1. Tijorat banklarida ochiladigan depozit hisobvaraqlarning
turlari va ularni rasmiylashtirish tartibi
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng, birinchi marta milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘i uning asosiy hisobvarag‘i hisoblanadi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobvaraq ochish uchun:
hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza;
davlatro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
imzolar namunalari va muhr izi tushirilgan ikki dona varaqcha.
Muomala layoqatiga ega bo‘lgan har qanday jismoniy shaxs — o‘z nomiga va boshqa shaxs nomiga omonat qo‘yishi, o‘zining bank omonat hisobvarag‘idagi mablag‘ini o‘zi yoki vakili orqali mustaqil tasarruf etishi, shuningdek, boshqa shaxslar omonat mablag‘larini tasarruf etish uchun vakil bo‘lishi mumkin.
Jismoniy shaxslar muddatli va jamg‘arma depozit hisobvaraq ochish uchun ariza va qo‘shimcha ravishda shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etadilar.
Bank qabul qilib olgan omonatlarning qaytarilishini tahminlashi shart. Bank omonatning qaytarilishini tahminlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan, shuningdek tahminotni yo‘qotgan yoki uning shartlarini yomonlashtirgan taqdirda, omonatchi bankdan omonat summasini darhol qaytarib berishni, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga muvofiq unga foizlar to‘lashni hamda o‘ziga etkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Agar bankning bank operatsiyalarini bajarish huquqini beruvchi litsenziyasi Markaziy bank tomonidan chaqirib olingan taqdirda fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lash ‘‘Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida’’gi Qonun talablari asosida amalga oshiriladi.
Tijorat banklarida ochiladigan depozitlar (omonat)lar quyidagi turlarga bo‘linadi:
Talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar;
Jamg‘arma omonatlar;
Muddatli omonatlar;
Banklar omonatlar to‘g‘risidagi mahlumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan talablarga amal qilgan holda sir saqlanishini tahminlashlari lozim.
Talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar omonatchilarning talab qilinishi bilanoq beriladigan omonatlardir. Bank plastik kartalaridagi mablag‘lar talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar hisoblanib, ularning harakati alohida qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
Bank bilan yuridik shaxs, yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor hamda dehqon xo‘jaliklarining talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat hisobvarag‘i bo‘yicha vujudga keladigan munosabatlari bank hisobvarag‘i shartnomasi bilan tartibga solinadi.
Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlari bo‘yicha, bank omonatchining birinchi talabiga ko‘ra (agar, bank omonati shartnomasi tuzilgan va unda boshqa muddatlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa) omonatchining tegishli ko‘rsatmasi bankka kelib tushgan kunning ertasidan kechikmagan holda uning to‘lovlar bo‘yicha topshirig‘ini bajarishi shart.
Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlari bo‘yicha tuzilgan bank omonati shartnomasida omonatchi tomonidan omonatning asosiy summasini birinchi talabi bilan qaytarish va belgilangan foizlar to‘lash shartlari bo‘lishi lozim.
Bank omonati shartnomasida belgilangan muayyan maqsadga yo‘naltiriladigan yoki boshqa shartlar asosida jalb qilingan omonatlar jamg‘arma omonatlar hisoblanadi.
Jamg‘arma omonatlar bo‘yicha bank bilan omonatchi o‘rtasida bank omonati shartnomasi tuzilishi va omonatchi shartnoma tuzganidan so‘ng, bank omonati shartnomasida ko‘rsatilgan omonat summasi qo‘yilishi shart. Jamg‘arma omonatlar bo‘yicha bank omonati shartnomasiga muvofiq qo‘shimcha mablag‘lar kiritilishi mumkin. Qo‘shimcha mablag‘lar kiritish tartibi bank omonati shartnomasida aniq belgilanishi lozim.
Jamg‘arma omonatlar maqsadli, yutuqli va boshqa shartlar belgilangan ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin.
Mahlum maqsad uchun jamg‘ariladigan va qathiy ravishda shu maqsadga yo‘naltiriladigan omonatlar maqsadli jamg‘arma omonatlar hisoblanadi.
Omonatchiga foizlar yutuq ko‘rinishida to‘lanadigan omonatlar yutuqli jamg‘arma omonatlar hisoblanadi. Yutuqlar pul mablag‘lari, omonatga qo‘shimcha foizlar hisoblab yozish, buyum va boshqa ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin.
Omonat qo‘yishda bank omonati shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarning bajarilishi bilan omonatdan foydalanish mumkin bo‘lgan uchinchi shaxs nomiga qo‘yilgan omonatlar shartli jamg‘arma omonatlar hisoblanadi. Masalan, “Omonatchi o‘quv yurtini tugatgandan so‘ng, omonat beriladi” yoki “Voyaga etgach beriladi” kabi shartlar belgilangan bo‘lishi mumkin. Omonatchining xohishiga ko‘ra, shartning bajarilish muddati masalan, “20___ yilda omonatchi o‘quv yurtini tugatgandan so‘ng omonat beriladi” kabi belgilar bank omonati shartnomasida ko‘rsatilishi mumkin.
Omonatchi jismoniy shaxslar xohishlariga qarab, bank jamg‘arma omonat hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin. Masalan, omonatchi topshirig‘i asosida bank uning jamg‘arma omonat summasini bankdan olingan kredit va unga hisoblangan foizlar to‘loviga, kommunal to‘lovlarni amalga oshirish uchun yo‘naltirilishi mumkin.
Agar omonatchi jamg‘arma omonatni bank omonati shartnomasida ko‘rsatilgan holatlar yuz bergunga qadar qaytarib berishni talab qilish niyatida bo‘lsa, u o‘zining bu niyatidan bankni omonatni olishni mo‘ljallayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi lozim.
Bank omonati shartnomasida belgilangan muddat tugaganidan keyin qaytarish sharti bilan jalb qilingan omonatlar muddatli omonatlar hisoblanadi.
Muddatli omonatlar bo‘yicha bank bilan omonatchi o‘rtasida muddatli bank omonati shartnomasi tuzilishi va omonatchi shartnoma tuzilganidan so‘ng, muddatli bank omonati shartnomasida ko‘rsatilgan omonat summasini qo‘yishi shart. Qo‘shimcha mablag‘lar kiritish tartibi muddatli bank omonati shartnomasida belgilanishi lozim.
Agar omonatchi muddatli omonatni muddati tugagunga qadar qaytarib berishni talab qilish niyatida bo‘lsa, u o‘zining bu niyatidan bankni omonatni olishni mo‘ljallayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi lozim.
Muddatli omonatlar quyidagi muddatlar bo‘yicha tasniflanadi:
muddati 30 kungacha bo‘lgan omonatlar;
muddati 90 kungacha bo‘lgan omonatlar;
muddati 180 kungacha bo‘lgan omonatlar;
muddati 365 kungacha bo‘lgan omonatlar;
muddati 365 kundan ortiq bo‘lgan omonatlar.
Omonatchi muddatli omonat summasini muddat tugaganidan keyin muddatli bank omonati shartnomasida nazarda tutilgan holatlar vujudga kelganidan keyin qaytarib berishni talab qilmagan hollarda, agar muddatli bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma omonatni talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar shartlari asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi.
Bank tomonidan jalb qilingan omonatlar bo‘yicha foizlar hisoblanadi va omonatchiga to‘lab beriladi.
Omonatlarga to‘lanadigan foiz stavkalari banklar tomonidan qonun hujjatlari talablari doirasida belgilanadi.
Bank omonati shartnomasida to‘lanadigan foizlar miqdori haqida shart bo‘lmagan taqdirda, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga to‘lanadigan miqdorda foizlar to‘lashi shart.
Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga to‘lanadigan foizlar miqdorini o‘zgartirish huquqiga ega.
Bank foizlar miqdorini kamaytirgan taqdirda, foizlarning yangi miqdori foizlar kamaytirilganligi haqida omonatchilarga xabar berilganidan keyin qo‘yilgan omonatlarga nisbatan qo‘llanadi. Agar bank omonati shartnomasida boshqa muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu xabarga qadar qo‘yilgan omonatlarga nisbatan kamaytirilgan foizlar miqdori tegishli xabar berilgan paytdan bir oy o‘tganidan keyin qo‘llanadi.
Bank, omonat foizlari miqdorini kamaytirganligi haqida shaxsan har bir omonatchini rasmiy ravishda xabardor qilishi lozim.
Jamg‘arma va muddatli omonatlar bo‘yicha bank omonati shartnomasida belgilangan foizlar miqdorini, agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, bank tomonidan bir tomonlama kamaytirilishi mumkin emas. Ushbu omonatlar bo‘yicha mablag‘lar omonatchining talabi bilan unga qaytarilgan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat bo‘yicha foizlar to‘lanmaydi.
Bank omonati summasiga foizlar omonat bankka tushgan kunning ertasidan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga ko‘ra omonatchining hisobvarag‘idan o‘chirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi. Omonatchining hisobvarag‘i xatlanganligi oqibatida bank ushbu hisobvaraqdagi mablag‘lardan foydalana olmagan davr uchun foizlar yozilmaydi.
Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank omonati summasiga foizlar har bir oy o‘tganidan keyin omonatchining talabi bilan omonat summasidan alohida to‘lanadi, bu muddatda talab qilib olinmagan foizlar esa foizlar yoziladigan omonat summasiga qo‘shilib boradi.
Omonatga topshirilgan mablag‘ qo‘yilgan kunning o‘zida to‘liq yoki qisman qaytadan berilsa, foizlarni hisoblashda omonat berilgan kun hisobga olinmaydi.
Qo‘shimcha mablag‘lar qabul qilinganda, foizlar hisoblash uchun operatsiya amalga oshirilgan kundan keyingi kundan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga ko‘ra omonatchining hisobvarag‘idan o‘chirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi.
Banklar omonatchilar bilan kelishilgan holda omonat bo‘yicha foizlarni oldindan to‘lab berishi mumkin. Agar omonatchi omonat summasini muddatdan oldin olish niyati bo‘lsa va omonatning haqiqatda saqlangan muddatiga hisoblangan foizlar summasi avans tariqasida oldindan berib yuborilgan summadan kam bo‘lsa, o‘rtadagi farq omonat summasidan chegirib qolinadi.
Talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat omonatchining talabi bilan, shuningdek, muddatli va jamg‘arma omonatlar muddati tugashi bilan qaytarilganda, shu paytgacha yozilgan hamma foizlar to‘lanadi.
Omonatchi jismoniy shaxslar tomonidan bir necha yillar uchun hisoblangan foizlar yozilmagan omonat daftarchasi taqdim qilinganda, bu foizlar summasi omonat daftarchasida har bir yil uchun alohida yoziladi, omonat qoldig‘i esa, oxirgi yil uchun hisoblangan foizlar yozuvidan keyin foizlar summasini qo‘shgan holda so‘z bilan yoziladi.
Jismoniy shaxs bo‘lgan omonatchidan boshlang‘ich mablag‘ni qabul qilishdan oldin, bankning jamg‘arma kassa nazoratchisi omonatchini omonat shartlari bilan tanishtirishi lozim.
Omonatchi omonat shartlariga rozi bo‘lgan taqdirda, bank omonati shartnomasini imzolab, kirim orderi va so‘nggi nazoratga xabarnomani to‘ldiradi va nazoratchiga taqdim qiladi. Nazoratchi kirim orderi va so‘nggi nazoratga xabarnoma to‘g‘ri to‘ldirilganligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng, omonatchidan omonatni qabul qilish uchun kirim orderini kassirga beradi.
Kassir omonat summasini sanab oladi va kirim orderida ko‘rsatilgan summa bilan solishtiradi hamda summalar mos kelganda kirim orderini imzolab nazoratchiga qaytaradi.
Nazoratchi kirim orderi asosida omonat bo‘yicha kompg‘yuter dasturiga boshlang‘ich qo‘yilgan omonat summasini va omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlarini kiritadi. Shundan so‘ng nazoratchi omonatchiga shaxsiy hisobvaraq ochadi va shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga omonatchining shaxsiy hisobvaraq raqami, familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili va uning manzilini yozadi.
Omonatchi shaxsiy hisobvaraq varaqchasining ‘‘omonatchi’’ satriga o‘z imzosini qo‘yadi. Ushbu imzo omonatchining imzo namunasi bo‘lib hisoblanadi.
Nazoratchi omonatchining imzo namunasini omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatdagi imzo bilan solishtirishi shart.
Nazoratchi omonat summasi qo‘yilganligini tasdiqlovchi bank omonati shartnomasini va omonat daftarchasini rasmiylashtiradi.
Bank omonati shartnomasi nazoratchi tomonidan ikki nusxada bir xil raqamlanadi va unda omonatchiga beriladigan omonat daftarchasi raqami ko‘rsatiladi. Bank omonati shartnomasiga omonatchining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘z qo‘li bilan yozilishi va imzolanishi lozim.
Nazoratchi omonat summasi kirim qilinganligini tasdiqlovchi tasdiqnomani kompg‘yuter dasturida shakllantirib qog‘ozga chiqaradi. Tasdiqnoma va omonat daftarchasini imzolash uchun kirim orderi bilan birga kassirga beradi.
Kassir kirim orderidagi summani omonat daftarchasi va tasdiqnomadagi summa bilan solishtiradi hamda omonat daftarchasi va tasdiqnomani imzolab nazoratchiga qaytaradi.
Nazoratchi bank omonati shartnomasining bir nusxasini, omonat daftarchasi va tasdiqnomani omonatchiga beradi.
Agar omonatchi voyaga etmagan bo‘lsa, Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining ‘‘tug‘ilgan yili’’ satrida omonatchining tug‘ilgan yili, kuni va oyi to‘liq ko‘rsatiladi. Ushbu mahlumotlar so‘nggi nazoratga xabarnomaga ham yoziladi.
Boshlang‘ich mablag‘ omonatchining vakilidan qabul qilingan hollarda, SHaxsiy hisobvaraq varaqchasining birinchi (bo‘sh) ustunida va kirim orderida (chap tomonida) ‘‘omonatni qo‘ygan shaxs imzosi’’ satri oldida va so‘nggi nazoratga xabarnomaga ‘‘Omonatni kiritdi’’ deb yoziladi va vakilning familiyasi, ismi va otasining ismi yoziladi.
Boshlang‘ich mablag‘ omonatchining vakilidan qabul qilingan hollarda, omonatchi omonat kassasiga kelganda so‘nggi nazoratga xabarnomani to‘ldiradi va shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga imzosini qo‘yadi.
Nazoratchi so‘nggi nazoratga xabarnomadagi omonatchining imzosini omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatidagi imzo bilan solishtiradi, sanani qo‘yadi va imzolaydi.
14 yoshga to‘lmagan voyaga etmagan shaxs nomiga qo‘yilgan omonat bo‘yicha shaxsiy hisobvaraq varaqchasi va so‘nggi nazoratga xabarnomaga nazoratchi “Omonatni ota-ona ruxsati bilan boshqarish”, “Omonatni farzandlikka oluvchilar ruxsati bilan boshqarish” yoki “Omonatni vasiy ruxsati bilan boshqarish” degan yozuvni kiritadi va imzolaydi. Bunda, shaxsiy hisobvaraq varaqchasining “omonatchi” satriga va so‘nggi nazoratga xabarnomaga omonatchi faqat 14 yoshga to‘lgandan keyin imzo qo‘yadi.
14 yoshga to‘lmagan voyaga etmagan shaxs nomiga qo‘yilgan omonat bo‘yicha omonatchining ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki vasiysi so‘nggi nazoratga xabarnomaga 14 yoshga to‘lmagan voyaga etmagan shaxsning tug‘ilgan yili, oyi va kuni, omonatchining ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki vasiysi ekanligini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlarini yozib, imzolaydi hamda shaxsiy hisobvaraq varaqchasining “omonatchi” satriga imzo qo‘yadi.
Nazoratchi tomonidan 14 yoshga to‘lmagan voyaga etmagan shaxsning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki vasiysining imzosi ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatdagi imzo bilan taqqoslanadi hamda taqdim etilgan hujjatlarga asosan haqiqatdan ham omonatchining ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki vasiysi ekanligi tekshiriladi.
Omonatga qo‘shimcha mablag‘lar qabul qilishda omonatchi nazoratchiga omonat daftarchasini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilishi shart.
Omonatga omonatchidan qo‘shimcha mablag‘lar qabul qilish Kirim orderi va So‘nggi nazoratga xabarnomani to‘ldiradi va nazoratchiga taqdim qilish tartibida rasmiylashtiriladi. Nazoratchi Kirim orderi va So‘nggi nazoratga xabarnoma to‘g‘ri to‘ldirilganligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng, omonatchidan omonatni qabul qilish uchun Kirim orderini kassirga beradi. Kassir omonat summasini sanab oladi va Kirim orderida ko‘rsatilgan summa bilan solishtiradi hamda summalar mos kelganda Kirim orderini imzolab nazoratchiga qaytaradi.
Qo‘shimcha mablag‘lar qabul qilishda nazoratchi kartotekadan Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi omonatchining familiyasi, ismi va otasining ismini hamda uning imzosini, omonat qoldig‘ini omonat daftarchasidagi va kirim orderidagi mahlumotlar bilan solishtiradi.
Omonat daftarchasi va shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi omonat qoldig‘i bo‘yicha farq bo‘lgan hollarda (naqd pulsiz hisob-kitoblar bo‘yicha omonat kirim qilingan summadagi farqdan tashqari) bu haqda nazoratchi omonat bo‘linmasi boshlig‘iga xabar beradi. Omonat bo‘yicha navbatdagi operatsiya farq sabablari aniqlanib, bartaraf etilgandan keyin amalga oshiriladi.
Dostları ilə paylaş: |