Innovatsion dastur
Innovatsion dastur loyihalarning (multiloyiha va megaloyihalar) murakkab kombinatsiyasi bo‘lib, boshqaruv ob’ekti sifatida alohida loyihadan yoki o‘zaro bir-biri bilan juda zaif bog‘langan, tashkilot yoki uning ijrochilari tomonidan bajariladigan loyihalardan juda kuchli farq qiladi. Dasturni faqat yirik tashkilotlar birlashmasi, masalan, FPG (moliyaviy sanot guruhlari), yirik korporatsiyalar konsorsiumi, mintaqa yoki megapolis, federal organlar va h.k.lar shakllantirishi va amalga oshirishi mumkin. Innovatsion dasturlarni shakllantirish va amalga oshirishga ko‘plab misollar mavjud.
Innovatsion loyiha portfelini shakllantirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
1. Innovatsion loyihalarni dastlabki tanlash.
Bosqichning maqsadi – taqdim etilgan innovatsion loyihalarni umumlashtirilgan tahlildan o‘tkazish va baholash. Ushbu bosqich quyidagi odimlarni o‘z ichiga oladi:
a) innovatsiyalarni amalga oshirishning tashkilotning asosiy muammolari echimini taklif eta oladigan asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
b) ajratib olingan yo‘nalishlar bo‘yicha ekspertizalar olib borish uchun loyihalarni taqsimlash;
v) ekspertizaning ishchi usulini ishlab chiqish;
g) ekspert guruhlar ishini tashkil qilish (NIO yoki marketing bo‘limi boshqa bo‘linmalardan mutaxassislarni jalb etgan holda);
d) hisob-kitoblar va ekspertizalar natijalari bo‘yicha loyihalarga dastlabki baho berish;
e) istiqboli yo‘q loyihalarni chiqarib tashlash.
Mazkur bosqichda loyiha bitta eng muhim mezon (masalan, iqtisodiy samaradorlik mezoni) bo‘yicha tanlanadi, bunda baholash parametri past bo‘lgan loyihalarni chiqarib tashlashdan iborat oddiy qoidadan foydalaniladi.
2. Ustuvor (boshlang‘ich) yo‘nalishlar bo‘yicha portfelni shakllantirish.
Bosqichning maqsadi – loyihalarni ustuvorliklar bo‘yicha puxta tahlil qilish va taqsimlash. Bu erda quyidagi qadamlar ko‘zda tutiladi:
a) innovatsion loyihalarni bir nechta mezonlar (3 – 5ta) bo‘yicha tahlil qilish;
b) loyihalarning ustuvorlik darajasini aniqlash;
v) loyihalarni ustuvorlik darajalari bo‘yicha taqsimlash.
Barcha loyihalar tegishli shkala bo‘yicha, masalan, “past”, “o‘rtadan past”, “o‘rtadan yuqori”, “yuqori” baho bilan baholanadi.
“O‘rtadan yuqori” yoki “yuqori” baho olmagan loyihalar dastlabki tanlov bosqichidayoq chiqarib tashlanadi va rad etilgan deb hisoblanadi.
Qolgan loyihalar ustuvorlik darajasi (sinfi) bo‘yicha taqsimlanadi:
a) ustuvor loyihalar – bu umumiy samarasi (natijalar/sarf-xarajatlar) 70 – 80 %dan kam bo‘lmaydigan loyihalardir;
b) ustuvor loyihalarning birinchi 20 – 30 %i o‘ta ustuvor loyihalar hisoblanadi.
Loyihalarni ustuvorlik bo‘yicha ranjirovkalash resurslarni loyihalar o‘rtasida taqsimlash uchun kerak.
3. Moliyaviy va boshqa resurslarni innovatsiyalar portfeli ichida taqsimlash.
Bunda “xarajatlar – samaradorlik” sxemasiga asoslangan qaror qabul qilish qoidasidan foydalaniladi: birinchi navbatda, naqd pul mablag‘lari iqtisodiy samaradorligi maksimal darajaga (ustuvorlik darajasiga) ega bo‘lgan loyihaga ajratiladi.
Jahon amaliyotida “xarajatlar – samaradorlik”ni tahlil qilish barcha moliyani taqsimlash mexanizmlari uchun majburiy jarayondir. Buni shu bilan izohlash mumkinki, ushbu qoidani amaliy qo‘llash qanchalik oson bo‘lmasin, u quyidagilarga erishish imkonini beradigan loyihalar portfelini ta’minlaydi:
– berilgan cheklangan mablag‘lar doirasida maksimal mumkin bo‘lgan samaradorlik;
– talab etilgan natija va samaradorlik darajasiga eng minimal sarf-xarajatlar.
Korxonada shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkinki, innovatsion loyihalarni amalga oshirishga innovatsion mablag‘larning etarli emasligi to‘sqinlik qiladi.
Bunday holda qo‘shimcha investorlarni hamda xususiy moliyaviy mablag‘larni izlab topish yoki mavjud innovatsion loyihalar portfelini o‘zgartirish zarur bo‘ladi.
Loyihalar portfelini aniqlashtirish – loyihalarning bir qismini o‘ziga jalb qilishi ko‘proq loyihalar foydasiga hamda investitsion mablag‘larning miqdoriga qarab kesib tashlash.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida bir qator mutlaqo yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Xususan, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning ustuvor yo‘nalishi asosida ko‘riladigan chora-tadbirlardan biri innovatsiyalarni moliyalashtirish masalasiga qaratilgan.
YA’ni tadbirkorlik va innovatsion sohadagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish maqsadida tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish belgilangan. Bunda venchur fondlarning huquqiy maqomi va ularni tashkil etish tartibi, venchur kompaniyalar va fondlar, venchur fondlarni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar hamda innovatsion korxonalar faoliyatini tartibga solish, venchur kompaniyalar va fondlar uchun malakali boshqaruv va ekspert kadrlarni tayyorlash, venchur loyihalarni sug‘urtalash kabilarni nazarda tutish rejalashtirilgan.
SHu o‘rinda ta’kidlash kerakki, jahon tajribasini o‘rganish natijalari iqtisodiyotda venchur fond, venchur kapital, venchur biznes kabi terminlar va jarayonlar mavjudligini ko‘rsatadi. Xo‘sh, bu tushunchalar qanday ma’nolarni anglatadi, jarayon esa nimalardan iborat? Manbalarga ko‘ra, zamonaviy iqtisodiyot innovatsion faoliyat samaradorligini ta’minlovchi mexnizmlar majmuasiga ega bo‘lib, ulardan biri venchurli tadbirkorlik hisoblanadi. Venchurli tadbirkorlik va venchurli investitsiya moliyaviy mexanizm hamda yuqori daromad manbai hamdir.
Venchur atamasi ingliz tilidagi venture so‘zidan olingan bo‘lib, xatar ma’nosini anglatadi. Bunda iqtisodiy faoliyatning turli-tuman ko‘rinishlarini amalga oshirishda vujudga keluvchi xatarlar nazarda tutiladi. Masalan, biron-bir yangi, innovatsion ishlab chiqarishni amalga oshirishda moliyaviy, bozor, texnik, narx bilan bog‘liq xatarlar kelib chiqishi mumkin. Darhaqiqat, mohiyatan yangi, hali tajribadan o‘tmagan va keng ommalashmagan mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishda moliyaviy mablag‘larning etishmasligi, mahsulot yoki xizmatga bozor talabining etarli bo‘lmasligi, texnik ta’minotda nomuvofiqliklarning vujudga kelishi, belgilangan narxlarning o‘z sarf-xarajatlarini qoplay olmasligi kabi xatarlar yuzaga kelish ehtimoli nisbatan yuqori bo‘ladi. Natijada, bunday faoliyat bilan barcha tadbirkorlar ham birdek shug‘ullanishni istamaydilar. Biroq, venchur biznesning o‘ziga xos tomoni shundaki, u juda katta xatar bilan bog‘liq bo‘lsada, muvaffaqiyatli amalga oshgan chog‘da boshqa biznes faoliyatlariga nisbatan juda katta foyda keltirishi mumkin. Bu esa xavfxatarga borishga tayyor bo‘lgan venchur tadbirkorlar hamda ularni moliyalashtiruvchi venchur fondlarning paydo bo‘lishiga imkon yaratadi.
Ilmiy tahlillarda keltirilishicha, innovatsion loyihalarni amalga oshirish chog‘ida moliyaviy, bozor, texnik, baho xatarlari kuzatilishi mumkin. Moliyaviy xatar – mablag‘larning behudaga sarflanishi, bozor xatari – bozordagi talabga javob bermaslik, texnik xatar – texnik jihatdan loyihaning amalga oshmasligi, baho xatari – bozordagi narx-navoga raqobatlasha olmaslik bilan bog‘liq. Bunday “xatarli loyihalar” bilan ishlovchilar esa venchur biznesmenlar, ularni moliyalashtiruvchi muassasalar esa venchur fondlar deb ataladi. Zero, venchur so‘zi ingliz tilidagi venture – xatar ma’nosini bildiradi.
Venchur fond bevosita innovatsion korxonalar va loyihalar bilan ishlovchi kompaniya hisoblanadi. Iqtisodiyotning har qanday tarmog‘ida innovatsiyani joriy etish moliyaviy mablag‘ – investitsiyani talab qilishi tabiiy. Innovatsion biznesni investitsiyalash jarayoni odatdagidan ko‘ra farqlanadi. Dunyo amaliyotida bunday investitsiyalashning asosiy manbalaridan biri venchur kapitali hisoblanadi. Umuman olganda, venchurli investitsiyalashning strategik qo‘yilmalarning odatdagi shakllariga nisbatan o‘ziga xos jihati shundaki, investor nazorat aksiya paketini sotib olmaydi, kelgusida o‘z ulushini foyda bilan sotish uchun firmani rivojlantirishga o‘z mablag‘ini sarflaydi. Ko‘p hollarda venchur kapitali mustaqil fondlar ko‘rinishida bo‘lib, ular kichik va o‘rta korxonalarni investitsiyalash uchun moliyaviy institutlar sarmoyasini o‘ziga jalb qiladi. Jahon tajribasida ba’zi moliyaviy institutlarning o‘zida ham venchur fondlar amal qilishi kuzatilgan. Bundan tashqari, venchur sohasida xususiy investorlar va yirik kompaniyalarning birgalikdagi ishtiroki, ya’ni korporativ venchurlash ham mavjud. SHu bois, venchur kapitalni rasmiy va norasmiy sohalarga ajratish mumkin. Venchur kapital firmasi, venchur fondlar, moliya-sanoat guruhlari, ilmiy-texnika sohasida ishlovchilarni, kichik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlovchi maxsus fondlar, pensiya jamg‘armasi, sug‘urta kompaniyalari, milliy va tijorat banklari, transmilliy venchur fondlar kabilar venchur kapitalning rasmiy sohasiga tegishlidir. Venchur kapitalining norasmiy a’zolari esa o‘z jamg‘armalarini sarflovchi jismoniy shaxslar, biznes-angellar, biznes-inkubatorlar, texnoparklar, texnopolislar, investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar kabilardir.Qayd etish joizki, venchur kapital xususiy biznesni moliyalashtirishning muqobil manbai sifatida AQSHda dunyoga kelgan, keyinchalik Evropada paydo bo‘lgan. AQSHda rasmiy venchur kapital sohasiga mansub bo‘lgan tijorat-moliya tashkilotlari keng tarqalgan. Ularning faoliyat maqsadi pul mablag‘larini yig‘ib, foyda olish uchun bir muncha manfaatli loyihalarni moliyalashtirishdan iborat. Ma’lumotlarga qaraganda, ko‘p hollarda venchur fondlar mas’uliyati cheklangan hamkorlik shaklida tashkil etiladi. Ayni ushbu tarixiy shakl venchur kapitalni tuzishda qulay vosita bo‘lib chiqqan. Bunday faoliyat mas’uliyati cheklangan va umumiy sheriklik qismlaridan tarkib topgan.Jahon amaliyotida venchur fondlarda ko‘p hollarda banklar, yirik korporatsiyalar, sug‘urta kompaniyalarining faol ishtiroki kuzatilgan. Evropadagi tajribaga ko‘ra, bu boradagi hamkorlik shartnomalari 10 yilga tuzilgan, ba’zida yana 3 yilga uzaytirilgan.Tahlillarning ko‘rsatishicha, dunyoda norasmiy venchur kapitalning eng ko‘p hajmi biznes-angellarning investitsiyalarini tashkil etgan.Umuman xalqaro miqyosdagi tajribadan ma’lum bo‘lishicha, venchur kapital amaliy g‘oyalarning tijoratlashtirilishida katta yordam bergan. CHunki ushbu kapital korxonalarning innovatsion taraqqiyotini ta’minlashning yagona omili sifatida xizmat qilgan. SHu bois, dunyo miqyosida venchur kapitalni innovatsion biznes rivojining asosi deyishadi.Turli mamlakatlar, chunonchi, AQSH, YAponiya, Finlyandiya, Hindiston kabi davlatlar tajribasini o‘rganish natijalarining ko‘rsatishicha, venchur biznes iqtisodiy rivojlanishning innovatsion modeli sifatini tubdan o‘zgartirishi, uni investitsiya bilan ta’minlashi, pirovard natijada iqtisodiy o‘sishga olib kelishi, investitsiya taqchilligini bartaraf etishi mumkin.Mamlakatimizda ham islohotlarning yangi bosqichida ayni masalaga e’tibor berilib, tegishli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishga, yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishiga xizmat qilishi shubhasiz.Xalqaro tajribada venchurli biznesda dastlabki bosqichlardanoq yuqori tavakkalchilik xatari mavjud bo‘lib, investitsiyalashtirilgan jarayonlarning yakuniy natijalari amalga oshirilgandan keyin ijobiy samaraga erishilmasa moliyalashtirilgan mablag‘dan ajralib qolish mumkin. Biznesning bu turiga ilm-fan sohasidagi ilmiy-tadqiqot natijalarini moliyalashtirish ko‘proq mos keladi. Venchur fondini yangi ishlanmalarga mablag‘ kiritishga tayyor turgan yagona investor deb aytish mumkin. Bunday ko‘rinishdagi kredit mablag‘lariga ehtiyoj asosan endi ish boshlayotgan tadbirkor, olim, tadqiqotchi, injener va kashfiyotchilarda yuzaga kelib, ular o‘ziga xos, antiqa g‘oyalarni va istiqbolli ishlanmalarni mustaqil ravishda amalga oshirishni maqsad qilib qo‘yishadi. YAkuni noaniq bo‘lgan, loyiha uchun tijorat banklarining kredit va qarz mablag‘larini olish albatta, qiyin. Mana shunday bir holatda tadbirkorga yordamchi va homiy sifatida venchurli biznes investorlari kirib kelishadi. Iqtisodiy nuqtai nazardan, investorlarning asosiy maqsadi tadbirkorga yordam berish emas, balki yuqori foyda olish bo‘lib hisoblanadi. Ammo, ixtiro o‘zini oqlamagan holatlar ham kuzatiladi.Ana shu jarayonda bu loyihalarning qaysidir qismlarini yoki to‘laligicha sug‘urta himoyasiga olinishi ixtirochi olimlar va tadbirkorlar himoyasini ta’minlashda muhim qadamdir.Bugungi kunda mamlakatimizda innovatsion faoliyatni rivojlantirishda kichik tadbirkorlik imkoniyatlaridan foydalanish juda katta e’tibor qaratilmoqda. 2018 yil 1 yanvar holatiga respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes sub’ektlari soni (dehqon va fermer xo‘jaliklaridan tashqari) 229666 tani tashkil etgani holda, 2016 yilda kichik biznes sub’ektlarida joriy qilingan innovatsiyalar soni atigi 818 birlikni tashkil etib, o‘rtacha har 280 ta korxonaga bitta innovatsiya to‘g‘ri kelgan bo‘lsa bu ko‘rsatkichning keyingi yillarda ortib borishi kuzatilmoqda. Bu keyingi yillarda soha vakillari tomonidan innovatsiyaga bo‘lgan e’tiborning kuchayib borayotganligidan darak beradi. Texnologik, marketing va tashkiliy innovatsiyalarga qilingan xarajatlarning yildan-yilga o‘sishi kuzatilsada, bu ko‘rsatkichda ham 2016 yilga kelib pasayish ro‘y bergan. Mazkur xarajatlarning asosiy manbalari bo‘yicha solishtirma salmog‘i shuni ko‘rsatadiki, eng avvalo, innovatsiyalarga xarajatlar korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda. O‘rta hisobda mazkur xarajatlarning 85-95 foizining korxona mablag‘i hisobiga amalga oshirilishini bir qator sabablar bilan izohlash mumkin. Birinchidan, innovatsion ishlab chiqarish o‘z tavsifiga ko‘ra yuqori risk darajasini namoyon etadi. SHunga ko‘ra, bunday tavsifdagi ishlab chiqarishni moliyalashtirishga har qanday investor ham bir xilda ijobiy yondashmaydi. Ikkinchidan, aksariyat hollarda kichik biznes korxonalarida amalga oshirilayotgan innovatsion ishlab chiqarishning miqyosi va ahamiyati ular faoliyat ko‘lamiga bog‘liq ravishda u qadar katta bo‘lmasligi va, buning natijasida, loyiha sifatida yirik investorlarni o‘ziga jalb etmasligi mumkin. Uchinchidan, joriy etilayotgan innovatsiyalar amaldagi korxona egalari tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, ularda ushbu jarayon natijasida olinadigan moliyaviy natijani to‘liq o‘zlashtirishga intilish hissini hosil qilishi mumkin. Ma’lumki, yangilikni namoyon etuvchi va risk darajasi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarishning o‘ziga xususiyati foyda darajasining nisbatan yuqoriligi hisoblanadi. SHu bilan birga, kichik biznes korxonalari tomonidan texnologik, marketing va tashkiliy innovatsiyalarga qilingan xarajatlarning tijorat bank kreditlari orqali moliyalashtirish ulushining oshib borayotganligini ham kuzatish mumkin. Bu, bir tomondan, umumiy tarzda tijorat banklarining kichik biznes sub’ektlari faoliyatini kreditlashga e’tiborni kuchaytirayotganligi bilan izohlansa, boshqa tomondan, innovatsion jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash tijorat banklari kredit siyosatining alohida yo‘nalishlaridan biriga aylanib borayotganligini ko‘rsatadi.
Dostları ilə paylaş: |