Malakaning tuzilishi
Harakatning shu tarzda qisman avtomatlashuvi tufayli uning tuzilishida ro`y beradigan o`zgarishlar quyidagilardan iboratdir.
1. Sa'i-harakatlarning ijro etilishi usullari o`zgaradi. Bunga qadar o`z holicha yuz berib kelgan qator juz'iy sa'i-harakatlar yagona jarayonga, tarkibiga kiruvchi alohida sodda sa'i-harakatlar o`rtasida to`siklar va uzilishlar mavjud bo`lmagan bitta murakkab sa'i-harakatga qo`shilib ketadi. Masalan, o`quvchi bosqichli harakat sifatida bajaradigan harakatni o`zgartirish jarayoni tajribali shofyor tomonidan bir marta qo`lni silliqqina ishlatgan holda bajariladi. Ortiqcha va keraksiz sa'i-harakatlar bartaraf etiladi. Jumladan, o`quvchi yozuvni o`rgana boshlagan paytda bu jarayonni bajararkan, ko`plab ortiqcha harakatlar qiladi: tilini chiqaradi, gavdasini qimirlatadi, boshini engashtiradi va hokazo. Harakat jarayoni o`zlashtirib olingandan keyin barcha ortiqcha sa'i-harakatlar yo`qolib ketadi. Mujassamlashuv yuz beradi, ya'ni sa'i-harakatlarni ikkala qo`l (oyoq) bilan bir vaqtning o`zida bajarish boshlanadi. Agar boshlovchi tokar keskichni oldiniga uzunasiga qarab, so`ngra esa ko`ndalangiga qarab yurgizsa, tajribali tokar keskinchi detalga bir vaqtning o`zida bir qo`li bilan moxovikni uzunasiga, boshqasi bilan esa supportni ko`ndalangiga aylantirarkan, diagonal chiziq bo`ylab qisqa masofadan olib boradi. Pirovardida sa'i-harakatlarni bajarish sur'ati tezlashadi. Shunday qilib, harakatlarni o`zlashtirish jarayonida uning harakatlantiruvchi barcha jihatlari: sa'i-harakatlar tarkibi (u soddalashadi), sa'i-harakatlarning izchilligi (u uzluksiz bajariladigan bo`ladi) va sa'i-harakatlarning uyg`unligi (ular bir vaqtning o`zida bajariladigan bo`ladi), shuningdek ularning tezligini mumkin qadar rejali bo`lishiga imkon tug`iladi.
2. Harakatni sensor nazorat qilish usullari o`zgaradi. Sa'i-harakatlarning bajarilishini ko`rish orqali nazorat qilish ko`proq mushaklar yordamida (kinestetik) nazorat bilan almashadi. Bunga tajribali mashinistkaning harflarga qaramasdan yozishi, malakali slesarning iskananing ustidan bolg`a bilan urayotganda ko`rish nazoratini ishga solmasligi (slesar bolg`ani urayotib, iskananing qalpog`iga emas, balki uning tig`iga qarab turadi) va shu kabilar oddiy misol bo`lishi mumkin. Sa'i-harakatlarning xarakterini belgilaydigan turli xildagi o`lchamlarning nisbatini baholash imkonini beradigan maxsus sensor sintezlar hosil bo`ladi. Masalan, shofyorda tezlikni ko`z bilan chamalash va sezish, duradgorda yog`ochni his qilish, tokar va silliqlovchida o`lchovlarni juda yaxshi farq qilish, uchuvchida fazoda holatni his qilish tuyg`usi o`tkir bo`ladi, harakat natijalarini nazorat qilish uchun muhim bo`lgan mo`ljallarni tez farqlash, va ajratish qobiliyati rivojlanadi. Jumladan, shofyorda motorning shovqinida uning qanchalik kuch bilan ishlayotganini bildiradigan belgilarni ajratish qobiliyati, po`lat erituvchida metallning tarkibini, uning harakatini, rangining tovlanishiga qarab ajratish qobiliyati rivojlangan bo`ladi va hokazo.
Dostları ilə paylaş: |