Dinamik va statik qonuniyatlar. Fan doim borliqni qonuniyat bilan qamrab olinuvchi tabiiy voqealar va jarayonlarning sababiy bog‘langan majmui sifatida namoyon bo‘lgan. Fanga izchillik, ishonchlilik, asoslilik, isbotlilik xos. U fizika va matematika qonunlari yordamida ifodalash mumkin bo‘lgan tabiiy tartibni o‘rnatishga intiladi. Sababiyat va qonuniylik fanning barcha jabhalarida hukm suruvchi fundamental konstanta hisoblanadi. Statistik qonuniyatlar taxminiy taqsimlanishlar tilida ta’riflanadi va katta sonlar negizidagi ommaviy hodisalarning qonunlari sifatida namoyon bo‘ladi. Ular ko‘p sonli tasodifiy sabablar zaminida teran zaruriy aloqalar mavjud bo‘lgan joyda amal qiladi, deb hisoblanadi. Ular mutlaq takrorlanishlarga sabab bo‘lmaydi, biroq umumiy holda ularni o‘zgarmas sabablar qonuniyatlari deb baholash o‘rinli bo‘ladi. Umumiy ma’noda statistik qonuniyatlar hodisalarning o‘zaro aloqasi namoyon bo‘lishining shunday shaklini aks ettiradiki, bunda tizimning mazkur holati uning keyingi barcha holatlarini uzil-kesil emas, balki ma’lum darajada taxminiy belgilaydi. Taniqli fan faylasufi Rudolf Karnap statistik qonuniyatlarni tavsiflar ekan, turli sohalarning mutaxassislari u yoki bu voqeaning har xil sabablarini ko‘rishlari mumkinligiga e’tiborni qaratadi. Masalan, yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq holda avtomobil yo‘llari muhandisi hodisa sababini yo‘lning haddan tashqari sirpanchiqligida ko‘rishi mumkin. DAN xodimlari hodisa sababini yo‘l harakati qoidasining buzilishida ko‘radi. Psixolog haydovchi kuchli ruhiy hayajonlanish holatida bo‘lgan, deb xulosa chiqarishi mumkin. Muhandis konstruktor, balki, avtomashina konstruksiyasida nuqson mavjudligini aniqlaydi. Ayni holda murakkab vaziyatga tegishli ko‘p sonli komponentlar mavjud bo‘lib, ularning har biri hodisaga agar bu komponent bo‘lmasa, halokat yuz bermagan bo‘lur edi, degan ma’noda ta’sir ko‘rsatadi. Biroq buni birov oldindan bilganida, u to‘qnashuvning oldini olishi mumkin edi.
Bunday tahlil natijasida quyidagi xulosaga kelish mumkin: sababiy munosabat yuz berajak voqeani oldindan aytish mumkinligini emas, balki amalda uni oldindan aytish mumkin emasligini anglatadi. Karnap «Agar voqeaga tegishli barcha dalillar va tabiat qonunlari berilgan bo‘lsa, bu voqeani u yuz berishidan oldin bashorat qilish mumkin. Bu bashorat dalillar va qonunlarning tadrijiy yakuni hisoblanadi. Boshqacha aytganda, oldingi shartlar, ularga tegishli qonunlarning to‘la tavsifi va voqeani bashorat qilish o‘rtasida mantiqiy munosabat mavjud. .... Bu erga biz statik jarayonlarni ham (garchi kundalik hayotda bunday qilmasak-da) kiritishimiz lozim»1, deb qayd etadi. Pirovard natijasiga ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatuvchi statistik jarayonlar moddiy tizim holatlarining har qanday (o‘zgaruvchi va o‘zgarmas) ketma-ketligini anglatadi.
Dinamik qonuniyatlarda dunyoga ilmiy yondashuv namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy ong shakli sifatidagi fanning boshqa bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, rang-barang fanlar borliqning ob’ektiv (insondan tashqarida, insonga ham, insoniyatga ham bog‘liq bo‘lmagan holda) mavjud hodisalari va jarayonlarini o‘rganishni nazarda tutadi. Butun olam tortishish qonuni, kvadrat tenglamalar, kimyoviy elementlar davriy jadvali, termodinamika qonunlari ob’ektivdir. Ularning amal qilishi fikrlar va kayfiyatlar bilan ham, olimning shaxsi bilan ham belgilanmaydi. Fan o‘z xulosalarini nazariyalar, qonunlar va formulalarda ta’riflaydi. Shu tariqa u olimning o‘rganilayotgan hodisalarga va u yoki bu kashfiyot olib kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy oqibatlarga individual, emotsional munosabatidan tashqariga chiqaradi. Oqilona ilmiy bilim predmetli va shaxssiz ob’ektivdir. Boshqacha aytganda, fan o‘z predmeti bilan bajaradigan barcha amallar qonuniyatlar va muntazam aloqalar nomidan yangi sifatda amal qiladi.
Ob’ektivlik doimo ilmiy bilim ideali va uning asosiy mezoni sifatida amal qilgan. Bunda ob’ektivlik, birinchidan, bilimning o‘z ob’ekti bilan mos kelishini qayd etuvchi taomil sifatida, ikkinchidan, sub’ekt va uning bilish faoliyati vositalari bilan bog‘liq barcha narsalarni bilimdan chiqarib tashlash taomili sifatida tasavvur qilingan. Ob’ektivlikning bu ikkinchi ma’nosi, V.Porus fikriga ko‘ra, Evropa xristian madaniyati kontekstida insonning gunohkor, «buzuq» tabiati haqidagi tasavvurlar bilan bog‘liq bo‘lgan1.
Biroq amalda bilimni uni olish jarayonidan ajratish qiyin. Masalan, mikrofizika ob’ektlari kuzatish vaziyatining tarkibiy qismlari hisoblanadi. Bunga, jumladan, V.Geyzenberg ishora qiladi. F.Girenok ob’ektivlik tamoyilini quyidagicha ta’riflashni taklif qiladi: dunyo to‘la belgilangan, basharti uning to‘liqligi inson bilan birga, biroq tafakkurdan qat’i nazar shakllangan bo‘lsa2.
Bugungi kunda ob’ektivlik tushunchasining har xil talqinlarini qayd etish mumkin. Ba’zan ob’ektivlik bilan umumiy ahamiyatga moliklik va intersub’ektivlik bog‘lanadi. Ob’ektivlik deganda ko‘pincha biron-bir vaziyatda o‘zgarmaydigan, bir variantli jarayonlar nazarda tutiladi. Ko‘p sonli mantiqiy, metodologik, falsafiy omillar uyg‘unligi va muvofiqligi sifatidagi ob’ektivlik haqidagi tasavvur ayniqsa keng tarqalgan. Bunda sub’ektga bog‘liq emaslik ob’ektivlikning muhim va asosiy jihati bo‘lib qoladi. Intersub’ektivlik va ob’ektivlikni tenglashtirish mumkin emas, chunki bilimlar barcha sub’ektlar uchun umumiy bo‘lishi lozimligini da’vo qiluvchi intersub’ektivlikda konvensional kontekst aniq-ravshan ko‘rinib turadi. Bir so‘z bilan aytganda, intersub’ektivlik konvensiya, kelishuv va ahdlashuvni nazarda tutadi. Faqat bu tushuncha o‘z o‘rnida va aniq qo‘llanilishi lozim, aks holda ilmiy mulohaza o‘z ma’nosini yo‘qotadi3.
Odatda ob’ektivlik sub’ektni inkor etish yoki hech bo‘lmasa unga e’tiborsizlikni nazarda tutadi. Ilmiy munozara ob’ektivlik da’vo qilar ekan, individual fikrlashga daxldorlik aniq-ravshan ko‘rinib turgan barcha fikrlar va mulohazalarni chetga chiqarib tashlaydi.
Metodologlar ba’zan «omadli fanlar» to‘g‘risida so‘z yuritadilar. Bunda ular ilmiy bilishning aniq mezonlarini belgilash va kategoriyalar apparatini takomillashtirishda yutuqlarga erishgani nazarda tutiladi. Bunday «omadli fanlar» tayyor vositalarni matematik fanlardan o‘zlashtiradilar yoki ularni ma’lum darajada takomiliga etkazib qo‘llaydilar va o‘z sohasini matematikalashtirishga harakat qiladilar. Biroq ob’ektivlik faqat tushunchalar apparatining izchilligi va kategoriyaliligini anglatmaydi. Ob’ektivlik avvalo narsa, jarayon yoki hodisaning mohiyatini o‘rganishga qarab mo‘ljal oladi.
Fan shu ma’noda universalki, u har qanday hodisani ilmiy tadqiqot predmetiga aylantirishi, odamlar dunyosidagi barcha narsalar, jarayonlar va hodisalarni o‘rganishi mumkin. Biroq bu holda u tanlangan predmetga uning muhim aloqalari nuqtai nazaridan yondashadi.
Birinchi pozitivistlar davridan boshlab fan inson bilimi rivojlanishining tajriba, mantiq va tanqidga tayanuvchi oliy bosqichi sifatida e’lon qilinadi. Fanning mahobatli binosida tajriba fan asosiy negizining dalilualligi va ishonchliligi uchun javob beradi. Mantiq ilmiy faoliyat natijalarini tizimga solish, ularning o‘zaro bog‘liqligi va asosliligini ta’minlaydi. Tanqid odatdagi me’yorlar va qonunlarning shakllangan majmuini ular qarshi misollar bilan to‘qnashgan holda yangilashni nazarda tutadi. Ilmiy bilish doimo borliqni aniq aks ettirish shakli, o‘z tuzilishi, darajalari, shakllari, metodlari va muayyan tarixiy tabiatiga ega bo‘lgan bilimlarni o‘zlashtirish jarayoni deb hisoblangan. Bilish borliqning ilgari ma’lum bo‘lmagan yangi dalillari, hodisalari va qonuniyatlarini inson yoki jamiyat tomonidan anglab etish jarayoni sifatida tushunilgan. Bilish jarayonining tabiati, asoslari va mezonlarini o‘rganuvchi ancha qadimgi fan – an’anaviy gnoseologiyada bilish strukturasi bilish sub’ekti, ob’ekti va vositalarining mavjudligini nazarda tutadi. Bilish sub’ekti deganda ongga va mo‘ljalga ega bo‘lgan faol harakat qiluvchi individ yoki individlar guruhi (jamiyat) tushuniladi. Ob’ekt deganda sub’ektning faolligi qaratilgan borliqning parchasi, tabiiy yoki ijtimoiy borliqning qismi tushuniladi. Bilish sub’ekti va ob’ekti uzluksiz o‘zaro ta’sirga kirishadi. Agnostiklar dunyoni bilish mumkinligini rad etganlar. Agnostiklardan farqli o‘laroq, skeptiklar dunyoni bilish mumkinligiga faqat shubha bildirganlar. Dunyoni oqilona bilish mumkinligiga aksariyat olimlar va faylasuflarning ishonchi komil.