1.1. Navoiyning Hofiz SHeroziy g‘azallariga yozgan tatabbularining badiiyati Ma’lumki, Alisher Navoiy tatabbunavislikni adabiy yo‘nalish darajasiga ko‘tardi va bu bilan o‘ziga xos an’ana yaratdi. SHu bilan birga asos qismini tatabbu’ g‘azallar tashkil etgan “Devoni Foniy”ni tartib berdi. Tatabbu’ yozishga kirishgan shoir ustozlari darajasida qobiliyati borligini, o‘sha shaklda, o‘sha motivda she’r aytishga o‘zining qodir ekanligini namoyish etadi1. Hazrat Navoiy tatabbu’ bitgan g‘azallari ruhini saqlagan holda shu ruhni ulug‘ ustodlari saviyasida go‘zal ifoda eta olish, ohoriy obrazlar yarata olish, o‘ziga xos poetik mushohada yuritish mahoratini o‘z tatabbularida namoyon qila oldi. Adabiy ta’sir va ijodiy hamkorlik mahsuli sifatida yaratilgan payravlar tatabbunavislarning chuqur bilim, katta ijodiy kuch, maxsus tayyorgarlik, adabiy ijodiy tajribaga ega bo‘lganligidan dalolat beradi. Navoiyning tatabbulari shu jihatdan xarakterlidir. SHoir yaratgan tatabbular taqlid va takrordan xoli, yangi fikr va tasvirlarga boy. “Tatabbu’ - adabiy an’ana rivojining mahsuli. Ammo rivojlantirilayotgan an’anaga yangilik qo‘shilmasa, mukammal tatabbu’ yuzaga kelmaydi. An’ana va yangilikning yaxlit namoyon bo‘lishi uchun esa badiiy mahorat lozim”, -deb yozadi adabiyotshunos B.Fayzullaev o‘z tadqiqotida2. An’analar zaminida originallikka intilgan Navoiy-Foniyning ustozlari g‘azallariga bitgan tatabbularining ko‘pchiligi badiiy mahorat bilan ijodiy rivojlantirilgan an’ana va yangilikni o‘zida mujassamlashtirgan mukammal payravlar sirasiga kiradi.
Alisher Navoiyning tatabbularini o‘rganish jarayonida shuni kuzatdikki, shoir ba’zi g‘azallarga ma’no va mazmun (g‘oyasi, mavzui, obrazlari), shakl belgilari (vazn, qofiya radif) jihatidan o‘xshatma tarzida tatabbu’ bitgan bo‘lsa, ba’zilarining vazn, qofiya va radifi saqlangan holda mazmuni erkin, she’riy san’atlar chuqur ishlangan masnu’ tatabbular yozadi, ba’zi g‘azallarga esa mazmunga katta e’tibor bergan holda vazn va radif yangilangan, shakl o‘zgacha matbu’ tatabbular ijod qiladi. Navoiy salaflari qo‘llagan timsollar, adabiy an’analardan ustalik bilan foydalanib, goho tatabbu qilinayotgan asar so‘zlari chegarasidan chiqmay yangi mazmun ifoda etadi, goho yangi qofiya, yangi so‘zlarni ishga soladi, goho matlada asos g‘azaldan uncha uzoqlashmaydi, gohida matladan uzoqlashib ketadi-yu, maqtada shoirning o‘z misralarini tazmin qilib, yana unga qaytib keladi.
Navoiy-Foniy fors-tojik adabiyotining g‘azal ustodlari Xusrav Dehlaviy, Hofiz SHeroziy va Abdurahmon Jomiy bilan bellashar ekan, nafosatda ham, fasohatda ham ulardan aslo qolishmaydigan badiiy durdonalar yaratdi. Bunda ulug‘ Navoiy fors-tojik adabiyoti suxan maydonining ajoyib chavandozlari Sa’diy SHeroziy, Xusrav Dehlaviy, Hofiz SHeroziy, Jomiy va boshqalar bilan bellashib ko‘rishni, bu sohada balog‘at va fasohat ko‘rsatishni, so‘ng esa ona tili – qadimgi o‘zbek tilida lirik va epik asarlar yaratib, o‘z xalqini yakqalam qilish, o‘zbek she’riyatini ham yuksak badiiyat ko‘kiga ko‘tarish maqsadini oldiga qo‘ygan
Navoiy o‘zining o‘zbek tilidagi g‘azallaridan devon tuzishda ham salaflari Xusrav Dehlaviy, Jomiy va ayniqsa, Xoja Hofiz devonlarini asos qilib oldi. Bu haqda u “Bado’e ul- bidoya” devoniga yozgan debochasida quyidagicha ma’lumot beradi: “...Ammo ash’or tadvin qilg‘onlardin ba’zekim baho mulkida foniydurlar va ba’zekim holo fano dayrida boqiydururlar.
Avvalg‘i zumradin bovujud dard beshasining g‘azanfari va ishqotashgohining samandari, javohir ma’naviysi – Amir Xusrav Dehlaviy... va fano mayxonasining rindi xirqachoki va balo paymonasining masti beboki, ishqu muhabbat asrori aminlarining hamrozi – Xoja Hofiz SHeroziy ...va so‘ng‘i quds shabistonining sham’i anvori va uns gulistonining andalibi suxanvari, balog‘at shakkaristoni ning to‘tii shirinkalomi janob maxdumiy mavlono Abdurahmon Jomiy ... devonlari iroda bo‘lg‘ay...”3.
Hofiz – dilbar she’riyat meros qoldirgan ijodkor. Uning o‘ynoqi, yuksak mahorat bilan aytilgan mazmundor asarlari SHarqu G‘arbda dovruq taratgan. SHuning uchun ham Hofizga ergashish, undan o‘rganish, she’rlariga javob aytish, tatabbu’ qilish, she’rlariga muxammas bog‘lash badiiy so‘z san’ati mulkida tabarruk an’ana sifatida yashab keladi. Ana shunday ulkan so‘z san’atkorining ma’naviy merosi Alisher Navoiy e’tiborini o‘ziga tortadi. SHu boisdan ham “Navoiy Hofizni dohiy san’atkorlardan biri deb tanigan, u bilan bir umr qiziqqan, o‘z poetik ijodida uning eng ilg‘or g‘oyaviy-badiiy an’analarini muvaffaqiyat bilan rivojlantirilgan”4.
Bir qancha tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, fors adabiyoti tarixida asta-sekin taraqqiy etib kelgan insonparvarlik g‘oyasi Hofiz SHeroziy ijodida yuksak cho‘qqiga ko‘tarilib, G‘arbdagi Uyg‘onish davri adabiyotida muayyan bir oqimga aylangan gumanizm darajasiga yuksala oldi5.Hofiz SHeroziy ijodi fors-tojik yozma adabiyotiga xalqdan kirib kelgan va Ro‘dakiy, Daqiqiy, Firdavsiy, Ibn Sino, Nosir Xusrav, Umar Xayyom, Jaloliddin Rumiy, Sa’diy SHeroziy va boshqalar ijodida rivojlantirilgan insonparvarlik g‘oyalariga ma’lum darajada yakun yasadi. SHu nuqtai nazardan Hofiz ijodi fors-tojik adabiyoti taraqqiyotida muhim bosqich, katta bir manzil bo‘ldi.
SHarqda gumanizm va Uyg‘onish davri G‘arbdan oldinroq boshlandi, deyishga asos beradigan ma’lumotlar SHarq xalqlari adabiyoti tarixidan etarlicha topiladi. Biz fors va o‘zbek mumtoz adabiyoti ma’lumotlariga tayanib, N.I.Konradning “Uyg‘onish davri SHarqdan boshlangan, Uyg‘onish davrining boshlanishi SHarqda, oxiri G‘arbda”, degan fikrlariga to‘la qo‘shilami6. Bu fikrga qo‘shilgan I.S.Braginskiy “Fors-tojik adabiyotini davrlarga bo‘lish” degan maqolasida shunday degan edi: “Xuddi shu she’riyat, ya’ni X- XV asrlardagi fors-tojik she’riyati dunyo adabiyotiga qo‘shilgan eng e’tiborli hissa bo‘ldi, chunki u XII asrda Tan poeziyasidan boshlanib, Eron klassik she’riyati orqali XIV- XVI asrlarda Evropadagi gumanizmning ko‘tarilishi va gullab-yashnashi bilan bog‘liqdir. SHunisi e’tiborga sazovorki, N.I.Konrad mana shu davrning hammasini Uyg‘onish davri deb atashni va undan ilk davr – SHarq Uyg‘onish davrini ajratib ko‘rsatishni taklif etadi. G‘arbdagi eng yirik eronshunos va adabiyotshunos E.Braun ham fors she’riyatining mumtoz davrini “Uyg‘onish davri” deb ataydi. Albatta, bu ikki olimning har biri shu atamaga faqat umumiy bir tushunchagina emas, balki ko‘pgina o‘zga xil mazmunlar ham beradi. Ammo bu masalada ular fikridagi umumiylikni ta’kidlab o‘tish muhimdir”7. Hofiz ijodi mana shu SHarq Uyg‘onish davrining cho‘qqisi yoki G‘arb Uyg‘onish davrining arafasi bo‘ldi.
Aslida, Alisher Navoiy ijodi chuqur an’anaviy ildizga tayanadi. U o‘z salaflari ijodini keng o‘rganib, ular ijodini rivojlatirib, yuksak shakl va teran mazmunli original asarlar yarata oldi.
SHuni ta’kidlash kerakki, Hofiz va Foniy mavzusi juda keng bo‘lib, u chuqur tarixiy va adabiy tadqiqotlarni talab qiladigan katta ishdir. Tojik olimi, akademik Abdulg‘ani Mirzoev buni alohida ta’kidlab: ”Alisher Navoiyning Xoja Hofiz merosiga munosabati asoslarini yoritish uchun bu ikki so‘z ustasining bir-biriga aloqador bo‘lgan asarlarini muqoyasa qilishdan tashqari, O‘rta Osiyo va Eron xalqlarining mazkur ikki asrdagi ijtimoiy, ma’naviy qarashlari, madaniy hamda adabiy hayoti va shuningdek, shunga bog‘liq bo‘lgan boshqa sotsial omillarni mukammal ko‘rib chiqishimiz lozim”8, -degan edi.
Garchi Hofiz va Navoiy-Foniy hayoti hamda ijodi xususida alohida-alohida holda V.V.Bartold, E.E.Bertels, I.Braginskiy, A.Mirzoev, V.Zohidov, I.Sulton, A.Hayitmetov, V.Abdullaev, P.SHamsiev, SH.SHomuhamedov, N.Komilov, H. Eshonqulov va boshqalar ilmiy ishlar qilishgan, qator maqolalar e’lon qilishgan bo‘lsa-da, A.Mirzoevning “Foniy va Hofiz” sarlavhali maqolasini istisno qilganda, bu ikki shoir ijodi bog‘liq holda (Hofizning Navoiy forsiy merosiga ta’siri bilan bog‘liq tadqiqotlar nazarda tutilmoqda) va Alisher Navoiyning Xoja Hofiz asarlariga munosabati masalasi yetarlicha o‘rganilmagan.
Navoiy o‘zini katta ishlarga ilhomlantirgan ustozlarini minnatdorchilik bilan eslaydi:
G‘azalda uch kishi tavridur ul nav’
Ki andin yaxshi yo‘q nazm ehtimoli.
Biri mo‘‘jazbayonlig‘ sohiri Hind,
Ki ishq ahlini o‘rtar so‘zu holi.
Biri isonafaslig‘ rindi SHeroz
Fano dayrida mastu louboliy 9.
Hofiz ijodiga xolisona va yuksak baho beradi. Masalan, “Nasoyimul-muhabbat” asarida: “SHamsiddin Muhammad Hofiz SHeroziy – alar lison ul-g‘ayb va tarjimon ul-asrordurlar...”10 - deydi. SHuningdek, “Mahbub ul-qulub” asarining o‘n oltinchi faslidagi “Nazm gulistonining xushnag‘ma qushlari zikrida”11 va “Ishq zikrida”12 boblarida ham ulug‘ shoir haqida iliq gaplarni aytadi.
Navoiy davri an’anasiga ko‘ra, turkiy tilda ijod qiluvchilar o‘z qalamlari kuchini Ro‘dakiy, Firdavsiy, Xusrav Dehlaviy, Sa’diy, Hofiz kabi nazmpirolarni etkazib bergan fors-tojik she’riyatida sinab ko‘rishgan. Jumladan, Navoiy fors-tojik tilida Foniy taxallusi bilan barkamol nazm namunalarini yaratdi.Uning bu lisondagi she’rlarining ko‘pchiligi Hofiz g‘azallariga javobiyadir. Buni o‘n to‘qqizinchi asrning ikkinchi yarmida yashagan samarqandlik tazkiranavis shoir Abdumutalib Xoja Samarqandiy - Fahmiy o‘z tazkirasida ta’kidlab: “Va dar ash’ori turki taxallusi vay Navoi ast va dar forsi Foni taxallus nihoda... Dar shuhrat hamon hukm dorat, ki dar forsi ash’ori obdori Mavlono Jomi va devoni hazrati Xoja Hofizi SHeroziro javob gufta...”13 (“turkiy she’rda taxallusi Navoiydur va forsiyda Foniy taxallus... Mavlono Jomiyning go‘zal she’rlariga va Xoja Hofiz SHeroziy hazratlarining devoniga javobi bilan mashhurdir”),- deydi.
Foniyning o‘zi esa bir g‘azalida:
Ba rohi agar mushkuli fitad, Foni,
Zi ruhi Hofizu ma’nii Jomiyash jo‘yam14.
(Ey Foniy, ishq yo‘lida boshimga mushkullik tushguday bo‘lsa, uni bartaraf qilishda Hofiz ruhidan va Jomiy ma’nosidan madad tilayman) – degan edi.
Navoiy “Devoni Foniy” haqida “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida: “YAna forsiy g‘azaliyot, Xoja Hofiz tavridakim, suxanadolar va nazmpirolar nazarida mustahsan va matbu’dur, tartib beribmenkim, olti mingdan abyoti adadi ko‘prakdurki, ko‘prak ul hazrat she’riga tatabbu’ voqe’ bo‘libdur”,15 - deb yozadi. Darhaqiqat, “Devoni Foniy”dagi 554 g‘azaldan yarmiga yaqini Hofiz g‘azallariga tatabbu’dir. Foniy bunday g‘azallarini “Dar tatabbu’i Xoja Hofiz”, “Tatabbu’i Xoja”, “Muxtare’” (YAngi badiiy ifoda vositalari bilan yangi g‘oyalar ilgari surilgan she’r) deb nomlagan bo‘lsa, ba’zilariga “Dar tavri Xoja” deb qo‘ygan.
Nega Navoiy , asosan, Hofiz g‘azallariga tatabbu’lar yozdi, ko‘proq unga ergashdi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Bunga Hofizning mashhur “Agar on turki SHerozi...” deb boshlanuvchi g‘azaliga Foniy tatabbu’si maqta’ini javob tariqasida keltirish mumkin:
G‘azal guftan musallam shud ba Hofiz shoyad, ey Foni,
Namoyi choshni daryuza z-on nazmi jahonoro16.
(Hofiz g‘azallariga hamma qoyil qolgan, Ey Foniy, o‘sha jahonni bezatgan nazmdan sen ham biroz tilanib olsang bo‘lardi.)
Alisher Navoiy Hofiz g‘azaliyotini lirik she’riyat mezoni deb bilganligi aniq. CHunki Hofiz o‘z g‘azallari bilan xalqning ulkan mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan edi. SHuning uchun Foniy forsiy g‘azaliyotda ana shu so‘z ustasiga ergashdi, uning g‘azallariga tatabbular yozdi. SHarqshunos olim SH.SHomuhamedov esa Hofiz g‘azaliyotining Navoiy ijodiga ta’siri xususida to‘xtalib: “G‘azalsarolikda Hofiz SHeroziy an’anasini davom ettirib, forsiy va turkiy tillarda bu daraja yuqori ko‘tarilishi Navoiyni XIII-XV asr G‘arb adabiyotidagi ulug‘ gumanist shoirlar bilan yana ham yaqinlashtiradi”,17- deydi. Professor E.E.Bertels nazirago‘ylikning asl mohiyatini juda to‘g‘ri ta’kidlab, “nazira mualliflari javob aytilayotgan asar syujetini aniq takrorlashdan qochibgina qolmay, aksincha uni tamoman yangicha original yoritishga intilganlar”18, - deydi.
Alisher Navoiy Hofiz SHeroziyni g‘azalchilikda o‘z asrida yagona deb hisoblaydi. Bu haqda uning “Muhokamat ul- lug‘atayt” asaridan o‘rin olgan quyidagi fikrlari muhim: “G‘azalda muxtarii vaqt SHayx Muslihiddin Sa’diy va yagonai asr Xoja Hofizi SHeroziydekki, bularning ta’rifi yuqoriroq chun shammai suruluptur va vasflarig‘a qalam uruluptur...”
U o‘zining “Mahbub ul - qulub” asarida ham bu fikrini yanada ochiqroq ifodalaydi: “...Forsiy iboratda... yana bir jamoatdurki, haqiqat asrorig‘a majoz tariqin maxlut qilibdurlar va kalomlarin bu uslubda marbut etibdurlar. Andoqki, maoniy ahlining nuktapardozi SHayx Muslihiddin Sa’diy SHeroziy va ishq guharining pokvaz va pokravi xusrav Dehlaviy va ma’ni adosig‘a lofiz Xoja SHamsiddin Muhammad Hofiz”. Hofiz o‘zining insoniy hissiyot va kechinmalarini yuksak mahorat bilan tasvirlab, buyuk shoirlarni ham hayratda qoldirgan edi. Alisher Navoiy nazarida Hofizning bu ajoyib xususiyati badiiy ijodiyot sohasida karomatday tuyulardi.
Alisher Navoiyning Xoja Hofizga 237 ta tatabbu’ bitdi. Uning naziralari ichida tatabbu’- tazminlar ham uchrab turadi. Hofizning quyidagi baytini Navoiy aynan keltiradi:
Biyo, ki qasri amal saxt sustbun’yod ast,
Biyor boda, ki bun’yodi umr barbod ast19.
U Hofizning g‘azallarida talqin qilingan mavzular, olg‘a surilgan g‘oyalarga javob aytish jarayonida o‘z fikrini dalillash, tasvir ta’sirchanligi va bo‘yoqdorligini oshirish maqsadida bu usulga murojaat etadi. Xuddi shunday hodisani Alisher Navoiyning quyidagi tatabbu’ g‘azalida ham ko‘rish mumkin:
Biyo, ki arsai mayxona ishrat obod ast,
Zi soxtash xasi anduh ro‘fta barbod ast.
Kitobai dari oli-sh in raqam k-in dar,
Ba on, ki az du jahon ro‘ natoft nakshod ast,
Zi toqi murtafnash in sado rasida ba go‘sh,
“Biyo, ki qasri amal saxt sust bunyod ast”,
Ba so‘i mug‘bacha rindon-ro xitob, ki xez
“Biyor boda, ki bunyodi umr barbod ast”.
Surudi nag‘magarash in, ki dodi aysh dihed,
Ba nuqlu boda, ki kori zamona bedod ast.
Sabu zi g‘ulg‘uli may karda in nido, ki bino‘sh,
Qadahki dayri ko‘hanro base chu tu yod ast.
Ba jilva z-oinai jom chehrai maqsud.
Ki mast gashta ba o‘ chashmi har ki aftodast.
Bidor, soqi, az on jomi may, ki shud umre,
K-az ishtiyoqi vayam kor ohu faryod ast.
Ki mast gashta, kunam tarki xesh chun Foni,
Har on, ki masti xarob in chunin shud obod ast20.
Ko‘rinadiki, Navoiy-Foniy Hofiz g‘azalida o‘rtaga qo‘yilgan g‘oyaviy maqsadni ijodiy rivojlantirgani holda o‘ziga manzur tushgan o‘sha asarning matlaini ham aynan keltirgan. Bu, shubhasiz, ulug‘ o‘zbek shoirining SHarq she’riyati, xususan, g‘azalchiligi ustasiga bo‘lgan samimiy muhabbati, katta ishtiyoqi va ixlosidan guvohlik beradi. Alisher Navoiy Hofiz SHeroziydek buyuk ijod sohibi ma’naviy merosini baland zavqu shavq bilan o‘qir ekan, o‘sha nazmiy bo‘stondan o‘ziga ma’qul tushgan, g‘oyaviy konsepsiyasiga mos keluvchi she’rlarnigina tanlab, o‘shalarga javobiyalar yaratdi. YUqoridagi g‘azalda ham dunyo va uning tuzilishi, asoslari xususida o‘ta zukkolik, falsafiy teranlik va mushohadakorlik bilan aytilgan fikrlar o‘rtaga qo‘yilgan. Bu xulosalar Alisher Navoiyning yuksak ideallariga har jihatdan to‘g‘ri kelar edi. SHuning uchun u mazkur g‘azalga tatabbu’ qilibgina qolmay, SHarq she’riyatining qo‘shaloq adabiy hodisasini ishga solgan, dilkash tatabbu’-tazminlar yaratgan. Tatabbu’-tazminlar yaratish jarayonida ham ijodiylik, an’ana zaminida tug‘ilgan novatorlik ulug‘ shoirning diqqat markazida turgan. Xulosa shuki, Alisher Navoiy so‘z mulkidagi buyukligini fors-tojik tilidagi asarlari misolida ham yorqin ko‘rsata olgan. Uning qalami tuhfa etgan tatabbu’ va javobiya g‘azallar nafaqat o‘zbek, balki o‘n beshinchi asrning ikkinchi yarmidagi fors-tojik adabiyoti xazinasiga ham qo‘shilgan bebaho boylikdir. Navoiy o‘zining ikki tildagi shoh asarlari bilan ikki bir-biriga qardosh, qondosh xalq ma’naviy manfaatlari uchun xizmat qildi, ularning birodarligini yanada mustahkamlashda sharafli vazifani ado etdi.
Garchi Foniy g‘azallari mavzusi Hofiznikiga yaqin bo‘lsa-da ko‘pgina jihatlari bilan ulardan farq ham qiladi. SHerozlik nazm ustasining g‘azallari baytlari mazmunan bir-biri bilan mustahkam aloqada emas. Bu xususiyat kamchilik emas. Baytlar mustaqilligi shoirga lirik mavzudagi g‘azallarga falsafiy mushohadali baytlarni joylashtirish imkonini bergan. “Hofiz baytlarini bekorga gavhar shodalariga o‘xshatishmaydi. Uning g‘azallaridagi ayrim baytlar tashlab ketilsa va o‘rni almashtirilsa ham sezilmaydi. SHu bois, Hofizning turli yillarda ko‘chirilgan va chop etilgan devonlarida ayrim baytlarni tashlab ketish yoki ular o‘rnini almashtirishdek hollarga yo‘l qo‘yilgan”21.
Foniy g‘azallari esa musalsalligi, ya’ni voqeabandligi bilan ajralib turadi. Ularda bir mavzu chuqur va izchil yoritiladi. Hofiz g‘azallarida aks etmay qolgan jihatlarga urg‘u berish, uning fikrini to‘ldirish va yangi sharoitlarda rivojlantirish, mavzuni yangi-yangi tasviriy vositalar yordamida ochish Foniy tatabbu’lariga xos xususiyatdir. SHuning uchun ham fors-tojik adabiyoti tarixida g‘azal taraqqiyotini chuqur tekshirgan olim A.Mirzoev Foniy g‘azallarini Hofiz SHeroziy g‘azallari bilan muqoyasa qilib tekshirar ekan, quyidagi xulosaga keladi: “Alisher Navoiyning ...g‘azalida, umuman, yangi mazmun va latif tasvir shu daraja baland va mohirona keltirilganki, ular batamom mustaqil va XV asrning birinchi yarmidagi fors-tojik she’riyatida birinchi darajali asarga aylanganlar. Bu ahvol “Foniy” devonida tasodifiy bir hodisa emas, Alisher Navoiyning fors-tojik nazmida ustodligi va baland mahorati nishonasini uning har bir nazira yoki mustaqil g‘azalida ko‘pmi-ozmi yaxshi mushohada qilish mumkin. Navoiy ijodining bu qismini mutolaa qilishdan shunday tasavvurot hosil bo‘ladiki, o‘zbek adabiyotining asoschisi fors-tojik adabiyoti tarixida ham o‘z maqomini haqiqatan yaxshi tayin eta olgan. SHunday qilib, Alisher Navoiy adabiyotimiz tarixiga XV asr fors-tojik g‘azalgo‘yligida eng yaxshi shoirlardan biri bo‘lib kiradi”22.
Olim “Foniy va Hofiz” maqolasida ta’kidlab, quyidagi misolni keltiradi:
Voizon k-in jilva bar mehrobu minbar mekunand,
CHun ba xilvat meravand, on kori digar mekunand.
(Voizlar mehrob va minbarda bu xildagi gaplarni qilsalar-da xilvatga borganlarida boshqacha ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladilar)
A.Mirzoev Foniyning shu matla’ bilan boshlanuvchi g‘azalga yozgan tatabbu’si Hofiz she’rini to‘ldirib, uning fikrlarini rivojlantirib kelganligini aytadi. U Navoiyning Hofiz g‘azallariga tatabbu’ tariqasida yozilgan “mekunand”, “andozem” radifli g‘azallarini atroflicha qiyoslab va tahlil etib, quyidagi xulosaga keladi: “Alisher Navoiyning fors-tojik she’riyatida ham ustozligi va yuksak mahorat ko‘rsatganligini uning javobiya yoki mustaqil g‘azallarining har birida ma’lum darajada aniq ko‘rish mumkin.
Alisher Navoiy asarlarining shu qismi mutolaasidan shunday tasavvur tug‘iladiki, o‘zbek adabiyotining asoschisi o‘zining fors-tojik she’riyati tarixidagi o‘rnini, haqiqatan ham, juda yaxshi belgilagan.
SHu tariqa Alisher Navoiy faqat o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandasi – adabiyot san’at ahlining homiysi hamda XV asrning ikkinchi yarmidagi Movarounnahr, Xuroson va Eron xalqlarining ilm, adabiyot va san’at taraqqiyotiga qudratli asoschi bo‘libgina qolmay, balki Abdurahmon Jomiydan keyin XV asr fors-tojik g‘azalchiligining eng buyuk vakillaridan biri sifatida bizning adabiyotimiz tarixidan ham munosib o‘rin oladi”23.
Adabiyotshunos olim bu Foniyning dastlabki baytidanoq ko‘rinadi, deydi.
Foniy:
Voizon to chand man’i jomi sog‘ar mekunand,
CHun dimog‘i xushro ham gah-gahe tar mekunand24.
(Voizlar jom-sog‘arni man etsalar-da goh-gohida o‘zlari ham u bilan dimog‘larini ho‘llab turadilar.)
Hofiz baytida voizlarning nima haqida gapirganlari, nimani man etganlari ochiq aytilmaydi, ularning xilvatga borganlarida turli ishlar bilan shug‘ullanishlari mavhumroq aytilsa, Foniyda ularga tomoqlarini o‘zlari man etgan narsalar, ya’ni Qur’oni karimda harom deb tilga olingan may bilan ho‘llab turadilar, degan ayb qo‘yiladi. Bunday misollarni Foniyning boshqa tatabbu’larida ham ko‘rish mumkin. Masalan, Hofiz bir g‘azali matla’sida shunday deydi:
Do‘sh az masjid so‘i mayxona omad piri mo,
CHist yoroni tariqat ba’d az in tadbiri mo?
YA’ni:
Keldi masjiddan bu kech mayxona sori pirimiz,
Ne bo‘lur yo‘ldoshlarim, bundan keyin tadbirimiz?
Foniy o‘z javobiyasining dastabki baytidanoq uning savoliga javob berib, to‘ldirib hukm chiqarib:
Di so‘i dayri mug‘on omad zi masjid piri mo,
CHist juz zunnor bastan ba’d az in tadbiri mo!
YA’ni, pirimiz masjiddan dayri mug‘on – nomusulmonlar maskaniga keldi, bizning tadbirimiz bo‘yinga kofirlik zunnorini bog‘lashdan boshqa nima ham bo‘lardi, - deydi.
Tatabbu’da fors-tojik mumtoz shoirlarining Foniyga ta’siri bevosita namoyon bo‘lgan. Tatabbu’ning mohiyatini ob’ektiv belgilash uchun har ikki g‘azalni solishtirib ko‘raylik.
Hofiz:
Do‘sh az majid so‘i mayxona omad piri mo,
CHist yoroni tariqat ba’d az in tadbiri mo?
Dar xaroboti mug‘on mo niz hammanzil shavem,
K-in chunin raftast dar ahdi azal taqdiri mo.
Mo, muridon ro‘ ba sshi Ka’ba chu orem, chun
Ro‘ ba so‘i xonai xammor dorad Piri mo?
Aql agar donad, ki dil dar bandi zulfash chun xush ast,
Oqilon devona gardand az pai zanjiri mo.
Ro‘ xubat oyati az lutf bar mo kashf kard,
Z-on zamon juz lutfu xubi nest dar tafsiri mo.
Bo dili sanginat oyo hech dargirat shabe?
Ohi otashboru so‘zi nolai shabgiri mo.
Murg‘i dilro saydi jam’iyat ba dil aftoda bud,
Zulf bikshodi-vu boz az dast shud naxchiri mo.
Bod bar zulfi tu omad tu omad, shud jahon bar man siyoh
Nest az savdoi zulfat besh az in tavfiri mo.
Tiri ohi mo zi gardun bigzarad, jono xamo‘sh,
Rahm kun az joni xud, parhez kun az tiri mo.
Bar dari mayxona xoham gasht chun Hofiz muqim
CHun xaroboti shud, ey yori tariqat, piri mo25.
Foniy:
Di so‘i dayri mug‘on iomad zi masjid piri mo,
CHist juz zunnor bastan ba’d az in tadbiri mo.
Kofiri ishqemu behush az junun , ey mug‘bacha,
Ham zi zunnori sari zulfi tu bas zanjiri mo.
Piri dayr az kard moro mujrim az taqdiri zuhd,
Gar bimonad, qatra dar sog‘ar, buvad taqsiri mo.
Kay tavon budan digar dar xonaqoh chun yoftand,
SHishai may dar daruni xirqai tazviri mo.
Bahri pandi mo makash, ey shayx, zahmat chun shudast,
Rindivu rasvoi az ro‘za azal taqdiri mo.
SHisha dar gardan chu gardondi bia dayr , ey muhtasib,
Mashkanash bore, ki nabvad besh az in ta’ziri mo.
Olloh-Olloh, sharm az imonash nadorad shayxi shahr,
Mekunad az sajda peo‘i on sanam takfiri mo.
SHanbnishinonro ajab ro‘zi siyoh oyad ba pesh,
Gar zi zulfi u baroyad nolai shabgiri mo.
SHoyad, ey Foniy, ba qabri Hofizash sazand sabt,
Gar ba xoki Fors aftad nusxai tahriri mo26.
Foniy tatabbu’sida ham Hofiz g‘azali vazni va radifi saqlangan. Hofiz g‘azali 10 baytli bo‘lsa, Foniy tatabbu’si 9 baytlidir. Navoiy salafi qo‘llagan 5 ta qofiyani (“piri”, “tadbiri”, “zanjiri”, “taqdiri”, “shabgiri”) ishlatgan. Hofiz bir qofiyani (“piri mo”) takror ishlatgan bo‘lsa, Foniyda bunday holni ko‘rmaymiz. U yangi-yangi qofiyalar yaratish yo‘lidan boradi – “taqsiri”, “tazviri”, “ta’ziri”, “takfiri”, “tahriri” kabi. Uning Hofizdan olib qo‘llagan qofiyalari ham yangicha mazmunni bajarib kelgan. Hofiz:
Bo dili sanginat oyo hech dargirad shabe,
Ohi otashboru so‘zi nolai shabgiri mo?-
desa, ya’ni shuncha ohu nolalarimizga e’tibor bermayapsan, deb, asosan, Xudoga murojaat etsa, Foniy tatabbu’sida esa mahbuba nazarda tutiladi. Foniy fig‘on ko‘tarilayotganlarning nolayu zori Xudo yo‘lida toat-ibodat qilayotganlarning afg‘onidan ustunroq, o‘ktamroq ekanligini ta’kidlaydiki, bu borada borliq haqidagi kechinmalar u dunyo xususidagi o‘ylardan afzalroq, degan ma’no chiqadi:
SHabnishinonro ajab ro‘zi siyoh oyad ba pesh,
Gar zi zulfi o‘ baroyad nolai shabgiri mo.
YA’ni, agar uning zulfi javri tufayli bizning nolalarimiz ko‘kka o‘ralsa, kechasi uxlamay, toat-ibodat qiluvchilarning boshlariga qora kunlar tushadi.
Hofiz g‘azalida ham, Foniy tatabbu’sida ham mayxona va masjid, namoz o‘qish va may ichish, din va muhabbat biri-biriga qarama-qarshi qo‘yiladi. Hofizda yorga murojaat etilib, uning go‘zalligi va rahmsizligi ta’kidlansa, ya’ni masjid va mayxona mavzusidan birmuncha chetga chiqilsa, Foniyda bu mavzu tatabbu’ maqta’igacha davom etadi. Foniy shayx va muhtasibga murojaat etadi: “Ey shayx, bizga pandu nasihat qilaman deb zahmat chekma, chunki azaldan bizning taqdirimiz rindu rasvolikdir”. U dindorlarning, Xudo peshonaga yozgani bo‘ladi, degae tushunchasidan kelib chiqib, ularga zarba beradi.
Foniy g‘azal xulosasini ham erkin tarzda, o‘zgacha yo‘l bilan hal etgan. Bular Foniy tatabbu’sining originalligi, etukligidan dalolat beradi.
Adabiyotshunos SH.SHomuhamedov ta’biri bilan aytganda, “Alisher Navoiy o‘zbek adabiyoti va adabiy tilini yuksak badiiyat osmoniga, fors-tojik adabiyotini yangi, yuqoriroq bosqichga ko‘tara olgan, uslub nuqtai nazaridan esa uni yangi o‘zanga solib yuborgan ulkan san’atkordir”27.
Akademik A.Mirzoev Foniy-Navoiy goh Hofizdan sustroq, goh unga teng va goh undan o‘tib ketadigan g‘azallar yaratdi28, der ekan, u tamoman haqli. Bu fikr to‘g‘ri, lekin ayni masalani yanada ochiq-oydin dalillab tushuntirib berish uchun tatabbu’ qilingan g‘azallarni olib, baytma-bayt muqoyasa qilib, ayrim qismlarini tahlil qilib chiqish zarur.
Hofizning “Sahar chun xusravi xovar...” deb boshlanuvchi g‘azaliga Navoiyning o‘zbekcha javobiyasi mavjud29. Garchi unda Hofiz g‘azalining radifi tarjima qilib berilgan, vazni, birinchi baytidagi obrazli tasvir to‘la saqlangan bo‘lsa-da uni to‘la ma’nodagi tatabbu’ deb bo‘lmaydi:
Sahar xovar shohi charx xoshlu hasham chekti,
SHioyi xat bir-la ko‘hsor uza oltun alam chekti.
Bu g‘azal ham Foniyning fors-tojik tilidagi tatabbu’siga o‘xshab, dastlab, tabiat tasviriga bag‘ishlanadi, kishilar ruhiyati va ahvoli ularga bog‘lab beriladi. Umuman, bunday hol shoirning Hofizga ergashib yozgan boshqa ko‘pgina o‘zbekcha tatabbu’lariga ham xosdir. Navoiy ularda ustozi qo‘llagan vazn, qofiya, obrazlarni saqlashga e’tibor bergan. Masalan, Hofizning “CHandon ki guftam...” deb boshlanuvchi g‘azaliga Foniy javobiyasi ham shu vazndadir. Unda Hofiz qofiya va obrazlari saqlangan. Hofiz:
CHandon ki guftam g‘am bo tabibon,
Darmon nakardandmiskin g‘aribon.
Foniy:
On gul, ki no‘shad may bo raqibon,
Binandu mirand miskin g‘aribon.
Hofiz:
On gul, ki har dam dar dasti bodast,
Go‘, sharm bodash az andalibon.
Foniy:
Ey gul, ba gulshan chun jilva sozi,
Afg‘on makun ayb az andalibon.
Hofiz:
Ey mun’im, oxir, bo xoki judat,
To chand boshem az benasibon.
Foniy:
Foniy, nasibe z-on mahvashad nest,
Xush benasibi az benasibon.30 Ko‘rinib turibdiki, Foniy, hatto ba’zi misralarda Hofiz birikma va so‘zlarini aynan qo‘llagan. Ammo baytlari ma’nosi boshqacha. Demak, Foniy o‘z fikrlarini aytishda ba’zan Hofiz g‘azallari shaklidan foydalangan. Mazkur tatabbuda g‘azalning vazn, qofiyasi saqlangan, mazmuni esa erkin. SHuning uchun uni she’riy san’atlar chuqur ishlangan masnu’ tatabbu’ deyish mumkin.
Foniy Hofizning “moro bas”, “ust”, “girift”, “kujost”, “nest”, “biso‘xt”, “kujo”, “xush”, “shud”, “donad”, “xarobot”, “manast” radifli va boshqa yuzlab g‘azallariga tatabbular yozdi. SHuning uchun taniqli o‘zbek va tojik adibi Sadriddin Ayniy Navoiyning fors-tojik tilidagi she’rlariga yuksak baho berib: “Alisherning tili tojikcha she’rda umuman sodda, ravon va tabiiydir. Tojikcha g‘azallarda u oddiy suhbatda gapirayotganday she’r yozadi. Uning tojikcha she’rlarini, “Tuhfat ul-afkor” qasidasidan boshqalarni nasrga aylantirish kerak bo‘lsa, so‘zlarni oldinma-keyin qilishga va tashqaridan biror so‘z keltirishga ehtiyoj tushmaydi”,31 - deb yozadi. Foniy Hofizga tatabbu’lar bog‘lash bilan uni ham fors-tojik, ham turkiy xalqlar o‘rtasida yanada ko‘proq ommalashuviga hissa qo‘shdi. Navoiyning o‘zi ustozi ijodining barakali ta’siri xususida:
Foni az jur’ai Hofiz shuda mast, ey soqiy,
“Xezu dar kosai zar obi tarabnok andoz”32.
(Ey soqiy, Foniy Hofiz jur’asidan mast bo‘lgan, turib oltin kosani xurramlik mayiga to‘ldir), - degan edi.
Hofiz she’riyati Navoiy-Foniy ijodiga, umuman, o‘zbek g‘azalchiligi ravnaqiga hayotbaxsh ta’sir ko‘rsatdi. O‘z navbatida, Foniyning forscha-tojikcha g‘azallari nodir durdonalar bo‘lib, bu tildagi she’riy xazinani boyitdi. Hofiz ijodining Navoiyga ta’siri va o‘zbek shoirining “Devoni Foniy”si o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidaga adabiy aloqalarni yanada mustahkamladi. SHuning uchun ham «Devoni Foniy»ni A.Hayitmetov Navoiyning «Hofiznoma»ci deb ataydi33.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy forsiy devonida Hofiz SHeroziy, Sa’diy SHeroziy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy , Kamol Xo‘jandiy va boshqa shoirlarga izdoshlik qilar ekan, ko‘p hollarda mahoratda o‘z salaflaridan ham yuqori pog‘onaga ko‘tarila oldi. Ular yo‘lidan borib, ajib nozik his-tuyg‘ularga to‘la rindona, oshiqona, orifona lirik she’rlar yaratdi.
Alisher Navoiyning tatabbu’lari, ayniqsa, uning Hofiz SHeroziy g‘azallariga javoban yaratgan tatabbu’lari katta ijodiy mehnat, yuksak badiiy mahorat samarasi sifatida qaralishi kerak