11.4.
Investitsiya loyihasi bo’yicha monitoring rejasi
Bank muassasalari investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga mablag‘ ajratib,
kredit bergan vaqtdan boshlab qarz oluvchining kreditga layoqatliligini tahlil
qilish, kreditning maqsadli ishlatilishi ustidan nazoratni (tekshiruvni), ya‘ni
loyihani moliyalashtirishning monitoringini olib boradi.
241
Qarz olgan bank mizojlari o‘z qonun va qoidalariga ega bo‘lgan bozor
muhitida, raqobatchilik sharoitida faoliyat yuritadilar. To‘g‘ri rivojlanish
strategiyasini tanlab olmagan, bozor sharoitiga moslashmagan korxonalar o‘z
pozitsiyalarini boy beradilar. Qarz berilgan paytda rivojlanish istiqboliga ega
bo‘lgan qarz oluvchi bir necha oydan so‘ng ob‘ektiv va sub‘ektiv omillar ta‘sirida
qiyin moliyaviy ahvolga tushib qolishi mumkin. Natijada bank kreditining
qaytarilmasligi xavfi yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun loyihani
moliyalashtirishga mablag‘ ajratgan bank (kreditor) qarz holatini loyihaning butun
muddati davomida doimiy ravishda nazorat qilib borishi, o‘z vaqtida yuzaga
kelayotgan muammolardan darak beruvchi «signal»larni aniqlashi juda muhim
ahamiyatga ega.
Loyihani
moliyalashtirish
monitoringi
moliyalashtirishga
ajratilgan
mablag‘lar qay yo‘sinda ishlatilayotganligini nazorat qilish, uning maqomidagi
o‘zgarishlarni aniqlash va tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish tizimini ko‘zda tutadi.
Uning maqsadi asosiy qarz va u bo‘yicha hisoblangan foizlarning o‘z muddatida
qoplanishini ta‘minlashdan iborat.
Monitoring, eng avvalo, loyihani moliyalashtirishga mablag‘ berish bitimiga
tegishli barcha hujjatlarni va ularning shartlari bajarilishini, ularning bank-kredit
siyosatiga, qabul qilingan me‘yorlar va tartiblarga muvofiqligini davriy tekshirib
borishni o‘z ichiga oladi. Navbatdagi qadam qarzdorning moliyaviy layoqatini
baholash bo‘lib, uning balansini, foyda va zararlar to‘g‘risidagi hisobotini hamda
mijozning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tavsiflovchi boshqa hujjatlarini tahlil
qilish asosida amalga oshiriladi.
Monitoringning yana bir muhim tomoni kreditni qoplashning ikkilamchi
manbai - uning qaytarilishining ta‘minotini tekshirish hisoblanadi.
Bugungi kunda respublikamizda har yili yuzlab loyihalarni moliyalashtirish
amalga oshirilmokda.
Bu loyihalar davlat byudjeti mablag‘lari, xalqaro kredit
liniyalari mablag‘lari hisobiga, Biznes-fond va byudjetdan tashqari fondlar,
banklar, chet ellik va xususiy investorlar tomonidan moliyalashtirilar ekan, albatta,
bu mablag‘larning qaytarilishi va ma‘lum miqdorda ularning foyda bilan
242
ta‘minlanishi talab etiladi. Ushbu mablag‘larning muayyan foydasi bilan
qaytishligini aniqlash, tekshirib borish va tahlil qilib turish uchun kreditorlar
tomonidan, shuningdek mol etkazib beruvchilar, xususan, lizing, sug‘urta
kompaniyalari va kafillik beruvchi tashkilotlar tomonidan loyihalarning
monitoringi olib boriladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida ham moliyalashtirilayotgan
barcha loyihalar ustidan monitoring olib borishning umumiy tizimi joriy qilingan.
Har bir moliyalashtiruvchi yoki kreditlashni amalga oshiruvchi tashkilotlar
o‘zlarining faoliyat turi va xususiyatlaridan kelib chiqib, o‘zlariga xos bo‘lgan
monitoring o‘tkazish tartibini ishlab chiqadilar va shu asosda faoliyat yuritadilar.
O‘zbekistonda Davlat mulk qo‘mitasi Moliya Vazirligi bilan birgalikda 1998
yil 30 martda ―Korxonalarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tahlil etish va
monitoringni yuritish tartibi‖ asosida monitoring mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu tartibga 1998 yil 19 avgustda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu
tartibda monitoringning qisqacha mazmuni keltirilgan. Ushbu tartibga ko‘ra,
monitoring - bu loyihaning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli kuzatuv olib
borishdir.
Monitoringning mazmuni «ko‘zgu» degan ma‘noni anglatadi. Monitoringni
yuritishda quyidagilar ko‘zda tutiladi:
1.
Amalga oshirilmoqchi bo‘lgan loyihada nima ishlab chiqarish ko‘zda
tutilganligi.
2.
Ishlab chiqarish jarayonini bilishlik, ya‘ni mahsulot ishlab chiqarish
jarayonini boshidan oxirigacha kuzatib borish.
3.
Ishlab chiqarish korxonasining tashkiliy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va
ekologik jihatdan asoslanishi va tashkil etilishi.
4.
Loyihani moliyalatirish manbalarini aniqlash va uni moliyalashtirishni
amalga oshirish.
Monitoring olib borish bosqichlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
-
korxonaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni
yig‘ish va qayta ishlash;
243
-
olingan ma‘lumotlar asosida korxonalarning moliyaviy-xo‘jalik holatini
tahlil etish;
-
tahlil natijalari bo‘yicha xulosalar qilish va takliflar berish.
Xulosa qilib aytganda, birinchidan, monitoringning qisqacha mazmuni
loyihani amalga oshirish bo‘yicha tizimli nazorat olib borish sifatida tushuniladi.
Uning kelib chiqishi investor yoki kreditorning va loyihani amalga oishirishdan
manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslarning o‘z manfaatlari doirasida loyihaning
maqsadga muvofiq amalga oshirilishini ta‘minlash zaruriyatiga asoslanadi,
ikkinchidan, monitoring, asosan, loyihani moliyalashtiruvchi muassasalar, sug‘urta
kompaniyalari mol etkazib beruvchilar, loyiha uchun berilgan kreditning
qaytarilishiga kafolat beruvchi shaxslar tomonidan olib boriladi va u bir necha
bosqichlarda o‘tkaziladi.
Shakllantirilgan investitsiya loyihasining samarali amalga oshirilishi, ko‘p
hollarda, uni amalga oshirishning tezkor rejasining o‘z vaqtida va sifatli ishlab
chiqilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bunday tezkor reja amaliyotda investitsiya loyihalarini
amalga oshirishning kalendar rejasi (taqvim rejasi) deb nomlanadi.
Investitsiya loyihasini amalga oshirishning kalendar rejasini ishlab chiqish
muayyan tamoyillarga asoslanadi va muayyan ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
Quyida biz ushbu tamoyillarni ko‘rib chiqamiz:
1. Kalendar rejaning ob‘ekt tabaqalanishi (differentsiyasi) bo‘yicha tamoyili
kalendar rejalashtirish investitsiya loyihasining butun davriga asoslanib amalga
oshirilishi kerakligini ko‘zda tutadi. Loyihani amalga oshirishni kalendar
rejalashtirish jarayoni uni amalga oshirishning baza muddatlariga va biznes-rejada
aks ettirilgan investitsiyalar oqimi jadvaliga asoslanadi.
Har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha uni amalga oshirish uchun bank
tomonidan loyiha monitoringini olib boruvchi loyiha menejeri belgilanadi.
2. Kalendar rejaning vaqtinchalik tamoyili ishlab chiqish shakli bo‘yicha
uning detallashtirilishining turli xil darajasini nazarda tutadi. Investitsiya loyihasini
amalga oshirish bo‘yicha kalendar rejaning vaqtinchalik differentsiyasining asosiy
shakllari quyidagilar hisoblanadi:
244
- kalendar reja investitsiya loyihasini amalga oshirishning yillik jadvalini
tezkor rejalashtirish natijalarini aks ettiruvchi boshlang‘ich va asosiy hujjat
hisoblanadi. U (yillik jadval) bir necha yillar davomida amalga oshiriladigan
loyihalar bo‘yicha rejalashtirilayotgan kalendar yil doirasida bajarilishi ko‘zda
tutilayotgan ishlar hajmini o‘z ichiga qamrab oladi. Shuningdek u bir yil
mobaynida amalga oshiriladigan loyihalarda loyihaning maqsadiga ko‘ra bajarilish
muddati va ketma-ketligi bilan tavsiflanadi.
- loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlarning choraklik yoki yillik rejasi
ularning ko‘rsatilgan vaqtinchalik oraliqlari doirasidagi aniq hajmlarini qamrab
oladi. Ularni ishlab chiqishning asosi bo‘lib, detallashtirishning tegishli ketma-
ketligi bilan investitsiya loyihasini amalga oshirishning yillik jadvali hisoblanadi.
Ishlarning choraklik rejasi yillik rejaning taqdim etilishi bilan bir vaqtda taqdim
etiladi va tasdiqlanadi.
- dekadali (o‘n kunlik) topshiriqlar ishlarni bajarishning oylik rejasini ketma-
ket detallashtirish shakli hisoblanadi. Bizning mahalliy amaliyotda kalendar rejani
tabaqalashning bu shakli kamdan-kam hollarda qo‘llaniladi. Biroq, yirik
investitsiya loyihalari uchun jalb etiladigan ko‘pgina xorijiy pudratchilar kalendar
rejalashtirishning bunday shaklini keng tadbiq etadilar.
3. Kalendar rejaning funktsional tabaqalanishi tamoyili uning alohida
funktsional qismlarga bo‘linishini nazarda tutadi. Bu investitsiya loyihasini amalga
oshirishning kalendar rejasini ishlab chiqish jarayonining birmuncha ma‘suliyatli
qismidir. Bunday bo‘linish loyihaning hajmi va amalga oshirilishi bosqichiga
bog‘liqdir. Uning asosiy funktsional qismlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
a) loyihani amalga oshirishga tayyorlash;
b) loyiha-konstruktsiya ishlari;
v) moddiy-texnikaviy ta‘minlash;
g) qurilish-montaj ishlari;
d) loyihani ekspluatatsiyaga kiritish;
e) loyiha quvvatlarini ishga tushirish;
j) loyiha bo‘yicha qarzlarni qaytarish.
245
4. Kalendar reja zahirasini shakllantirish tamoyili unga alohida kiritilgan
ishlar muddatlarining tahlil qilingan buzilish hollarini aniqlashdan va ushbu
zahiraning loyihani amalga oshiruvchi ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanishidan
iborat. Kalendar rejadagi har bir ish uni bajarish uchun zarur bo‘lgan vaqt bilan,
ishlarning boshlanish va tugallanish muddatlari bilan tavsiflanishi kerak. Ishlab
chiqilgan reja real bo‘lishligi uchun alohida ishlarni bajarishning rejalashtirilgan
vaqti 75-80% dan kam bo‘lmagan ishonch bilan aniqlangan bo‘lishi kerak. Bunday
ehtimollik asosida ko‘zda tutiladigan zahira jami kalendar reja muddatining 10-
12% ini tashkil etishi kerak.
5.
Kalendar reja bajarilishini doimiy nazorat qilish tamoyili investitsiya
loyihasini amalga oshirishning kalendar rejalashtirilishi tegishli nazorat qiluvchi
blokni ham o‘z ichiga qamrab olishidan iborat. Bu tamoyilning bajarilishi uchun
joriy monitoring qo‘llaniladi.
Loyihani amalga oshirishning yaxshi ishlab chiqilgan kalendar rejasidan
tashqari investitsiya loyihasini amalga oshirishning byudjeti ham juda muhim
sanaladi. Investitsiya loyihasini amalga oshirishning samaradorligi ko‘pgina
hollarda uni moliyalashtirishning asoslangan rejasi bilan aniqlanadi. Amaliyotda
bu moliyaviy reja «Investitsiya loyihasini amalga oshirishning byudjeti» deb
nomlanadi (yoki loyiha «byujdeti»). Byudjet investitsiya loyihasini amalga
oshirish bilan bog‘liq xarajatlar va mablag‘lar tushumini aks ettiruvchi qisqa
muddatli (bir yilgacha) tezkor moliyaviy reja sifatida o‘zini namoyon etadi.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish byudjetini ishlab chiqish ikkita asosiy
vazifalarni hal etishga qaratilgan bo‘ladi:
1.
Kalendar rejaning alohida bosqichlari hajmida investitsiya loyihasini
amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar hajmi va tuzilishini aniqlash.
2.
Investitsiya
loyihasini
amalga
oshirishni
moliyalashtirish
uchun
belgilangan jami mablag‘lar hajmi doirasidagi investitsiya resurslari oqimining
zarur bo‘lgan xarajatlarni qoplashini ta‘minlash.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish byudjetini ishlab chiqish uchun asosiy
ma‘lumot hujjatlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
246
- investitsiya loyihasini amalga oshirishning kalendar rejasi;
- alohida ko‘rinishdagi ishlarni bajarish va kalendar rejaning alohida
funktsional bloklari ko‘rinishida ishlab chiqilgan xom ashyolar, materiallar,
moslamalar va uskunalarni sotib olish xarajatlari smetalari;
- investitsiya loyihasini moliyalashtirishning umumiy strategiyasi;
- loyiha biznes-rejasini ishlab chiqish bosqichida tuzilgan investitsiyalar
oqimining oldindan bashorat qilingan jadvali.
Investitsiya jarayoni bosqichlariga bog‘liq holda investitsiya loyihasini
amalga oshirish vaqtida ikki xil ko‘rinishdagi byudjet ishlab chiqilishi mumkin:
1.
Kapital sarflar va mablag‘lar tushumi byudjeti. Bu byudjet yangi qurilish
bilan ob‘ektning kengaytirilishi, ta‘mirlanishi va texnik jihatdan qayta
qurollantirilishi bilan bog‘liq qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bosqichida
ishlab chiqiladi.
2.
Joriy pul sarflari va daromadlari byudjeti. Bu byudjet investitsiyalash
ob‘ektini ekspluatatsiya qilish bosqichida (uning ishga tushirilishidan keyin) ishlab
chiqiladi.
Investitsiya loyihasini amalga oshirishning kalendar rejasi va byudjeti puxta
ishlab chiqilgandan so‘ng kuzatish, tekshirish va nazorat qilish tizimiga ega
bo‘lgan monitoring olib boriladi. Amalga oshirilmoqchi bo‘lgan loyiha doimiy
nazorat yoki monitoringni talab etadi. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish
monitoringi tizimi investitsiya bozori kon‘yunkturasining doimiy o‘zgarib turishi
sharoitida barcha investitsiya loyihalarini amalga oshirishning muhim joriy
natijalarini doimiy kuzatib borishni ta‘minlash uchun bank yoki kompaniyalarda
ishlab chiqilgan mexanizm sifatida o‘zini namoyon etadi.
Banklar tomonidan amalga oshirilgan investitsiya loyihalari monitoringi
tizimini ishlab chiqishning asosiy maqsadi bo‘lib, investitsiya faoliyati
samaradorligini keltirib chiqaruvchi rejalashtirilgan ma‘lumotlarga nisbatan yuz
bergan chetlanishlarni o‘z vaqtida hal etish, bu chetlanishlarni keltirib chiqaruvchi
sabablarni tahlil etish va investitsiya faoliyatini me‘yorlashtirish hamda
247
samaradorligini oshirish maqsadida uning alohida yo‘nalishlarini tegishlicha
tartibga keltirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hisoblanadi.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish monitoringi tizimini yaratish
quyidagi asosiy tamoyillardan foydalanishga asoslanadi:
1.
Kuzatish uchun investitsiya faoliyatining birmuncha muhim yo‘nalishini
tanlash. Bu tamoyilning amalga oshirilishi kompaniya investitsiya faoliyatining
maqsadli shakllantirilgan ma‘lumotiga asoslanadi, shu bilan birga investitsiya
loyihalarini amalga oshirish jarayonida kuzatishga tegishli bo‘lgan ushbu
faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarining aniqlanishi bilan bog‘liq holdagi real
investitsiyalarning portfeli bo‘yicha ma‘lumotlarga ham asoslanadi. Birinchi
navbatda, kuzatish kalendar reja va byudjetning ularning asosiy bo‘limlari
bo‘yicha amalga oshirilishi ustidan tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
2.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirishning har bir yo‘nalishi bo‘yicha
hisobot ko‘rsatkichlari tizimini yaratish. Ko‘rsatkichlarning bunday tizimi, birinchi
navbatda, buxgalteriya hisobi va statistik hisobot ma‘lumotlariga asoslangan
bo‘lishi kerak. Kompaniyada alohida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarni kiritish
zaruriyati paydo bo‘lganda «boshqaruv hisobi» deb nomlanuvchi tizim yaratiladi.
Bu tizim tezkor buxgalteriya hisobotini to‘ldirishga xizmat qiladi va samarali
boshqarish ehtiyojiga bo‘ysindirilgan bo‘ladi (investitsiya faoliyatini boshqarish
bunday hollarda boshqaruv hisobining mustaqil bloki hisoblanadi).
Hisobot (ma‘lumot)lar ko‘rsatkichlari tizimi loyiha bo‘yicha birmuncha
muhim ko‘rsatkichlar tuzilishi va hajmi bo‘yicha kalendar rejani amalga oshirish
jarayonini, xarajatlar hajmi va tuzilishi bo‘yicha byudjetning bajarilishini,
shuningdek ularni xususiy, qarz va jalb qilingan manbalar ko‘rinishida
moliyalashtirish bo‘yicha ham aks ettirishi kerak. Ґisobotlar ko‘rsatkichlari
tizimida qarz oluvchilar (mijozlar) bilan olib boriladigan suhbat asosiy o‘rinni
egallaydi. Qarz oluvchi bilan suhbatni ushbu korxonalar bilan shug‘ullanuvchi
bank xodimi olib borishi kerak, chunki u korxonada yuz beradigan holatlar
to‘g‘risida etarli tasavvurga ega bo‘ladi.
248
Suhbatdan tashqari, bu tizimda bank xodimlari tomonidan loyiha ob‘ektiga
borib turish yaxshi rejalashtirilgan bo‘lishi kerak. Ob‘ektni bevosita ko‘zdan
kechirish va tanishish investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayoni to‘g‘risida
aniq ma‘lumotlar beradi.
3.
Investitsiya loyihasini amalga oshirishning har bir yo‘nalishi bo‘yicha
umumlashtirib baho beruvchi (analitik) ko‘rsatkichlar tizimini ishlab chiqish.
Baholovchi ko‘rsatkichlar tizimi korxona investitsiya faoliyatining alohida
yo‘nalishlari monitoringi maqsadidan kelib chiqib yaratiladi va buning uchun jalb
etiluvchi ma‘lumotlar (hisobotlar) ko‘rsatkichlariga asoslanadi. Ketma-ket olib
boriluvchi tahlilning qulayligi uchun bu baholovchi ko‘rsatkichlar tizimi uning
asosiy bo‘limlari ko‘rinishida shakllantirilgan bo‘lishi kerak.
Tahlilning bunday bo‘limlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi: investitsiya
loyihasini amalga oshirish uchun moliyaviy resurslarni shakllantirish; investtsiya
loyihasini amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan moliyaviy resurslarni
o‘zlashtirilishi; qurilish ob‘ekti bo‘yicha ishlar rejasining bajarilishi; investitsiya
loyihasi bo‘yicha mahsulot (ish, xizmat) ishlab chiqarish rejasining bajarilishi;
investitsiya loyihasi bo‘yicha foyda rejasining bajarilishi; investitsiya loyihasi
bo‘yicha aktivlarning shakllanishi; investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha
joriy samaradorlik va boshqalar.
Baholovchi ko‘rsatkichlar tizimini yaratishdagi alohida bo‘limlar doirasida
ularning funktsional bo‘linmalari alohida ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Bunga
misol, «investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun moliyaviy resurslarni
shakllantirish» bo‘limida baholovchi ko‘rsatkichlarning quyidagi bo‘linmalari
ajratilgan bo‘lishi mumkin:
-
moliyaviy resurslarni jalb qilish bo‘yicha vazifani bajarish darajasi;
-
investitsiya loyihasini moliyalashtirishda xususiy va qarz mablag‘larining
ishtirok etish darajasi;
-
investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbalarining hisoboti va
boshqalar.
249
-
har bir bo‘limning bo‘linmalarida birmuncha muhim baholovchi
ko‘rsatkichlarning aniq ro‘yxati shakllantiriladi.
Investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ko‘pgina banklarda umumiy
baholovchi ko‘rsatkichlar hisob-kitobi shaxsiy elektron hisoblash mashina
(ShEHM)larida maxsus dasturlar yordamida avtomatik tartibda amalga oshiriladi,
shuning uchun ko‘rsatkichlarning shakllangan tizimiga bir vaqtda jalb qilingan
ma‘lumotlar ko‘rsatkichlari asosida ularning har birining hisob-kitob amaliyotini
ishlab chiqishga to‘g‘ri keladi. Moliyalashtirish manbasining mosligi va
moliyalashning ko‘rinishi ham baholovchi ko‘rsatkichlarni hisoblash usuliga ta‘sir
ko‘rsatadi, shuning uchun har bir tomon o‘zini baholovchi ko‘rsatkichlarni
hisoblash uchun dasturli ta‘minot sifatida namoyon etadi.
4.
Ma‘lumotlarning (baholovchi ko‘rsatkichlarning) hisobot bazasini
shakllantirishning davriyligini o‘rnatish. Bunday davriylik investitsiya loyihasini
amalga oshirishning kalendar rejasi va byudjetining davriyligidan kelib chiqqan
holda aniqlanadi. Bunday davriylikning hisobga olinishi bilan u quyidagilarga
ajratiladi: tezkor hisobot (dekadali yoki ikki haftali); oylik hisobot; choraklik
hisobot; yarim yillik hisobot.
Yillik hisobot ko‘rsatkichlari investitsiya loyihalarini amalga oshirish joriy
monitoringining ob‘ekti hisoblanmaydi, chunki ko‘rsatkichlar o‘zgarishining
dinamikasini oylar bo‘yicha kuzatish mumkin emas.
Yuqorida ko‘rsatilgan to‘rtta tamoyillar bilan bog‘liq holda bajarilgan ishlar
investitsiya
loyihalarini
amalga
oshirish
monitoringining
nihoyalangan
(tugallangan) ma‘lumot blokini tuzishga imkon beradi. Bu ma‘lumotdan, nafaqat,
bank ichida, shuningdek korxonalar reytingini tuzishda ham foydalanish mumkin.
5.
Ko‘zda tutilgan haqiqiy natijalardan chetlashishga olib keluvchi asosiy
sabab (omil)larni tahlil etish. Tahlilning bunday jarayonida, birinchi navbatda,
kalendar rejadan yoki byudjetdan «kritik chetlashuvlar» kuzatiladigan
ko‘rsatkichlar ajratiladi. «Kritik chetlashuvlar» mezoni sifatida dekadali (ikki
haftali) davr bo‘yicha 20% yoki undan ortiq miqdordagi chetlashishlar; oylik davr
250
bo‘yicha 15% yoki undan ortiq foizlar; choraklik bo‘yicha esa 10% va undan
yuqori bo‘lgan foizlar qabul qilinishi mumkin.
6.
Alohida
investitsiya
loyihalarini
amalga
oshirish
jarayonini
me‘yorlashtirish imkoniyatlari va zahiralarini aniqlash. Monitoringni tashkil
etishning mazkur tamoyilini amalga oshirish jarayonida zahiralar alohida
funktsional bloklar ko‘rinishida va loyihalarni amalga oshirish jarayonini
me‘yorlashtirish bo‘yicha buyurtmachi va pudratchilarning imkoniyatlarini
o‘rganish bilan qaraladi. Bunday imkoniyatlarning biri sifatida byudjetning
moliyaviy zahirasidan foydalanish ko‘rib chiqilgan bo‘lishi mumkin.
7.
Alohida investitsiya loyihalarini amalga oshirishning kalendar rejasi va
byudjetning o‘zgarishi bo‘yicha takliflarni asoslash. Agar alohida investitsiya
loyihalarini amalga oshirish jarayonini me‘yorlashtirish imkoniyatlari cheklangan
bo‘lsa (ya‘ni to‘liq hajmda me‘yorlashtirishga olib kelolmasalar) yoki mavjud
bo‘lmasa, u holda monitoringning yakunlovchi bosqichi bo‘lib, byudjet va joriy
rejalashtirilgan - kalendar rejaning asosiy hujjatlariga tegishlicha tuzatishlar
kiritish bo‘yicha takliflarni asoslash hisoblanadi. Alohida hollarda investitsiya
loyihasining investitsiya portfelidan «chiqishi» to‘g‘risidagi taklif asoslangan
bo‘lishi mumkin.
Investitsiya loyihalari monitoringi faqat uni amalga oshirish jarayonigagina
xos bo‘lmasdan, balki ularni moliyalashtirishga bo‘lgan davrlarda ham o‘tkaziladi.
Loyihani moliyalashtirishga qadar o‘tkaziluvchi monitoringning ahamiyati
shundaki, u loyihani moliyalashtirish davridagi monitoringga nisbatan afzalroq va
ahamiyatliroq hisoblanadi. Chunki uning natijasida investorlarning loyihani
amalga oshirishdagi maqsadlari oldindan ko‘proq ta‘minlanish imkoniyatlari hosil
qilinadi.
Loyihani moliyalashtirishga qadar o‘tkaziladigan monitoring quyidagilarni
o‘z ichiga qamrab oladi: investitsiya kontseptsiyalarini qidirish; loyihani
boshlang‘ich tayyorlash; loyihani so‘nggi shakllantirish va uning texnik-iqtisodiy
moliyaviy afzalligini baholash; loyihani uzil-kesil ko‘rib chiqish va u bo‘yicha
qarorlar qabul qilish.
251
Loyihaning ushbu bosqichlardan o‘tishi investitsiyalarning amalga
oshirilishini ta‘minlaydi. Bunday vaziyatni keltirib chiqarish uchun investitsiya
g‘oyasini amalga oshirishning barcha jihatlari puxta tayyorlanishi va shunga mos
biznes-reja (investitsiya loyihasi) ishlab chiqilishi lozim. Bunday loyiha salohiyatli
(potentsial) investorlar manfaatiga mos kelar ekan, demak, o‘tkazilgan tadqiqot
ishlari ko‘zlangan natijaning hosil qilinishini ta‘minlaganligini ko‘rsatadi.
Natijalar va o‘tkazilgan tahlillarning foydali hisoblanishi loyihani amalga
oshirish va uni moliyalashtirishning eng yaxshi variantini (sxemasini) tanlash
to‘g‘risida qaror qabul qilish imkonini (bosqichiga o‘tishni) beradi. Ushbu bosqich
yondashuvining afzalligi loyihani tayyorlashga sarflangan xarajatlarning
samaradorligini ko‘rsatib berish va oshirishda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Shuningdek ushbu bosqich eng ustuvor va samarali loyihani aniqlash va tanlab
olish imkonini ham beradiki, bu esa istiqbolsiz deb topilgan loyihalarning o‘z
vaqtida aniqlanishini va rad etilishini hamda yirik miqdordagi mablag‘larning
behuda sarflanishining oldi olinishini ta‘minlaydi. Loyihalarni bunday saralash esa
hamisha muhim hisoblanib kelinadi.
Mablag‘lar kiritishga munosib biznes-g‘oyalarni qidirish va tanlash
investitsiyalash bilan bog‘liq faoliyatning eng muhim boshlang‘ich nuqtasi
hisoblanadi. Sababi, ushbu hol, oxir-oqibatda, investitsiya mablag‘larini safarbar
etish asosiga aylanishi mumkin. Buning uchun loyihani boshlang‘ich tayyorlash
ishlari puxta olib borilishi lozim.
Loyihani boshlang‘ich tayyorlash bosqichining vazifasi esa investitsiya
loyihasining munosib biznes-rejasini ishlab chiqish, ya‘ni har qanday tijorat
faoliyati uchun umumiy masalani hal etishdan iboratdir. Bunday biznes-rejaning
vazifasi quyidagi ikkita asosiy savolarga javob topishga asoslanadi:
-
investitsiya loyihasi kontseptsiyasi qanchalik qiziqarli hisoblanadi va uning
ustida ishlashni davom ettirishdan hamda loyihaning texnik-iqtisodiy va moliyaviy
maqbulligini baholash uchun asosli ma‘lumotlarni tayyorlashdan mantiq
mavjudmi?
252
-
ushbu investitsiya loyihasi kontseptsiyasida e‘tiborni qaratish lozim bo‘lgan
tadqiqotlar va loyihaning kelgusi muvaffaqiyati uchun o‘zgaruvchi ahamiyat kasb
etuvchi qandaydir jihatlar mavjudmi?
Loyihani so‘nggi shakllantirish va uning texnik-iqtisodiy va moliyaviy
afzalligini baholash bosqichida investitsiyalarning barcha jihatlari bilan bog‘liq
variantlarni va muammolarni muqobil ko‘rib chiqishni ta‘minlashi lozim bo‘lgan
loyihaning texnik-iqtisodiy va moliyaviy asoslanishini tayyorlash hamda tahlil
etish amalga oshiriladi.
So‘nggi qarorni qabul qilish uchun ma‘lumotlarning barcha turlarini
tayyorlash loyihani so‘nggi shakllantirish va moliyaviy afzalligini puxta baholash
bosqichining asosiy mazmunini tashkil etadi. Bu bosqich faqat kerakli moliyaviy
mablag‘larning etarlicha aniqlik darajasida qat‘iy ta‘minlangan bo‘lishi mumkin
bo‘lgan hollardagina amalga oshirilishi lozim.
So‘nggi va navbatdagi bosqich loyihani uzil-kesil ko‘rib chiqish va loyihani
moliyalashtirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida so‘nggi qaror qabul qilish
hisoblanib, u loyihaning amalga oshirilishi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun asos
hisoblanuvchi baholash ishlarini o‘tkazishni nazarda tutadi.
Loyihaning sifati qanchalik yuqori bo‘lsa, uni baholash bo‘yicha shunchalik
kam ish olib boriladi. Baholi xulosani tayyorlashda esa asosiy e‘tibor loyihani
moliyalatirishni amalga oshiruvchi firmaga qaratiladi. Agar firma tajribali va
salohiyatli bo‘lsa, loyihaning tashkiliy-moliyaviy jihatdan muammolarining
butunlay hal etilishi ta‘minlanishi mumkin. Loyihani eng so‘nggi baholashda
qo‘llaniladigan usullar esa tahlilning texnik, tijorat, bozor, boshqaruv, moliyaviy
jihatlariga asoslanadi.
Shunday qilib, loyihani moliyalashtirishga qadar o‘tkaziluvchi monitoring
loyihaning samaradorligi va hayotiyligini boshlang‘ich tahlil etish uchun amalga
oshiriladi. Bunday monitoring loyihani amalga oshirishdagi kelib chiquvchi
muammolarning oldini olishga va loyihani moliyalashtirish jarayonidagi
monitoringning ishonchli va jiddiy vaziyatlarni keltirib chiqaruvchi sabablarsiz,
engilroq o‘tkazilishiga imkon beradi.
253
Banklarda investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning monitoringini olib
borish bilan bankning «Loyihalarni moliyalashtirish monitoring» bo‘limi
shug‘ullanadi. Bu bo‘lim ham bankning boshqa bo‘limlari kabi o‘zining Nizomiga
ega bo‘ladi. Bo‘lim faoliyati bankning moliyachi-maslahatchilar tomonidan ishlab
chiqilgan loyihalar monitoringini o‘tkazish tartibi bo‘yicha Nizomga asoslanadi.
Ushbu Nizomda joriy monitoringni o‘tkazishning to‘liq jarayoni, qarz oluvchini
moliyaviy ahvolining baholash usullari, turli xil moliyaviy koeffitsentlarni
hisoblash usullari, muammoli kreditlarning monitoringini o‘tkazish tartibi, tahliliy
usullar va ushbu holatlarni hal etishga doir maslahatlar keltirilgan bo‘ladi.
Bu bo‘lim faoliyatining asosiy maqsadi ssuda hisob-raqamidan to‘lov
hujjatlarining qilingan to‘lovlarga mosligini nazorat qilish, ob‘ekt joylashgan joyga
chiqish bilan birga kreditdan maqsadli foydalanilganligini tekshirish, bajarilgan
ishlarning nazorat o‘lchamlarini o‘tkazish va qurilish muddatidan qat‘iy nazar
yilda kamida ikki marta sotib olingan uskunalarni inventarizatsiya qilish
hisoblanadi.
Kreditdan maqsadli foydalanilmaganligini, uskunalarning komplekt (yaxlit)
emasligi hamda etkazib kelinmanganligini va boshqalarni aniqlashda bu bo‘lim
quyidagi choralarni qo‘llashga haqli hisoblanadi:
- kreditlardan maqsadli foydalanilmaganda kreditlarning qolgan qismini
muddatidan oldin qaytarib olish (undirib olish);
- bajarilgan ishlar qismi hajmida kredit summasini muddatidan oldin qaytarib
olish;
- jarima jazolarini qo‘llash.
Yuqorida keltirilgan huquqlar va maqsadlarga ega bo‘lgan holda monitoring
bo‘limi o‘zining tegishli majburiyatlarini bajaradi.
Banklarda monitoring quyidagi sohalarda olib boriladi:
-
moliyalashtirishni nazorat qilish;
-
qurilish jarayonini va loyihani ishga tushirishni nazorat qilish;
-
kreditning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish;
-
kredit qaytarilishini nazorat qilish.
254
Ushbu sohalar monitoringiga parallel ravishda garovga qo‘yilgan mulk
predmetlari holatini va korxonaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini baholash ham
olib boriladi.
Moliyalashtirish monitoringida quyidagi faoliyatlar amalga oshiriladi:
1.
To‘lov hujjatlarining tasdiqlangan ob‘ekt smetasiga va foydali
ishlatilishiga hamda shartnoma baholarini aniqlashning to‘g‘riligiga mos
kelgandagi to‘lov ob‘ektlariga ssuda hisob-raqamidan ajratilgan har bir to‘lovni
nazorat qilish.
2.
Qurilish ketayotgan joyga borib kreditdan maqsadli foydalanilayotganini
har chorakda tekshirish.
3.
Har choraklik statistik tahlilni o‘tkazish, moliyalashtirishning real va rejali
jadvalini va qarz oluvchining kredit bo‘yicha to‘lovlarini nazorat qilish.
4.
Kredit shartnomasi, loyiha monitoringining rejasi va texnik tartibi
talablarga mos kelishini nazorat qilish.
Dostları ilə paylaş: |