Bog‘larni parvarish qilish: o‘g‘itlash, sug‘orish, mevali daraxtlarga shakl berish vа butash Yosh bog‘lar va hosilga kirgan meva bog‘lariga ishlov berish, o‘g‘itlash va sug‘orish tizimlari. Tuprog‘i sho‘rlangan yerlarda tashkil etilgan bog‘ qator oralarida birinchi yillarda qovun, tarvuz ekilishi ma’qul sanaladi. G‘o‘za o‘stiriladigan zonalarda esa chigit ekish yaxshi natija beradi. Boshqa yerlarda bog‘ qator oralarida beda, paxta, kartoshka, ertagi va o‘rtagi karam, lavlagi o‘stirish, payvandtaglar olish uchun olma, nok, behi urug‘lari va yer yetilmagan vaqtlarda vaqtincha 1- va 2-dala ko‘chatzorlarini yosh bog‘ qator oralarida qatordan qochirib barpo qilish ham mumkin. Beda ekiladigan bog‘lar suv bilan yetarli darajada ta’minlangan bo‘lishi zarur.
Chunki beda yozda o‘zining o‘sishi uchun juda ko‘p suv sarflaydi. Masalan, 1 ga beda o‘suv davri davomida 8–12 ming m3 suv sarflaydi. Beda o‘zining barg va poyalari bilan suvning tuproq orqali bug‘lanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Natijada, tuprog‘i sho‘rlangan yerlarda yer betida sho‘r tejalmaydi. Beda ekiladigan bog‘ qator oralarining har gektariga 600– 800 kg superfosfat solinadi. Ko‘kat o‘g‘it sifatida nikolsop no‘xati, kuzgi vino, shabdor vinodan iborat bir yillik dukkakli o‘simliklar ekiladi.
Tuproqning namligi. Tuproq yoqqan yog‘in-sochin va sug‘orish hisobidan namga to‘yinadi. R.R.Shreder nomli institut kuzatishlariga ko‘ra, yil bo‘yi yoqqan yog‘inning taxminan 69,2 foizi bog‘ qator oralariga tushadi. Hatto oktabr, noyabr oylarida daraxt barglari siyraklashib qolganiga qaramay atmosferadan yoqqan yog‘inning 11,1 foizdan 55,5 foizgachasini daraxt shox-shabbalari olib qoladi. O‘suv davrida barglari qalin joylashgan daraxtlar yoqqan yog‘inning yanada ko‘proq qismini shox-shabba tagiga o‘tkazmay o‘zida olib qoladi. Yilning qurg‘oqchilik davrida yoqqan ozgina yomg‘ir tuproq qatlamiga o‘tmay, balki daraxt barglari va tuproq yuzasida bug‘lanib ketadi.
Bahorda yoqqan yomg‘irning ham anchagina qismi daraxt shox-shabbasida ushlanib qoladi va bug‘lanib ketadi. Yoqqan yomg‘ir tuproq namini oshiradi.
Bog‘ tuprog‘ining namligiga qarab (sug‘orilmasdan) to‘rt davrga bo‘linadi: birinchi davr – ho‘l, tuproqning 100 sm li qatlamidagi o‘rtacha namligi tuproqning absolyut quruq vazniga nisbatan 19,7–21,2 foizni tashkil etadi (yanvardan aprel oxirigacha). Ikkinchi davr – tuproq quriy boshlaydi (aprel oxiridan iyulning ikkinchi o‘n kunligigacha) va tuproqning namligi 18,3–12,6 foiz bo‘ladi. Uchinchi davr – qurg‘oqchilik (iyulning ikkinchi o‘n kunligidan noyabrning ikkinchi o‘n kunligigacha) davrida tuproqning namligi 9,0–9,6 foiz bo‘ladi. To‘rtinchi davr – tuproqning nami osha boshlab 10,9– 17,2 foizga yetadi (noyabr–dekabr).
Ayrim yillarda, yog‘ingarchilik miqdori va muddatlariga qarab bu raqamlar o‘zgarishi mumkin (A.Ribakov, S. Ostrouxova, 1981). Iyul, avgust, sentabrda tuproqning namligi 7,9–9,5 foizgacha kamayib, eng past darajaga (6,5 foizga – ikki karra gigroskopiklikka) yetadi. Bu vaqtda meva daraxtlari, ayniqsa suvtalab bo‘ladi. Tuproqdagi namlikning daraxtlar o‘sishi va meva tugishiga ta’siri. O‘simlikdagi hayotiy jarayonlar – fotosintez, o‘suv nuqtasida hujayralar bo‘linishi va boshqa jarayonlar hujayralarda suv yetarli bolgandagina me’yorida o‘tadi.
Suvning yetarli bo‘lishi ikki jarayonning, ya’ni ildiz tizimining suv berib va barglar yuzasining suv bug‘lantirib turish jarayonlarining o‘zaro moslanishi bilan ta’minlanadi. Suvning kelib turishi va chiqib ketishi o‘simlikning suv bilan ta’minlanish rejimini tashkil etadi. Meva daraxtlarining qancha suv sarflashi iqlim omillari, o‘simliklarning tabiati, ularning yoshi, hosilning miqdori va agrotexnika tizimiga qarab belgilanadi. O‘zbekiston tekisliklarida ko‘p yog‘in yog‘maydi, yiliga yoqqan yog‘in 200–350 mm chamasida bo‘ladi.
Xorazm va Qoraqalpog‘istonda esa yanada kamroq yog‘in yog‘adi. Yog‘ingarchilik ko‘pincha kuz, qish va erta bahorda bo‘ladi. May–oktabr davrida yog‘ingarchilik deyarli bolmaydi. Shuning uchun dehqonchilik va, shu jumladan, bog‘dorchilik bilan sun’iy sug‘orish sharoitidagina shug‘ullanish mumkin. Sug‘orish butun yil mobaynida bog‘larni namlik bilan ta’minlabgina qolmay, balki bog‘ mikroiqlimiga ijobiy ta’sir etadigan omil hamdir.
Sug‘orish cheklab qo‘yilib, tuproqda nam yetishmay qolgan taqdirda meva daraxtlari sekinroq o‘sadi, ularning bargi va hosili kamayadi, xazonrezgilik barvaqt boshlanadi. R.R.Shreder nomli institutning juda ko‘p ma’lumotlariga ko‘ra, hosilga kirgan olma bog‘lari sug‘orib turilgan taqdirda daraxt novdalarining o‘sishi 1,4 marta, tanasining aylanasi 3,4 martacha, hosili esa 1,6–2 baravar oshadi. Sizot suvlari chuqur joylashgan yosh mevali bog‘lar sug‘orilmasdan umuman o‘sa olmaydi. Daraxtlar qishga kirganda zaxira oziq moddalari kam bo‘ladi, ularning sovuqqa chidamliligi pasayadi (A.Ribakov, S. Ostrouxova, 1981). Ko‘p miqdorda va katta dozalarda sug‘orish orqali tuproqning haddan ziyod kamayib ketishi ham bog‘ uchun zararlidir.
Bu holda tuproq botqoqlanib, uning fizik xossalari, ayniqsa, havo rejimi yomonlashadi, ildiz tizimining faoliyati uchun noqulay sharoit paydo bo‘ladi. Zaxlatib sug‘orilgan bog‘lardagi daraxtlarning kuzgi o‘sishini kechiktirib yuboradi va ularning sovuqqa chidamliligini kamaytiradi. O‘zbekiston bog‘larida A.A.Ribakov va S.A.Ostrouxova (1981)ning ko‘p yillar davomida olib borgan tajribalari shuni ko‘rsatdiki, o‘suv davri davomida tuproqning ildiz taralgan qatlamdagi (30–100 sm) namlik tuproqning to‘la nam sig‘imiga nisbatan 80–85 foizni tashkil etishi lozim.
Bo‘z va qumoq, o‘tloq tuproq uchun bu namlik tuproqning absolyut quruq vazniga nisbatan taxminan 18–20 foizni tashkil etadi. Qumoq, qumloq va shag‘al toshli yerlar uchun namlik foizi kamroq, og‘ir soz tuproq uchun esa ko‘proq bo‘lishi lozim. Ammo shu bilan birga shuni e’tiborga olish lozimki, meva daraxtlarida shira harakati boshlangan davrda namga, ayniqsa, talabchan bo‘ladi va novdalar o‘sgan, barglar ko‘paygan, mevalar hosil bo‘lgan va kattalashgan sari bu talab oshib boradi. O‘suv davri oxirida o‘simliklarning suvga bo‘lgan talabi kamayadi. Tuproqning namligi mevalarning sifatiga ham ta’sir qiladi. Kamroq, shuningdek, kechiktirib sug‘orish, ayniqsa, hosil mo‘l bo‘ladigan yillari mevalarning to‘kilib ketishiga sabab bo‘ladi. R.R.Shreder nomli institut bog‘larida sug‘orishlar soniga qarab hosilning qanchasi to‘kilgani qayd qilingan. Shuningdek, tuproqning namligi yetarli bo‘lmasa, mevalarning o‘rtacha vazni kamayib ketadi.
Qandil sinap nav olmaning o‘rtacha vazni ikki marta sug‘orilganda 54 gr, to‘rt marta sug‘orilganda esa 74 gr kelgan. Bundan tashqari, ko‘pgina kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, yetarli sug‘orilmasa olma va nokning saqlanish muddati ikki haftaga qisqarib, ular tarkibidagi qand va kislotalar miqdori kamayadi. Sug‘orish orqali tuproqda ildizlarning joylashishini tartibga solish mumkin. Tez-tez va kamroq dozalarda sug‘orilsa, ildiz tuproqning ustki qatlamiga taraladi. Bunday daraxtlar tuproqning qizib ketishi natijasida tez qurib qolganligi sababli tez-tez sug‘orishni talab qiladi (Cherepaxin va boshqalar, 1991).
Mevali daraxtlar qondirib sug‘orilsa, daraxtning ildizlari chuqur qatlamlarga o‘tib, tuproqning katta hajmini qamrab oladi. Bu esa daraxtlarning o‘sishiga va hosil berishiga ijobiy ta’sir etadi. Ammo har qanday tuproqni ham ana shunday qilib sug‘orib bo‘lmaydi. Masalan, sizot suvlari yuza bo‘lgan sho‘rlangan tuproqni qondirib sug‘orib bo‘lmaydi. Aks holda suv tuproqning chuqur qatlamlariga yetib borib, u yerdagi tuzni tuproqning haydaladigan qatlamiga chiqarib va tuproqni sho‘rlantirib qo‘yadi: Sug‘orish usullari. Dunyo mevachiligida va, shu jumladan, O‘zbekistonda sug‘orishning to‘rtta usuli qollaniladi: – Pol olib sug‘orishda bog‘da daraxt tanasidan 1–3 m oraliqda (daraxtning katta-kichikligiga qarab) uzunasiga va ko‘ndalangiga plug bilan pushtalar olinadi. Pushtaning balandligi va eni 30 sm bo‘ladi. Natijada, bog‘ bir qancha pollarga bo‘linib chiqiladi. Bu pollarga suv to‘ldiriladi. Ularda suv 6 dan 12 soatgacha turadi. Bog‘ tuprog‘ining sho‘rini yuvishda ham shu usuldan foydalaniladi. – Uya olib sug‘orishda daraxt atrofi uya olib biroz kovlanadi va uyalarga suv quyiladi.
Bu usul tekislanmagan, past-baland, suv bir me’yorda kelib turmaydigan va qisqa muddat beriladigan joylarda qo‘llaniladi. Pol va uyalar daraxt atrofida suvni ko‘p to‘plash imkonini beradi. – Bostirib sug‘orish usulida tekis yerda barpo qilingan bog‘lar bostirib sug‘oriladi. Bu usulda sug‘orilganda suvning yerga bir tekis taralishi va singishi, pastroq joylarda to‘planib qolmasligi va ayrim joylarni yuvib ketmasligi kuzatib turiladi. Suvni birdaniga quyib, ayrim polosalarni ketma-ket suvga bostirish ma’qul.
Bu usul yaxob suvi berishda qo‘llaniladi. – Jildiratib sug‘orishda sog‘ tuproqli bog‘ daraxt qator oralariga 20–25 sm chuqurlikda va egatlar orasini 100–120 sm, o‘rtacha qumoq tuproqli yerlarda esa 80–100 sm va yengil qumoq tuproqli yerlarda 60–70 sm qilib okuchnik bilan egat olinadi. Birinchi egat daraxt tanasidan 0,75–1,0 m oraliqda o‘tkaziladi. Hosilga kirmagan yosh bog‘larda daraxt qatorlarining har qaysi tomonidan bir– ikki egat olinadi.
Daraxtlar o‘sgan sari egatlar ko‘paytirilib (qator oralari kengligi va tuproqning sifatiga qarab) olti–sakkiztaga yetkaziladi. Egatlarning uzunligi yerning nishabliligiga bog‘liq bo‘ladi; sal nishab yerlarda egatning uzunligi 150 m, qiyaroq yerlarda esa suv tuproqni yuvib ketmasligi uchun egat 75–100 m qilinadi; tuproq tagida shag‘al toshli qatlami bo‘lgan yerlarda egatning uzunligi 50 m gacha bo‘ladi. Aks holda tuproq bir tekis namlanmaydi. Egatlar bog‘ni sug‘orish oldidan olinadi. Suv o‘qariqdan 15–20 egatga sekin jildiratib qo‘yiladi va egat oralari yaxshi namlangunga qadar ikki–uch kecha-kunduz davomida jildiratib sug‘oriladi. Kuzda tuproq suvni kamroq o‘tkazadigan bo‘lib qoladi, bunda tuproqni chuqurroq yuvish uchun uzoqroq sug‘oriladi. Suvni egatlarga to‘g‘ri taqsimlash uchun uzunligi 25–30 sm, diametri 3–5 sm bo‘lgan yog‘och yoki temir naylar qo‘yiladi
Jildiratib sug‘orilganda suv tuproqning ildiz taralgan qatlamini bir tekis namiqtiradi va ildizlarning hamma tomonga me’yorida o‘sishi uchun qulay sharoit yaratadi. Bu usulda sug‘orilganda yer yuzasida qatqaloq hosil bo‘lmaydi, pol yoki uyalar olib sug‘orilgandagiga qaraganda qo‘l mehnati kamroq sarflanib, suv ham tejaladi. Jildiratib sug‘orish eng mukammal va O‘zbekistonning barcha viloyatlarida bog‘larni sug‘orishda qo‘llaniladigan asosiy usul hisoblanadi. Bu usul bilan daraxtlarni sug‘organda o‘rtacha hosildorlik 12–15 s/ga gacha oshirishi ko‘pgina o‘tkazilgan ilmiy izlanishlarda ko‘rsatilgan (Ostonaqulov T.E. va boshqalar.
Mevasabzavotchilik va polizchilikdan amaliy mashg‘ulotlar. – Samarqand. 2004, 260-bet); Daraxtlar o‘tqazilgach bir–ikki yil mobaynida daraxt tanasidan 0,75–1 m oraliqda olingan halqasimon ariqchalar sug‘oriladi. Ariqchalar yoz bo‘yi saqlanib qoladi va sug‘orilgandan keyin yumshatiladi, sug‘orish oldidan esa tuzatib qo‘yiladi. Suv halqasimon ariqchalarga daraxt qatorlari bo‘ylab olingan o‘qariqlardan beriladi. Daraxtlar biroz o‘sgandan keyin halqasimon ariqlardan etnas, balki egatlardan sug‘oriladi. Sug‘organda suvni kamroq nobud qilish va ariq kovlashda bo‘ladigan xarajatlarni kamaytirish uchun keyingi yillarda egiluvchan elastik quvurlar qo‘llanila boshladi.
Bunday quvurlarni joy-joyiga qo‘yish va yig‘ib olishda KD-35 yoki DT-54 markali traktorlarning o‘raydigan moslamalaridan foydalaniladi. Bu usul sho‘rlangan tuzlarning yer yuziga chiqib ketish havfi bo‘lgan, shuningdek, sizot suvlari yaqin joylashgan tuproqni sug‘orish uchun, ayniqsa, qulaydir. Bu usul bog‘larni sug‘orishni qisman mexanizatsiyalashtiradi. Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasida ham progressiv, ya’ni yomg‘irlatib sug‘orish usuli qo‘llanilmoqda. Bu usul ariq bilan suv keltirib bo‘lmaydigan tog‘ yonbag‘irlarida, sizot suvlari juda yaqin joylashgan va ular sathini kamaytirishning imkoni bo‘lmagan yerlarda, shuningdek, kanallarida suv kam bo‘lgan joylarda qo‘llanilishi tavsiya etiladi. Sug‘orish muddatlari va miqdori.
O‘simliklar suvdan muayyan vaqt ichida foydalanadi, so‘ngra esa yana sug‘orishni talab qiladi. Shuning uchun sug‘orishning shunday tartibini qo‘llash lozimki, bu tartib butun sug‘oriladigan davr o‘rtalarida tuproqning namligini me’yorida ta’minlab tursin. Mo‘l hosil bergan va, ayniqsa, mevalari kech pishadigan bog‘lar kam hosil bergan yoki hosil bermagan bog‘larga qaraganda ko‘proq me’yorda va tez-tez sug‘orib turiladi. O‘suv davrining issiq kunlarida (iyul–avgust) tuproqdagi nam ham, o‘simlikdagi nam ham tez bug‘lanadi. Shuning uchun bu davrda bog‘larga tez-tez va ko‘proq suv berib turiladi. Daraxt qator oralariga ekin ekilgan bog‘lar shudgor qilib qo‘yilgan bog‘larga qaraganda ko‘proq sug‘orishni talab qiladi. Bunday holda bir–ikki marta qo‘shimcha sug‘oriladi.
Sug‘orish muddatlari yil faslidagi fexologik davrlarga to‘g‘ri keltiriladi. Bog‘larda o‘suv davrida va qishki (nam to‘plash maqsadidagi) sug‘orish o‘tkaziladi. Birinchisi o‘suv davrida, ikkinchisi o‘simliklar tinim davrida o‘tkaziladi. O‘zbekistonning sug‘oriladigan erlarida dehqonchilik tajribasidan kelib chiqib xazonrezgilikdan keyin va qora sovuqlar boshlangunga qadar bo‘lgan davr yaxob berish uchun eng qulay vaqt ekanligi ko‘rsatiladi.
Bu vaqtda suv tuproqning chuqur qatlamigacha singib, ildiz taralgan qatlamini yaxshi namlatadi. Agar qora sovuq boshlangungacha yaxob berilmagan bo‘lsa, uni tuproqning muzi erigan davrda va mart oyigacha beriladi. g muzi erigan davrda va mart oyigacha beriladi. 98 Bog‘larga yaxob bir–ikki marta, yengil va shag‘al toshli tuproqqa esa ikki–uch marta, lekin kamroq me’yorda beriladi. Sizot suvlari yaqin joylashgan yerlarga yaxob berish ortiqcha bo‘lib, hatto zarar keltirishi ham mumkin. Bog‘larni sug‘orishda meva daraxtlarining o‘suv davridagi fazalar hisobga olinadi.
Qishda va bahorda yog‘in kam yoqqan, qishda yaxob berilmagan taqdirdagina daraxtlar gullagunga qadar sug‘oriladi. Kuzda daraxtlar o‘sishini o‘z vaqtida to‘xtashini va qishki tinim davriga tayyorlanishi uchun meva bog‘larini sug‘orishni respublikaning shimoliy viloyatlarida sentabrda, janubiy viloyatlarida esa sentabrning o‘rtalarida to‘xtatadilar. Yosh bog‘lar ko‘proq talabchan bo‘lgani uchun sug‘orish sentabrning birinchi yarmida, respublikaning janubiy viloyatlarida va shag‘al toshli tuproqlarda esa sentabrning ikkinchi yarmida to‘xtatiladi. Dunyo mevachiligida va shu jumladan, O‘zbekistonda sug‘orish muddatlarini aniqlash bo‘yicha ko‘pgina ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilgan (A.Ribakov, S.Ostrouxova, 1981).
O‘tkazilgan tajribalar va ko‘p yillik bog‘dorchilik ishlari shuni ko‘rsatdiki, hosil berib turgan bog‘lar o‘suv davrida 3–4 marta, respublikaning janubida 4–6 marta, shag‘al toshli erlarda esa 13–18 martagacha sug‘orilishi kerak. Sizot suvlari yaqin bo‘lgan o‘tloq tuproqda sug‘orish miqdori kamaytiriladi; ba’zan esa bir-ikki marta sug‘orishning o‘zi kifoya qiladi. Olti marta sug‘orilgan taqdirda uning muddatlari taxminan quyidagicha: aprelda (bahor quruq kelganda) bir marta, may va iyunda bir martadan, iyulda ikki marta, agustda bir marta sug‘oriladi. Shuncha miqdorda suv berishda bo‘z tuproqli yerlarda bir–ikki marta berilgan yaxob hamda shag‘al toshli erlarda ikki–uch marta berilgan yaxob hisobga olinadi. Toshkent viloyatida tuproqni mulchalab, bir–ikki marta iyul–avgust boshlarida sug‘orish bilan cheklanish mumkin. Shag‘al toshli yerlarda mulchalab 18 marta o‘rniga 7 marta sug‘orish ham mumkin. Sug‘orish me’yorlari.
Har galgi va mavsumda beriladigan suv me’yori meva daraxtlarining yoshiga, tuproqning mexanik tarkibiga, sizot suvining sathiga, hosilning ko‘p-kamligiga va boshqa omillarga qarab belgilanadi. Yosh bog‘lar uchun amalda qo‘llanib kelingan; sug‘orish me’yori gektariga 250–500 m3. Daraxtlar kattalashgan sari bu me’yor oshib boradi. Hosilga kirgan bog‘lar uchun har galgi sug‘orish me’yori 800–1200 m3 chegarasida o‘zgarib turadi. Shag‘al toshli va sizot suvlari yaqin joylashgan yerlarda bu me’yor gektariga 400–600 m3 belgilanadi.
Yaxob me’yori 1500–2000 m3 bo‘ladi. O‘zbekiston bog‘lari uchun belgilangan sug‘orish me’yori taxminan quyidagicha: 5 yoshdagi bog‘ning har gektariga 2000– 3000 m3 ; 10 yoshdagi bog‘ning gektariga 4000–5000 m3 va undan kattaroq yoshdagi bog‘larning har gektariga 6000–7000 m3 (yaxob berish ham kiradi). Sug‘organdan keyin tuproqni ishlash. Tuproqning namini yaxshiroq saqlash uchun sug‘organdan keyin kunora sug‘orish egatlari tuproq bilan yopiladi, tuproq qurigandan keyin esa (2– 3 kundan keyin) egatlarning tagi va ikki yoni panjali kultivator bilan yumshatiladi.
Bu ishni kechiktirish yaramaydi, chunki tuproq qurib, palaxsa bo‘lib qolsa, yumshatishni qiyinlashtiradi. Halqasimon ariqchalar va tana atrofidagi tuproq qurigandan keyin ketmon bilan yumshatiladi. O‘g‘itlarning meva daraxtlariga ta’siri. O‘g‘itlar meva daraxtlarida kechadigan bir qancha jarayonlarga ta’sir etadi. Ular bilib ishlatilsa, o‘simliklarning yer ustki qismi va ildiz tizimi juda kuchli rivojlanadi. R.R.Shreder nomidagi institutning ko‘p yillik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘itlangan yerdagi olma daraxtlarining novdasi kontrol uchun ekilgan daraxtlarinikiga nisbatan 80 foiz ortiq o‘sgan; hosili 25–75 foizgacha, ayrim hollarda esa ikki-uch marta ortgan. Y.Djavyakyants ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘itlangan yerda o‘sayotgan Beliy naliv navli olma ildizining 1 metri kuzatilganda undagi faol ildizchalar soni aprelda – 1254 va seritabrda – 1090, nazoratda esa shunga muvofiq ravishda 932 va 644 ta bo‘lgan. Shu bilan bir vaqtda daraxtlar sovuqqa ancha chidamli bo‘lib borgan.
O‘g‘itlardan foydalanish va ularni yerga solish xususiyatlari. Yerdagi oziq elementlarning eng ko‘p qismini daraxtlar meva, so‘ngra esa barg hosil qilishga va shu yilgi novdalarning o‘sishiga sarflaydi. Daraxt qancha qari bo‘lsa, yerdan oziq moddalarni shuncha kop oladi. Yil davomida o‘simlik oziq moddalarning ko‘p qismini o‘siv davrining birinchi yarmida, asosan bahorda, ya’ni jadal o‘sayotganda, so‘ngra esa o‘suv davrining ikkinchi yarmida, ya’ni shoxlar vo‘g‘onlashayotganda va shox-shabbalari quloch yozayotganda, mevalari o‘sib, zaxira oziq moddalar to‘planayotgan vaqtda oladi.
Вu davrlar o‘g‘it solishda muhim davr hisoblanadi. O‘suv davrining oxirida o‘simliklarning oziq moddalarning yutishi deyarli to‘xtaydi. Meva daraxtlarining guli, tugunchalari va barglarida azot, fosfor hamda kaliy eng ko‘p, qari tanasi va yo‘g‘on ildizlarida kamroq bo‘ladi. Shunin, uchun meva daraxtlari juda ko‘p gullaganda gul va tugunchalarning ko‘pi to‘kilib ketsa, undagi oziq moddalar kamayib qoladi. Azotning barcha mineral tuzlari (ammiakli tuzlaridan tashqari) tuproqqa singmaydi va ular yerga solinganda pastki qatlamlarda osongina yuvilib ketishi mumkin.
Bu hol sho‘rlangan yerlarni yuvishda sizot suvlari yuza bo‘lganda, yer me’yorsiz sug‘orilganda, ayniqsa, tuproq yer ostida shag‘al toshli qatlam bo‘lganda yuz beradi. Azotning yuvilib ketishini kamaytirish va o‘simliklar uni yaxshi o‘zlashtirishi uchun yengil hamda juda nam tuproqli yerlarga azotni kam dozada, donador qilib solish lozim. Ammiakli azot yerga yaxshi singadi va tuproqda ushlanib qoladi. Shuning uchun uni yerga istagan vaqtda va hatto, kuzdan boshlab solish ham mumkin.
Yer haddan tashqari nam bo‘lib zichlanib ketsa va unda selitra yoki organik qoldiqlar juda ko‘p to‘planib qolsa, nitratlar parchalanib, erkin azot ajralib chiqadi va u tuproqdan uchib ketishi mumkin. Fosfor tuproqda azotga nisbatan juda sekin siljiydi. Shuning uchun uni yerga erta kuzdan boshlab, mumkin qadar chuqurroq va meva daraxtlari ildizlariga yaqinroq qilib solish kerak. Fosforning eriydigan xillari kalsiy, temir va boshqa asoslar bilan birikadi hamda daraxtlar qiyin o‘zlashtiradigan xiliga aylanadi. Buning oldini olish uchun fosforni uch–besh yilda bir marta katta dozada sochmasdan, chuqur egatlarga to‘p-to‘p qilib yoki donador shaklda solish kerak.
Fosfor va kaliy (besh yilga mo‘ljallab) uzunasiga hamda ko‘ndalangiga ketgan egatlarga 50 sm chuqurlikda solinganda yaxshi natijalarga erishilgan. Bunday holda olma va shaftolilarning shoxi fosfor-kaliy yuza solingan yerdagi daraxtlarnikiga qaraganda 12,2–29,7 foiz, assimilyatsiya yuzasi 54,4–65,4 foiz ortadi, hosildorlik esa shaftolida 1,3, olmada 2,0–3,4 marta ko‘payadi. Binobarin, o‘g‘itlarni chuqur va sochib solish bog‘larning hosildorligini oshirish uchun fosfor va kaliydan foydalanishning eng rat- sional usuli hisoblanadi. G.K.Karpenchuk (Uman) tajribalariga ko‘ra o‘g‘itlarni qatlamlarga solish ham daraxtlarga yaxshi ta’sir etadi. Bunda o‘g‘itlar daraxt tanasidan 2 m narida – 15 sm chuqurlikka, 3 m narida – 25 sm chuqurlikka va 4 m narida – 38–40 sm chuqurlikka solingan. Ular shu tariqa solinganda, shox-shabba zonasida yerga notekis joylashgan ildiz tizimiga yaqinlashib borgan.
O‘zbekiston tuproqlarining ko‘pchiligida kaliy yetarli miqdorda boladi, shuning uchun o‘simliklar unga ehtiyoj sezmaydi. Ammo ko‘p sug‘oriladigan, shag‘altosh aralash tuproqli, shuningdek sizot suvlari yuza (1,5 m dan yuqori) bo‘lgan yerlarning haydalma qatlamida kaliy kamayib ketishi mumkin. Bunday holda yerga kaliy solishga to‘g‘ri keladi. Kaliyni barcha tuproqlar yaxshi saqlab qoladi. Tuproqda uning taminan 40–50 foiz va undan ham ko‘prog‘i sarflanadi. Hosil ko‘payishi bilan tuproqdagi oziq moddalar ham ko‘p sarflanadi, ammo bunday qat’iy proporsionallik bo‘lmaydi.
Bu sarflar oziq moddalarning tuproqdagi tabiiy zaxiralaridan muttasil kelib turishi va yerga solinadigan o‘g‘itlar hisobiga qoplanib turadi. Bir gektar boqqa solinadigan o‘g‘it miqdori bog‘ barpo qilinganiga necha yil bo‘lganiga, undagi daraxtlarning rivojlanish kuchiga, naviga, yosh novdalarning katta-kichikligiga, bog‘ning ishlash tizimiga, hosilning oz-ko‘pligiga va tuproq sharoitiga qarab belgilanadi.
Yosh daraxtli bog‘larga qari daraxtli va meva beradigan bog‘larga qaraganda o‘g‘it kam miqdorda solinadi daraxtlar qancha nimjon va yomon o‘sgan bo‘lsa, ular shuncha ko‘p miqdorda o‘g‘itlanishi kerak. Daraxtlar qancha qalin o‘tqazilgan va hosili ko‘p bo‘lsa, har bir maydon birligi uchun shuncha ko‘p o‘g‘it berilishi lozim. Agar meva daraxtlarining novdalari nimjon, barglari rangsiz bo‘lsa, unda azotli o‘g‘itlarning juda tez ta’sir etadiganlari – mineral o‘g‘itlar, organik o‘g‘itlardan esa najas, go‘ng shaltog‘i solinadi. O‘zbekiston sharoitida meva o‘simliklari uchun najasdan ikki yilda foydalanadi. Shuning uchun uni har ikki yilda yerga solib turiladi. Xo‘jalikda go‘ng kam bo‘lsa, u holda uni har yili yoki yil oralatib tuproqdagi jarayonlarni faollashtirish uchun kam miqdorda (gektariga 5–10 tonna hisobida) solish kerak.
O‘simlik ildizi ustiga yangi go‘ng solish yaramaydi, chunki u mog‘orlaydi hamda ildizlarni chiritib yuboradi. Go‘ngni chiriganidan keyin tuproqqa aralashtirib solish lozim (A.Ribakov, S.Ostrouxova, 1981). R.R.Shreder nomli institut bog‘larida o‘g‘itlar ustida olib borilgan tajribalar bo‘z tuproqli yerlar azotni ko‘proq, so‘ngra esa fosforni talab qilishi kuzatildi. Tuproqda kaliy, kalsiy va magniy yetarli bo‘ladi hamda meva o‘simliklari bu elementlarni kamroq talab qiladi. Oziq elementlarining quyidagi nisbati eng yaxshiligi aniqlangan: N : R20, ; K20 = 1 : 0,5 : 0,13 (025). Tuproqqa organik va mineral o‘g‘itlarni aralashtirib solish ma’quldir. Mineral o‘g‘itlar go‘ng bilan aralashtirib solinganda tuproq oziq moddalar bilan boyibgina qolmay, balki organik moddalar tuproq strukturasini hosil qiladi va saqlaydi. Tuproqqa go‘ng bilan bir vaqtda mikroorganizmlar va mikroelementlar ham tushadi, bular tuproq sharoitini faollashtiradi (Y.Djavyakyants, 1980). Olma daraxtini o‘g‘itlash. Qadimdan sug‘orilib kelinadigan sizot suvlari chuqur bo‘lgan bo‘z tuproqli yerlardagi yosh bog‘lar (daraxtlar), odatda, yaxshi o‘sadi va o‘g‘itlarni kam talab qiladi. Unumsiz tuproqlarda (shag‘al toshli, sho‘rlangan, haydalmagan yerlardagi) yosh bog‘larga o‘g‘it solinsa foydali bo‘ladi. Daraxt o‘tqazish oldidan yerni (plantaj plug bilan 60–70 sm) chuqur qilib haydash bilan bir vaqtda organik, mineral o‘g‘itlar solish, odatdagi haydash (25–30 sm) hamda ko‘chat o‘tqazadigan chuqurlarga o‘g‘it solingandagiga qaraganda o‘simlik ildizi qismida havo, oziq va suv rejimi uchun juda qulay sharoit yaratadi. Bu uch–to‘rt yil davomida yaxshi ko‘rsatkichlarga: daraxtlarning o‘sishiga (17 foizga), tanasining yo‘g‘onlashishiga (17 foizga), shoxlari umumiy uzunligining ortishiga (65 foizga) hamda baquvvat ildizlar hosil qilishiga yordam beradi. Natijada, yosh daraxtlar bir–ikki yil oldin hosilga kiradi va dastlabki yili juda yuqori hosil beradi. Chuqur qilib haydalganda har gektar yerga 40 t go‘ng, 240– 360 kg azot, 120–180 kg fosfor, 60–90 kg kaliy hisobidan o‘g‘it solish ma’qul ko‘riladi. Yosh bog‘larni (to‘rt yoshga qadar) undagi daraxtlarning holatiga va ko‘p yoki kam novdalar chiqarishiga qarab o‘g‘itlash kerak.
Agar novdalar каm chiqqan bo‘lsa, har yili yoki yil oralatib har bir daraxt tanasi atrofiga o‘g‘itlar quyidagicha: 4–6 kg hisobida chirindi, 50–100 g azot, 30–60 g fosfor (sof oziq modda hisobida) solinadi. Hosilga kirmagan (to‘rt va undan katta yopshdagi) bog‘larda hosilga kirgunga qadar yilora gektariga: 60 kg azot, 30 kg fosfor va 15 kg kaliy solinadi. Agar go‘ng bo‘lsa, u 10–20 t dan ikki–uch yilda bir marta solinadi. Go‘ng solingan yili mineral o‘g‘itlarning miqdori yarmiga kamaytiriladi (azotdan tashqari). Hosil berayotgan bog‘larda gektariga 150–200 s meva olingan bo‘lsa, gektariga: 120 kg azot, 60 kg fosfor va 15–30 kg kaliy; ikki–uch yilda bir marta 10–20 t go‘ng solinadi. Bog‘ning har gektariga azot (240 kg), fosfor (120 kg) va kaliyni (60 kg) qo‘shib solinganda ham yaxshi natijalarga erishiladi. Bunda hosilga 32–76 foiz hosil qo‘shiladi. O‘g‘itlar juda ko‘p miqdorda, bir gallik qilib bir marta solinsa, hosilni oshirmaydi. Ulardan o‘simliklar foydalana olmaydi, lekin o‘g‘itlarning miqdori ko‘p – 20 t go‘ng bo‘lsa va bo‘lib uch muddatda solinsa, hosilni 53 foizgacha oshiradi. Nok daraxtini o‘g‘itlash. Nok, ayniqsa behiga payvand qilingani, o‘g‘itga talabchan bo‘ladi. Olma daraxtini o‘g‘itlash uchun qabul qilingan ko‘p miqdordagi mineral o‘g‘itlar, 20 t go‘ng nok hosilini nazoratdagiga qaraganda 2–3 marta oshiradi. O‘g‘itni nok uchun ham, taxminan, olma uchun qabul qilingan miqdorda berish mumkin. O‘rik daraxtini o‘g‘itlash. Farg‘ona vodiysidagi shag‘altoshli yerlarda har gektar hisobiga quyidagi miqdor: azot 120 kg, fosfor 60 kg, kaliy 30 kg va go‘ng 20 t hisoblanishi mumkin; hosil yuqori bo‘lganda mineral o‘g‘it miqdori ikki baravar ko‘paytirilishi yaxshi natija beradi. Bunday tuproqlarda har gektariga 2000 chelak miqdorida (15 tonnaga yaqin) ikki muddatda: kuzda kuzgi shudgor oldidan va bahorda qo‘shimcha oziqlantirish sifatida najas (fekaliy) solish ham yaxshi natijalar beradi. Go‘ngni bu miqdorda solish o‘rik hosilini nazoratdagiga qaraganda besh baravar ko‘paytirdi.
Bog‘ning qator oralariga vaqti-vaqti bilan (har ikki–uch yilda) yashil o‘g‘it sifatida nikolson no‘xati ekilganda ham yaxshi natijalarga erishiladi. Ko‘chatlarga shakl berish. Ко‘chat o‘tqazilgandan keyin ortiqcha shox-shabbalari va shoxlarining uchdan bir qismi o‘tkir bog‘ qaychisi bilan qirqib tashlanadi. Bunda markaziy novda yon shoxlarga nisbatan birmuncha uzunroq qoldirilib kesiladi. Bu lardan kelajakda yangi yon novdalar o‘sib chiqadi va yangi yaruslar paydo qilinadi. Ko‘chat o‘tqazilgandan keyin o‘z vaqtida butalanmasa, kelajakda daraxtlarga shakl berish qiyinlashadi.
Bundan tashqari ko‘chatlarni ko‘chatzorlardan qazib olishda ildizining bir qismi tuproqda qolib ketadi. Bir qismi esa ekish davrida kesib tashlanadi. Natijada ko‘chatning yer ustki qismi bilan yer ostki qismining bir-biriga mutanosibligi yo‘qoladi. Markaziy va yon novdalar butalanganda yosh ko‘chatning yer ustki qismi bilan yer ostki qismi o‘rtasidagi mutanosiblik tiklanadi. Natijada ko‘chatning ildiz tizimi yer ustki qismining oziq moddalarga bo‘lgan talabini yaxshi qondiradi va ko‘chat yaxshi rivojlanib tezroq hosilga kiradi. Bir yashar olma va nok ko‘chatlari ekilganda 3–4 dona va novda bilan markaziy lider novda bo‘lsa yosh novdalarning o‘sishiga qarab 40–50 foiz qirqiladi. Hamma yosh novdalarning balandligi bir tekisda bo‘lishi kerak. Markaziy lider novda yosh novdalarga nisbatan 25–30 sm uzoqroq qoldiriladi. Bir tup yosh ko‘chatda markaziy novdaga yaqinlashib yon shoxlardan bir nechtasi keyingi yillarda ham o‘sishi mumkin. O‘tkir burchak hosil qilib o‘sgan kerakli novdalarni tirgovuch qo‘ymasdan o‘stirishga harakat qilinadi.
To‘g‘ri shakllangan daraxtlar quyidagi talablarga javob berishi kerak: daraxtlarni parvarishlash ishi oson bo‘ladigan qilib shakl berish; daraxtning tanasi hamda shox-shabbalari quyosh nuridan yaxshi foydalanadigan qilib ma’lum oraliqda joylashtirish; daraxtlarning asosiy qismlari o‘zaro to‘g‘ri muvozanatda bo‘lishi kerak
O‘zbekistonda meva daraxtlari uyg‘onmagan davrda kesiladi, sovuq 10–12°C dan oshganda daraxt shox-shabbalarini kesish to‘xtatiladi. Sovuqqa uncha chidamli bo‘lmagan mevali daraxtlarning tur va navlarini bahorga yaqin, fevralning ikkinchi yarmi va mart oyida kesgan ma’qul. Meva daraxtlarining shox-shabbalari o‘tkir va toza asboblar bilan kesiladi. Olib tashlanadigan shox va novdalarni chala kesish yaramaydi.