Semiotika (yunon. belgi, alomat) – belgilar va belgili tizimlarning xossalarini o‘rganuvchi fan. Belgi xabarlar (axborot, bilim)ni ifodalash, saqlash va qayta ishlash vositasi sifatida amal qiluvchi moddiy predmet (hodisa, voqea)dir. Til belgilari (muayyan belgilar tizimiga kiruvchi belgilar) va tilga oid bo‘lmagan belgilar, ularning orasida esa – nusxalar, alomatlar va simvollar farqlanadi. Tabiiy va sun’iy tillarning belgilari ham mavjud. Belgili tizimlarga tabiiy tillar (so‘zlashuv tillari), ilmiy nazariyalarning gaplar tizimi, sun’iy tillar, avtomatlar uchun dasturlar va algoritmlar, tabiat va jamiyatdagi signallar tizimlari misol bo‘lishi mumkin.
Belgili tizimlar sifatida tasviriy san’at, teatr, kino va musiqa «tillari», shuningdek kibernetika nuqtai nazaridan tahlil qilinuvchi har qanday murakkab boshqaruv tizimlari: mashinalar, dastgohlar, asboblar va ularning sxemalari, jonli organizmlar va ularning ayrim kichik tizimlari (masalan, markaziy nerv tizimsi), ishlab chiqarish va ijtimoiy birlashmalar va umuman jamiyat qaralishi mumkin.
Belgi inson ongida ifoda yoki simvol tarzida aks etadi. Madaniyat dunyosi «fiksiyalar dunyosi» emas, balki simvolik shakllar dunyosidir.
Simvol (yunon. – ramz, shartli belgi) – bu: 1) fanda (mantiq, matematika va b.) belgi; 2) san’atda – ilohiy obrazning uni anglash, ifodalash yoki muayyan badiiy obraz nuqtai nazaridan tavsifi. Allegoriyadan farqli o‘laroq, simvolning ma’nosi uning obrazi strukturasi bilan uzviy bo‘lib, o‘z mazmunining cheksiz ko‘p ma’noliligi bilan ajralib turadi.
Simvol – moddiy narsalar va jarayonlarning belgi yoki obraz tarzida ifodalangan ideal mazmuni. Simvolning mohiyatini formal mantiq doirasida aniq ta’riflash mumkin emas. U idrok etuvchi sub’ektning faoliyatiga mo‘ljallangan serma’no tizimdir. Simvolik faoliyat inson ongiga xos. Nemis faylasufi – neokantchi Kassirer fikriga ko‘ra, «inson simvolik hayvondir»; til, mif, din, fan «simvolik shakllar» bo‘lib, ularning vositasida inson o‘zini qurshagan muhitni tartibga soladi. Simvolning ma’nosi faqat odamlar muloqoti doirasida amalda mavjud bo‘ladi. U qancha serma’no bo‘lsa, shuncha boy mazmun kasb etadi. Simvol strukturasining o‘zi ayrim hodisa orqali dunyoning yaxlit obrazini tavsiflashga qaratilgandir.
Shunday qilib, gumanitar bilish shunday o‘ziga xos xususiyatga egaki, sub’ektiv dunyoni uning matnlar, belgilar va simvollar, xullas, til tarzida amal qiluvchi tashqi ob’ektiv omillarini tahlil qilish orqaligina aniq bilish mumkin. Til ong va madaniyatning bevosita borlig‘i bo‘lib, ijtimoiy fanlar faqat undan kelib chiqishi mumkin. «Matn», «belgi», «ma’no», «simvol», «til» va «nutq» kabi tushunchalarsiz ijtimoiy-gumanitar bilim to‘g‘risida hatto so‘z yuritish ham mumkin emas.
Biroq bunda ijtimoiy-madaniy hodisalarni to‘la formallashtirish, shuningdek buni formal belgili tizimlarning qat’iy doirasiga sig‘dirish mumkin emasligini e’tiborga olish lozim. Bu holda simvol formal belgidan boyroq va teranroqdir, chunki ikki (va ko‘p) ma’nolilik, nomuayyanlik, noaniqlik va hatto sirlilikka yo‘l qo‘yadi.
Dialog ijtimoiy bilishda (suhbat, so‘zlashuv) muhim rol o‘ynaydi. Ma’lumki, dialog qadim zamonlardayoq muammolarni dialektika yordamida bayon etish uchun foydalaniluvchi adabiy shakl sifatida mashhur bo‘lgan (Suqrot va Platon uni oliy shakl darajasiga ko‘targan). Dialog haqida so‘z yuritganda Nikolay Kuzanskiy asarlarini, Galileyning «Dunyoning ikki bosh tizimi – Ptolemey va Kopernik tizimlari haqida dialog» asarini, dialog mazmunni yaratish usuli hisoblanuvchi Uyg‘onish davrining gumanistik madaniyatini va Gadamerning «savol-javob metodi»ni esga olmaslik mumkin emas.
Yunonchadan tarjimada dialog ikki yoki bir necha shaxs o‘rtasidagi suhbat, ular o‘rtasidagi yozma tarzda qayd etilishi mumkin bo‘lgan og‘zaki muloqot shakli degan ma’noni anglatadi. Dialog murakkab, rang-barang mazmunga boy va tushunish bilan uzviy bog‘liq o‘zaro aloqa shaklidir. Dialogda insonning ikki tabiiy intilishi: aytish va o‘zini eshitishlariga erishish, shuningdek tushunish va tushunilishga intilish ro‘yobga chiqadi. O‘z-o‘zidan ravshanki, buni amalga oshirish usuli falsafani amalga oshirish usuliga o‘xshashdir. Shu sababli bu usulni izlash falsafaga, aniqrog‘i uning asoslari, ya’ni antik falsafaga murojaat etishni nazarda tutadi.
Antik davrda nafaqat boqiy falsafiy masalalar qo‘yilgan, balki bu masalalarni echish usuli ham yaratildi. Bu usul dialogdir. Dialog muammosining o‘zi ham «boqiy masalalar»dan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Butun falsafiy va ilmiy tafakkur tarixi mobaynida bu masalaga murojaat etish o‘zining turg‘unligi bilan ajralib turadi.
Tushunish jarayoni doim dialog ko‘rinishini kasb etadi, chunki tushunish muloqot (ko‘pincha bilvosita muloqot) bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, «sub’ektlar uchrashuvi»ni nazarda tutadi. Tushunish – bu doim shaxslar, matnlar, fikrlar, madaniyatlar va hokazolar dialogidir. So‘nggi yillarda ijodiy fikrlash va tushunish asosi sifatidagi dialog muammolariga qiziqish sezilarli darajada kuchaydi. Bu bejiz emas. Zero, Baxtin ta’biri bilan aytganda, dialogik munosabat, inson nutqi va hayotining barcha munosabatlari va ko‘rinishlarini, umuman, ma’no va mazmun kasb etuvchi hamma narsalarni qamrab oluvchi universal hodisadir.
Sub’ektlarning bir-birini bilishi va o‘zaro til topishi aynan dialogda amalga oshadi. Bu jarayonda ikki sub’ektiv dunyoning har biri o‘z teran ma’nolarini namoyon etadi. Ijtimoiy fanlarda dialog mantiqi ko‘p jihatdan eksperiment o‘rnini bosadi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Davrimizning ko‘pgina muammolarini echishda dialog muhim rol o‘ynaydi. Bu ijtimoiy tafakkur sohasida ham o‘z aksini topadi. Bu erda uning ahamiyati shundaki, ikki odam uchrashib, o‘zaro fikr almashar ekan, ikki dunyo, ikki dunyoqarash bir-birining qarshisida namoyon bo‘ladi va ularning birortasi ham shak-shubhasiz haqiqiy hisoblanmaydi. Har kim bu dunyo haqida o‘z so‘zini aytish huquqiga egadir.
So‘nggi davrda har xil sabablarga ko‘ra so‘zlash, bahslashish, og‘zaki tarzda munozara qilish «san’ati» yana birinchi o‘ringa chiqmoqda. Natijada ritorikaga qiziqish tiklanmoqda, yangi og‘zaki nutq madaniyatini shakllantirish zarurati yuzaga kelmoqda. An’anaviy ritorika nutq orqali muloqot qilish modeli sifatida qaerda, qachon, nimani va qanday so‘zlash lozimligini belgilovchi ancha izchil tizim (notiqlik san’ati nazariyasi)dir. Ritorika sohasidagi hozirgi tadqiqotlar bunday tor talqin doirasiga sig‘maydi va samarali muloqot shartlari, shakllari, qoidalari va tamoyillari nazariyasini tashkil etadi.
Bugungi kunda dialog mantig‘ini tuzish yo‘li fundamental xususiyat kasb etadi. Dialog mantig‘ini tuzish deganda oqilona dialogning har xil modellari nazarda tutiladi. Bu modellar oqilona bo‘lmagan dialoglarni (va ijtimoiy og‘zaki muloqotning boshqa usullari va shakllarini), ularning ishtirokchilari xulq-atvorini ham o‘rganish va muloqot jarayonlarining normativ kodekslarini shakllantirish imkonini beradi.
Ijtimoiy-gumanitar bilishda dialogning muhim rolini qayd etar ekanmiz, boshqacha yondashuvlar bilan asosli munozarada haqiqiy dialog o‘z nuqtai nazarining ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda katta mas’uliyat va o‘ta faollikni nazarda tutishini aniq tasavvur qilishimiz lozim.