(Oh, gul chog‘ida ul gulruxsordan ayrilganman. Meni gul boshqacha o‘rtadi-yu, tikani o‘zgacha.) Dastlabki baytda, ya’ni g‘azalning matla’ qismida shoir o‘z dardini qachon va kim sabab yuz berganligini o‘quvchilarga aytib o‘tadi. YOri, ya’ni gulruxsoridan gul chog‘i ayrilganligini, gul dardi o‘zgachayu tikanning azobi ham kuchli ekanligini, ularning har ikkisi ham qalbiga azob berayotganligini aytadi. Ushbu baytda “gul” so‘zini keltirish orqali istiora, gul va gulruxsor so‘zlarini keltirish bilan esa tanosib san’atlari qo‘llangan.
Az judoi manu yor, abr zi ta’siri bahor,
Man judo giryakunon, abr judo, yor judo.
(Men bilan yor judolik g‘amida, bulut, bahor ta’sirida, Har qaysimiz o‘z holimizcha yig‘lamoqdamiz,) Ikkinchi baytda parallel holatda voqealar kechadi, ya’ni bahor bulut ta’sirida yig‘lasa, oshiq yoridan ayrilganligi uchun yig‘laydi. Ushbu baytda tanosib san’ati (bahor, bulut), (judolik, g‘am) bilan birgalikda tajnis (bahorning yig‘lashi) san’ati ham mavjud.
CHi firoq ast, ki jonon chu judo gasht, zi man,
Dil zi jon gasht judo, jon zi tani zor judo.
(Bu qanday ayriliqki, jonon mendan judo bo‘lgan chog‘da Dil jondan judo bo‘ldi, jon zor tandan judo bo‘ldi.) Ushbu baytda tadrij san’atining go‘zal namunasini ko‘rishimiz mumkin. Kuchli ayriliq sabab jonning oshiqdan judo bo‘lishi, shu onda dilning jondan judo bo‘lib, zor tandan ham ayrilishi, shubhasiz, tadrij san’atining o‘ziga xos go‘zal ifodasidir. Qolaversa, ushbu baytda tanosib san’atini ham (jon, dil, tan) uchratishimiz mumkin.
On paripaykar az in xasta chudoy talabad,
Hamtu chon k-o‘ shavad az paykari bemor judo
(Jon bemorning tanidan chiqib ketishni talab qilgani kab, U pari paykar men xastadan judolikni talab qildi.) Keyingi baytda oshiq yorining ketganligiga sabablar izlaydi. Jon xasta tandan voz kechgani kabi yor ham oshiqdan voz kechganligini, undan yuz o‘girganligini aytib o‘tadi. Ushbu baytda ham tanosib ( jon, tan) namunasini uchratishimiz mumkin.
Dar-u devor zi ham gasht chudo bas, ki zadam
Sar, chudo bar sari on ko‘yu ba devor judo.
(Boshimni bu eshikdan u eshikka har alfozda urishimdan, Eshik bilan devorlar ajralib ketdi.) Ushbu baytda shoir mubolag‘a san’atidan foydalanadi. Mubolag‘aning g‘uluv turi ko‘zga tashlanadi. Eshik bilan devorlarning ajralib ketishi bunga asos bo‘ladi. Qolaversa, ushbu baytda qaytarish san’ati ham mavjud. Rad ul-sadr namunasi mavjud. Oshiq o‘zining ayanchli ahvolini mubolag‘a asosida bo‘rttirib ko‘rsatadi. Boshini har alfozda kuchli urishidan eshik va devorlar ajralib ketganligini aytib o‘tadi.
Soqiyo, dorui behushiyam afkan dar may,
Ki naboyad ba dilam xush zi dildor judo.
(Ey soqiy, mayga meni behush qiladigan doridan sol, Dildordan judo bo‘lgan dilimga aql-u hushning keragi yo‘q.) Ushbu baytda nido san’atining go‘zal namunasi ko‘zga tashlanadi, soqiyga murojaat qilib, unga tutqazadigan mayga aql-u hushdan begona qiladigan dori solishini aytadi. Bundan o‘quvchi ko‘z o‘ngida oshiqning g‘arib ahvoli gavdalanadi.
Foniyo, chomi fano no‘sh in dayr agar,
Bahudi xohi az on dilbari xammor judo.
(Ey foniy, bu dunyoda behudlikni istasang, U mayfurush dilbar qo‘lidan fano jomini ich.) So‘nggi bayt - maqta’da ham nido san’ati namunasi ko‘zga tashlanadi. Endi oshiq dunyodan yuz og‘irgan foniyga murojaat qilib, behudlikni xohlasa mayfurush dilbar qo‘lidan yo‘qlik jomini ichishini aytadi.
G‘azal oshiqona ruhda bo‘lsa-da, unda majoziy ishq emas, ilohiy ishq gavdalantiriladi. Oshiqning pok muhabbati Ollohga nisbatan ekanligi baytlar mazmunidan anglashiniladi. May, mayfurush, soqiy misralari ostida pok muhabbat, ilohiy muhabbat o‘z ifodasini topadi. Hazaji musammani maqsur bahrida yozilgan bu g‘azalda Ollohga nisbatan muhabbatning go‘zal tarannumini ko‘rishimiz mumkin.
Navoiyda ishq konsepsiyasini yoritishda xusravonalik yaqqol sezilib turadi. Zero, shoirning o‘zi bu haqida "Badoe ul-bidoya" devonining debochasida Xusrav Dehlaviyning ishqni kuylash mahoratini baholab, bunday deb yozgan edi: "Ishq ahlining nazm tiroz va afsona pardozlari mutaqqaddimindin andoqkim, nazm beshasining gazanfari va dardu ishq otashkadasining samandari va zavqu holvotisining pokravi Amir Xusrav Dehlaviydurkim pok nafas va guftori, pok alfoz va maoniyli kashori ishq ahli orasida g‘avg‘o va vajdu hol, anjumani jazosidan alolo solibdur"42.
Navoiy, qaerdaki, shoir Dehlaviy va uning ijodi haqida zikr qilsa, unga parallel ravishda ishq so‘ziga urg‘u beradi. Xususan, tasavvufiy talqinlarda ham bir tomondan Jomiydagi orifona ruh sezilsa, ikkinchi tomondan Hofizdagi rindona kayfiyat motivlari ko‘zga tashlanib turadi.Uchinchidan, eng asosiy hisoblangan Ishq mavzusi va uni tasvirlash uslubida Xusrav ruhi sezilib turadi. Adabiyotshunos olim YOqubjon Ishoqov Xusrav Dehlaviy va Hasan Dehlaviylar ijodida yaqqol ko‘zga tashlangan "Hind uslubi" deb atalgan uslub haqida gapirar ekan, quyidagilarni takidlaydi: "Hind uslubi sherda nozik va murakkab istioralar, kinoya va o‘xshatishlarning keng ravishda ishlatilishi nuqtai nazaridan boshqa uslublardan ajralib turadi. Bu uslub namoyondalari daqiq ma’nolari nozik badiiy pardalarda ko‘rsatish uchun fantaziyaga keng o‘rin berganlar"43. Jumladan, olim o‘z fikrini davom ettirib, uslubning Navoiy bilan bog‘liq jihatlariga to‘xtalib yozadi:"...shu o‘rinda uning Xusravga qilgan tatabbularini ko‘zdan kechirish maqsadga muvofiq tushadi.CHunki bularda salaflari merosidan nimalarni oldi va o‘zi o‘sha meros vositasida nima yangilik yarata oldi, degan masala ancha osonlik bilan hal bo‘ladi".
Mazkur tatabbularda har bir shoirning o‘z siymosi, o‘z ovozi alohida-alohida eshitilib turadi. SHu bilan birga bir necha shoir orasidagi aloqalar, adabiy ta’sir rishtalari ham namoyon bo‘lmoqda.
SH.SHomuhammedov Navoiyning “Devoni Foniy”si va undan o‘rin olgan tatabbular haqida so‘z yuritganda quyidagi fikrni bayon etganida to‘la haqli edi: “Alisher Navoiy forsiy devoniga kiritgan … she’rlarida fors adabiyotining besh asrlik tarixiga yakun yasadi, uning g‘azallarida Sa’diy mantiqi, Xusrav Dehlaviyning sehrli nafosati va Hofiz isyonkorligi uyg‘unlashdi. Navoiy bu asarlarida fors adabiyoti bosib o‘tgan Xuroson (yoki Turkiston ) uslubini ham, Iroq uslubini ham yaxshi egallaganini namoyish qilibgina qolmay, balki Alisher Navoiyning o‘zbekcha g‘azallariga ham xos bo‘lgan yangi fusunkor navoiyona uslubga asos soldi”44.