Tadbirkorlik xavf-xatari tadbirkorning kelajagini belgilab beradigan kuchli omillar qatoriga kiradi, xavf-xatarlarni boshqarish esa tadbirkor faoliyatining «yuragi» bo‘lib hisoblanadi. Tadbirkor uchun eng katta xavf-xatar bu yo‘qotish tavakkalidir.
Tavakkallik:
haqiqatda ro‘y bergan hodisalarning kutilganiga nisbatan og‘ishi (chetlanishi);
tadbirkorlik g‘oyasiga nisbatan biznesning rivojlanishi;
loyihadagi pul oqimlarining rejalashtirilgan miqdoriga nisbatan o‘zgarishi;
daromadlar yoki qo‘yilgan kapital qaytishining noaniqligi yoki o‘zgaruvchanligi.
Tavakkallik aniq yoki noaniq moliyaviy yo‘qotish sifatida quyidagilar bilan bog‘liq:
qo‘yilgan maqsadning norealligi;
istiqbolli ko‘rsatkichlarni hisoblashdagi xatoliklar;
kutilayotgan natijalarni baholashda subyektiv yondashuv.
Tadbirkor tavakkal qilar ekan yuqori foyda olish bilan bir vaqtda zarar ham ko‘rib qolish imkonini tanlaydi. Masalan:
xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish va u bilan xizmat ko‘rsatish quvvatlariga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish orqali bozordagi ulushini oshirishga qaratilgan agressiv siyosat zarar ko‘rish tavakkalligini oshiradi. Bozordagi holatning o‘zgarishiga operatsion dastak ta’sir etadi;
o‘z kapitali rentabelligini qo‘shimcha kreditlar orqali oshirishga intilish moliyaviy barqarorlikning pasayishiga olib kelishi mumkin. Bunda moliyaviy dastak ta’sir etadi;
zaxiralarni minimallashtirish orqali yuqori rentabellikka erishish mumkin, lekin bunda operatsion jarayonlardagi uzilishlar likvidlikni yo‘qotish tavakkalligini oshiradi;
haddan ziyod zaxiralarni tashkil etish aktivlarning aylanuvchanligi va rentabelligining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, aktivlarga qo‘yilmalardan kutilayotgan daromadlarni ololmaslik xavfi ham tavakkallik orqasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘qotish hisoblanadi. Aktivlar (aksiya) bahosining oshishi va ularni ishlatishdan olinadigan daromad foizlarining (dividend) oshishi hisobiga olinadigan daromad — o‘z kapitali rentabelligining pasayishi tavakkalligini oshiradi.
Tavakkallik tizimli (sistematik) va tizimsiz (nosistematik) turlariga bo‘linadi.
Tizimli tavakkallik dunyoda va mamlakatda ro‘y berayotgan umumiqtisodiy va siyosiy ahvol, resurslar bahosining o‘sishi va umumbozor miqyosida moliyaviy aktivlar bahosining pasayishi bilan bog‘liq.
Tadbirkorlik faoliyatining samarali bo‘lishida tadbirkorlik muhiti omillarini tadqiq etish muhim o‘rinni egallaydi. Tadbirkorlik muhiti deyilganda, firmaning faoliyat ko‘rsatib borishiga ta’sir o‘tkazadigan va boshqaruvga oid qarorlar qabul qilishning talab etadigan shart-sharoitlar va omillar bor-yo‘qligi tushuniladi. Tadbirkorlik muhitining ichki va tashqi omillari tafovut qilinadi. Ichki muhit deyilganida, firmaning olinadigan foydani ko‘paytirishga qaratilgan boshqaruv mexanizmini o‘z ichiga oluvchi xo‘jalik faoliyati tushuniladi. Tadbirkorlikning tashqi muhiti deyilganda, raqobatchi firmaning faoliyatidan qat’iy nazar, atrofidagi muhitda yuzaga keladigan, lekin uning ish olib borishiga ta’sir o‘tkazadigan barcha shart-sharoitlar va omillar tushuniladi.
Tadbirkor katta foyda olish uchun quyidagi yo‘nalishlarda o‘z maqsadini aniqlab olishi kerak: fan-texnika sohasida yangi mahsulotni ishlab chiqish va joriy etishni; ishlab chiqarish sohasida texnologiya jarayonini takomillashtirish va yangi texnologiyadan foydalanish, ishlab chiqarilgan mahsulot sifatini yaxshilashni; mehnatni o‘tkazish, sotishda har bir mehnatga nisbatan bozor ulushini saqlab qolish va kengaytirib borishi lozim.
Boshqarishning asosiy vazifasi omillar ta’sirining tabiati va darajasini aniqlab, tadbirkorlik faoliyatining samarali amalga oshib borishi va rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan qarorlar qabul qilishdir. Shu maqsadda tadbirkorlik muhiti omillari quyidagi jarayonlarda muntazam tahlil qilib boriladi:
marketing tadqiqotlari va marketing dasturlarini ishlab chiqishda;
biznes reja ko‘rsatkichlarini ishlab chiqarishda;
operativ boshqarishda;
xo‘jalik faoliyati natijalarini nazorat qilib borish jarayonida .
Respublikamizda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad — bozor munosabatlarini tashkil etish, bozorni turli-tuman zarur tovar va xizmatlar bilan to‘ldirib, iste’molchilarning saralab tovar xarid qilishiga keng imkoniyatlar yaratib, pirovard natijada xalqning farovon turmush sharoitini ta’minlashdan iborat. Xalqimizning farovon turmushini yaratishda, keng iste’mol tovarlar bilan bozorni to‘kin-sochin qilishda, aholiga turli-tuman xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etishda tadbirkorlikning ham o‘z o‘rni bor. Chunki tadbirkor qancha rivojlansa, moddiy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ham shunchalik rivojlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunida belgilanganidek, har qanday shakldagi tadbirkorlik mulk egasining shaxsan ishtirok etishiga yoki boshqa fuqarolarning mehnatini qo‘llash yo‘li bilan foyda olishga asoslanishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |