O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti



Yüklə 2,7 Mb.
səhifə31/179
tarix23.08.2023
ölçüsü2,7 Mb.
#140231
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   179
ITM UMK (2)

Analitik va sintetik bilim. Ilmiy bilim majmuiga nisbatan eng umumiy yondashuv bilim ajratuvchi (analitik) va umumlashtiruvchi (sintetik) bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Analitik bilim tafsilotlarni, xususan, asosiy negizda mavjud mazmunning butun salohiyatini aniqlash imkonini beradi. Sintetik bilim nafaqat umumlashtirish, balki mutlaqo yangi mazmunning yaratilishiga olib keladi. Analitik yondashuvning mohiyati shundan iboratki, o‘rganilayotgan hodisaning asosiy muhim tomonlari va qonuniyatlari berilgan, asos qilib olingan materialda mavjud deb faraz qilinadi. Tadqiqot ishi belgilangan sohada, qo‘yilgan vazifa doirasida amalga oshiriladi va unga xos bo‘lgan ichki tahlilga qaratiladi. Sintetik yondashuv tadqiqotchini aloqalarni ob’ektdan tashqarida, sirtdagi tizimli munosabatlar kontekstida izlashga yo‘naltiradi.
Ilmiy bilimni tuzish mantiqining bir xil emasligi ko‘pgina faylasuflar tomonidan qayd etilgan. Masalan, M.Mamardashvili «Tafakkur shakllari va mazmuni» monografiyasida fanning mantiqiy apparatida bilish faoliyatining ikki tipini farqlash lozimligini qayd etadi. Bilish faoliyatining birinchi tipga mavjud bilimlardan isbotlash va ehtimol tutilgan barcha oqibatlarni tadrijiy keltirib chiqarish yo‘li bilan yangi bilimlar majmuini olish imkonini beruvchi vositalar kiritilgan. Biroq bilim olishning bu usulida predmetlar haqida mutlaqo yangi fikrlar va yangi mavhumliklarning yuzaga kelishi nazarda tutilmaydi. Ikkinchi tipi «predmetlar bilan ta’sirlanish orqali» yangi ilmiy bilim olishni nazarda tutadi. U mulohaza yuritish jarayoniga mazmunni jalb qilishga asoslanadi1. Bu erda mazmundan biron-bir yangi jihatdan foydalanish nazarda tutiladi.
An’anaviy klassik gnoseologiya ilmiy bilish jarayonining harakatini hozirgacha masaladan muammo sari, so‘ngra gipotezaga qarab harakatlanuvchi jarayon sifatida tavsiflaydi. Bunda gipoteza etarli darajada asoslanganidan so‘ng nazariyaga aylanadi va konsepsiyani yuzaga keltiradi. Shunday qilib, masala – muammo – gipoteza – nazariya – konsepsiya gnoseologik zanjiri rivojlanuvchi ilmiy bilimni mustahkamlaydi.
Ilmiy bilish uyushqoqlikning ancha izchil shakli bo‘lib, u ziddiyatsizlik, isbotlanuvchanlik, tekshiriluvchanlik va tizimlilik kabi belgilar bilan tavsiflanadi. Haqiqatni aniqlashga intilish ilmiy bilishga xos belgi hisoblanadi. Haqiqatni aniqlashga intilish olimni borliq quvonchlaridan voz kechish va o‘zini to‘la fanga baxshida etishga majbur qiladi.
Epistemologiyaning muhim muammosi sanalgan haqiqat asoslari muammosi «haqiqat» tushunchasining etimologiyasini aniqlashga da’vat etadi. U ikki yarim ming yildan ko‘proq tarixga ega bo‘lsa-da, uning atrofida bahslar hanuz to‘xtagani yo‘q. Platon haqiqiy bilim – epistemani fikr – doxdan farqlashni tavsiya qilgan. Aristotel haqiqat tushunchasining keyinchalik «klassik» deb nomlangan ta’rifini taklif qilgan: haqiqat – bu fikr va predmetning, bilim va borliqning muvofiqligidir. Hozirgi g‘arb adabiyotlarida haqiqatning klassik konsepsiyasi muvofiqlik nazariyasi deb yuritiladi.
Ayni vaqtda nima nimaga muvofiq bo‘lishi kerak, degan savol tug‘iladi. Gegel fikriga ko‘ra, borliq mutlaq g‘oyaga muvofiq bo‘lishi lozim. Olimlar bizning borliq haqidagi tasavvurlarimizning muvofiqligini, tafakkur va borliqning ayniyligini isbotlashga harakat qiladilar. Turli falsafiy yo‘nalishlar haqiqat mezonlari qatoriga har xil belgilarni, chunonchi: umumiylik va zarurat (Kant), soddalik va aniqlik (Dekart), mantiqan ziddiyatsizlik (Leybnits), umumiy ahamiyatga moliklik (Bogdanov), shuningdek foydalilik va tejamlilik (Max)ni kiritadilar. Haqiqatning estetik mezoni mavjud bo‘lib, unga muvofiq haqiqat nazariyaning ichki barkamolligida, tenglamalarning sodda (chiroyli) shaklida, dalillarning jozibadorligidadir. Haqiqiylikning mantiqiy mezoniga ko‘ra, hamma narsa xulosalar va dalillar yordamida asoslangan, ziddiyatsiz va o‘ziga xos bo‘lishi lozim. Ijtimoiy-tarixiy amaliyot haqiqatning universal mezonidir.
Hozirgi zamon fanida ob’ektiv haqiqat deganda mazmuni insonga ham, insoniyatga ham bog‘liq bo‘lmagan bilim tushuniladi. Bu biluvchi sub’ektning miyasidan tashqarida ob’ektiv haqiqatni o‘zida mujassamlashtirgan bilim qatlami mavjud, degan ma’noni anglatmaydi. Bu faqat sub’ektning noto‘g‘ri tasavvuri haqiqatga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi, balki tushunib etilayotgan ob’ektning o‘zi bilan belgilanishini anglatadi.
Bilish tarixi, Eynshteyn ta’biri bilan aytganda, «g‘oyalar dramasi», eski nazariyalar o‘rniga ulardan butunlay farq qiluvchi yangi nazariyalar kelishidir. Bilish metafizik nazariyasining xatosi shundan iborat bo‘lganki, unda haqiqat ob’ektning mukammal in’ikosiga erishilgan tugallangan holat sifatida qaralgan. Bunday yondashuvda evolyusiya va rivojlanishga o‘rin qolmaydi. Bu qarama-qarshilikni ilk bor Gegel anglab etdi. U haqiqat qotib qolgan tizim emas, balki predmetning tushunchaga tobora ko‘proq mos kelishidan iborat izchil, tadrijiy jarayon ekanligini ko‘rsatib berdi. SHu sababli haqiqatni tushunchaning predmetga, fikr va borliqqa oddiy muvofiqligi deb emas, balki tafakkurning faoliyatdan ajratish mumkin bo‘lmagan predmet bilan mos kelish jarayoni deb tushunish lozim.
Haqiqatni jarayon sifatida tushunish haqiqat doimo muayyan ekanligini tushunishni o‘z ichiga oladi hamda mutlaqlik va nisbiylik jihatlarini o‘zida mujassamlashtiradi.
«Mutlaq haqiqat» atamasi uch xil ma’noda keladi.
1. U aniq mukammal bilimni, «so‘nggi instansiyadagi haqiqat»ni, ayrim o‘ziga xos gnoseologik idealni anglatadi. SHu ma’noda haqiqat bilishning biron-bir darajasida ro‘yobga chiqmaydi, unga erishib bo‘lmaydi, u – metafora.
2. Mutlaq haqiqat tushunchasini bir variantni (o‘zgarmas) xususiyat kasb etuvchi elementar bilimlarga nisbatan tatbiq etish mumkin. Ular «boqiy haqiqatlar» deb ham ataladi. Masalan Alisher Navoiy 1441 yilda tug‘ilgan, kimyoviy element atom og‘irligiga ega va sh.k.
3. Mutlaq haqiqat deganda fanning keyingi rivojlanish jarayonida o‘zining mazmunini saqlab qoladigan va rad etilmaydigan, balki faqat muayyanlashtiriladigan va yangi mazmun bilan boyitiladigan bilim tushuniladi. Masalan: Eynshteynning nisbiylik nazariyasi Nyutonning klassik mexanika qonunlari kashf etilganidan so‘ng kashf etildi. Bu – «mutlaq haqiqat» atamasining eng muhim ma’nosi. YAxlit bilim tizimi bilimning mutlaqo haqiqiy elementlarini hamda qayta ko‘riladigan va rad etiladigan nisbatan haqiqiy elementlarini o‘z ichiga oladi.

Yüklə 2,7 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   179




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin