O`zbekiston respublikasi oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi u
2.2. Xisrav I hukumronligining tugashi va sosoniylar davlatining inqirozga yuz tutishi 579-yilda Xusrav I Anushirvonning vafotidan so‘ng taxtga uning o‘g‘li Xurmuzd IV (579-590) keldi. Xurmuzd IV ning hukmronlik yillari Vizantiya bilan to‘xtovsiz urushlar, xazar va turklarga qarshi harbiy yurishlar, amaldorlar, zardusht kohinlari va xristian aholiga qarshi kurashlar bilan o‘tdi. Xurmuzd IV hududiy manfaatni ko‘zlab, Vizantiya va turklar bilan urushni davom ettirdi, ammo uning qo‘lga kiritganlari forslar foydasiga emasdi. Vizantiyaliklar Armaniston va Kavkazning katta qismini forslardan tozalab, Mesopotamiya chegarasidagi ko‘plab qal’alarni egalladi. Bir vaqtning o‘zida turklar ham butun Xorazmni egallab, Girkaniyagacha bordi va Kaspiy qirg‘oqlariga chiqdi. 589-yil kuz-qish faslida bo‘lgan janglarda eronliklarning qo‘li baland kelib, turklar ustidan g‘alaba qozondi. Ayni vaqtda Xurmuzdning shafqatsiz va bebosh hukmronligi oqibatida Eronda ham ko‘plab isyonlar yuzaga kelib, ittifoqchilar va vassallarning uzoqlashishiga olib keldi. Sosoniylar imperiyasi qobiliyatli qo‘mondon Bahrom Chubin tarix sahnasiga chiqqan vaqtda inqiroz yoqasiga kelib qolgan edi. Feodallashayotgan zodagonlar markazga itoat etishdan bosh torta boshladi. Viloyatlarning katta hokimlari sosoniylarga qarshi uzluksiz qo‘zg‘olon ko‘tarib turdi.20 Kam sonli qo‘shin bilan Bahrom Chubin Girkaniyada turklar ustidan g‘alaba qozondi (588), keyin esa Amudaryoning janubiy sohilidagi qo‘ldan ketgan ko‘plab hududlarni qaytardi. Endi u qurolini Vizantiyaga qaratib, Martipolya yonidagi jangda g‘alaba qozondi, ammo tezda Mavrikiy uni Nisibin yonida mag‘lub qildi va Armanistonga haydab yubordi. Kolxidaga hujum qilishga uringan Bahrom Araks yonidagi jangda (589) mag‘lubiyatga uchradi. Havas qilarli shuhrat va mashxurligining oqibatlarini anglab yetgan Xurmuzd uni qo‘mondonlikdan chetlatdi, ammo Bahrom bo‘ysinishdan bosh tortib qo‘zg‘olon ko‘tardi. 590-yildagi Baxrom Chubin qo‘zg‘oloni eng yirik isyonlardan biri bo‘ldi. Ushbu qo‘zg‘olon sosoniylar davlatini daxshatga soldi. 589-yilda Bahrom Chubin qo‘shinlari Janubiy Ozarbayjonda joylashgan shoh Xurmuzd IV (579-590) ga qarshi yurish qildi. Huddi shu paytda poytaxtda amaldorlarning Bind va Bist boshchiligida fitnasi amalga oshirildi. Ular Xurmuzd IV ni taxtdan ag‘dardi va ko‘ziga mil tortdi. Taxtga uning o‘g‘li Xusravni o‘tqazishdi. Xusrav II Parviz (590-628) yosh va o‘zining qarindoshlariga buysunuvchi bo‘lganligi bois Bahrom Chubinga qarshi qo‘shin yubordi. Mag‘lubiyatga uchragan shoh poytaxtni tashlab, Vizantiyaga qochib ketdi. Bahrom Chubin Ktesifonga kirib keldi va shoh deb e’lon qilindi. U mamlakatni bir yil boshqardi. Xurmuzdning o‘g‘li Chubinga qarshi urushda Vizantiya imperatori Mavrikiyga yordam so‘rab murojaat qildi. Vizantiya qo‘shinlari yordamida Bahrom Chubin tor-mor qilindi. Bahrom Chubin turk xoqoni huzuriga qochdi. Ammo u yerda sosoniylarning diplomatik missiyasining borishi natijasida qatl etildi. Vizantiyaning yordami evaziga Xusrav II Parviz Vizantiyaga jiddiy yon bosishga majbur bo‘ldi. 591-yilgi Eron va Vizantiya sulhiga binoan Kavkazortida (Armanistonning katta qismi (Van ko‘ligacha) va Iberiyaning yarmi) gi chegara viloyatlari Vizantiya qo‘liga o‘tdi. Vizantiya bilan do‘stona aloqalar saqlab qolingan davrda (591-604) Eronda ichki kurashlar avj oldi. Saroy amaldori Bindning qatl etilishi natijasida, uning ukasi Xuroson noibi Bist 591-595-yillar davomida isyon ko‘tardi. Bundan tashqari Gurgan, Tabariston qabilalarining isyoni va Nisibinda qo‘zg‘olon bo‘ldi.
Vizantiya bilan do‘stona aloqalarning saqlab qolinishi shohning xristianlarga nisbatan siyosatini belgilab berdi. Shu boisdan ham u cherkov va monastrlarni tiklashga hamda o‘z amallari va bayramlarini nishonlashga ruxsat berdi. Xristianlardan bo‘lgan tabib va tarjimonlar saroyga qabul qilindi. Xatto, vastrioshan-salar-raiyat boshlig‘i ham xristian Yezdin bo‘ldi. 21 Davlat tepasida turgan sosoniy hukmdor va ularning yirik zodagonlari ichki ziddiyatlarni tashqi urushlar yo‘li bilan hal qilishga urindi. 604-yilda Vizantiya bilan yana urush boshlandi. Keyingi yillarda bo‘lib o‘tgan Vizantiya bilan urushlar sosoniylar davlatining zaiflashib qolganini ko‘rsatib berdi
Vizantiyada 602-yildagi qo‘zg‘olondan keyin Konstantinopolda Mavrikiy qatl etildi va imperatorlik taxtiga harbiylar tomonidan Foka (602-610) o‘tirdi. 604-yilda Eron va Vizantiya o‘rtasida navbatdagi eng katta urush boshlandi. Urushning birinchi bosqichida (622) g‘alaba forslar tomonida bo‘ldi. Eron tomonidan Vizantiyaga berilgan barcha hududlar - Mesopotamiya, Suriya, Armaniston qaytarib olindi, Misr egallandi va uch marta fors qo‘shini Konstantinopol ostonalariga qadar yetib bordi. Urushning ikkinchi bosqichida (622-628) Vizantiya o‘zining barcha yo‘qotgan hududlarini qaytarib oldi. Sosoniylar qo‘shinlari Vizantiya imperatori Irakliy (610-641) tomonidan tor-mor qilindi, u 628-yilda sosoniylar poytaxti Ktesifongacha yetib keldi. O‘sha vaqtda sosoniylar shimoliy-g‘arbiy va shimoliy-sharqiy chegaralarda Vizantiya bilan ittifoqdosh bo‘lgan turk qabilalariga qarshi jang olib borishlariga to‘g‘ri keldi.
628-yilda Xusrav II Parvizning katta o‘g‘li Kubod II Sher (Kavad II) xristian (nestorian) amaldorlarning yordami bilan saroyda to‘ntarish qildi va otasini taxtdan tushirib, o‘zi taxtga o‘tirdi. Firdavsiyning yozishicha, Kubod II Xusravning Vizantiya malikasi, Mavrikiyning qizi Mariyadan tug‘ilgan farzandi bo‘lgan. U tug‘ilganda ofat va kulfat keltiradi deb bashorat qilishadi. Shu boisdan ham Xusrav II o‘g‘li 23 yoshga to‘lganda uni qamoqqa oladi. Taxt vorisi etib esa o‘zining sevimli yori Shirindan tug‘ilgan farzandi Mardonshohni tayinlaydi. Taxtga kelgan Kubod o‘zining barcha aka-ukalarini o‘ldirib yubordi. Kubod II Sher o‘zining ahvolini yaxshilash uchun Vizantiya bilan ittifoqda turdi. Vizantiya imperatori Irakliy bilan 628-yil tuzilgan tinchlik shartnomasiga ko‘ra, u Eronning bosib olingan yerlaridan voz kechdi va Misr, Suriya, Armaniston va G‘arbdagi mamlakatlardan qo‘shinlarini chiqardi. Mamlakatda ahvol og‘irlashib, ocharchilik va o‘lat tarqaldi. Kubod II sakkiz oylik hukmronlikdan so‘ng, 628-yil oktyabrda kasallik tufayli vafot etdi. Taxtga uning yetti yoshli o‘g‘li Ardasher III (621-630) o‘tqazildi. Shahanshoh yosh bo‘lgani uchun asosiy boshqaruv Mex Azergushnasp qo‘lida bo‘ldi. Mamlakatda o‘lat va ochlikning keng quloch yozishi Eronni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Shunday vaziyatda turklarning Burishod boshchiligidagi hujumlari ahvolni yanada og‘irlashtirdi. Shu boisdan ham mamlakatda isyonlar avj oldi.22 630-yilda Ardasher III ni taxtga o‘tqazishda undan maslahat so‘ralmaganligi bahonasi bilan Farruxxon Shaxrvaraz (Olam to‘ng‘izi) Ktesifonga yurish qildi. Shaxrvarazning kelib chiqishi harbiylar tabaqasiga borib taqalgan. Xusrav II ning Vizantiya bilan urushlaridagi mohir sarkardalaridan biri bo‘lgan. 603-yilda o‘ziga Shaxrvaraz nomini olgan. 613-yilda Damashqda, 614-yilda esa Quddusda Irakliy armiyasini mag‘lub etgan. 626-yilda Xalkidon qamali vaqtida Xusrav II uni o‘ldirish haqida qo‘shin qo‘mondonlaridan biriga buyruq bergan. Ammo maktub uning qo‘liga tushgandan so‘ng, u qamalni to‘xtatib, Vizantiya bilan muzokaraga kirishgan. 630-yil bahorda u poytaxtga yetib keldi. Yosh shoh Ardasher III poytaxt egallanmasdanoq o‘zining qarindoshlaridan biri-Peruz tomonidan o‘ldirildi. Farruxxon ham qirq yoki ellik kunlik hukmronligidan so‘ng Xusrav II ning saroy amaldorlaridan biri tomonidan o‘ldirildi. Taxtga Xusrav II ning qizi Buron (630-631) o‘tqazildi. U malika Burondoxt (Burondoxt so‘zi paxlaviycha “yomg‘ir qizi”, “osmon yaratgan qiz” ma’nolarini bildirgan) nomi bilan ham atalgan. Malika Buron mamlakatning sug‘orish tizimini tiklashga, qurilish ishlarini yo‘lga qo‘yishga va xazinani to‘ldirishga xarakat qildi. Ammo malika 631-yil oktyabrda bir haftalik kasallikdan so‘ng vafot etdi. Peruz II ning qisqa hukmronligidan so‘ng, mamlakat taxtiga Xusrav II ning ikkinchi qizi, malika Azarmedoxt (paxlaviycha “olov qizi”, 631-632) keldi.
Sosoniylar davlatining inqirozi arab zaminida xalifalik tashkil topishi bilan tezlashib ketdi. Endi xalifalik qo‘shinlari bu yerga tez-tez hujumlar uyushtira boshladi. Ayniqsa, sosoniylar sulolasining so‘nggi vakili bo‘lgan Yazdigard III davrida yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Yazdigard III Xusrav II ning nabirasi, Shahriyorning o‘g‘li edi. Yazdigard III mamlakatni 632-yildan boshlab, 651-yilga qadar idora qildi. Sosoniylar sulolasining bu hukmdori o‘zidan avvalgi hukmdorlarning siyosatini davom ettirishga xarakat qildi. Ammo mamlakatni ichki ijtimoiy tanazzul, to‘xtovsiz urushlar qamrab oldi. Oqibatda mamlakat xonavayron bo‘lishi natijasida sosoniylar davlati holdan toydi. Bu esa o‘z navbatida kuchga to‘lib kelayotgan xalifalik uchun ayni muddao bo‘ldi. Sosoniylar Yazdigard III hukmronligi davridan boshlab arablar istilosiga yetarli qarshilik qila olishmadi. 637-yilgi Qodisiya jangida arablar g‘alaba qozonib, Ktesifonni egalladi. Ammo hali hanuz mamlakat hududining aksariyat qismi sosoniylar qo‘l ostida edi. Biroq 642-yilda bo‘lib o‘tgan Naxovand jangidagi mag‘lubiyatdan so‘ng shimoli-sharqiy viloyatlargina Yazdigard III qo‘lida qoldi. Keyingi janglarning birida hukmdor 651-yilda Marv atrofida o‘ldirildi. Shu tariqa IV asrdan ziyodroq mavjud bo‘lgan sosoniylar davlati ham rasman va amalda tugadi.23 Xulosa Xulosa o'rnida shuni takidlash joizki, ilk o'rta asrlarda Eron nafaqat Sharqning balki butun jahonning yirik davlati sifatida taraqqiy qildi. Tarixdan ma'lumki har bir davlatning paydo bo'ishi , rivojlanishi va zavolga yuz tutish davri bo'ladi.Eronda sosoniylar sulolasi hukumronligi davrida yuksalish Xisrav I Anushervonning hukumronlik qilgan davriga to'g'ri keldi. Xusrav I Anushirvon hukmronligi davrida mamlakatda bir qator islohotlar o‘tkazdi. Mamlakatni markazlashtirishga xarakat qildi. Yuqorida yuz bergan xalq xarakati hukmron sinfga eski boshqaruv usulini saqlab qolish mumkin emasligini ko‘rsatdi. Shu boisdan ham tarixiy adabiyotlarda "O‘lmas" nomini olgan yangi sosoniy hukmdor Xusrav I Anushirvon davlat rivoji va hukmdor hokimiyatini mustahkamlanishiga turtki bergan islohotlarni o‘tkazishga xarakat qildi. Xalq xarakati paytida bosib olingan yerlarning katta qismi davlat ixtiyoriga o‘tkazildi.
Xusrav I Eron tarixiga yirik islohotchi sifatida kirdi. Davlat yerlari egalik munosabatlarini rivojlantirib, yer solig‘ini tartibga soldi . Xusrav I savdogar va sudxo‘rlarning pul muomilasi sohasidagi amaliy tajribasidan foydalanish maqsaddida davlat moliya bo‘limiga xizmatga yolladi. U mamlakat xazinasiga tushuvchi soliqlar miqdorini tartibga solish orqali xazinaning qudratini saqlab qolishni amalga oshirdi.
Moliyaviy ahvolini yaxshilab olgan Xusrav I mamlakatda harbiy islohotni ham amalga oshirdi. Mamlakatda doimiy armiyaga asos soldi. Xusrav zamonasiga qadar davlatdagi jangchilar faqat urush vaqtida yig‘ib olinardi. U armiyani ham tubdan o‘zgartirib doimiy armiyani tuzishga erishdi.
Xusrav I ning ma’muriy-hududiy islohotiga qadar Eron ma’muriy jihatdan urug‘ zodagonlari va vassallar tomonidan boshqariladigan hududlarga bo‘lingan. Shahonshoh mamlakatni to‘rtta qismga bo‘ldi. Har bir qismning boshlig‘i-padospan harbiy islohot natijasida shakllangan to‘rt qismning harbiy boshliqlari-ispexbedlarga bo‘ysundirildi. Lavozimlarga faqat shohning ko‘rsatmasi bilan ayonlar tayinlana boshladi. Barcha sud ishlari ham shohga berildi. Vazurg - framatar (bosh vazir) ning vakolatlarini qisqartirdi va uning bir qismini qolgan amaldorlarga berdi. Shunday qilib, mahalliy va yuqori amaldorlarning hokimiyatini chekladi hamda o‘zining hokimiyatini mustahkamladi.
Xusrav I zamonasida kanal, damba to‘g‘onlar va boshqa xil inshootlari qurilishi avj oldi. Ktesifonda muxtasham bir saroy qurdirdi. Shahonshoh fan va san’atga homiylik qildi. Xusravni o‘zi ham yunon tilini bilgan va Platon asarlarini o‘qib chiqqan. U turli olimlarga hatto Yustinian tomonidan Vizantiyadan haydalgan neoplatonchi faylasuflarga ham homiylik qildi. Uning buyrug‘i bilan rasmiy voqealar saroyda yilma-yil yozib borildi. Yunon, Suriya va hind tilidagi adabiy asarlar tarjima qilindi. Shuning bilan bir qatorda uning hukmrnoligi davrida hind tilida yaratilgan bir qancha ilmiy asarlar paxlaviy tiliga tarjima qilindi. Eron davlati hududiga shaxmat o‘yini kirib keldi va keng yoyildi.