3.Manfaatdor tomonlarning bog‘liqligi.
Tadbirkor va boshqaruvchining eng muhim xususiyatlaridan biri uning qaror qabul qilishidir. Qaror qabul qilish qanchalik tez va ishonchli darajada bo‘lishi tadbirkorga nisbatan atrof-muhitning ishonchi ortishiga va tavakkalchilik xavfining kamayishiga xizmat qiladi.
Boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonlarining rasmiy tarkibiy tuzilishi:
qaror maqsadi, qarorning axborot asosi, tanlashning qoida va mezonlari, qarorni tayyorlash va qabul qilish usullari (strategiyasi), muqobillar, gipotezalar.
Boshqaruv qarorlarini qabul qilishni tashkil etishning besh asosiy darajasi mavjud: avtokrat, avtonom, lokal-kollegial, integrativ-kollegial, metakollegial.
Avtokrat daraja — qaror qabul qilish tadbirkor (rahbar)ning yakka o‘zi tomonidan (individual) boshqarilayotgan guruh bilan bog‘lanmagan holda amalga oshiriladi.
Avtonom daraja — qaror qabul qilish tadbirkorning yakka o‘zi tomonidan amalga oshiriladi, ammo guruhdagi umumiy fikr va guruhlarning manfaati hisobga olinadi.
Lokal-kollegial daraja — qaror qabul qilishda tadbirkor guruhning ayrim a’zolarini jalb etadi.
Integrativ-kollegial daraja — qaror qabul qilish jarayonida guruhning barcha a’zolari ishtirok etadi.
Metakollegial daraja — tashkilotdan tashqarida bo‘lganlar (yuqori tashkilot, maslahatchilar, tahlilchilar, ekspertlar va h.k.) qaror qabul qilish jarayoniga aralashadi.
Boshqaruv qarorlarini tayyorlash, qabul qilish va amalga oshirish aniq bir vositalar — operatsiyalarni taqozo etadi. Bu operatsiyalar quyidagilar:
1) ajratib olish operatsiyasi: holatni noaniqlikdan ajratib olish;
2) seleksiya operatsiyasi: rahbar har qanday holat bo‘yicha o‘zi qaror qabul qilishi shart emas. Holatlar rahbar aralashuvini taqozo etmasa, uni o‘rinbosarlar va h.k.lar qabul qilishi mumkin;
3) tashkiliy operatsiyalar: qarorni tayyorlash va qabul qilish jarayonini tashkillashtirish;
4) qarorlarning «subyektiv bazasini» shakllantirish bo‘yicha operatsiyalar: qarorga jalb etiluvchi shaxslar doirasini aniqlash;
5) tanlash holatlarini obyektivlashtirish operatsiyalari: tanlov vazifasi qatnashchilar tomonidan anglanishi uchun rahbar bu vazifani obyektivlashtirishi, ya’ni uni shakllantirishi va o‘rtaga qo‘yishi lozim;
6) motivatsiyalash operatsiyalari: «ixtiyoriy-majburiy tanlov» fenomeni. Vazifani aniqlovchi rahbarlar uchun boshqaruv tanlovi ular xohishiga to‘g‘ri keladi. Xodimlar uchun esa bu tanlov majburiy hisoblanadi.
Tadbirkor bo‘lish uchun, ayniqsa, agar so‘z qaror qabul qilish to‘g‘risida borsa, ma’lum ijodiy qobiliyatga ega bo‘lish lozim. Tadbirkorlar o‘zlariga va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatlariga qattiq ishonishlari kerak. Aynan qaror qabul qilish qobiliyati tadbirkorlarning alohida belgisi hisoblanadi. Ular korxonalariga kelajakda katta ta’sir ko‘rsatadigan barcha asosiy qarorlarni qabul qilishadi. Qarorlarni intuitiv qabul qilish tadbirkorning eng bebaho tadbirkorlik resursi doimo qiyinlashib boruvchi vaziyatlarda qaror qabul qilish tajribasi to‘planib borishi bilan vujudga keladi. Qaror qabul qilishga tadbirkorlar oddiy menejerlarga nisbatan ijodiy yondashishlari kerak. Ular muammoni yechishga turli nuqtayi nazardan qarashlari kerak va qaror qabul qilishning yangi usullarini topishlari kerak. Har qanday aniq vaziyatda ular muammoni yechishning potensial natijalarini aniqlashlari lozim, shuningdek, muqobil qarorlarning oqibatlarini aniqlash uchun o‘z sinchkovliklaridan foydalanishadi.
Ko‘pgina tadbirkorlik qarorlari subyektiv bo‘lganligi sababli, ular ruhiy komponentlardan butunlay ozod bo‘la olmaydi. O‘z qarorlarining ruhiy jihatlarini tasavvur qilish uchun tadbirkorlar potensial qarorlarning kuchli tomonlari va kamchiliklarini aniqlashlari lozim, bu aniq qarorlarning natijalarini obyektiv baholashga yordam beradi.
Qaror qabul qilishning «Ilmiy uslubi» shuni ko‘rsatadiki, muammoni yechish va tegishli qarorni qabul qilish uchun amal qilinishi lozim bo‘lgan bir nechta o‘ziga xos jarayonlar mavjud. Bu jarayon, odatda, quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
1) asosiy muammolar identifikatsiyasi;
2) muammoning asosiy sabablarini aniqlash;
3) muammoning potensial yechimini topish;
4) potensial yechimlarni baholash;
5) eng yaxshi yechimni tanlash;
6) yechimni amalga oshirish;
7) qabul qilingan qarorning to‘g‘riligini aniqlash.
Bunday ratsional yondashuv ko‘pgina ish muammolarini yechishning mantiqiy va oqilona yo‘li hisoblansa-da, «ilmiy usul» ning o‘zi muammo yechimini bermaydi. Tadbirkorning yetakchilik xususiyatlari va hokimlik vakolatlari qabul qilingan qarorning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun zarurdir. Qarorni amalga oshirish uchun ma’lum qat’iylik va tashabbuskorlik zarur. Tadbirkorlar qabul qilingan qarorni amalga oshirishda kelajakdagi natijalarga ijobiy tomondan qarashlari lozim. Ular o‘z qarorlarini «oldingi sana» bilan o‘ylab o‘tirishga vaqt ketkazishmaydi. Qabul qilingan qarorni amalga oshirishni boshlash bilan barcha shubha va noaniqliklar bartaraf qilinishi lozim.
Tadbirkorlar o‘z harakatlarida qat’iyatli bo‘lishlari lozim. Tashkilot aniq vazifalar va aniq qo‘yilgan maqsadlarga ega bo‘lishi lozim, bu vazifa-maqsadlar hal qilinishi va erishilishi lozim. Ko‘pgina tadbirkorlar qaror qabul qilishda qo‘rquvni sezishmaydi, chunki ular omadsizlikka uchrashdan cho‘chishmaydi. Ularda muvaffaqiyatga erishishning shaxsiy me’yorlari o‘rnatilgan.
Tadbirkorlik faoliyatida qarorlar qabul qilish jarayoni alohida ahamiyatga ega. Shuning uchun ularning tavsifi faoliyatning psixologik tahlili uchun ham muhimdir. Boshqaruv qarorlarini qabul qilish funksiyasi boshqaruv faoliyatining sifati va samaradorligini aniqlovchi funksiya hisoblanadi. Tadbirkorning individual faoliyatida u markaziy o‘rinni egallaydi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir tomondan, ular kognitiv, regulativ, kommunikativ jarayonlarga asoslanadi, ikkinchi tomondan, o‘zlari keyingi boshqaruv harakatlari uchun asos bo‘ladi. Shuning uchun, boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonlari muammoni anglash va uni hal qilish o‘rtasidagi o‘ziga xos «ko‘prik»ni eslatadi, ya’ni holatni anglashdan unda harakat qilishga o‘tishni bildiradi.
Boshqa jarayonlar boshqaruv faoliyatiga u yoki bu ko‘rinishda ta’sir etsa, qaror qabul qilish jarayoni boshqaruv faoliyati samaradorligini belgilaydi. Hokimiyatning eng asosiy «o‘lchov birligi», rahbarlikning markazlashuv xususiyatini belgilovchi narsa — bu qaror qabul qilish bo‘yicha vazifalarga egalik darajasidir. Qaror qabul qilishni o‘rganishda ikki yondashuv mavjud: tashkiliy va psixologik.
Birinchi yondashuv me’yoriy tahlil uslubiyatiga asoslangan bo‘lib, qaror qabul qilish funksiyasini amalga oshirishning optimal tartib va usullarini ishlab chiqishga qaratilgan. Ikkinchi yondashuv tanlash jarayonlarining aniq qonuniyat va xususiyatlarini belgilashni nazarda tutadi.
Qaror qabul qilishning asosiy psixologik tavsiflari:
qaror qabul qilishning individual va birgalikdagi faoliyatlarga mansubligi;
tadbirkor (rahbar)ning marjinal mavqega egaligi (bir tomondan, tadbirkorning qarori u boshqarayotgan strukturaning vazifalari, sharoitlari, talablarini qondirishi, xodimlarning korporativ manfaatlarini aks ettirishi kerak. Ikkinchi tomondan, tadbirkorning o‘zi nazorat tashkilotlari talablari va topshiriqlarini bajarishi zarur. Mana shu o‘rinda tanlov maqsad va mezonlarining mos kelmaslik fenomeni manbayi vujudga keladi);
regulativ yo‘nalganlik (qarorlar faoliyatga nisbatan xizmat ko‘rsatuvchi xarakterga ega);
bosqichlilik;
yuqori variativlik (shart-sharoitlarga ko‘ra o‘zgaruvchanlik);
me’yoriy va real mazmunning farqlanishi.
Qaror qabul qilishni jarayonli tashkil etishning bosqichlari:
muammoni aniqlash va anglash;
qaror qabul qilish vazifasi bo‘yicha subyektiv tasavvurni shakllantirish;
boshlang‘ich bir necha muqobillarni shakllantirish;
muqobillarni «elakdan o‘tkazish» mezonlarini shakllantirish;
muqobillarning afzalligini baholash;
maksimallashtiruvchi muqobilni tanlash;
qarorni amalga oshirish;
qarorni amalga oshirish natijalarini baholash;
qarorga tuzatish kiritish.
Boshqarishda tadbirkorlik faoliyati deyilganda, ishni tashkil etishga ta’sir ko‘rsatadigan shart-sharoitlar va omillar borligi tushuniladi. Tadbirkorlik faoliyatining maqsadlari va vazifalari bevosita bozor tamoyillaridan kelib chiqadi. Ma’lumki, bozor iqtisodiyoti sharoitida sotuvchilar o‘z tovarlarini imkon boricha ko‘proq foyda beradigan qilib sotishga, xaridorlar esa bu tovarlarni imkoni boricha arzonroq xarid qilishga intiladi.
Bozor iqtisodiyotida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan choralar ijtimoiy himoya, atrofdagi muhit muhofazasi, inson qadrini, demokratiyani himoya qilish va boshqalarga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Tadbirkorlikning muhim tomoni uning faoliyatini boshqarib borishdir. Tadbirkorlikni boshqarish mohiyat e’tibori bilan olganda, maqsadga erishish yo‘lida qilinadigan xatti-harakatlarni jonlantirish uchun bir shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan boshqa shaxsga ta’sir o‘tkazishdan iborat.
Dostları ilə paylaş: |