Silliq muskullar. Silliq muskullar ichki a’zolar, qon tomir va limfa tomirlar devorida va terida uchraydi. Morfologik jihatdan skelet va yurak muskullaridan farq qiladi, ularda targ‘illilik bo‘lmaydi.
Silliq muskullarning sinflanishi. Silliq muskullarni ikki xili: visseral va multiunitar xillari o‘ziga xos xususiyatlari bilan farqlanadi. Visseral silliq muskullar barcha ichki a’zolarda, qon va limfa tomirlarda, terida hamda hazm bezlarining chiqaruv yo‘llarida uchraydi. Multiunitar silliq muskullarga kipriksimon muskul va ko‘zning qorachiq muskuli kiradi.
Silliq muskullarning bunday bo‘linishi harakatlantiruvchi innervatsiyani har xil zichlikda ekanligiga asoslangan. Visseral silliq muskullarda harakatlantiruvchi nerv oxirlari ayrim muskul hujayralarida bo‘ladi, xolos. Lekin bunday bo‘lishiga qaramay, nerv oxirlari orqali muskulga o‘tgan qo‘zg‘alish, barcha muskul hujayralariga tez tarqaladi, chunki ikki qo‘shni miotsitlar orasida - neksuslar mavjud. Neksuslar yordamida potensiallar bitta muskul hujayrasidan ikkinchisiga tez tarqaladi. Shuning uchun nerv impulslari kelganda visseral silliq muskullar bir vaqtda qisqaradi.
Silliq muskulning tuzilishi. Silliq muskullar yoyiq shakldagi hujayralardan tashkil topgan, ularning uzunligi o‘rtacha 100 mkm, diametri esa 3 mkm ni tashkil qiladi. Hujayralar o‘rtasida yuqorida aytilganidek, neksuslar bo‘lib, ular qo‘zg‘alishni bir hujayradan ikkinchisiga o‘tkazishda ahamiyati kattadir. Silliq muskullarda ham tartibsizroq joylashgan aktin va miozin oqsil iplari mavjud. Skelet muskullariga nisbatan sarkoplazmatik retikulum ham kam rivojlangan.
Silliq muskullar innervatsiyasi. Visseral silliq muskullar ikki tomonlama innervatsiya oladi: simpatik va parasimpatik innervatsiya. Vegetativ tolalarning birinchisi ta’sirlansa, silliq muskul faolligi ortadi, ikkinchisi ta’sirlansa-aksincha. Ba’zi a’zolarda, masalan, ichaklarda aderenergik nervlar ta’sirlansa, ularning muskul faolligi kamayadi, xolinergik nervlar ta’sirlansa, aksincha muskul faolligi ortadi. Boshqa holatlarda masalan, qon tomirlarda noradrenalin muskul tonusini oshirsa, AX esa muskul tonusini kamaytiradi.
Silliq muskullarda nerv oxirlarining tuzilishi, skelet muskulidagi nerv-muskul sinapsi tizimidan farq qiladi Silliq muskulda oxirgi plastinkalar va nerv oxirlari bo‘lmaydi. Muskul bo‘ylab nerv oxirlari kengaygan va tarmoqlangan adrenergik va xolinergik tolalar kelib birlashadi. Ularning har bir kengaygan nerv tolalarida granulalar bo‘lib, ularda mediatorlar bo‘ladi. Agar silliq muskul hujayralari varikoz nerv tolalari bilan aloqa hosil qilmasa, bu hujayrada hosil bo‘lgan harakat potensiali qo‘shni hujayralardan neksus yordamida yetib kelgan nerv impulslari ta’sirida yuzaga chiqadi. Silliq muskullarda qo‘zg‘alishni o‘tkazish tezligi yuqori emas, atigi sekundiga bir necha santimetr xolos.
Adrenergik yoki xolinergik nervlarning qo‘zg‘atuvchi ta’siri muskulda chegaralangan depolyarizatsiya to‘lqinlarini yuzaga chiqaradi. Ta’sirot qayta berilganda bu potensiallar qo‘shiladi va bo‘sag‘a kuchiga yetganida harakat potensiali vujudga keladi. Adrenergik yoki xolinergik nervlar tormozlovchi ta’siri silliq muskulda chegaralangan giperpolyarizatsiya to‘lqinlarini yuzaga chiqaradi, bu potensialni tormozlovchi postsinaptik potensiali deb ataladi (TPSP). Ta’sirot ritmik ravishda berilganida TPSP summatsiyalanadi. Qo‘zg‘atuvchi va tormozlovchi postsinaptik potensiallar silliq muskulni faqat varikoz hujayralar bilan aloqa hosil qilgan sohada emas, balki ulardan birmuncha masofada turgan hujayralarda ham hosil bo‘ladi.
Silliq muskullarning xossalari va funksiyalari. Elektrik faolligi. Visseral silliq muskullarda membrana potensiali turg‘un bo‘lmaydi. Membrana potensialining bunday turg‘un bo‘lmasligi tufayli, nerv ta’sirlariga qaramay, muskulda qisqarishlar muntazam bo‘lmaydi. Bu holat muskullarni doimo qisman qisqarib turishiga olib keladi, ya’ni muskullarni ma’lum bir tonusda ushlab turadi. Silliq muskullarning tonusi kovak a’zolarda joylashgan sfinkterlarda, ya’ni o‘t va siydik pufagida, oshqozonning o‘n ikki barmokli ichakka o‘tish sohasida, ingichka ichakning yo‘g‘on ichakka o‘tish joyida va boshqa joylarida, ayniqsa yaxshi namoyon bo‘ladi.
Silliq muskul hujayralarining membrana potensiali tinchlik potensialining haqiqiy kattaligini aks ettirolmaydi. Membrana potensiali kamaysa, muskul qisqaradi, ortsa aksincha muskul bo‘shashadi. Nisbiy tinchlik holatida hujayradagi membrana potensiali o‘rtacha-50 mv ni tashkil qiladi. Bu muskullarda harakat potensiali ham o‘zgarib turadi. Silliq muskullarda harakat potensialining davomiyligi 50-250 ms ni tashkil qiladi va har xil shaklda namoyon bo‘ladi. Silliq muskullarda harakat potensialining vujudga kelishida Ca+2 ionining ahamiyati juda katta. Silliq muskullarning kalsiy kanallari faqat Ca+2 ionlarinigina o‘tkazib qolmay, boshqa ionlar Ba+2, Mg+2 va Na+ larni ham o‘tkazadi. Harakat potensiali vujudga kelgan paytda Ca+2 ionlarining hujayra ichiga kirishi, muskul tonusini ushlab turishda hamda muskul qisqarishi uchun ham zarur bo‘ladi. Kalsiy kanallarini berkilishi, ichki a’zo va qon tomirlar hujayra sitoplazmasiga Ca+2 ionlarining kirishini chegaralaydi, bunday holatdan tibbiyot amaliyotida hazm yo‘li harakatini o‘zgartirishda va gipertoniya kasalliklarini davolashda keng foydalaniladi.