Stato-kinetik reflekslar. Gavda aylantirilganda yoki gavdaning ayrim a’zolari bir-biriga nisbatan siljiganda stato-kinetik reflekslar kelib chiqadi.
Gavda aylantirilganda boshning quyidagi harakatlari kuzatiladi: bosh avvalo gavdaning aylanayotgan tomoniga qarama-qarshi tomonga qarab mumkin qadar sekin-asta aylanadi, so’ngra tez harakatlanib, tanaga nisbatan normal vaziyatni oladi; shundan keyin bosh qarama-qarshi yo’nalishda tag’in sekin aylanadi va yana tez buriladi va hokazo. Boshning bunday harakatlari bosh nistagmi deb ataladi.
Gavda aylantirilganda ko’z shunga o’xshash reaktsiya ko’rsatadi, ya’ni gavda qarama-qarshi tomonga sekin-asta buriladi va tezlik bilan boshlang’ich vaziyatga keladi.
Gavda harakatlarida ayrim a’zolar vaziyati o’zgarib, tana va qo’l oyoqlardagi muskullar tonusi qayta taqsimlanadi. Masalan, it bir oyog’ini ko’tarsa, qolgan uch oyog’idagi tonus kuchayadi, shu tufayli it tikka turganda gavda vaziyati barqaror bo’lib qoladi.
Hayvonlarda stato-kinetik reflekslar o’rta miya yadrolarining muqarrar ishtiroki bilan yuzaga chiqadi.
Miya o’zanining retikulyar formatsiyasi.Miya o’zanining markaziy qismida turli tipdagi katta-kichik hujayralarning diffuz to’plamlaridan tarkib topgan tuzilma anatomiya nuqtai nazaridan ajratiladi, ulardagi hujayralar turli yo’nalishda yotgan bir talay tolalar bilan qalin o’raladi. Bu sohadagi nerv to’qimasining mikroskopdagi tashqi ko’rinishi to’rga o’xshaydi, shuning uchun uning tuzilishini o’tgan asrning ikkinchi yarmida birinchi marta tasvir etgan O.Deyters to’rsimon formatsiya yoki retikulyar formatsiya deb atadi. Retikulyar formatsiyaning tuzilishini V.M.Bexterev bilan Ramon Kaxal mukammal tasvir etishgan. Strukturasi jihatdan retikulyar formatsiyaga yaqin turadigan yadrolar talamusda ham bor; bu yadrolardan miya po’slog’iga boruvchi nerv tolalari g’ayri maxsus (nospetsifik) yo’llarni hosil qiladi.
Retikulyar formatsiyaning fiziologik ahamiyatini yaqindagina aniqlandi, buning uchun retikulyar formatsiyaning turli qismlarini tajribada yemirib yoki ta’sirlab va ulardan boshlanuvchi nerv yo’llarini qirqib qo’yib, katta yarim sharlar va orqa miyadagi elektr faolligining o’zgarishlari tekshirib ko’rildi. Retikulyar formatsiyaning turli qismlariga ta’sir etish uchun eng ingichka elektrodlar qo’llaniladi va bu elektrodlarni kiritish uchun stereotaksis usulidan foydalaniladi.
Markaziy nerv sistemasining hamma bo’limlaridagi tonus va qo’zg’aluvchanlikni boshqarishda retikulyar formatsiyaning katta ahamiyati borligi aniqlandi. Retikulyar formatsiya tushuvchi retikulo-spinal yo’llar orqali orqa miyaning reflektor faoliyatini faollashtira oladi, shuningdek tormozlay oladi, ko’tariluvchi yo’llar orqali esa katta yarim sharlar po’stlog’ini faollashtira oladi, retikulyar formatsiyadan va talamusning nospetsifik yadrolaridan keluvchi impulslar katta yarim sharlar po’stlog’ini tiyrak holda saqlab turadi. Retikulyar formatsiya ta’sirida reflektor reaktsiyalar kuchliroq va aniqroq bo’lib qoladi.
Retikulyar formatsiyaning ko’tariluvchi va tushuvchi yo’llar orqali ta’sir etishiga imkon beradigan faolligiga sabab shuki, unga har xil afferent yo’llarning kollaterallari orqali impulslar kelib turadi. Shu tufayli retseptorlarning turli-tuman ta’sirlanishi retikulyar formatsiya holatiga ta’sir etadi. Uni hosil qiluvchi neyronlar, bundan tashqari, har xil kimyoviy moddalar - gormonlarga va modda almashinuvida hosil bo’ladigan ba’zi bir moddalarga yuksak darajada sezuvchan. Retikulyar formatsiyaga miyacha va katta yarim sharlar po’stlog’ining efferent markazlaridan ham impulslar kelib turadi.
Ko’tariluvchi afferent impulslar ham tushuvchi afferent impulslar ham retikulyar formatsiya sohasida o’zaro ta’sir etadi. Impulslar berk halqa neyron zanjirlari orqali ham aylanib yurishi mumkin. Shunday qilib, retikulyar formatsiya neyronlari doimo qo’zg’alish holatida bo’ladi, shu tufayli markaziy nerv sistemasining turli qismlari tonus va faoliyatga muayyan darajada tayyor bo’lib turadi.
Retikulyar formatsiyaning muhim ahamiyat kasb etishini qayd qilish bilan birga, uning qo’zg’alish darajasini katta yarim sharlar po’stlog’i idora etishini uqtirmoq kerak. Katta yarim sharlar po’stlog’idan keluvchi impulslar retikulyar formatsiyaning faolligini nazorat qila oladi.