Ixtiyorsiz xotiraning turmushda va faoliyatda katta o‘rin egallashini har kim o‘z shaxsiy tajribasidan biladi. Ixtiyorsiz xotiraning muhim xususiyatlaridan biri ma’lum maqsadsiz aqliy, asabiy, irodaviy zo‘r berishsiz hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan keng ko‘lamdagi ma’lumot, xabar, axborot, ta’surotlarning ko‘pchilik qismini aks ettirishdir. Shunga qaramasdan inson faoliyatining turli jabhalarida o‘z xotirasini boshqarish zarurati tug‘ilib qolishi mumkin. Xuddi mana shunday sharoitlar, holatlar, vaziyatlarda esda saqlash, esga tushirish yoki eslash imkoniyatini yaratadigan xotiraning mazkur turi katta ahamiyatga egaligi shubhasiz.
So‘ngi paytlarda rus va xorij psixologiyasida xotira borasidagi tadqiqotchilarning e’tiborini esda olib qolishning dastlabki, boshlang‘ich daqiqalarida vujudga keladigan holatlar, jumladan tashqi taassurot izlarining mustahkamlanishigacha bo‘lgan jarayonlar, holatlar, mexanizmlar, shuningdek, ularning mustahkamlanish muddatlarini ham o‘ziga jalb qilib kelmoqda.
Masalan, biror material xotirada mustahkam joy olish uchun uni sub’ekt tomonidan tegishli ravishda qayta ishlab chiqish zarur va materialni bunday ishlab chiqish uchun ma’lum darajada muddat talab etish tabiiydir. Ana shu muddat xotirada qayta tiklanilayotgan izlarni mustahkamlash deb qabul qilingan. Mazkur jarayon inson tomonidan yaqindagina bo‘lib o‘tgan hodisalarning aks sadosi sifatida kechiriladi va takomillashadi. Inson muayyan daqiqalarda, lahzalarda, ayni paytda bevosita idrok qilinayotgan narsalarni go‘yo ko‘rishda, eshitishda davom etayotgandek tuyuladi. Ushbu jarayon kelib chiqishi jihatidan beqaror, hatto o‘zgaruvchan, lekin ular shu qadar maxsus tajriba orttirish mexanizmlarining faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ularning roli shu qadar ahamiyatli-ki, bu jarayonlarda esda olib qolish, esda saqlash, axborotlar, malumotlar, xabarlarni qayta esga tushirishning alohida turi sifatida qaraladi. Ushbu jarayon odatda psixologiya fanida qisqa muddatli xotira deb ataladi.
Juda ko‘p qaytarishlar va qayta tiklashlar natijasida materialni uzoq muddat davomida esda saqlanib qolishi xarakterli bo‘lgan uzoq muddatli xotiradan farq qilgan holda, qisqa muddatli xotira bir marta hamda juda qisqa vaqt oralig‘ida idrok qilish va shu ondayoq qayta tiklashdan so‘ng qisqa muddatli esda olib qolish bilan xarakterlanadi.
Hozir ilmiy adabiyotlarda qisqa muddatli xotirani quyidagi atamalar bilan nomlash uchraydi: «bir lahzalik», «dastlabki», «qisqa muddatli» va boshqalar.
Operativ xotira inson tomonidan bevosita amalga oshirilayotgan faol tezkor harakatlar, usullar uchun xizmat qiluvchi jarayonni anglatuvchi mnemik holat operativ xotira deb ataladi. Hozirgi zamon psixologiyasida ushbu holatni namoyon qilish uchun ushbu misol keltiriladi. Matematik amalni bajarishga kirishar ekanmiz, biz uni muayyan bo‘laklarga ajratib hal qilishni maqsad qilib qo‘yamiz. Shu boisdan oraliq natijalarni yodda saqlashga intilamiz, nihoyasiga yaqinlashgan sari ayrim materiallar esdan chiqa boshlaydi.
Mazkur holat matnni talaba yoki o‘quvchi tomonidan o‘qishda, uni ko‘chirib yozishda, ijodiy fikr yuritishda, aqliy faoliyatni amalga oshirishda yaqqol ko‘zga tashlanadi.