ishlab chiqarish va ilmiy izlanishlardagi xodimlar va mutaxassislar mehnatlarini ko‘proq rag‘batlantirishga va yangi tovarlarni yaratishga imtiyozli sharoitlar bo‘ladi.
SHuning uchun xozirgi iqtisodiyotni inqirozdan saqlash jarayonlarida, ayniqsa iqtisodiy rivojlanishning an’anaviy usullari etarli darajada foyda bera olmayotgan hozirgi davrda, innovatsion texnologiyalar asosida biznesni tashkil etishda “Klaster” nazariyasini amaliyotga tatbiq etish eng maqbul yo‘l hisoblanadi. “Klaster”lashtirishni korxonalar innovatsion faoliyatini tezlashtirish asosida raqobatbardoshligini oshirish va ularning global raqobatning kuchli ta’siriga qarshi turishdagi milliy va mintaqaviy rivojlanish talablariga to‘la javob beradigan yangi iqtisodiy tizim deb ham qaralmoqda.
Klasterlarning shakllanishida davlatning roli muxim o‘rin tutadi. Agar dastlab klasterlar faqat “bozorning ko‘rinmas qo‘li” (raqobat) tufayli, avvalo transmilliy kompaniyalarni zamonaviylashtirishda tashkil etilgan bo‘lsa, keyingi vaqtda ko‘pgina mamlakatlarning hukumatlari bu jarayonga sezilarli darajada ta’sir etgani xolda ularga yordam bermoqdalar. Klaster strategiyasi jozibadorligi, yo‘nalishlarning turli-tumanligi bois ham, innovatsion klasterlarini davlatning o‘zi shakllantirishni taqozo etmoqda.
Davlat iqtisodiyoti klasterlarning kuchli jihatlariga tayanadi, chunki ularsiz eng rivojlangan iqtisodiyot ham o‘rtamiyona natijalarga erishishi mumkin, degan xulosalar mavjud. Klasterlarning iqtisodiy-ijtimoiy samaradorligi, ular ishtirokchilari yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlanadi:
– boshqa tarmoqlardan keladigan yangi ishlab chiqaruvchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirib va yangi strategiyalarni ta’minlab, rivojlanish jarayonini tezlashtiradi;
– o‘zaro erkin axborot almashinuvi yuzaga keladi, yangiliklar iste’molchi va mahsulot etkazib beruvchilarning kanallari bo‘yicha tez tarqaladi;
– klaster ichidagi o‘zaro aloqalar raqobatda yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishiga olib keladi;
– inson kapitali, ilmiy g‘oyalari rivojlanishi va ishlab chiqarishga joriy etilishiga yangi imkoniyatlar yaratadi.
Klaster ishtirokchilari deganda – klasterda faoliyat yurituvchi bozor sub’ektlari tushuniladi.
Rivojlangan davlatlarning tajribalari shuni ko‘rsatmoqdaki, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashda, investitsion faollikni oshirishda, raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishda klasterlarning, xalqaro logistik markazlarining, erkin iqtisodiy zonalarning o‘rni va ahamiyati juda yuqori.
Rivojlangan mamlakatlarda innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish va boshqarishda klasterlardan foydalanish bo‘yicha ma’lum tajriba to‘plangan.
Evropa ittifoqi mamlakatlari va AQSHda bu strategiya keng qo‘llanilmoqda. Klasterlar soni Buyuk Britaniyada 168 ta, Gollandiyada 20 ta, Germaniyada 32 ta, AQSHda 380 ta, Daniyada 34 ta, Fransiyada 96 ta, Italiyada 206 ta, Finlyandiyada 9 ta, Hindistonda 106 tani tashkil etadi. Daniya, Finlyandiya, SHvetsiya sanoatini klasterlar to‘la egallagan.
Italiyada sanoat klasterlari hissasiga ish bilan band aholining 43 foiz, milliy eksport hajmining 30 foizdan ko‘prog‘i to‘g‘ri kelmoqda. Klaster tuzilmalari SHveysariya, Avstriya, Italiya, Daniya, Hindiston, Koreya, Pokiston, Xitoy va Turkiya davlatlari engil sanoatida, Germaniyada kimyo va mashinasozlik, Fransiyada oziq-ovqat va kosmetika sanoatlarida muvaffaqiyatli ishlamoqda.
Klasterlarni shakllantirish jarayoni Janubiy-sharqiy Osiyo, Xitoy, Singapur, YAponiya va boshqa mamlakatlarda faollashib bormoqda.
Masalan, Germaniyada yaqin vaqtgacha mintaqaviy klasterlar rivojlanishi davlat aralashuvisiz kech edi. Biroq 2003 yilda hukumat klaster tashabbuslariga jiddiy e’tibor qaratdi. Bu birinchi navbatda, yuqori texnologiyali sohalarni loyihalashda amalga oshirildi. Davlat nafaqat mahalliy, balki boshqa manbalar hisobidan sanoat va ilmiy markazlar kuch-g‘ayratini birlashtirishni ko‘zda tutmoqda.
Klasterlar “Erkin ilmiy-texnikaviy zonalar” shaklida tashkil etilmoqda. Erkin ilmiy-texnikaviy zonalar alohida ajratilgan hududlardan iborat bo‘lib, u erda ilmiy-ishlab chiqarish va o‘quv markazlari jamlanadi hamda ular uchun ilmiy va ishlab chiqarish imkoniyatini rivojlantirishga qaratilgan maxsus huquqiy tartibot o‘rnatiladi. “Erkin ilmiy-texnikaviy zonalar yuksak texnologiyalar amal qiladigan zonalar, texnoparklar, mintaqaviy innovatsiya markazlari – texnopolislar shaklida tashkil etiladi.
Texnoparklar ikkita asosiy komponentlardan: ishlab chiqarish (sanoatning ilg‘or sohasidagi korxonalar) va mutaxassislar (universitet, institut, ilmiy-tekshirish instituti, laboratoriyalarning kuchli guruhlari)dan tarkib topadi va ularning faoliyati raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Prezidentimizning “Birinchi darajali e’tibor mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha dastur tayyorlashga va uni amalga oshirishga qaratilishi zarur” degan ko‘rsatmalarini yuqori darajada amalga oshirishda bosh yo‘nalishi xalqaro amaliyotda sinalgan “Klaster” nazariyasiga asoslangan tajribadan foydalanish, jumladan, iqtisodiyotimizning to‘qimachilik va engil sanoat istiqbolida muhim ahamiyat kasb etadi. Har qanday mamlakat, hudud yoki viloyat iqtisodiyotining raqobatbardoshligi, eng avvalo, ishlab chiqarayotgan tovarlarini mahalliy va jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligi ya’ni xaridorgirligi orqali bilan aniqlanadi. Mamlakatning ta’lim tizimidagi islohotlar va barcha ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy rivojlanishlarning yakuniy ko‘rsatkichi ham tovarlar va xizmatlarimizning zamonaviy bozorlarda raqobatbardoshligining ta’minlanishi bilan baholanadi.
O‘zbekistonda birinchi bo‘lib A.SH.Bekmurodov va YAng Son Belar “O‘zbekiston tekstil sanoatini rivojlantirish strategiyasiga klaster yondashuvi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borganlar. Ularning tadqiqotlarida chet mamlaktlarda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha klasterlardan foydalanish loyihalari tavsiflanib, Amerikada axborot-kommunikatsiya, YAponiyada avtomobil, neft-kimyo va tekstil, Italiyada keramika va gilam ishlab chiqarish, Koreya Respublikasida tekstil sanoatida erishilgan natijalar tahlil qilingan. SHu bilan birga, A.SH.Bekmurodov va YAng Son Belar asosiy e’tiborni O‘zbekiston tekstil sanoati eksport saloxiyatini taxlil qilishga qaratib, sohaga chet el investitsiyalarini ko‘proq jalb qilish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqqanlar va mahsulotni bo‘yash bo‘yicha sanoat hududi Klasteri modelini Koreya Respublikasining Degu shahridagi tajriba asosida ishlab chiqqanlar.
Bizning fikrimizcha, O‘zbekiston to‘qimachilik va engil sanoati tizimida klasterlarni shakllantirish masalasi mamlakat miqyosida emas, balki mintaqalar – viloyatlardagi aniq iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoitlar asosida, klaster nazariyasining mohiyatidan kelib chiqqan holda amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bu borada O‘zbekiston to‘qimachilik va engilsanoati tizimida klasterlashtirishni boshlash bo‘g‘ini – hududi Namangan viloyati salohiyatni ko‘rib chiqish va bu hududda olib borilayotgan ishlar tahlilini o‘rganish foydadan holi bo‘lmaydi. Keyingi uch yil ichida Namangan muhandislik-texnologiya instituti “Marketing” kafedrasi olimlari va boshqa tekstil texnologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari, respublika Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi va viloyat hokimligi bilan hamkorlikda “Namangan tekstili Klasterini” shakllantirish bo‘yicha ilmiy eksperiment olib borilmoqda.
Metodologik jihatdan ilmiy eksperimentimizning maqsadi – viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘qimachilik va engilsanoat korxonalarining innovatsion loyihalarga bo‘lgan talabini shakllantiruvchi omillarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish tizimi sifatida “Namangan tekstili Klasteri”ni tashkil etish asosida raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.
Qo‘yilgan maqsadga muvofiq to‘qimachilik va engil sanoat maxsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari, menejerlari, injener-texnik xodimlari fikr-mulohazalari maxsus anketa so‘rovlari va ekspert baholash usullari orqali o‘rganildi. Natijada:
– korxonalarning 90 foizi kichik korxona va mikrofirmalar bo‘lganligi sababli innovatsion loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri joriy etish imkoniyatlariga ega emasliklari, ularning fan-texnika va texnologiya yutuqlarini o‘zlashtirish borasida kasbiy-malakaviy bilimga va qo‘shimcha xizmatlarga muhtojligi;
– korxonalar uchun ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha milliy va jahon bozorlaridagi kon’yuktura o‘zgarishlari haqida, dizayn va modalar holati to‘g‘risida axborotlar tayyorlovchi konsalting xizmati yo‘lga qo‘yilmaganligi;
– ayniqsa, kichik korxonalar tayyor mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotish muammolari mavjudligi, ularga ulgurji savdo xizmati ko‘rsatish bo‘yicha maxsus firmalarning deyarli yo‘qligi;
– chet mamlakatlarda “Savdo uylarini” tashkil etish, eksport va import bilan bog‘liq bo‘lgan, standartlashtirish va sertifikatlashtirish, sug‘urta, bojxona va bank xizmatlari ko‘rsatishni kichik va xususiy biznes sub’ektlari uchun soddalashtirish, ulardan foydalanish jarayonlarining ko‘proq reklamasini tashkil etish va korxonalar faoliyatiga yaqinlashtirish zaruriyati borligi aniqlandi.
Mazkur muammolarni iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar darajasida hal qilishning asosiy yo‘nalishi – Klaster nazariyasiga asoslangan – ishlab chiqarish korxonalari va ularga ilmiy-uslubiy, ta’lim, injiniring, dizayn va moda, marketing, standartlashtirish va sertifikatlashtirish, sug‘urta, bank, bojxona xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilot va muassaslar faoliyatini yagona integratsiyalashgan tizimi va mexanizmini yaratishdan iborat, deb hisoblaymiz.
Buning uchun Namangan viloyatida “Texnopark maqomidagi “Namangan tekstili Klasteri”ni shakllantirish bo‘yicha tashkiliy va ilmiy-uslubiy ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur klasterni tashkil etishda asosiy eng qiyin muammo bo‘lgan xususiy korxonalar rahbarlari va mutaxassislari ongiga “Klaster” nazariyasining mohiyati va ahamiyatini, rivojlangan davlatlarda erishilgan yutuqlar natijalarini batafsil tushuntirish masalasiga aloxida e’tibor berildi. Buning uchun O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi, “O‘zbekengilsanoat” DAK, “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi va xususiy korxonalar xamkorligida 2012 yilning may oyida Rossiya va Ukraina davlatlari elchilari ishtirokida “Kichik biznesda tekstil sanoati: amaliy tajriba va istiqbollar” va 2013 yil noyabr oyida “Namangan tekstili klasteri”ni shakllantirishning ilmiy va amaliy masalalari” mavzularidagi anjumanlarda institutimiz va boshqa oliy ta’lim va ilmiy tekshirish muassasalari olimlari hamda vazirliklar bosh mutaxassislarining mazkur masala echimiga qaratilgan ilmiy ma’ruzalari muhokama qilindi hamda ilmiy-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Hozir “Klaster”ni shakllantirish bo‘yicha viloyat hokimligining Iqtisodiyot bosh boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasining viloyat hududiy boshqarmasi, “O‘zbekengilsanoat” DAK, “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi hamda xususiy sektorning 50 dan ortiq korxonalari bilan “Namangan tekstili Klasteri”ni shakllantirish bo‘yicha ta’sis shartnomasi imzolandi. Klaster tarkibiga kiruvchi:
– institutning “Texnologik mashina va jihozlar” kafedrasi qoshidagi “Injiniring markazi”;
– “Engil sanoat mahsulotlar texnologiyasi” kafedrasi qoshida “Dizayn va moda” markazini;
– “Marketing” va “Iqtisodiyot” kafedralari qoshida “Marketing tadqiqotlari va konsalting” xizmati ko‘rsatish markazini tashkil etish masalasi hal qilinmoqda.
Jahon davlatlarining o‘z iqtisodiyotini rivojlantirishdagi asosiy maqsadi milliy iqtisodiyotining joylarida raqobatbardoshligini oshirish va uning global bozor ulushini yanada orttirishdan iborat. Investitsion klaster – xususiy korxonalar guruhi kichik, o‘rta va yirik firmalar, shuningdek ilmiy-tadqiqot tashkilotlari imkoniyatlaridan foydalanish va intensiv tasir o‘tkazish yo‘li bilan innovatsion faoliyatni rag‘batlantirishdan iborat. Kompaniya va tashkilotlar guruhi muayyan bir sohada aniq vakolatlari, xizmatlari, resurslar va ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun etarli darajada joylashishi innovatsion klasterning asosiy ko‘rinishi sifatida qaraladi.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, innovatsion klasterlarning rivojlanishi uchun Xitoy tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Innovatsion klasterlar: Pekindagi Sinxua yoki SHanxaydagi Fudon, universitetlar atrofida, shuningdek mahalliy hokimiyatlar tomonidan biznes-inkubator sifatida yaratilgan maxsus ilmiy-tekshirish va ilmiy-texnik parklar atrofida paydo bo‘lishadi. Bu klasterlar hukumat grantlarini, xitoy venchur kapitalini, xitoylik va chet ellik (asosan Evropa va AQSHda ta’lim olgan xitoyliklar) eng yaxshi mutaxassislarni o‘ziga jalb qiladi.
Globallashuv va o‘sib borayotgan xalqaro raqobat sharoitlarida klasterlashtirishni Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Meksika, Nigeriya, CHili va boshqa davlatlarda, shuningdek, arab mamlakatlarida (Marokash, Iordaniya, Suriya, Livan, Misr, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqalar) kuzatishimiz mumkin.
Hindistonda 2000 dan ortiq, shundan 388 ta sanoat va 1657 ta hunarmandchilik korxonalarini birlashtirgan klasterlar faoliyat ko‘rsatadi. Klasterlar mamlakat eksport mahsulotining 60 foizni, ba’zi bir yirik klasterlar esa Hindistonda ishlab chiqariladigan ba’zi bir mahsulotlarning (kiyim-kechak, zargarlik va teri mahsulotlari) 90 foizni etkazib beradilar. Hindistonning kichik korxonalari katta iste’mol bozori va rivojlangan sanoat va ijtimoiy infrotuzilma bilan birgalikdagi mehnat resurslari bor metropol va katta shaharlar, yirik sanoat kompaniyalari atrofida to‘planishga intiladilar. Turli xil klasterlar tarkibida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik korxonalar soni 40-50 dan tortib 1700 tagacha (Dehlidagi texnik uskunalar ishlab chiqaruvchi klasterda) bo‘lishi mumkin. Hindiston hukumatining yuqori texnologiyalari ishlab chiqarish va xizmatlar (kommunikatsion texnologiyalar, dasturiy ta’minot, farmatsevtika va boshqalar)ni rivojlantirishda klasterlarning ekspert imkoniyatlarini oshirishni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan munosabati ayniqsa samaralidir.
Bunga katta, o‘rta va ko‘pgina kichik korxonalarning o‘zaro munosabatlari asosida iqtisodiyotning tez rivojlanishidagi manfaatdor bo‘lgan viloyatlar va mahalliy hokimiyatlar bilan markaziy hukumat organlarining yaqindan hamkorlik qilishi bilan birgalikda davlatning texnikaviy siyosati yordam beradi.
SHunday qilib, mamlakatlarning o‘tish davridagi tajribasi shuni tasdiqlaydiki, klasterlarni rivojlantirish g‘oyasi davlatning iqtisodiyotga aralashishi ko‘rinishida, klasterlarni tashkil qilish bo‘yicha davlat dasturi sifatida qabul qilinmasligi lozim. Aks holda klasterlarni siyosiy yo‘llar yordamida maqsadli yaratish mumkin degan noto‘g‘ri fikr paydo bo‘ladi.
Sanoatni boshqarishga klasterli yondashish davlat sanoat siyosati tamoyillarini umuman o‘zgartirib yuboradi. Bu, ayniqsa, avvalgi sotsialistik davlatlarga taalluqli bo‘lib, davlat boshqaruv apparatining butunlay qayta qurishni, mahalliy hokimiyat dunyoqarashi o‘zgarishiga olib keladi. Iqtisodiyotda rivojlanish to‘g‘risidagi axborotni boshqa yuzada ko‘rishni – sohalar bo‘yicha emas, alohida bozor va kompaniyalar darajasida ko‘rishni talab qiladi.
Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, klasterlar kamdan-kam holda mablag‘ yordamida va sun’iy ravishda paydo bo‘ladi, ular sohalar orasidagi ishlab chiqarish aloqalari sifati ko‘rinishidagi shart-sharoitlar bo‘lgach tabiiy ravishda paydo bo‘ladi va rivojlanadi.
Siyosatning bu xolatdagi roli tadbirkorlikni rivojlantirishga sharoitlar yaratish, ya’ni firmalarni ochish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, investitsion muhitni yaxshilash va boshqalardan iboratdir.
Innovatsion klasterlarni tashkil etish, birinchidan, axborot xaritasini tuzish bilan belgilanadi. Innovatsion klasterlarda barcha tuzilmaning mohiyatini markazlashtirish va aniqlash uchun qandaydir biror asosiy omil atrofida g‘oyalarni yig‘ish maqsadga muvofiqdir.
Innovatsion klasterlarni tuzish tartibi quyidagi chizmada keltirilgan.
Innovatsion klasterlarni tuzish tartibi quyidagi chizmada keltirilgan
O‘zbekiston iqtisodiyoti strukturasida klasterli yondashish birinchi marta 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar Strategiyasi Dasturi doirasida mamlakat ishlab chiqarish siyosatini takomillashtirish yo‘llarini belgilab berish vositasi sifatida qayd qilindi. Klasterlarning rivojlanishi to‘g‘risidagi muhokamalar avvaldan boshlangan bo‘lib, turli xil nazariyalarga asoslangan edi. M.Porterning 1990 yilda chop etilgan “Mamlakatlarning raqobatdagi afzalliklari” kitobida qayd etilgan mazkur nazariya asosida ko‘pgina davlatlarda mazkur mamlakatlar iqtisodiyotini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli izlanishlar olib borilgan.
Bundan tashqari, bu loyiha doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, qiziqish bildirgan vazirlik va muassasalar bilan birgalikda fan, maorif va ishlab chiqarishning integratsiyasi uchun yo‘nalishlar ishlab chiqdi va ular asosida mamlakatning yirik universitetlarida o‘quv-ilmiy komplekslarni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Kelajagi porloq tarmoqlar tahlil qilindi. Asosiy mezon sifatida eksportning barqarorligi va chet el investitsiyalarining kirib kelishi olindi. Tayyorlanishi uchun katta mehnat talab qilgan “integratsiya ramkasi” aniqlab olindi. Qishloq xo‘jaligi, rangli metallurgiya, energetika, telekommunikatsiya, ekologiya, sog‘liqni saqlash, transport, kimyo, qurilish, oziq-ovqat bo‘yicha integratsion xaritalari tuzildi .
Etakchi korxonalar qatoriga “NTMK”, “OTMK”, “Avtosanoat AK”, O‘zbekiston temir yo‘llari kabi yirik kompaniyalarning ishlab chiqarish bo‘limlari kiradi. O‘zbekistonning yirik korxonalari tomonidan ishlab chiqarish va izlanish markazlarining yaratilishi nafaqat iste’molchilarga yaqinlashish maqsadlarini ko‘zlaydi, ular ko‘pchilik holatlarda tajribali ishchi kuchidan foydalanish afzalliklarini va milliy inovatsion tizimning imkoniyatlarini ko‘zda tutadi.
Hozirgi paytda sanoat, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik (klasterlari) O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim hisoblanadi, ular asosiy eksport hajmini ta’minlab, mamlakat yalpi ichki mahsulotining ko‘pgina qismini tashkil qiladi.
Kelgusida O‘zbekiston axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari klasterini rivojlantirish lozim (10 yil ichida “nisbiy klaster” kategoriyasidan “kuchli klaster” kategoriyasiga rivojlanish lozim), bu bilan “etuk” bozorda ishlayotgan qishloq xo‘jalik klasteriga muqobil sifatida resurs yaratilishi lozim. Hozirda mavjud maxsus iqtisodiy hududlarda ilmiy-kommunikatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, mana shu sektor uchun ta’lim tizimini, innovatsion tizimni bir-biriga bog‘liq ishlab chiqarish va xizmatlar tarmog‘ini yaratish, ular mustaqil qiymatga ega bo‘lishlari va raqobatda barqaror afzalliklarga ega bo‘lishni rivojlantirishga sharoitlar yaratishlari lozim. Bunga misol sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi “Mirzo Ulug‘bek innovatsion markazini tashkil qilish” to‘g‘risidagi farmonini keltirishimiz mumkin. Bu barcha tashqi bozorda ishlovchi dasturchilarni dasturiy mahsuloti bilan birlashtiradi.
Metallurgiya klasterining yakuniy mahsuloti sifatida turli xil metall mahsulotlaridan mashinasozlik uchun yuqori texnologik qoliplarni tayyorlashni olishimiz mumkin. Mashinasozlik klasteri klasterlarning bir-biriga kirishuvchanligining yorqin misoli sifatida namoyon bo‘ladi. Uning asosiy ixtisoslanishi qishloq xo‘jaligi, energetika, metallurgiya va qurilish tarmoqlari uchun uskunalar ishlab chiqaradi. Ammo ixtisoslashgan mashinasozlikning jadal rivojlanishi uni mustaqil klasterga, ko‘plab ixtisoslashgan etkazib beruvchilari, servis va injiniring kompaniyalari, tadqiqot va innovatsion markazlari bor klasterga aylanishiga olib kelishi mumkin. Holbuki, uskunalar ishlab chiqaruvchilarining raqobatbardoshligi va rivojlanishi etakchi kuchning muhim omili sifatida talabchan ichki so‘rov bo‘lsa ham, mashinasozlik kompaniyalari hali jahon bozorida raqobat qila olmaydilar .
Energetika klasteri o‘z ichiga neft va gaz kimyosi, elektroenergiyasi, injiniring kompaniyalarini, an’anaviy ravishda yuqori energiya samaradorligi va ekologik texnologiyalardan foydalanuvchi kompaniyalarni o‘z ichiga olib, taxminlarga ko‘ra yuqori sur’atlar bilan rivojlanadi. Oziq-ovqat va qurilish klasterlari, shuningdek, sog‘liqni saqlash klasteri ichki bozorga xizmat qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, bandlik nuqtasi nazaridan muhim ahamiyatga ega, lekin yaqin 10-15 yil ichida iqtisodiyotning umumiy o‘sishidan sekinroq o‘sadi. Nisbatan yangi bo‘lgan biznes-xizmat klasteri esa aksincha O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘z o‘rnini asta-sekin mustahkamlab boradi.
Barcha holatlarda klasterlar raqobatbardoshliligining asosiy dalili sifatida bir-biri bilan bog‘liq institutlar hamda tarmoqlar tizimining bozor munosabatlari va samarali raqobatning natijasida yuqori darajadagi rivojlanishi hisoblanadi. Milliy innovatsion tizimni shakllantirish va malakali kadrlarning yuzaga kelishi davlat siyosatining me’yorlari bilan o‘lchanadi.
Innovatsion klasterni ishlab chiqishning asosini mahsulot hayotiy sikli nazariyasi, firmaning bozordagi holati va u o‘tkazayotgan ilmiy-texnikaviy siyosat tashkil etadi.
Innovatsion klaster strategiyasi quyidagi turlarga ajratiladi:
1. Hujum strategiyasi – bu strategiya tadbirkorlik raqobatchiligi prinsiplariga ega bo‘lgan firmalar uchun mo‘ljallangan. U ko‘pincha kichik innovatsion firmalar uchun taalluqli.
2. Himoya strategiyasi – firmaning raqobat prinsiplarini saqlab qolish. Bunday strategiya jadal ilmiy-tadqiqot ishlarini talab etadi.
3. Immitatsion strategiyasi – (immitatsiya – hayotda bo‘ladigan voqealarni simvollar orqali ifodalash). Bu strategiya kuchli bozor va texnologik holatlarga ega bo‘lgan firmalarga taalluqli. U yoki bu yangiliklarni birinchi marta o‘zlashtirmayotgan firmalar tomonidan qo‘llaniladi.
YAkuniy istemol usuli orqali YAIM tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumot yakuniy iste’mol talabini qondirish va mamlakat milliy boyligining o‘sishi uchun iste’mol qilingan tovar va xizmatlar qiymati ulushini aniqlash, YAIMning yakuniy iste’mol yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy proporsiyalarini tahlil qilish imkonini beradi ( 2-chizma).
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov aytganlaridek “Birinchi darajali e’tibor mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha dastur tayyorlashga va uni amalga oshirishga qaratilishi zarur”. SHuningdek xalqaro amaliyotda sinalgan “Klaster” nazariyasiga asoslangan tajribalardan foydalanib, iqtisodiyotimizning energetika, metallurgiya va avtomobilsozlik soxalarida qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi. Har qanday mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligi, uning eng avvalo, ishlab chiqarayotgan tovarlarini mahalliy va jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligi va xaridorgirligi orqali aniqlanadi. O‘zbekiston energetika, metallurgiya va avtomobilsozlik soxalarida klasterlarni shakllantirish masalasi mamlakat miqyosida emas, balki mintaqalar – viloyatlardagi aniq iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoitlar asosida, klaster nazariyasining mohiyatidan kelib chiqqan holda amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
1 Jati Sengupta. Theory of innovation. A new paradigm of growth. Springer International Publishing Switzerland 2014. P 12 кейинги ҳаволаларда ушбу китобнинг фақат бетлари келтирилади
2Инглиз илмий адабиётларида учрайди R&D (research and development) - “илмий изланиш ва ривожланиш (ИИР)”дегани бўлиб, ривожланишга олиб келувчи, туртки бўлувчи илмий изланиш деганидир.