Uzunchoq miyaning tonik reflekslari bo’yin muskullari proprioretseptorlarining ishtiroki. Labirinti yemirilgan hayvonlar boshining vaziyati tanasiga nisbatan o’zgartirilsa, tonik reflekslarni aniqlash mumkin. Boshning tanaga nisbatan vaziyati o’zgarganda bo’yin muskullarining proprioretseptorlari ta’sirlanadi, shu sababli har xir muskul guruxlaridagi tonus refleks yo’li bilan qayta taqsimlanadi. Bosh orqaga engashtirilganda odingi oyoqlarni yozuvchi muskullar tonusi oshib, keyingi oyoqlarni yozuvchi muskullar tonusi kamayadi. Bosh ko’krak qafasiga engashtrilganda oldingi va keyingi oyoqlardagi muskullar tonusining teskari o’zgarishlari ro’y beradi. Bosh burilganda muskullar tonusi quyidagicha o’zgaradi: bosh qay tomonga burilgan bo’lsa, o’sha tomondagi oldingi oyoqni yozuvchi muskullar tonusi va qarama-qarshi tomondagi oyoqni bukuvchi muskullar tonusi oshadi. Bunday reflekslar bo’yin muskullarining propriotseptorlariga bog’liq; orqa miya bo’yin segmentlarining orqa ildizlari qirqib qo’yilsa, tonus qayta taqsimlanmaydi.
Yuqorida tasvir etilgan tonik reflekslar detserebratsiyalangan hayvonlarda yaxshiroq ko’rinadi, ularda miyaning yuqoriroqdagi bo’limlaridan keluvchi mpulslar manzarani murakkablashtirmaydi. Yangi tug’ilgan bolalarda miyaning yuqoriroqdagi bo’limlari kasallangan, masalan, miyaga qon quyilgan yoki bosh istisqosi kelib chiqqan bo’lsa, haqiyqiy detserebratsiya namoyon bo’ladi, bunday hollarda yuqoridagicha reflekslar kuzatilgan. Miyasiga qon quyilib, gavdasining yarmi falajlangan ya’ni gemiplegiya bo’lgan katta yoshli kishilarda ham ba’zan shunday reflekslar kuzatiladi.
Rostlash reflekslari. Tonik rostlash yoki to’g’rilash reflekslarini o’rta miya yuzaga chiqaradi va binobarin, bulbar hayvonlarda bunday reflekslar bo’lmaydi. Miyani to’rt tepalik yuqorisidan qirqib qo’yish operatsiyasidan keyin hayvon bir necha vaqt o’tgach boshini, so’ngra esa butun tanasini ham ko’tarib, oyoqqa turadi, ya’ni tabiiy vaziyatini oladi. Bunday reflekslar faqat o’rta miyasi butun hayvonlarda kuzatiladi. Bu reflekslarning yuzaga chiqishida labirintlar, bo’yin muskullari va gavdaning teri yuzasidagi retseptorlar ishtirok etadi.
Hayvon yondama yotgan bo’lsa, boshini ko’taradi va bosh tepasi yuqoriga qaragan tabiiy vaziyatni oladi. Og’irlik kuchining g’ayri tabiiy yo’nalishi tufayli vestibulyar apparat retseptorlarining ta’sirlanishi natijasida hayvon boshi refleks yo’li bilan ko’tarilib, tabiiy vaziyatni oladi. Ammo vestibulyar apparat yemirilgan taqdirda gavda biror qattiq yuzada yondama yotsa, bosh rostlanadi, ayni vaqtda faqat bir tomondagi teri retseptorlari ta’sirlanadi. Bu holda bir tomondagi ta’sirlanishiga javoban bosh refleks yo’li bilan rostlanadi. Bunda bir tomondagi teri nervlarining ta’sirlanishi quyidagicha isbot etiladi: yondama yotgan hayvon ustiga ozgina yukli taxta qo’yilsa, ikkala tomondagi teri nervlari simmetrik ravishda ta’sirlanib, bosh yana pastga tushadi. Taxta olib qo’yilgach va bir tomondagi teri yana ta’sirlangach bosh tag’in refleks yo’li bilan ko’tariladi.
Boshning ko’tarilishi rostlash reflekslarining faqat birinchi fazasini tashkil etadi. Ikkinchi fazasi boshdan keyin tananing refleks yo’li bilan rostlanishidan iborat. Bu refleks ham ikki tomonlama boshlanadi: bo’yin muskullaridagi proprioretseptorlarning va tana terisidagi retseptorlarning ta’siranishidan kelib chiqadi.
Detserebratsiyalangan hayvon yondama yotganda birinchi davr tufayli boshini ko’tarsa, bo’yin muskullarining proprioretseptorlari ta’sirlanadi va shunga javoban tanani rostlovchi muskullar qisqaradi. Shunday qilib, avval bosh ko’tariladi, keyin boshning ko’tarilishi oqibatida tana ko’tariladi va hayvon normal vaziyatni oladi.
Hayvon yotganicha boshini bog’lab, rostlanishiga imkon berilmasa, tanasi baribir rostlanaveradi, endi bo’yin muskullaridagi proprioretseptorlarning ta’sirlashidan qat’iy nazar, hayvon gavdasining qaysi tomonida yotgan bo’lsa, o’sha tomonidagi terining bir yoqlama ta’sirlanishi tufayli tana rostlanadi. Buni yuqorida aytilgan tajribaga o’xshash tajriba bilan isbot etish mumkin: hayvon ustiga taxta qo’yilsa, ikkala tomondagi terining ta’sirlanishi tufayli tanani rostlash refleksi yuzaga chiqmaydi.
Shunday qilib, boshni ham, tanani ham rostlaydigan ikkita mexanizm bor: birinchi mexanizmda vestibulyar apparat retseptorlari va teri retseptorlari ta’sirlansa, ikkinchi mexanizmda bo’yin muskullarining proprioretseptorlari va tana terisidagi retseptorlar ta’sirlanadi. Bu tonik reflekslarning markazlari o’rta miyada bo’lib, ularning yuzaga chiqishida qizil yadro faol ishtirok etadi.
Vestibulyar apparat retseptorlaridan va bo’yin muskullarining proprioretseptorlaridan keluvchi impulslar boshning turli vaziyatlarida ko’zning burilishiga ham sabab bo’ladi.