II BOB.. Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashning o‘ziga xos psixologik xususiyatlari. Qadriyatlar-harakat usuli, metodikasi va uning individual yetimga aylanishi
uchun shart-sharoit yaratish. Qadriyatlar inson ma’naviy kamolotining muhim
omili hamdir. Har bir millat rivojlanishidagi tarixiy voqealar, unga ijobiy hissa
qo‘shgan shaxslar ham milliy qadriyatlar jumlasiga kiradi.
Qadriyatlarga baho berishdan oldin ular yuzaga kelgan konkret tarixiy
sharoitlar, o‘sha davrlarga xos bo‘lgan imkoniyat va ehtiyojlarni ham bilmoq
kerak. Kechagi voqealarni bugungi talab bilan o‘lchash mumkin bo‘lmaganidek,
har bir qadriyatning ijtimoiy ahamiyatini bilishga muayyan tarixiy sharoitlarni
hisobga olib yondashmoq kerak.
Qadriyatlarning ijtimoiy ahamiyatini anglash kishilarning istiqbol vazifalarini
to‘g‘ri tasavvur qila bilish imkoniyati bilan ham bog‘liq. Jamiyat a’zolarida yetuk
ijtimoiy, milliy ong bo‘lishi, ma’naviy kamolotning yuksakligi qadriyatlarning
rivojlanish imkoniyatlarini kuchaytiruvchi, ijtimoiy va tarbiyaviy samaradorligini
oshiruvchi omildir.
Qadriyat va meros tushunchalari o‘zaro yaqin bo‘lsa ham ular bir xil ma’noni
bildirmaydi.
Qadriyat va meros bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lishiga qaramay, har qanday
meros qadriyat bo‘la olmaydi. Meros tushunchasining mohiyati qadriyatga
nisbatan kengdir. Bundan tashqari, qadriyat faqat o‘tmishdan qolgan merosgina
emas. Hozirgi kun talablari, yangi sharoit va imkoniyatlar asosida shaklla-nayotgan
ijtimoiy, ma’naviy, siyosiy hodisalar ham qadriyat hisoblanadi.
Hozir O‘zbekistonda milliy istiqlol mafkurasini rivojlantirish uchun katta
ishlar olib borilmoqda. Taraqqiyotning hozirgi vazifalari va millat manfaatlariga
mos keluvchi bunday mafkura yaratilmoqda. Bu mafkurani yaratishda o‘tmish
merosidan unumli foydalanilsa ham u yangi davrda shakllangan qadriyat sifatida
yuzaga kemoqda.
Meros - o‘tgan avlodlar tomonidan yaratilgan, bizgacha yetib kelgan ijtimoiy-
ma’naviy, moddiy hodisalar, madaniy boyliklar, urf-odatlar, marosimlar, axloq
normalaridir. Meros taraqqiyot uchun ham zarur omil bo‘lgandagina, qadriyat
darajasiga ko‘tarila oladi.
Meros bilan qadriyatlarni baholash mezonlari bir-biridan farq qiladi. Moddiy
va ma’naviy merosni baholashda uning tarixiy shakllanishi sharoitlari va
imkoniyatlarini o‘rganishga katta e’tibor beriladi. Merosning hozirgi kun uchun
ham bo‘lgan ahamiyatini bilish uni qadriyatlar jumlasiga kiritishdir.
Qadriyat turlari.
Qadriyatlar mohiyati jihatidan moddiy va ma’naviy qadriyatlarga bo‘linadi.
Inson kuchi, aqli-zakovati bilan yaratilgan tabiat go‘zalliklari, arxitektura, san’at
va madaniyat asarlari - barchasi moddiy, ya’ni noosfera qadriyatlar jumlasiga
kiradi. Axloq odob, bilim, ilm, malaka, iymon, insof, e’tiqod va boshqalar
ma’naviy qadriyatlar. Moddiy va ma’naviy qadriyatlar bir-biri bilan bog‘liqdir.
Ular o‘z navbatida, quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:
1. Inson yashab turgan moddiy muhit bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar.
Qadriyatlarning bu turiga iqlim sharoiti, tabiat go‘zalliklari, milliy-davlat
ahamiyatiga molik bo‘lgan qo‘riqxonalar, tabiatning inson yashashi, mehnat qilishi
uchun zarur bo‘lgan sharoit va imkoniyatlari kiradi. Tabiiy muhit sharoiti va
imkoniyatlari ham inson ehtiyojlari, yashash imkoniyatlari bilan taqozolangan
taqdirdagina qadriyat, deb baholanadi. Shu ma’noda olib qaraganda, tabiat
sharoitlarini qadriyat deb qarash unga ma’lum maqsad va manfaat asosida
yondashayotgan inson tomonidan berilgan bahodir. Tabiatning inson manfaati
asosida o‘zlashtirilgan, o‘zgartirilgan qismi ham qadriyatdir.
2. An’analar, urf-odatlar va marosimlarda namoyon bo‘ladigan axloqiy
qadriyatlar.
Bu qadriyatlar asosan obyektiv taraqkiyot va subyektiv ruhiyatning ifodasi
bo‘lib kishilarning o‘zaro munosabatlarida, turmush tarzi va faoliyatida, yurish-
turishida, axloqi va odobida ko‘zga tashlanadi. Axloq, insonning ichki ruhiy
e’tiqodi, odob esa uning amalda namoyon bo‘lishidir. Turli urf-odatlar, marosimlar
kishilarning kundalik turmush tarzida, axloqiy qadriyatlar esa ularning yurish-
turishi, o‘zaro munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Ma’naviy kamolotni o‘zida
mujassamlashtirgan inson ham oliy qadriyat hisoblanadi.
3. Insonning aql-idroki va amaliy faoliyati zaminida shakllangan mehnat
malakalari va ko‘nikmalari, bilim va tajribalari, qobiliyat va iste’dodlarida
namoyon bo‘ladigan qadriyatlar.
Bu qadriyatlar insonning mehnat malakalari, ijtimoiy qiziqishlari, mehnat
mahsuloti turlarini yaratish sohasidagi amaliy imkoniyatlari, bilimi, iste’dodi va
qobiliyatlaridir. Rassom qo‘linda qalam ushlagani uchun emas, balki tajribada
shaklangan bilim va iste’dod egasi bo‘lgani uchun ham buyuk san’at asarlarini
yarata oladi.
4. Odamlar o‘rtasidagi jamoatchilik, hamkorlik, xayrixohlik, hamjihatlikka
asoslangan munosabatlarda namoyon bo‘layotgan qadriyatlar.
5. Kishilarning yoshi, kasbi, jinsi va irqiy xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan
qadriyatlar.
Albatta, qadriyatlarning bu turkumini alohida ajratib olib qaramasa ham
bo‘ladi. Lekin inson hayotining turli davrlari, faoliyat sohalariga nazar tashlar
ekanmiz, bu sohalarda ham e’tiborga sazovor bo‘lgan qadriyatlar va ularning
mezonlari borligini ko‘ramiz.
Yoshlar va keksalar, erkaklar va ayollar, turli kasb egalari uchun xos bo‘lgan
qadriyatlar ham mohiyati jihatidan jamiyat va inson kamoloti uchun xizmat
qiladigan ma’naviyatdir.
Yuqorida bayon etilgan qadriyatlar, o‘z navbatida, umuminsoniy, mintaqaviy,
milliy, diniy qadriyatlarga bo‘linadi.
Umuminsoniy qadriyatlar jahon sivilizatsiyasining yaxlitligi, uning barcha
bosqichlari bir-biri bilan uzviy bog‘langanligining ifodasidir.
Umuminsoniy qadriyatlar qandaydir o‘zgarmas, aqidaviy tushunchalar emas.
Davrlar o‘tishi, sharoit, talab va ehtiyojlarning o‘zgarishi bilan ularning mazmuni,
baholash mezonlari ham o‘zgarib boradi. Lekin bu o‘zgarishlardan qat’iy nazar,
umuminsoniy qadriyatlar odamlarni jipslashtiruvchi, ma’lum maqsadlar, ijtimoiy,
ma’naviy kamolotning muayyan yo‘llari uchun birgalashib kurashishga, harakat
qilishga chorlovchi ijtimoiy hodisalardir. Umuminsoniy qadriyatlar turli davlatlar,
xalqlar o‘rtasidagi ko‘prik vositasini o‘tab, odamlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi,
hamjihatlik va hamkorlikka chorlovchi kuch vazifasini o‘taydi. Ma’naviyat
borasida ham umuminsoniy qadriyatlar barcha xalqlarning madaniyatini
yaqinlashtiradi va ularni tezroq kamol topishga imkon yaratib beradi.
Umuminsoniy qadriyatlar inson ma’naviy, ijtimoiy kamolotining qandaydir
alohida, boshqalardan ajralgan tomoni emas. Umuminsoniy qadriyatlar milliy va
mintaqaviy qadriyatlarning umumlashgan ifodasidir. Umuminsoniy qadriyatlar
butun insoniyatga xos qadriyatlar asosida tashkil topadi va rivojlanadi, ular ayni
vaqtda barcha milliy qadriyatlarning bir-biriga yaqinlashishi va rivojlanishiga ham
xizmat qiladi.
Insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat, demokratiya, ijtimoiy adolat hamma
yerda barqaror bo‘lishiga intilish, inson huquqlari poymol etilishiga yo‘l
kuymaslik, hamma xalqlarning milliy mustaqillik uchun bo‘lgan kurashlarini
himoya qilish, kishilarni do‘stlik, hamkorlik va hamdardlikka chorlash, hamma
yerda tinchlik, osoyishtalik qaror topishiga harakat kalish, atrof-muhitni toza
saqlash umuminsoniy qadriyatlarning hozirgi kunda katta ahamiyat kasb etayotgan
jihatlaridir.
Bu qadriyatlar butun insoniyat tomonidan qo‘lga kiritilgan fan, texnika,
madaniyat, ijtimoiy ishlab chiqarish munosabatlarini rivojlantirish borasidagi yangi
jihatlar, demokratiya, qonunchilik, adolatni barqarorlash-tirish borasidagi
yutuqlardan ham iborat bo‘lib, ulardan oqilona foydalanish respublikamizni
jahondagi rivojlangan davlatlardan biriga aylantirish ishiga ham xizmat qiladi. Bu
borada biror chekinishlarga, milliy mahdudlik va kalondimog‘likka yo‘l qo‘yish
nihoyatda katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Umuminsoniy qadriyatlar
mahalliy sharoit, imkoniyatlar, tarixiy an’analar bilan bog‘langandagina kerakli
samara beradi.
Mintaqaviy qadriyatlar ham umuminsoniy qadriyatlar bilan chambarchas
bog‘langan.
Qadriyatlarning bu turkumi bir-biriga yaqin bo‘lgan sharoitlarda yashagan va
mehnat qilgan, tarixi tutash bo‘lgan mamlakatlar va xalqlarda uchraydi. Bu
qadriyatlar hozirgi kunda ham katta ahamiyat kasb etmoqda.
O‘rta Osiyo xalqlari ming yillar davomida bir-biri bilan yaqindan iqtisodiy va
siyosiy aloqalar o‘rnatganlar. Ularning turmush sharoitlari, tili, madaniyati, dini,
urf-odatlari bir-biriga yaqin bo‘lishi ko‘plab umummintaqaviy qadriyatlar
shakllanishiga olib kelgan. Bu qadriyatlar turli joylarda bir-biridan biroz farq
qilsada, mohiyat jihatidan yaqindir. Mehmondo‘stlik, bolajonlik, yaqin qo‘ni-
qo‘shnichilik, kattalarni hurmat qilish, kichiklarni izzat qilish, qarindosh-urug‘lar,
do‘stlar bilan yaqin aloqada bo‘lish, sahiylik, halol bilan haromni farqlash O‘rta
Osiyo xalqlarining hammasiga xos bo‘lgan ma’naviy fazilatlardir. Garchand
mehmondo‘stlik bilan bog‘liq udumlar mintaqamizning hamma yerida keng
tarqalgan yaxshi an’ana bo‘lsa ham ular turli joylarda bir-biridan farq qiladi.
Keksalarni, ota-onani hurmat qilish ham O‘rta Osiyo xalqlarining o‘ziga xos
yuksak ma’naviy boyligidir.