I Bob
1.1.Innovatsion faoliyat tushunchasi va unga ta’sir qiluvchi omillar.
Oddiy innovatsion faoliyat bitta korxonaning o’zida innovatsiyalarning yaratilishi va ulardan foydalanishni o’ziga oladi, mazkur holatda innovatsiya bevosita tovar shaklini olmaydi. Oddiy tashkilotlararo innovatsion jarayonda yangilik (innovatsiya) oldi-sotdi ob’ekti sifatida namoyon bo’ladi. Innovatsionda jarayonning ushbu shakli innovatsiya yaratuvchisi va ishlab chiqaruvchisining funktsiyasini iste’molchi funktsiyasidan alohida ajralib turishini anglatadi. Kengaytirilgan innovatsiya jarayoni (diffuziya) yangidan yangi innovatsion ishlab chiqaruvchilarning paydo bo’lishida namoyon bo’ladi. Kashfiyotchi ishlab chiqaruvchilar monopoliyasining barham topishi o’zaro raqobat natijasida ishlab chiqarilgan mahsulotning iste’mol xususiyatlarini yanada takomillashtirishga yordam beradi.
Ta’kidlash lozimki, “innovatsiya” ni tushunish murakkab bo’lgan umumiy tushunchalar sirasiga kiradi, uning mazmunini to’laqonli ochib berish uchun turli usul va yondashuvlar talab etiladi. Bir tomondan innovatsiyalarni “o’zgarish funktsiyasi” sifatida qarar ekanmiz, aytish mumkinki, umum falsafiy ma’noda innovatsiya – bu biror-bir jarayon yoki majmuaning holatini o’zgartirishdir. Shu ma’noda innovatsiya rivojlanishning o’ziga xos kesimi hisoblanadi deyishimiz mumkin bo’ladi. Buo’rinda innovatsiyalarni ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida yuz beruvchi jarayon sifatida talqin qilishimiz o’rinli hisoblanadi, zero jamiyat hayotining barcha sohalarida innovatsion rivojlanish o’ziga xos tarzda kechadi.Boshqabir tomondan esa, innovatsionjarayon sifatida yakuniy natija innovatsiya (innovatsion mahsulot) tushunchasi bilan uzviy bog’liq hisoblanadi. Mazkur o’quv qo’llanmada biz faqatgina, iqtisodiy sohada amalga oshiriluvchi innovatsiyalarni tadqiq qilish bilan chegaralanamiz xolos.
Y.Shumpeter innovatsiya atamasini ilmiy muoamalaga kiritib, uning o’ziga xos jihatlarini yoritib bergani holda, u o’zining “Iqtisodiy rivojlanish nazariyasi” (1912 y.) asarida o’zgarishlarning beshta tipik ko’rinishini ajratib ko’rsatadi:
1. Iste’molchi hali tanish bo’lmagan yangi mahsulotni yoki avvaldan mavjud bo’lgan mahsulot sifatining yangi darajasini joriy qilish.
2. Ilmiy kashfiyotlarga asoslangan yangi ishlab chiqarish usullarini, mahsulot yoki xom-ashyoning tijorat maqsadlarida foydalanishning yangi usullarini joriy etish.
3. Bozorning avvaldan mavjud yoki mavjud emasligidan qat’iy nazar, muayyan mamlakatning ishlab chiqarish sohasi yoki tarmog’iga kirib borish orqali yangi bozor ochish.
4. Mavjud yoki mavjud emasligi yoki avvaldan yaratilganligiga qaramasdan xom-ashyo yoki yarim tayr mahsulotlarning yangi manbalarini qo’lga kiritish.
5. Biror tarmoq yoki sohada iqtisodiy faoliyatni tashkil etish usul va vositalarini o’zgartirish. Xususan bunday o’zgarishlar orqali iqtisodiy faoliyat sub’ekti bozorda monopol mavqega ega bo’lishi yoki bozordagi o’rnini butkul yo’qotishi ham mumkin.
Ishlab chiqarish sohasidagi innovatsiyalarni Y.Shumpeter nafaqat ishlab chiqarishdagi texnika va texnologiyalarni sifat jihatdan o’zartirish bilan, balki tadbirkorning ongli ilmiy faoliyati natijasi hisoblanuvchi ishlab chiqarishni tashkil etish usullarining o’zgartirilishi bilan ham bog’laydi. Y. Shumpeterning fikricha, innovatsiya - bu tadbirkor tomonidan amalga oshiriluvchi ishlab chiqarish omillari va shart-sharoitlarining yangicha birikmasi (kombinatsiyasi)dir. Xalqaro standartlarga muvofiq innovatsiya innovatsion faoliyatning natijasi hisoblanadi va innovatsion faoliyat natijalarining quyidagi ko’rinishlaridan biri sifatida talqin etiladi:
bozorga olib chiqilgan yangiyoki takomillashtirilgan mahsulot yohud xizmatlar;
yangi yoki takomillashtirilgan texnologik jarayon;
amalda foydalanilayotgan ishlab chiqarishni tashkil etishning yangi usullari.
Ko’rib chiqilgan yondashuvlarni umumlashtirgan holda innovatsiyalarni quyidagicha tartiblashtirish mumkin:
innovatsion-mahsulotlar (yangi mahsulotlar va xizmatlar);
innovatsion jarayonlar (mikro darajada - ishlab chiqarishni tashkil etishning yangicha usullari va yangi texnologik jarayonlar; makro darajada - bozorlar tuzilmasini o’zgartirish va yangi bozorlar tashkil etish).
Shunday qilib, iqtisodiy faoliyat natijasi hisoblanuvchi innovatsion mahsulotlar va innovatsion jarayonlar bizning o’rganishimiz ob’ekti hisoblanadi.
Innovatsion faollik yoki innovatsiyalarni baholashni ikki: korxona va davlat darajasida amalga oshiriladi. Korxona darajasida innovatsion faoliyatni baholash bu to’g’ridan-to’g’ri alohida xodimlar darajasida jamoaviy faoliyatni baholash, barcha kompaniyalarda uning kichik korxonalaridan yirik korxonalar miqyosida amalga oshadi. Kompaniya darajasida innovatsion faollikni baholash jarayoniga tashqi konsultantlarni jalb qilish, hisobotlar tuzish, seminarlar o’tkazish yoki ichki benchmarketing (ya’ni o’zini mavjud etalon bilan solishtirish) orqali amalga oshirilishi mumkin. Korporativ baholashlarda korxona faoliyati-ning moliyaviy ko’rsatkichlari, innovatsion jarayonlarning samaradorligi, xodimlarni rag’batlantirish holati va ulardan kutilayotgan qaytim va shuningdek iste’molchilar uchun yaratilgan qo’shimcha navflilikni baholashga tegishli bo’lgan innovatsion faoliyatning bir qator jihatlarini qamrab oluvchi o’zaro muvozanatlashgan ko’rsatkichlar tizimi falsafasidan foydalaniladi. Siyosiy darajada innovatsiyalarni baholash ko’proq darajada u yoki bu turdagi innovatsiyaga asoslangan mamlakat yoki xududni raqobat ustuvorliklarida ifodalanadi. Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik tashkiloti (IRXT) tomonidan yaratilgan “Oslo yo’riqnomasi” (1992) mahsulotlar va innovatsion jarayonlarni baholash uchun standart usullarni taklif etadi. Ko’pincha “Oslo yo’riqnomasi” ilmiy-tadqiqotlar va ishlanmalar bo’yicha statistik ma’lumotlarni yig’ish uslubiyatining asoslarini belgilab beruvchi “Fraskatiyo’riqnomasi” (1963) ni to’ldiruvchi hujjat ekanligi haqida fikr va xulosalar ham mavjud. Innovatsiyalarning mohiyatini va o’ziga xos jihatlarini tushunib etishda “yangilik (novatsiya)” va “innovatsiya” tushunchalari o’rtasidagi farqni aniqlab olish muhim hisoblanadi. Yangilik (novatsiya) – turli sohalarda rasmiylashtirilgan fundamental, amaliy tadqiqot va ishlanmalar natijasi (yangi bilim, uslub, ixtiro) bo’lib hisoblanadi. Yangiliklarni joriy qilish, ya’ni yangi bilimlarni muayyan ehtiyojlarni qondirish va bozor tan olinishi uchun amaliy tatbiq etilishi yangiliklarni innovatsiyaga aylantiradi2. Innovatsiyalarning hozirgi zamonnazariyasida “yangilik” va “innovatsiya” atamalari o’rtasida farqqa unchalik e’tibor qaratilmaydi, ulardan amalda sinonim tushunchalar sifatida foydalaniladi. Ta’kidlash lozimki, innovatsiyalarning yangilik (novatsiya) dan asosiy farqlovchi jihati shundaki, innovatsiyalar yangiliklarni birinchilardan bo’lib amaliyotga joriy etilishini nazarda tutadi.
Shunday qilib, innovatsiya yangilik (novatsiya)dan shunisi bilan farq qiladiki, yangi mahsulot dastlab bozorga kiradi, so’ngra bozor tomonidan qabul qilinsagina u keyinchalik tijorat qiymatiga ega bo’ladi. Ko’rinib turibdiki, innovatsiya (yangiliklarni joriy qilish) bu yangilikni amalda qo’llashni anglatadi. Yaratilgan yangi mahsulot, yangi texnologiya yoki mehnatni tashkil etish va boshqarish borasida ishlab chiqilgan yangicha yondashuvlar amalda o’z ifodasini topsagina, bu yangiliklar innovatsiyalarga aylana oladi, demakki barcha yangilik (novatsiya) lar ham innovatsiya bo’la olmaydi. Innovatsiyalar qaysi sohaga yoki qanday ko’rinishga ega ekanligidan qat’iy nazar ularning mohiyatini aks ettiruvchi umumiy jihatlar birlashtirib turadi.
Birinchidan, ishlab chiqarishga joriy etilayotgan va yoki bozorga olib chiqilayotgan barcha mahsulotlar, xizmatlar, jarayonlar yangi (yoki sezilarli darajada takomillashtirilgan) bo’lishi lozim.
Ikkinchidan, yaratilgan mahsulot ishlab chiqarish yoki shaxsiy iste’mol ehtiyojlarini qondira olishi va ayni paytda kiritilgan yangilik aniq bir tovar, xizmat yoki jarayonda o’z aksini topgan bo’lishi talab etiladi.
Uchinchidan, yaratilgan mahsulot bozor talabiga mos kelishi, tijorat jihatdan o’zini oqlashi va pirovardida ishlab chiqaruvchilar ta’labini qondirish kerak.
Ta’kidlash lozimki, innovatsiyalar uchun yuqorida sanab o’tilgan barcha xususiyatlar birdek muhim hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |