Auditorlik tekshiruvi hajmining cheklanganligi- bu xo‘jalik yurituvchi sub’ekt vakillari yoki uchinchi shaxslarning, boshlab qo‘yilgan auditorlik tekshiruvini, auditor auditorlik xulosasi tayyorlash uchun yetarli deb hisoblaydigan hajmda o‘tkazishga to‘sqinlik qilishga qaratilgan ochiqdan-ochiq ko‘rsatadigan hatti-harakatlari yoki harakatsizligidir.
Auditorlik xulosasi tuzishdan voz kechish ariza ko‘rinishida bo‘lib, «Auditorlik tashkilotining auditorlik xulosasi tuzishdan voz kechish to‘g‘risidagi arizasi»deb nomlanadi.
Agar salbiy xulosa tuzilsa yoki xulosa tuzilmasa, auditor ta’kidlovchi qismda tekshiruv natijalarini, aniqlangan amaldagi qonunchilik buzilishi faktlarini va korxona faoliyatidagi boshqa kamchiliklarni batafsil bayon qiladi.
Auditorlik xulosasi kamida uch nusxada tuzilib, uning ikki nusxasi auditorlik tekshiruvi buyurtmachisi ya’ni korxona rahbariyatiga taqdim qilinadi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar auditorlik tekshiruvi yakunlanganidan so‘ng 15 kun ichida auditorlik xulosasining bir nusxasini o‘zlari joylashgan hududdagi soliq organiga taqdim qiladilar.
Auditorlik xulosasi moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar uchun tushunarli bo‘lib, unda auditorning ikkilanish va(yoki) noroziligidan kelib chiqqan cheklashlar aniq ko‘rsatilishi lozim. Auditorlik xulosasi barcha moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar olish imkoniga ega bo‘lgan ochiq axborot hisoblanadi. Auditorlik xulosasi tegishli moliyaviy hisobotlar bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan chop ettirilishi mumkin.
Agar ko‘rsatilgan kamchiliklar buxgalteriya hisobotining haqqoniyligiga ta’sir qilmaydigan bo‘lsa, auditor xulosa tuzishga kirishadi. Aks holda auditor buxgalteriya hisobining yuritilishi va korxona tomonidan taqdim qilingan hisobotlar to‘g‘riligini tasdiqlashdan bosh tortishi lozim. Faqat ko‘rsatilgan kamchiliklar tugatilgandan so‘nggina tekshiruvlarni yakunlashi va ularning natijalari bo‘yicha xulosa tuzish mumkin. Buxgalteriya hisobini yuritish va hisobot tuzishdagi kamchiliklarni tugatish uchun korxonaga berilgan vaqt, odatda, agar bunday ishlarning jiddiyligi va sermehnatligi real baholansa, ikki - uch oydan oshmasligi lozim.
Auditorga barcha zarur ma’lumotlar o‘z vaqtida taqdim etilmagan yoki buzib ko‘rsatilgan holda taqdim etilganligini u bilmagan bo‘lsa, bunga auditor javobgar hisoblanmaydi. Bu hollarda barcha javobgarlik zarur ma’lumotlarni auditorga taqdim etishi lozim bo‘lgan, tekshirilayotgan korxona ma’muriyati va uning ma’sul xodimlariga yuklatiladi.
Shu boisdan, korxona rahbari va moliya-hisob xizmati xodimlari oldindan, auditorlik xulosasini oxirgi tahrirda tuzgunga qadar tanishib chiqishlari, agarda ularda ayrim holatlarga nisbatan norozilik, mulohaza yoki qandaydir takliflari bo‘lsa, ushbu bildirilgan fikrlar diqqat bilan eshitilib, korxona xodimlari ishtirokida muhokama qilinishi va asoslangan holda chiqarib tashlanishi yoki e’tiborga olinib, xulosaning oxirgi taxririda inobatga olinishi lozim.
Korxona bir oy ham o‘tmasdan so‘ng qayta tekshirish natijasida ijobiy xulosa olsa, bu hol auditorlarga ishonchsizlik bildirishga olib kelishi mumkin. Bu xuddi oylab darsga qatnashmagan, qobiliyatsiz talabaning imtihonda mutlaqo savodsizligini namoyon qilib, «qoniqarsiz» baho olganidan so‘ng, ertasiga ba’zi bir sabablarga ko‘ra «a’lo» bahoga qayta topshirgani kabi noreal hodisadir.
Shuningdek, agar tekshiruvda hech qanday kriminalga oid holat aniqlanmagan bo‘lsada, xulosalarni ochiqdan-ochiq yoki niqoblangan ishoralar bilan shakllantirish mumkin emas. Ammo, shunga qaramasdan korxona ishida suyiste’mol hollari uchrasa, sudlov-tergov organlari tomonidan chuqur tekshirilib, ular ochib tashlanadi. Yana bir marta shuni ta’kidlash lozimki, auditor xulosada faqat qo‘l ostidagi hujjatlar yoki aniq formulalar, retsepturalar, normalar, limitlar va boshqa ma’lumotlarga asoslangan, benuqson, aniq hisob-kitoblar bilan tasdiqlangan faktlarni keltirishi lozim.
Auditorlik xulosasida hech qanday taxminlar, gumonlar, mish-mishlar va boshqa tasdiqlanmagan manbalardan olingan ma’lumotlarni keltirish mumkin emas. Shuningdek, xulosada judayam ehtiroslarga berilgan so‘zlar, keltirilgan faktlar bo‘yicha sharhlar, masalan, «o‘ta ketgan, ashaddiy sovuqqonligi natijasida. . . » kabi jumlalar bo‘lmasligi kerak.
Auditorlik tekshiruvi yakunlanganidan so‘ng barcha materiallar (ishchi va analitik jadvallar, hisob-kitoblar, auditorlik tekshiruvi va xulosalar hamda ekspertiza dalolatnomalarining birlamchi nusxalari, hisob xodimlari, moddiy javobgar shaxslar va boshqalarning tushuntirish xatlari) har bir tekshirilgan korxona uchun maxsus ochilgan papkalarda saqlanishi lozim.
Navbatdagi tekshiruvdan oldin ushbu materiallar tekshiruv eng boshidan aniq maqsadga yunaltirilgan va samarali bo‘lishi, buning ustiga uni mazkur korxonani tekshirishda oldin ishtirok etmagan, yangi xodimlar o‘tkazsa, ularga yaqindan yordam berishi mumkin.
Bulardan tashqari, oydinlashtirilishi lozim bo‘lgan ayrim savollar yoki tekshirilayotgan korxona tomonidan da’volar (masalan, auditorlar tomonidan mijoz-korxonaning hisob va hisobotlarini tekshirish natijalari bo‘yicha salbiy xulosa aniqlanganda) paydo bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda haqiqatni qaror toptirish uchun auditorlik hisoboti va xulosasidagi ishchi materiallarga murojaat qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |